Ogoh bo‘linglarkim, men oldinroq borib sizlar uchun joy rostlab tururman. Mening ortimdan ketma-ket sizlar ham yetishib borgaysiz. Hushyor bo‘linglarkim, hammamiz Kavsar hovuzi ustida topishurmiz. Har kim men bilan Kavsar hovuzi ustida ko‘rishmoqni istar ekan, o‘ziga zarur bo‘lmaguncha gapirmasin, qo‘lidan, tilidan hech kimga ozor bermasin.
Ey odamlar! Ne’matning ofati ko‘pdir. Bandaning yozuqlari ko‘paysa, ne’matlardan ajraydi. Odamlar yaxshi bo‘lsalar, podshohlar ham yaxshi bo‘lur, insoflik bo‘lur. Agar odamlar yomonlik yo‘liga kirsalar, rahmsiz, zolim podshohlarga yo‘liqadilar, — dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbar ustida aytgan va’zlarining eng oxirgisi shul edi. Mundan so‘ngra betobliklari kundan-kunga og‘irlashgani turdi. Shu betob yotganlarida bir kuni Rasululloh qizlari Fotimani oldilariga chaqirib olib, qulog‘iga shivirlab edilar, hazrati Fotima yig‘lay boshladi. Muni ko‘rgach, yaqinroq kel, deb ishora qilib, yana qulog‘iga gapirib edilar, kulimsirab suyungandek bo‘ldi.
Avvalgi yig‘laganida Rasululloh shu betoblikda vafot bo‘lishlarini aytgan edilar. Keyingi gapirganlarida: — «Ko‘p xafa bo‘lma, uzoq o‘tmay hammadan ilgari sen menga erishursan», demish edilar. Muni anglab, suyunganlaridan kulgan edilar. Rasululloh deganlaridek, o‘zlaridan keyin olti oygina umr ko‘rib vafot topdilar.
Rasulullohning betobliklarida Abu Bakr Siddiq imom bo‘lib o‘n yetti vaqt namoz o‘qidilar. Bu zotni imomlikka o‘tkazishlari ersa, o‘zlaridan keyin shu kishining xalifa bo‘lishiga ishorat bo‘ldi. Shuning uchun sahobalar:
— Rasulalloh dinimizga ishonib imom qilgan kishini nechuk biz u dunyoyimiz uchun ishonib xalifa qilmaylik, — dedilar.
Imom Vohidiy Rasulullohning xodimlari Abdulloh ibn Ma’suddan rivoyat qilur:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan bir oy burun bizga xabar berdilar. Judolik yaqinlashganda hammamiz hazrati Oisha uylarida Rasulullohning ustlarida yig‘ildik.
Anda Rasululloh:
— Sizlarni Alloh ofatlardan omon saqlasin. Alloh nusrat berib, din dushmanlari ustiga g‘alaba qilsin. Sizlardan Alloh rozi bo‘lib, o‘zining oldidan o‘rin bersin. Endi sizlarga vasiyatim shuldurkim, taqvo yo‘lini tutib, gunoh ishlardan saqlaninglar. Men sizlarga Xudo tomonidan kelgan xabarchi erurman. Yer ustida yurib hech kimga takabburlik, buzuqchilik qilmanglar, bu ishni qiluvchilarni joyi jahannamdur. Munday kishilarga jannat yuzi haromdur, oxirat davlatiga, jannatning nozu ne’matlariga taqvolik kishilar ega bo‘lgaylar. Judolik kunlari yaqinlashdi. Xudo dargohiga borishning vaqti yetdi. O‘z oilalarimizdan kimlar menga yaqinroq bo‘lsalar, meni shular yuvsinlar. o‘z liboslarim yoki misr, Yaman bo‘zlari bilan uch qavat kafan qilsinlar, — dedilar.