Hazrati Ali aytur:
— Urush maydoni qizishib, bahodirlar hayqirishib, qo‘rqoqlar yuragi bo‘g‘ziga tiqilib kelgan qo‘rqinch¬lik chog‘larda hammamiz Rasulullohga qarab qolur edik. Oldimizga tushib, dushmanga eng yaqin turar edilar. Biz Rasulullohni pana qilib urushar edik.
Yana Rasululloh bek hayoli edilar. Hayo iymonning yo‘ldoshi, iymon daraxtining eng ulug‘ shoxi erur. Abu Sa’id Hudriy rivoyat qilur: «Pardasidan chiqmagan qizning hayosidan ham Rasulullohning hayosi kuchli edi. Ko‘p so‘zlarni kishilar yuziga aytmasdan uyalib gapirmasdilar. Agar birorta kishi noto‘g‘ri ish qilgan bo‘lsa, darhol uni yuziga solib, otini aytmas edilar. Balki falon qavm, yo ba’zi kishilar nega shunday qiladilar, degan so‘z bilan ul ishning to‘g‘ri emasligini bildirardilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nihoyat xush¬qiliq, istaralari issiq, qarasang kulimsirab turgan, so‘zlari silliq, kishiga yoqimlik, ochiq yuzlik, keng ko‘ngillik, chin so‘zlik edilar. Barchaga birday ¬ochiq yuz, shirin so‘z edilar. Lekin sinalmagan kishilar bilan o‘ltirish-turishda ziyraklik yo‘lini tutar edilar.
Sahobalar va suhbatdoshlari holidan doim xabardor bo‘lib, betoblarini so‘rab, ko‘rinmaganlarini yo‘qlab, muhtojlariga yordam berar edilar. Agar kishi Rasululloh bilan ko‘rishmoqchi bo‘lib qo‘llarini ushlasa, undan ilgari qo‘l tortmas edilar. Hojat uchun kelgan odam o‘zi ketmaguncha uni tashlab ketib qolmas edilar. Chaqirgan joyga borardilar. Ozmi-ko‘pmi hadya bersa olardilar. So‘ngra ularga ham qaytarardilar. Birovni ayblash yoki birovni maqtash Rasulullohga odat emas edi. Sahobalar bilan aralashib, ulfatlashib, ularga tegishib, yosh bolalarni suyib, quchoqlariga olib o‘ltirardilar. Qul, cho‘ri, boy, kambag‘al, — kim bo‘lsin chaqirsa, uyiga borardilar. Shahar chetlarida, uzoq mahallalarda betob yotgan kishilardan borib, hol so‘rar edilar. Majlislarda oyoq uzatib o‘ltirganlarini hech kim ko‘rmagan edi. Yo‘liqqan odamlarga ilgari salom berib, qo‘l olib ko‘rishar edilar. O‘zlari kelganda boshqa kishilarning o‘rnidan turib ta’zim qilishlarini yoqtirmas edilar. Lekin sahobalar bir-birlarini hurmatlashib o‘rinlaridan turishganlarini yaxshi ko‘rar edilar. Ustlariga kirgan kishini hurmatlab, uning tagiga biror narsa solib, qistab o‘ltirgizardilar.
Ko‘ngillari yumshoq, rahmdil, hammaning iymon keltirishiga mushtoq, katta-kichik barchaga shafqatli, mo‘minlarga mehribon edilar.
Bir kuni Rasululloh oldilariga bir a’robiy kelib sadaqa so‘radi. Uning so‘raganidan ortiqroq berib:
— Endi rozi bo‘ldingmi? — dedilar.
— Yo‘q, men degandek yaxshilik qilolmading, — dedi.