Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379530 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 ... 74 B


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:26:10

 Habashlar odaticha Najoshiyga qarab bosh qo‘ydi, buni ko‘rib, Najoshiy:
— Xush kelding do‘stim, u yoqning tansiq narsalaridan bizga nima keltirding? — deb so‘radi.
Keltirgan tortiqlarini aning oldiga yetkazdilar. Bu ham qiziqib, u narsalarni qabul qildi. Buni ko‘rgach, ko‘ngli ko‘tarilib:
— Siz podshodan bizning bir talabimiz bordur, bu ham bo‘lsa dushmanimiz Muhammadning elchisi sizga kelmishdur. O‘tgan urushlarda Muhammad bizlarning bir necha raislarimizni o‘ldirgan edi. Agar shu kelgan kishini bizga berur bo‘lsangiz, Muhammad o‘ldirgan kishilarimizning biri o‘rniga qasos qilib o‘ldirur edik, — dedi.
Bu so‘zni anglashi bilan Najoshiyning qattiq g‘azabi keldi. Oldiga chaqirib olib, Amrning burniga bir musht urdi. Buning zarbidan burun tarnovi singudek bo‘ldi. Bu ishning xijolatidan yer yorilgan ersa, anga kirib qutulg‘ay edi.
So‘ngra Amr hushiga kelgach:
— Agar podshoh bu so‘zni yoqtirmasligini bilsam, hech qachon bunday so‘zni gapirmas erdim. Uning tutgan dini barcha dinlarga qarshi bo‘lganligidan bu so‘z sizga xush kelgaymu deb o‘ylagan erdim, — dedi.
Anda Najoshiy aytdi:
— Ey Amr! Muso payg‘ambarga Allohdin vahiy keltirgan Jabroil alayhissalom ul kishiga ham vahiy keltirib turgay. Endi shunday ulug‘ Allohning pay¬g‘ambari yubormish elchisini menim oldimda qanday o‘ldira olursan? Qasam bilan ayturman, uning keltirgan dini albatta haq dindur. Misr podshosi Fir’avn payg‘ambar Muso oldida qanday yengildi, unga qarshilik qilib oxiri butun lashkarlari bilan suvda g‘arq bo‘ldilar. Shunga o‘xshash Muhammadning dushmanlari ham bir kuni undan albatta yengilgaylar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:26:20

 Najoshiyning so‘zidan ta’sirlanib Amr:
— Agar sizning qo‘lingizda iymon keltirib, Islomga bay’at bersam bo‘lg‘aymu? — dedi.
Anda Najoshiy:
— Yaxshi bo‘lg‘ay, — deb qo‘lini sunib andin bay’at oldi. Amr ibn Os Najoshiyga shu yerda bay’at berib, aning qo‘lida musulmon bo‘ldi. So‘ngra u yerdan chiqib Madinaga bormoqchi bo‘lib, Hudda degan manzilga kelib turganida Xolid ibn Valid va aning yo‘ldoshi Usmon ibn Talha kelishib qoldi. Ular bilan ko‘rishib, uchovlari bir-birilarining maqsadlarini anglashgandan so‘ngra Madinaga qarab yo‘lga tushdilar.
Lekin bularda: «Rasululloh bilan qanday ko‘rishamiz?» degan qattiq xijolatlari bor edi. Madina shahrining ichiga kirmay turib, Harra degan joyga kelganlarida to‘xtashib, shu yerda tuyalarini bog‘ladilar. Bular ko‘rishmay turib, bularning kelayotgan xabarlari Rasulullohga yetgan edi. Buni anglagach, Rasululloh suyunganlaridan sahobalarga qarab: «Makka shahri o‘z jigarporalarini yubormishdur», dedilar.
Bularning kelishlari ersa barcha musulmonlarga ko‘p quvonchlik bo‘ldi. Xolidning akasi Valid bularni to‘sib chiqmish edi. Ko‘rishgandan so‘ngra alarga: «Ildamroq yuringlar, chunki Rasululloh kelganlaring¬ni anglab, suyunganlaridan sizlarni kutib o‘tiribdurlar», dedi. Shunday bo‘lsa ham o‘tmishdagi Rasulullohga qilgan qarshilik ishlaridan qattiq hijolatda edilar. Hammadan ilgari hazrati Xolid xijolatlik bilan kelib Rasulullohga salom berdi. Suyunganlaridan muborak yuzlari nurlanib yaraqlab, tabassum bilan aning salomiga javob qaytardilar. Haz¬¬rati Xolid ham darhol kalima aytib, iymon keltirdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:26:30

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolidning hidoyat topib Islomga kirgani uchun Allohga hamdu sano aytgandan so‘ngra dedilar:
— Ey Xolid, men burundan bilur edim, Alloh taolo senga aql gavharidan nasiba bermish edi. Oxiri o‘shal aql seni yetaklab haq yo‘lga keltirmishdur. Islomning haqligi senga yashirin qolmas deb o‘ylar edim.
Anda hazrati Xolid:
— Yo Rasulalloh, men ko‘p o‘rinlarda sizga dushmanchilik qilib, ko‘p joylarda qarshilik ko‘rsatdim. Dushmaningiz olg‘a safida turib musulmonlarga ziyon bo‘lg‘udek ishlar o‘tkazdim. YO Rasulalloh bu gunohlarimni Xudo kechirarmikan, Allohdan so‘rab, men uchun duo qiling, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Islom o‘zidan ilgari o‘tgan barcha gunohlarni yo‘q qilgay. Iymon yomg‘irida yuvilib, butun gunohdan endi pok bo‘lding, — dedilar.
Qolgan ikkovi ham shu so‘zlarni aytib Islomga kirdilar. Butun sahobalar ichida shu uchovlaridek urush ilmiga mohir kishi yo‘q edi. Ayniqsa, Hazrati Xolid shu kundan boshlab vafot bo‘lganlaricha Islom askarining boshlig‘i bo‘lib, ko‘p mamlakatlar aning qo‘lida fath bo‘ldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Xolid Allohning qilichi», deb unga laqab qo‘ydilar. Xolid ibn Valid yolg‘iz Islom tarixida emas, balki butun inson tarixida qilgan xizmatlari taqdirlanib mangulik o‘roz (baxt) egasi bo‘lmishdur. Bu zotning Islom yo‘lida jon ayamay qilgan xizmatlariga qaralsa, butun dunyo musulmonlari uni hurmatlab ruhiga rahmat de¬yishlari lozimdur.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:26:38

 Xolid ibn Valid hijratning yigirma birinchi yilida Shom o‘lkasi Hims shahrida vabo kasali bilan vafot topdilar, raziyallohu anhu. Yoshi qirq birga to‘lmagan edi. Vafot bo‘lishi oldirog‘ida shul so‘zlarni aytib, butun dunyo musulmonlariga ibrat darsi berib ketmishdir:
— Qo‘rqoq kishilar yaxshilik ko‘rmagaylar. Boshdan-oyoq butun tanamda o‘q qadalmagan, qilich kesmagan, nayza kirmagan tirnoq yuzidek sog‘ joyim yo‘qdur. Ajalim yetmagan ekan, shuncha ko‘p urushlarda o‘lmadim. Ajal o‘qlari yomg‘irdek yog‘ilib turgan minglarcha urush maydonlarining olg‘a saflarida shahodat o‘limini kutdim, u menga taqdir bo‘lmagan ekan, topmadim. Mana endi eshak o‘limidek yotgan yerimda o‘layotibman, — dedi.
Eshak o‘lgandek, degani ersa, shahodat darajasini topmay qolganiga qattiq achinganidan aytgan so‘zidur. Xudo yo‘lida minglarcha jihod maydonlarida javlon urgan bir g‘oziyning maqomi shahidlik martabasidan albatta kam emasdur.
Yana qo‘rqoq kishilarning yaxshilik ko‘rmaslari aniqdur. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar kishi bir nimarsadan qo‘rqar ekan, u narsa qo‘rqqan kishi boshiga balo bo‘lgay».
Bu so‘zning haqligida hech shak yo‘qdur. «Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinur», degandek, qo‘rqoqlar it hujumidan ham qutila olmagaylar, bahodirlar ersa arslon bo‘yniga qilich solgaylar. Qo‘rqqanlar har yaxshilikdan quruq qolib, o‘z vatanlarida g‘arib bo‘lg‘aylar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:26:46

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu to‘rt narsadan panoh tiladilar: qo‘rqoqlik, yalqovlik, baxillik, dushmandan yengilishlik. Mana bu to‘rt narsadan ummatlarini saqlanishga buyurdilar. Biliklikdur (ma’lumki), bu to‘rtining so‘ngisi oldingi uchining ajralmas natijasidur. Ya’ni, botirlik o‘rnida qo‘rqoqlik, ishchanlik joyida yalqovlik, saxiylik vaqtida baxillik qilur ekanlar, mana mundog‘ millatlar boshqalardan yengilib, dushmanlari oyog‘i ostiga tushib depsandi bo‘lg‘aylar. Islomiyat huquqlari bu yon tursin, bunday odamlar insoniyat huquqlaridan ham butun ajragaylar.
Xudo Qur’onda aytmishdur: «Va lan yaj’alallohu lil-kofiriyna alal muminina sabilan». Ma’nosi: «Kofirlarga hayon (foyda), mo’minlarga ziyon bo‘lg‘udek ishni Alloh hech qachon qilmaydi».
Bu so‘zning haqligida hech shakimiz yo‘qdur. Lekin bu kunlarda haqiqiy mo‘minlarning topilishlari gumondir. Qur’onning aytishicha, xorlikka bo‘ysunmoq, kofirga qul bo‘lmoq yo‘qdur.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:26:57

HAVOZIN VOQEASI

Yana shul yettinchi yilning barot oyida Rasulullohga shunday xabar yetdikim, Makkagacha ikki-uch kunlik Turba degan yerda Havozin qabilasidan bir firqa kishilar chiqib, Islomga qarshi harakatda bo‘lmishlar. Buni anglab Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ttiz kishilik bir bo‘luk askarga Hazrati Umarni boshliq qilib, alar ustiga yubordilar. Kechasi yurib, kunduzi yashirinib, dushman yeriga kelib qarasalar, alardan hech narsa bu joyda qolmabdur. Bularning kelishlarini bilib qolishib, oldinroq tog‘ma-tog‘ qochib ketmish edilar. Bu yerdan boshqa yoqqa o‘tishga Rasulullohdan ruxsat bo‘lmagan edi. Shu bilan hech yerda dushmanga uchrashmay, urush-talashsiz Madinaga qaytib keldilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:27:09

BANI MURRA VOQEASI

Yana shu yili Sha’bon oyida Bashir ibn Sa’dni o‘ttiz kishiga boshliq qilib, Fadak nohiyasida Bani Murra qabilasi ustiga yubordilar. Bu yer esa, Xaybar tomonida Madinadan olti kunlik yiroqlikdagi bir joydur. Bu yerlik kishilar mol-chorvalarini o‘tlovga qoldirib, o‘zlari qishlovga ketmish edilar. Shu chog‘da sahobalar kelib qarasalar, mol ustida cho‘ponlardan boshqa kimarsani ko‘rmagach, butunlay mollarni haydab jo‘nayverdilar. Bu ishdan mol egalariga xabar yetib, orqalaridan quvlashib, tun yarmilarida yetishib keldi. Tong otguncha bir-birlariga o‘q otishdilar. Tong yorigandan so‘ng dushmanlar qarasa, o‘zlaridan ular bir necha barobar oz ko‘rindilar. Buni payqab qolib, har yoqdan o‘rab hujum qildilar. Musulmonlarga urushdan qochish harom bo‘lganlikdan, shuncha qalin dushmanga berilmay, urushib yurib barchalari shahid bo‘ldilar, raziyallohu anhum. YOlg‘iz Bashir, alarning boshliqlari, yarim jon bo‘lib o‘liklar ichida qolgan edi. Joni bormikan deb oyoq oshig‘iga urib qarasalar hech qimirlamagach, o‘lgan ekan deb, uni tashlab ketdilar. Dushmanlar ketgach, bir oz hushiga kelib, shu yerda turgan bir yahudiy uyiga ming mashaqqat bilan arang yetib oldi. Bu joyda ikki-uch kun turib, ozgina yaxshiroq bo‘lgach, Madinaga keldi. Rasululloh bu musibat xabarini ilgariyoq anglagan edilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:27:23

MAYFA’A VOQEASI

Yana shu yilning Ramazon oyida G‘olib ibn Abdullohni bir yuz o‘ttiz odamga boshliq qilib, Mayfa’a qabilasiga borib chopul (hujum) qilishga buyurdilar. Bu yer ersa Najd nohiyasida bo‘lib, Madinaga sakkiz kunlik yo‘l edi. Tuyuqsizdan borib alarni bosdilar. Dushman boshlig‘i urushda o‘ldirildi. Qolganlari esa har yoqqa qochib yo‘qoldilar. Alardan qolgan mol-chorvalarni butunlay haydab Madinaga keldilar. Shu urushda Rasulullohning asrandi o‘g‘illarining o‘g‘li Usoma ibn Zayd Nahyak ibn Mirdos ustiga hujum qildi. Qilich urar chog‘ida omon so‘rab: «La ilaha illallohu», dedi. Qo‘rqqanidan aytadur deb, omon bermay uni o‘ldirib qo‘ydi. Madinaga kelgach, bu voqeani Rasululloh angladilar. Usomani chaqirib:
— «La ilaha illalloh» degan kishini nechuk o‘ldirding? Endi «La ilaha illalloh»ga nima javob berasan?—dedilar.
Anda Usoma:
— YO Rasulalloh, o‘limdan qo‘rqib buni aytgandur,— dedi.
Rasululloh:
— Ey Usoma, ko‘ksini yorib ko‘rmadingmu, rostmi, yolg‘onmi bilur eding, — dedilar.
Bundan ogohlanib darhol Usoma tavba qilib, istig‘for o‘qidi. «La ilaha illalloh»ni qanday qilursan?» deb bu so‘zni yana uch marta aytdilar. Hazrati Usoma bu ishdan qattiq xijolatga qolib: «Koshki Islomga endi kirgan bo‘lsam, bu qilgan gunohim kechirilar edi», dedi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu gunoh kafforatiga Usoma bir qulni ozod qilsin», deb buyurdilar. O‘lik egalariga o‘zlari xazinadan xun-tovon to‘ladilar. Sallallohu alayhi vasallam.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:27:40

G‘ATAFON VOQEASI

Yana shu yili Xaybar atrofida yashaydigan G‘atafon qabilasi Madinaga chopul (hujum) qilmoqchi bo‘lib, Uyayna ibn Hisn qo‘l ostiga to‘planmishlar edi. Bu xabar Rasulullohga yetgach, Bashir ibn Sa’dni boshchi qilib uch yuz kishilik askarni alar ustiga yubordilar. Bu askar ersa kunduzi yashirinib, kechasi yo‘l yurib, dushman yeriga kirdi va ham ular soqliq bilan turishib ekan, bulardan xabar topishib qoldi. Qarshi chiqishga qo‘rqib, mol-chorvalarini tashlab, tog‘larga tarqalishib qochdilar. Alardan qolgan ko‘p sonli o‘lja mollarni haydashib Madinaga keldilar. Musulmonlarni ular talamoqchi edilar, uning teskarisi bo‘ldi. Aning o‘rniga o‘z mollaridan ajrab qolishdi. Dushmanlardan ikki kishi asir olingan edi. Rasululloh oldilarida iymon keltirganlaridan so‘ngra o‘z yurtiga qaytishga ruxsat berdilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:27:55

UMRATUL QAZO VOQEASI

Yuqorida yozilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijratning oltinchi yili Umra ibodatini qilish uchun Madinadan Makkaga borgan edilar. Musulmon kishilarga, qudrati yetsa hajga borish farz, umra qilish sunnatdur. Uch marta umra qilgan bir hajning savobini topgay.
Bir kecha Rasululloh tush ko‘rsalar, Makkaga borib sahobalar bilan umra qildilar. Tushlarining to‘g‘ri kelishida shak yo‘q edi. Chunki payg‘ambarlarning tushlari esa vahiy o‘rnida bo‘lur. Lekin qaysi yilda bo‘lishini bilmadilar. Shu yili bo‘lg‘aymu deb, umid bilan Rasululloh boshliq bir ming to‘rt yuz kishi Madinadan chiqqan edilar. Makkaga kelsalar, Quraysh mushriklari bu ishga to‘sqinlik qilishib, Baytullohni ziyorat qilishga yo‘l qo‘ymadilar. Ikki orada uzoq tortishishlar bo‘lgandan so‘ngra, besh moddalik shartnoma tuzib, Hudaybiya sulhi qilinmish edi. Aning birinchi sharti ersa, kelasi yili Rasululloh shu kishilari bilan Makkaga kelib, bu yili qilolmagan umraning qazosini qilg‘aylar. Musulmonlar shahar ichiga ziyorat uchun kirganlarida Makka mushriklari uch kungacha shahar tashqarisida turgaylar. Mana shu sulhnoma bo‘yicha bir yil o‘tgandan keyin oldingi yili umraga borishgan bir ming to‘rt yuz kishi bilan Makkaga qarab yo‘lga chiqdilar. O‘tgan yili bormagan odamlardan ham qo‘shilib askar soni ikki mingga yetdi.
Bular ichida yuz kishilik Bashir ibn Sa’d qo‘mondasida otliq askar ham bor edi. Sulhnomada qurol ko‘tarmaslik shart qilingan bo‘lsa ham, askar uchun kerakli qurollarini birga olmoqqa buyurdilar.
— Shartimizga ko‘ra, Makka shahrining ichiga kirganimizda yolg‘iz qilichdan boshqa qurol ko‘tarmaymiz. Soqliq yuzasidan boshqa qolgan yaroq-jabduqlarimizni shahar tashqarisida qoldiraylik. Askarlarimizning bir bo‘lugi uni saqlab tursinlar. Agarda dushman tomonidan biror turlik xiyonat sezilar ersa, u chog‘da ani ishga yaratqaymiz, — dedilar.

Qayd etilgan