BANI MURRA VOQEASI
Yana shu yili Sha’bon oyida Bashir ibn Sa’dni o‘ttiz kishiga boshliq qilib, Fadak nohiyasida Bani Murra qabilasi ustiga yubordilar. Bu yer esa, Xaybar tomonida Madinadan olti kunlik yiroqlikdagi bir joydur. Bu yerlik kishilar mol-chorvalarini o‘tlovga qoldirib, o‘zlari qishlovga ketmish edilar. Shu chog‘da sahobalar kelib qarasalar, mol ustida cho‘ponlardan boshqa kimarsani ko‘rmagach, butunlay mollarni haydab jo‘nayverdilar. Bu ishdan mol egalariga xabar yetib, orqalaridan quvlashib, tun yarmilarida yetishib keldi. Tong otguncha bir-birlariga o‘q otishdilar. Tong yorigandan so‘ng dushmanlar qarasa, o‘zlaridan ular bir necha barobar oz ko‘rindilar. Buni payqab qolib, har yoqdan o‘rab hujum qildilar. Musulmonlarga urushdan qochish harom bo‘lganlikdan, shuncha qalin dushmanga berilmay, urushib yurib barchalari shahid bo‘ldilar, raziyallohu anhum. YOlg‘iz Bashir, alarning boshliqlari, yarim jon bo‘lib o‘liklar ichida qolgan edi. Joni bormikan deb oyoq oshig‘iga urib qarasalar hech qimirlamagach, o‘lgan ekan deb, uni tashlab ketdilar. Dushmanlar ketgach, bir oz hushiga kelib, shu yerda turgan bir yahudiy uyiga ming mashaqqat bilan arang yetib oldi. Bu joyda ikki-uch kun turib, ozgina yaxshiroq bo‘lgach, Madinaga keldi. Rasululloh bu musibat xabarini ilgariyoq anglagan edilar.