Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379066 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 ... 74 B


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:46:59

TABUK G‘AZOTI

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan kelib, sakkiz oylik tinchlik bilan Madinada turdilar. So‘ngra Rum podshosi Qaysar Hiraql sonsiz ko‘p askar yig‘ib Madina ustiga yurish qilmoqchi bo‘libdur, yana nasoro arablaridan Lahm, Juzom, G‘asson qabilalari ham ularga qo‘shilib, bularning oldingi askari Balqo’ shahriga kelib qolmish, degan xabarlar Rasulullohga yetdi. Va bu xabarlar xalq o‘rtasida ham keng tarqaldi.
Rasulullohning odatlari ersa, Allohdan vahiy kelmagan ishlarda sahobalar bilan maslahat qilur edilar. Agar dushman ustiga safar qilmoqchi bo‘lsalar, yo‘llarini yashirib, kun chiqish ersa kun botishga, deb xalqqa bildurur edilar. Bir qabila ustiga yurish bo‘lar ekan, uning teskari tomonidagi ikkinchi qabilani anglatur edilar. Rasulullohning bunday qilishlari o‘z ummatlari uchun yo‘l ko‘rsatish edi.
Islom shariatida yolg‘on gapirish, aldash xalqaro muomala ishlarida harom qilingan bo‘lsa ham, urush kunlarida o‘rni kelar ekan hiyla ishlatish payg‘ambarimizning siyosiy sunnatlaridan hisoblanur. Buzuqni tuzuk qilguvchi yolg‘on so‘zlar, tuzukni buzguvchi chin so‘zdan albatta yaxshidur.
Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu safarda u odatlarini qo‘yib, qaysi yoqqa kimlar ustiga borishlarini xalq ichida ochiq aytdilar. Aning uchunkim, yo‘l yiroq, havo issiq, dushman kuchlik edi. Safar jamalg‘asini shunga qarab qilish kerak edi. Har tomonga jarchilar yuborib, butun qabilalarni qurol ostiga chaqirdilar. Boylar esa chog‘aylarni ta’min qilishga, bor kishilar yo‘qlarga yordam qilishga, safarning kerak yarog‘ini, yo‘lning oziq-ovqatini to‘liqlamakka buyurdilar. Bu yo‘lni boy kishilarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari yurib tashviqot qildilar. Chunki bu g‘azotlari payg‘ambarlik davri — yigirma uch yil ichida bo‘lib o‘tgan g‘azotlarning eng og‘iri edi. Hazrati Abu Bakr Siddiqning to‘rt ming tangaga yetarlik boyliklari bor ekan, hammasini Rasululloh oldilariga keltirib qo‘yganlarida:

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:47:14

 — Oilang uchun qancha qoldirding? — deb so‘rab edilar:
— Allohni, Allohning payg‘ambarini qoldirdim,— dedilar.
Hazrati Umar ersa borlik boyligini teng yarmini keltirdi.
— Uyingda nima qoldi? — dedilar.
— Shul kelturganimning yarmini qo‘ydim, yo Rasulalloh, — dedilar.
Sahobalar ichida Hazrati Usmondan oshgan boy kishi yo‘q edi. Ul to‘qqiz yuz tuya, yuz ot, o‘n ming tanga oltin aqcha yordamga keltirdi. Ot-tuyalarni butun saymonjabduqlarigacha tayyorlagan edilar. Buni ko‘rib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Ey boro Xudoyo, men Usmondan rozi bo‘ldim, sen undan rozi bo‘lgaysan, — deb duo qildilar.
Yana ansor sahobalardan Osim ibn Adiy degan kishi yetmish tuyaga yuk bo‘lgulik xurmo keltirdi.
Muhojir sahobalardan Abdurrahmon ibn Avf yuz uqiya kumush yordam qildi. Bulardan bo‘lak ansor-muhojirlarning boy kishilaridan yordam qilmagan hech kim qolmadi. Bu ulug‘ ehsondan xotinlar ham quruq qolgilari kelmay, osingan-taqingan oltin-kumush ziynatlaridan ko‘p narsalarini yordamga berdilar. Shu bilan askarning oldi-orqasi yig‘ilib safar saymoni tugallandi. Bu safargi qo‘shinning son-sanog‘i haqida rivoyatlar turlikcha bo‘lsa ham, har holda ellik mingdan kam emas edi. Bularning o‘n mingdan ortiqrog‘i otliq edilar. Borliq askarni boshqarib, ko‘rik o‘tkazgandan keyin, yo‘lga tushdilar. Bu gal Hazrati Alini o‘z o‘rinlarida Madinaga voliy qilib qoldirmoqchi bo‘ldilar. Ul kishi ersa, bundan ilgari hech bir g‘azotda Rasulullohdan ajrab qolmagan edi. Endi mundog‘ ulug‘ jihod safarida Rasululloh suhbatlaridan yiroq qolishni bek og‘ir oldi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:47:23

 Anda Rasululloh aytdilar:
— Ey Ali, Horun alayhissalom Muso payg‘ambarga qanday bo‘lsa, sen ham menga shundog‘ bo‘lishga rozi emasmisan? Muso alayhissalom Xudoga munojot qilmoq uchun Tur tog‘iga ketganida, akasi Horun alayhissalomni o‘z o‘rnida xalifa qo‘yib ketgan edi. Men ham seni Madinada qolganlar ustiga o‘z o‘rnimda xalifa qo‘ydim, — dedilar.
Bu so‘zni anglagach, ilojsiz bo‘lib rozilik bildirdilar.
Qur’on hukmi bo‘yincha Islom podshosi tomonidan agar jihodga chiqarilsa, yosh-qari demay, urushga yaragudek har bir musulmon darhol Islom tug‘i tagiga yig‘ilishlari farz edi. Bunga qaramay, qabila a’robiylaridan bir qanchalari yolg‘on uzrlar ko‘rsatishib, bu safardan qolishga Rasulullohdan ruxsat so‘radilar. Bularni ko‘rib Madina munofiqlarining raisi Abdulloh ibn Ubay ibn Salul ham o‘ziga qarashlik kishilarni ajratib, askarlikdan bosh tortdi. Yo‘q esa o‘z oldiga dastlab askar tizib, shahar tashqarisiga chiqqan edi. Yiroq-yaqindan kelgan barcha askarlar yig‘ilishib, endi yuradigan chog‘da, bo‘lmagan bahonalar bilan buzilib, u munofiq askarlarini olib qaytdi. Bundan maqsadi boshqalarni ham buzib, bu ishga zarba yetkazish edi. Lekin askar ichida unga ergashuvchilar bo‘lmadi. Xalq ichiga buzuqchilik solib:
— Muhammad ersa Rum podshosi Qaysar bilan urushmoqchi bo‘libdur. Bu esa o‘yin ish emas. Rum bilan urushmoqni arab urushlaridek chog‘lagan bo‘lgay. Bu yaqinda eshitib qolurmiz, qo‘l-oyoqlari bog‘lanib, dushmanlariga asir tushib ketgaylar. Qasam qilurmankim, bularning shunday bo‘lishi mening ko‘z oldimga kelib turadi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:49:18

 Aning shunchalik buzuqchilik qilayotganini Rasululloh bilib turgan bo‘lsalar ham, parvo qilmay, o‘z ishlarida davom etdilar.
Yana boshqa sahobalardan — Ka’b ibn Molik, Hilol ibn Umayya, Mirora ibn Rabe’, Abu Haysama to‘rtovlari ixlosli kishi bo‘lsalar ham nima uchundir bu muborak safardan benasib bo‘ldilar. Sahobalar qayerda bo‘lsa, qolganlar ustidan so‘z qilishib:
— YO Rasulalloh, falon kishi qoldi, — desalar Rasululloh sollallohu alayhi vassallam:
— Qo‘yinglar uni, agar bizga undan yaxshilik yetkulik bo‘lsa, hech qachon bizdan ajrab qolmagay, ortimizdan bo‘lsa ham yetishib kelgay. Yo‘q ersa, Alloh undan bizni qutqarmishdur, uning kelmagani yaxshidur, — der edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘lga chiqishlari oldida, birinchi kuni askarga tug‘ bayroq topshirdilar. O‘zlarining ulug‘ tug‘larini Hazrati Abu Bakr Siddiqqa berdilar. Buning bayrog‘ini Hazrati Zubayr ko‘tardi.
Ansor sahobalar ersa, Avs, Hazraj atalib, ikki cho‘ng urug‘ga bo‘linadilar. Avs bayrog‘ini Usayd ibn Huzayrga, Hazraj bayrog‘ini Hubob ibn Munzirga topshirdilar. Qolmish barcha qabilalarga boshchilar saylanib, ularga tug‘ bayroq berildi. Shuning bilan birga bu ulug‘ Islom qo‘shini Rasululloh qaramog‘i ostida yo‘lga chiqdilar. Kundan-kun o‘tib, yarim oy chamasida Tabuk tuprog‘iga tushdilar.
Bahona qilib safardan qolgan sahobalarning biri Abu Haysama Rasululloh yo‘lga chiqqanlaridan bir necha kun o‘tgach, bog‘iga kirib qarasa, ikki xotuni ikki chaylani salqin qilib o‘ltirishibdur. U joyga suvlar sepilib, o‘rinlar solingan, taom tayyorlangan edi. Buni ko‘rgach, u kishi:

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:50:27

 — Rasululloh bo‘lsa shundoq kun issig‘ida safar mehnati bilan yo‘l ketib boradur. Abu Haysama ersa xotinlari oldida salqin joy, qalin to‘shak ustida qandoq o‘ltirur?! Bu ish insofdan yiroqdur. Rasulullohga yetmaguncha hech qaysingni uyingga kirmasman. Safar ozug‘ini tayyor qilinglar, — deb ularga buyurdi.
So‘ngra qilich-nayzasini taqinib, tuyasini minib yo‘lga tushdi. Shu yurganicha askar izidan ajramay yurib-o‘ltirib, Tabuk yeriga yaqinlashdi. Shu chog‘da Rasululloh bir joyga tushib dam olmoqda edilar. Yiroqdan bir necha tuyalik kishilar qorasi ko‘rindi. Rasululloh u yoqqa qarab turib:
— Bu kelayotgan Abu Haysama bo‘lg‘aymu? — dedilar.
Boshqalar ham:
— Abu Haysama ekan, yo Rasululloh, — deyishdi.
Shu orada uning o‘zi ham yetib kelib, tuyasidan tushdi. Salom bergandan so‘ngra o‘ltirmay turib, birga chiqmay qilgan xatosiga Rasulullohdan avf qilishlarini o‘tindi. Unga tanbeh bo‘lgudek bir oz so‘z aytgandan keyin xatosini kechirdilar. U yerdan yurib Qur’onda qissasi bor Solih payg‘ambar o‘tgan Hijr degan joyga keldilar. Solih alayhissalomning mo‘jiza tuyasini o‘ldirgan Samud qavmi shu yerda halok bo‘lmish edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech kim bu yerning suvidan ichmasin va tahorat qilmasin, deb buyurdilar. Choponlarini boshlariga burkab olib, hech yoqqa qaramay, shu yurganlaricha Solih alayhissalomning mo‘jiza tuyasi suv ichgan quduq ustiga kelib tushdilar. Samud qavmiga bo‘lgan azobni eslab:

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:50:42

 — Undan ibrat olinglar va bu kecha qattiq bo‘ron bo‘lg‘ay, ot-ulovlaringizni mahkam bog‘lab, ularni yaxshi saqlanglar. Hech bir kishi bu kecha yolg‘iz yurmasin. Agar hojati tushsa, yo‘ldoshi birga chiqsin, — dedilar.
Shunday bo‘lib, u kecha bir kishining tuyasi bo‘shab ketgan edi. Tuyani izlab u kishi yolg‘iz chiqib erdi. Rasululloh aytganlaridek, qattiq bo‘ron uni uchirib Toy tog‘iga eltib tashladi. Ikkinchi bir kishi o‘z hojati uchun tashqariga yolg‘iz chiqib edi, uni jin bo‘g‘ib qo‘ydi. Bu ishdan Rasulullohga xabar berdilar. Ustiga kelib duo qilganlaridan so‘ngra shifo topdi. Toy tog‘iga tashlangan kishini ersa, Rasululloh keyin Madinaga yubordilar.
Bu safarda Hazrati Abu Bakr Siddiqni namoz uchun butun askarga imom qilmish edilar. Hazrati Ibod ibn Bashirni butun askar ustidan yurib soqchilik qilmoqqa buyurdilar. U kishi ersa birdek aylanib yurib, kecha-kunduz askar holini Rasulullohga bildirib turar edi.
Bir kuni tamom askar suvsizlikda qoldi. Og‘iz ho‘llashga ham yetgudek suv topilmadi. Suvsizlik, chan¬qoqlikdan askarga halokat qo‘rqinchi tushdi. Ba’zi bir kishilarning chanqoqliklari haddan oshib o‘limga yetayoz¬ganlarida, tuyalarni so‘yib, ichak-qorni ichidagi suvni siqib ichishga majbur bo‘ldilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq bu holni ko‘rgach, Rasululloh qoshlariga kelib:
— YO Rasulalloh, askarlar suvsizliqdan o‘lish holiga yetdilar. Alloh taologa duo qiling, bizlarni suvga serob qilib, chanqoqlik balosidan qutqargay, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:51:28

 Rasululloh qo‘l ko‘tardilar. Osmonda bir parcha bulut ham yo‘q edi, darhol tog‘dek bulutlar aylanib chiqib, sharillab yomg‘ir yog‘ishga boshladi. Xiyol o‘tmay, soylar to‘lib suv oqdi. Butun askar suv ichib qondilar. Bor idishlarini suvga to‘ldirib oldilar.
Shu safarda yana bir necha mo’jizalar yuz berdi:
Bir kuni Rasulullohning mingan tuyalari yo‘lda ketayotganda yo‘qolib qoldi. Bir qancha sahobalar uni izlab topolmadilar. Askar ichida Madinadan birga chiqqan munofiqlardan ham bir necha kishi bor edi. Bular esa faqat o‘lja mol topish uchun chiqmish edilar. Rasulullohning tuyalari yo‘qolgach, ulardan birovi turib:
— Muhammad osmondan sizlarga xabar keltirur, Xudo tarafidan yuborilgan payg‘ambarman, deydur. Bu ajab ishdurkim, o‘zining tuyasi yo‘qolib qolsa, uning qayoqqa ketganini bilmaydur, — dedi.
Rasulullohga uning aytgan so‘zi vahiy orqali ayon bo‘lib:
— Shu hozirda bir kishi mening ustimdan so‘z qilib shundog‘ deydur, — deb uning aytgan so‘zini bir harf qoldirmay aytdilar. So‘ngra:
— Men ham insondan tug‘ilgan inson erurman. Xudo bildirmagan ishni, hech qachon o‘zim bila olmasman, u tuyaning turgan joyini Alloh menga endi bildirdi. Boringlar, falon jilg‘a ichida bir yog‘ochga ilinib, shu joyda to‘xtab turibdur, — dedilar.
Darhol shu joyga borishib, tuyani topib kelishdilar.
Ulug‘ sahobalardan Abu Zar G‘iforiyning mingan tuyalari ersa yo‘lda ketayotib charchab yurolmay, askar orqasida qoldi. Qarasa tuyaning yurgudek holi qolmabdur. Tuyani tashlab, yukni yelkaga qo‘yib, askar ortidan qolmay yo‘lga tushdi. Bu ishdan Rasulullohga xabar berganlarida, ul zot:

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:51:52

 — Agar unda yaxshilik nishonasi bo‘lsa, Alloh uni hech qachon yo‘lda yolg‘iz qoldirmagay, ortimizdan bizga yetkazib keltirgay. Agar unda yaxshilik nishonasi yo‘q ersa, bizning undan qutulganimiz yaxshidur, — dedilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir manzilga tushib o‘ltirgan chog‘larida yiroqdan tog‘ boshida bir kishining qorasi ko‘rindi. Anda sahobalar:
— YO Rasulalloh, yolg‘iz kishi yiroqdan kelayotgandek ko‘rinadur, — dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Abu Zar bo‘lg‘ay, — dedilar.
Tikilib qarasalar, bu kishi Abu Zar ekandur. Anda Rasululloh yiroqdan ko‘rib uni tanigach:
— Abu Zarni Alloh rahmat qilsin, u yolg‘iz yuradi, yolg‘izlikda o‘ladi, yolg‘iz tiriladi, — deb, bu kishining kelgusidagi holini mo‘jiza qilib bildirdilar.
So‘nggi kunlarda Abu Zar G‘iforiyning holi, Rasululloh qanday degan bo‘lsalar, shunday bo‘ldi, raziyallohu anhu.
Tabukka yetmasdan bir kun ilgari Rasululloh aytdilar:
— Inshaalloh, ertaga Tabukka yetgaymiz. Anglasam uning bulog‘ida suvi ozaymishdur. Zinhor ul suvga mendan ilgari hech kim qo‘l urmagay.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:52:28

 Bu to‘g‘rida jar chaqirtirib butun askarga anglatdilar. Buni eshitib munofiqlardan ikki kishi jo‘rttaga ilgariroq kelib, ul suvga qo‘l suqdi. Ularning shum qo‘llari tegishi bilan oz bo‘lsa ham, bor suvi yo‘qola boshladi. Bu xabar Rasulullohga yetdi ersa, bilaturib bu ishni qilgan munofiqlarga la’nat aytdilar. Yo‘q esa, kishiga la’nat aytmoq Rasulullohga odat emas edi. So‘ngra oz bo‘lsa ham suv topib keltiringlar, deb buyurdilar. Qoshiqlab olgandek shu buloqdan bir oz suv keltirishdi. Shu suvda yuz qo‘llarini yuvib, og‘iz-burunlarini chayib, qaytarib buloqqa quygach, buloqdan biqillab suv qaynab chiqdi. Butun qo‘shin ot-ulovlari bilan shu suvdan ichib qondilar. Shu kundan boshlab, buloqdan suv kamaymay oqqali turdi.
Rasululloh Mu’oz ibn Jabalga qarab:
— Ey Mu’oz, agar dunyoda uzoqroq yashar bo‘lsang, u chog‘da ko‘rursankim, bu yerlarni bog‘-bo‘stonga to‘ldirgaylar.
Rasululloh aytganlaridek, ko‘p vaqt o‘tmay, shu buloq atrofidagi yerlar yam-yashil bog‘-bo‘stonlikka aylanib, xalqqa to‘lmish edi.
Yana bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu Tabuk safarida bosh oqshomdan sahar vaqtigacha yo‘l yurdilar.
Tuya ustida uyqu eltib, mudroq bosdi. Bir oz yurgach, tuya ustidan yontoyg‘ali turdilar (og‘ib keta boshladilar). YOnlarida Abu Qatoda raziyallohu anhu Rasululloh holatlarini payqab kelayotgan edi. Yana tuya ustidan tushib ketmasinlar, deb sekingina kelib bir qancha yergacha suyab bordi. Tun qorong‘usida, Rasululloh uyg‘ongach, boshlarini ko‘tarib:
— Sen kim eding? — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:53:14

 — YO Rasulalloh, Abu Qatoda erurman. Tuyadan yiqilib ketgaysizmu deb qo‘rqqanimdan bu kecha yoningizdan jilmadim, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Ey Abu Qatoda, bu tuni meni saqlamishsan, seni Alloh saqlasin, — deb duo qildilar.
So‘ngra yo‘l chetiga chiqib, tuyadin tushdilar. U chog‘da sahar vaqti yetib, tong yaqinlashgan edi. Ertalabki namozimizni yaxshi saqlagaysiz, sergak bo‘linglar deb, Rasululloh uyquga yotdilar. Uzun tuni bilan tuya ustida bo‘lganlikdan barchalari charchamish edilar. Namoz vaqti o‘tdi esa, yana hech kim uyqudan uyg‘onmadi. Rasululloh uyg‘onib, unlik tasbeh aytdilar. Kishilar unlarini eshitgach, cho‘chib uyg‘onib qarasalar, kun chiqmish edi.
Rasulullohning buyruqlaricha tuyalariga minishib, yo‘lga chiqqudek vaqtda quyosh ko‘tarildi. Abu Qatodaning charmdan yasalmish suv idishi bor edi. Uni keltirib Rasululloh tahorat olganlaridan keyin, shu kuni ertalab qolgan namozni o‘qishdilar. Tahorat idishida ozroq suv qolmish edi. Rasululloh Qatodaga qarab:
— Bu suvni yaxshi saqlagil, buning ustida ulug‘ bir voqea ko‘rgaysiz, — dedilar.
O‘tgan kecha Rasulullohni uyqu bosib keyin qolganlarida, yo‘l bosib o‘tgan qo‘shin anchagina o‘zib ketgan edi. Yo‘l ustidagi suvli joylarga tushmasdan xabarsiz o‘tishib ketdilar.

Qayd etilgan