Endi «So‘zdan so‘z chiqar» degandek, bu kitob yozguvchi Alixonto‘ra, Shokirxonto‘ra otamiz marhum bilan o‘n to‘rt yoshimda, tarix hijrat 1319 (1902) yili haj safariga chiqdik. Toshkentdin poyezdga tushib, Kaspiy dengiz osha Kavkaziya orqalik, Botum bilan Qora dengizga kirib, Istambulga yetdik, ul zamonda sulton Abdulhamidxon hazratlari xalifa edilar. Bu joydin O‘rta dengiz orqali yurib, Bayrut shahriga keldik. Undan poyezd bilan to‘qqiz soatda Shomi sharifga keldik. Eng avval Bani Umayya jome’ida hazrati Yahyo Payg‘ambar qabrini ziyorat qildik, boshqa ko‘p ziyorat joylar bor ekan, alardin bo‘shagan so‘ngida shahardin anchagina chetroq joyda bir qishloqqa bordik. U qishloqni «Qadamun Nabiy» deb atar ekanlar. Unda bir masjidga kirdik, masjid ichida tokcha ustida bir dona katta tosh turibdur. Mana shu tosh uzasida bosilgan bir inson izini ko‘rib, ziyorat qildik. Bizni boshlab kelgan odam aytdikim, Payg‘ambarimiz yigitlik vaqtlarida hazrati Xadichaning mollari bilan tijorat uchun Shom shahriga kelgan ekanlar, shu joyda ko‘rishgan Nasturo rohib so‘zi bilan shahar ichiga kirmasdin, shu yerdin qaytgan ekanlar. Mana shu tosh ustiga, mo‘jiza bo‘lib, oyoqlarining izi tushgan, dedi. Ul zamonda butun Shom viloyati, arablar mamlakati sulton Abdulhamidxon xalifaga qarar edi. Hozirgi tarix 1371 yil bo‘lib, shul orada 52 yil o‘tibdur. «Inson umri o‘tar, yozgan so‘zlari qolar», degani shul ekan. Endi, boshqalar o‘tgandek biz ham dunyodin o‘tib ketsak, bizning avlod-nasllarimizga bu yozgan so‘zlarimiz yodgor bo‘lsin. Buni o‘qigan chog‘larida biz g‘aribni ko‘ngullariga kelturib, bir kalima Qur’on bilan duoda yod qilib, ruhimni shod qilgaylar. Alloh taolo alarning ham ikki dunyoligini obod qilg‘ay, omin!
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Quraysh karvoni Shom tuprog‘idin chiqib, manzildin manzilga ko‘chib, salomat Makka shahriga yetdilar. Makka xalqi karvon xabarini anglashib, to‘sib chiqishdi. Onamiz hazrati Xadicha ham shul chog‘da bir necha xotunlar bilan tom uzasiga chiqib, qarab turgan edilar. Yiroqdin kelayot¬gan karvon ichida Payg‘ambarimizga ko‘zi tushdi. Bosh ustilarida bulutdek soya solib turgan bir juft qush ko‘rindi. Haqiqatda esa u ko‘ringan qushlar ikki farishta edi. Angachalik Maysara qul ham yetib keldi, sihat-salomatlikni bildirgandan keyin bu uzun yo‘lda payg‘ambarimizdan ko‘rgan barcha sirlarni, bir necha karomat mo’jizalarni onamiz Xadichaga birin-birin bayon qilib berdi. Buni eshitgan so‘ngida Payg‘ambarimizga ixlos-muhabbatlari, zavq-shavqlari ilgarigidan yana ortiqroq bo‘ldi. Va ham Payg‘ambarimizning bu safardagi tijoratlarida boshqa kishilardin ortiqroq foyda chiqqanidan hazrati Xadicha ko‘p suyundilar.