Podshoh javobiga hozirlangan hazrati Ja’far dedi:
— Ey podshoh, biz arab xalqi uzun zamonlardin beri johillikda yashab yurgan bir toifa edik. O‘zimiz yasagan butlarga ibodat qilur edik. Halol-haromni farq qilmay, o‘limtiklar yer edik. Urush-talashlar, qon to‘kish, qaroqchiliklar bizlarning kasbimiz edi. Har turlik buzuqchilik, xiyonat ishlar bizlarda ko‘p edi. Kuchliklarimiz kuchsizlarimizni bosib, yeyish bizlarga odat edi. Mana shunday hol ila birmuncha davr o‘tkazdik. Oxirda Allohning rahmati bo‘lib, o‘z ichimizdin bizlarga payg‘ambar chiqardi. Uning hasab-nasabi, aql-farosati, sidq-omonati yoshligidin beri barchamizga ma’lum edi. U kelib bizlarni Allohni bir bilmakka, yolg‘izgina o‘ziga ibodat qilmakka chaqirdi. Bizlarni ham ota-bobolarimiz qilgan, oltin-kumushdin, tosh-tuproqdin o‘z qo‘llari bilan yasalmish butlarga sajda qilishdin qaytardi. U bizni har ishda rostlikka, omonat saqlashga, siylai rahmni uzmasga, qo‘shnilar haqqini bilishga buyurdi. Zulm-xiyonat qilishdin, urush-talash, nohaq qon to‘kilishlardin, yolg‘on, tuhmat so‘zlashdin, barcha buzuqchilik, harom ishlardin, yetim molini yeyishdin, umumiy insonlar huquqiga xiyonat qilishdan bizlarni qaytardi. Allohning yolg‘iz o‘ziga ibodat qilmakka, anga hech kimni sherik qilmasga, kundalik besh vaqt namoz o‘tashlikka, boy kishilar mollaridin kambag‘allarga zakot berishga, har yili bir oy ro‘za tutishga, bor kishilar yo‘q kishilarga yordam qilishga, bulardin boshqa, insonga foydalik barcha yaxshilik ishlarni qilishga bizlarni buyurdi. So‘ngra biz aning so‘ziga ishondik, o‘ziga iymon keldirdik, Xudo tarafidin keltirgan narsalarni haq deb bildik. Sheriksiz, yolg‘iz Allohga ibodat qildik, halolni halol, haromni harom deb bildik. Mana shu sababdin qavmimiz bizga hujum qildilar. Bizni urdilar, qiynadilar, dinimizdin qaytargali bizlarga ko‘p azoblar berdilar. Yana ilgarigi butparastlik, haromxo‘rlik, xiyonatgarlik, har turlik buzuqchiliklarga bizlarni zo‘r bilan qaytarmoqchi bo‘ldilar. Dinimizdin chiqarish uchun alarning bizlarga qilgan jabru jafolari, bizga ko‘rsatgan zulmlariga qarshi mudofaa kuchiga ega emasligimizdin, har to‘g‘rida ulardin yengila boshladik. O‘z elimizda himoyatimiz qolmadi. Nochor bo‘lib, o‘z yerimizdin qochib chiqdik. Boshqa hech kimni xohlamay, barchadin sizni ortiq ko‘rib panohingizga sig‘inib keldik. Endi, ey podshohim, shunday ahvolga qolib, sizning panohingizga sig‘inib keluvchilar hech vaqt zulm ko‘rmagaylar, deb umid qilamiz, — dedi. So‘ngra Najoshiy:
— U payg‘ambarga Alloh yuborgan oyatlardin o‘qigil, eshitaylik, — dedi.