Bulardin keyingi eng qattiq dushmanchilik ko‘rsatgan kishi Abu Jahl edi. Bu mal’unning Payg‘ambarimizga har qancha dushmanligi qattiq bo‘lsa ham, yana oldilariga kelganda beixtiyor tavoze’ qilar edi. Shundoqki, badaviylardin bir kishi Makka bozoriga bir tuya keltirib, sotmoqchi bo‘ldi. Pulini uydan bermoqchi bo‘lib, u tuyani Abu Jahl sotib oldi. Ammo qilgan va’dasiga vafo qilmay, uning haqqini bermasdin bir necha kunlar sudradi, ul badaviy arab hech iloj topolmasdin, Baytulloh oldida majlis qurib o‘tirishgan Quraysh raislariga arzini aytib, Abu Jahldin haqqini olib berishlarini talab qildi. Anda Quraysh raislari bir chetda o‘tirgan Payg‘ambarimizga ishorat qilib: «Hammamizning kattamiz ana shu kishidur. Sening haqqingni olib berishga shundin bosh¬qa hech kim yaramaydi», dedilar. Bundin g‘arazlari ersa, Payg‘ambarimizni masxara qilishib, Abu Jahl bilan urishtirish edi. Bularning xiyonatlik so‘ziga bechora badaviy ishonganidin, to‘g‘ri Payg‘ambarimizga kelib:
— Ey muborak odam, men bo‘lsam bu shaharga kelgan musofirdurman. Abul Hakamga bir tuya sotgan edim, shu kungacha pulini bermasdin, meni ko‘p ovora qildi. Anavi o‘tirgan odamlarga undin haqqimni olib berishlari uchun arz qilgan edim, alar sizni ko‘rsatdilar. Xudo xayr bersin, yaxshi kishi ko‘rinasiz, mening haqqimni olib berarmikinsiz, deb keldim, — dedi.
Darhol Payg‘ambarimiz: «Yaxshi bo‘lur, yur bo‘lmasa», deb o‘rinlaridin turib, Abu Jahl uyiga qarab yurdilar. Bu ishni payqab o‘tirishgan Quraysh raislari buni ko‘rishib: «Muhammad bu borishida Abu Jahl ila qandog‘ muomala qilgay, buni bilishimiz kerak», deb yashirincha bir odam yubordilar. Payg‘ambarimiz badaviyni boshlab to‘g‘ri Abu Jahlning uyiga kelib, aning eshigini qoqdilar. Abu Jahl ichkaridin turib: «Kimdir?» deb edi, Payg‘ambarimiz: — «Muhammaddurman, bu yoqqa chiqgil», dedilar. Ovozlarini eshitishi bilan, qo‘rqqanidin o‘ngi (rangi) o‘chib, yuzi sarg‘aydi, darhol eshikni ochib edi, Payg‘ambarimiz: «Bu kishini haqqini hozir ado qil», dedilar. Abu Jahl hech qandoq qarshilik qilmasdin, shoshilganicha uyidin pul olib chiqib, badaviy haqqini topshirdi. Payg‘ambarimizga u badaviy ko‘p tashakkurlar bildirgandin so‘ngra, yana Quraysh majlisiga kelib: «Sizlar ko‘rsatgan odamning Xudo xayrini bersin, Abul Hakamdin tamom haqqimni olib berdi», deb Payg‘ambarimizni ko‘p olqishladi. Bular bo‘lsa, bu ishni Payg‘ambarimizga aziyat yetkazish qasdida qilgan edilar. Alloh taolo irodasi bilan, Payg‘ambarimizga ionat bo‘ldi. Quraysh raislari xijolatlikka qolib, Abu Jahlga nafrat aytib turganlarida yuborgan kishilari keldi. «Nima voqea bo‘ldi?» deb andin so‘radilar. Ul: «Abu Jahlning Muhammad haqida qilgan muomalasi bek (cho‘ng) taajjub ishdur. Ko‘rganim shuldurki, Muhammad badaviy bilan to‘g‘ri borib, Abu Jahl qopqasini qoqdi. Qarasam, Abu Jahl qo‘rqqanidin rangi o‘chgan, ruhsiz holda chiqib keldi. Muhammad badaviyni ko‘rsatib, buning haqqini darhol ado qil, dedi. Ul ham yugurganicha uyidin pul ko‘tarib chiqib, badaviyning haqqini topshirib berdi», deb aytdi. Bu so‘zga hayron bo‘lib turib edilarki, Abu Jahl o‘zi kelib qoldi. Alar yoppasiga: «Bu qandog‘ nomuslik uyat ish, dushmanlarimizni suyuntirding, o‘zingga nomus keltirding», deb unga nafratlarini bildirdilar. — Bu choqqa davr Muhammadga bundoq yumshoqlik qilganingni ko‘rmagan edik».