Bundan keyin Rasullulohni yana Buroqqa mindirib, Jabroil alayhissalom jilovlarida, nosut olamidin lohut jonibiga, ya’ni yer ustidin osmonga ko‘tarildilar. Birinchi osmonga yetdilar. Jabroil alay¬hissalom eshik saqlovchi farishtaga: «Ochgil», dedi. «Kimdursan, kim bilan kelursan?» deb so‘radi. «Jabroildurman, yo‘ldoshim Muhammad», dedi. «Aning payg‘ambarlik davri keldimu?» deb darhol eshik ochdi. Dastlab qarshilariga otamiz Odam alayhissalom chiqdilar. «Xush keldingiz, ey aziz farzandim», deb haqlariga duo qildilar. Ul joydin ko‘tarilib, ikkinchi osmonga yetdilar. Ul joyda ham yuqoridagidek savol-javoblar bo‘ldi. Hazrati Iso, Hazrati Yahyo payg‘ambarlarning makonlari shu osmonda edi. Bu zotlar ham qarshi olib, xayr-duoda bo‘ldilar. Bundin o‘tib, uchinchi osmonga chiqish navbati yetdi. Yusuf alayhissalomning makoni shu osmonda edi. Jabroil alayhissalom eshik qoqdi. Yuqorigi savol-javoblar o‘tgandin so‘ngra eshikni ochdilar. Yusuf alayhissalom qarshi olib, Payg‘ambarimizni tabrikladi. So‘ngra bu joydin o‘tib, to‘rtinchi osmon sari yuzlandilar. Uning haqida «Varafa’nahu makanan aliyya» oyati kelgan. Hazrati Idris payg‘ambarning maqomlari shu edi. Bunda ham yuqorida o‘tgan so‘zlardin so‘ngra, eshik ochilib, Idris alayhissalom bilan ko‘rishdilar. Shundan so‘ng beshinchi osmonga ko‘tarildilar. Jabroil alayhissalom eshik qoqdi. Savol-javoblar o‘tgandan so‘ngra eshik ochildi. Horun alayhissalomning joylari shunda edi. Ko‘rishgandin so‘ng, bundin o‘tib, oltinchi osmonga chiqdilar. Muso alayhissalom shu joyda edilar. O‘tmish so‘zlardin so‘ngra eshik ochildi. Muso alayhissalom ta’zim bilan Payg‘ambarimizni ko‘p olqishladilar. Yana ul joydin Buroq uchib, yettinchi ko‘kka yetkuzdi. Ul joyda bobolari Hazrati Ibrohim alayhissalomni ko‘rdilar. «Otangiz Ibrohimdur», degan ishorat bo‘lib, payg‘ambarimiz salom berdilar. Salom javobin qaytargandin so‘ngra: «Ey aziz farzandim, xush kelding, qandoq ulug‘ maqomlarga yetding», deb duo qildilar. Pay¬g‘ambarimiz ko‘rdilarkim, Ibrohim Halilulloh osmon farishtalarining Ka’basi — «Baytul Ma’mur»ga suya¬nib o‘tiribdilar. Baytul Ma’mur binosi Ka’ba to‘g‘risidagi bir uydirkim, uning haqiqatini Alloh bilur. Yer ustida Ka’bani hojilar tavof qilganlaridek osmonda farishtalar ani tavof qilurlar. Ul uy yaratilgandin beri, Payg‘ambarimizning aytishlaricha, har kuni yetmish ming farishta tavof qilib ketgaylar. Alarning ko‘pligidin, bir qatim tavob qilganlari ikkinchi kelishiga qiyomatgacha navbat topa olmaydilar. Mana bu joydin ham o‘tib, muborak qadamlari «Sidratul muntaho»ga yetdi. Payg‘ambarimiz aytishlaricha, bu narsa Allohning azamatlik qudratiga nishona bo‘lg‘udek, yemishlik ulug‘ bir daraxt ekandur. Payg‘ambarimiz shu daraxt ostiga kelganlarida, Alloh taolo o‘z habibini hurmatlash uchun ul daraxtga: «Bezangin», deb buyruq berdi. Shu holda shundoq husni-jamolga kirib, zebu ziynatlik bo‘ldikim, aning vasfini Allohdin o‘zga hech kimsa qila olmag‘ay. Jabroil alayhissalomning maqomlari shu joyda edi. So‘ngra bu joydin yuqori raf-raf bilan uruj qilib, ul Holiqi a’zam, Jabbori akram ulug‘ dargohiga yetdilar. «Qoba Qovsayni av adna» (eng oliy maqom) maqomiga erishdilar. Endi bu o‘rinda ne sirlar o‘tdi, qandoq hollar ko‘rindi? Mana ulardin og‘iz ochmoqqa hech kimning haddi sig‘maydur. Bu ishlarga iymon kelturib, taslim bo‘lmoqdin boshqa haqqimiz yo‘qdur. Alloh taolo shu Me’roj tunida, Payg‘ambarimizga va ham aning ummatlariga ellik vaqt namoz farz qildi. Qaytishlarida Muso alayhissalom yo‘liqib, «Ey Muhammad, buni ummatlaring ko‘tarolmaydilar. Qayt, Rabbingdin so‘ragil, buni yengillatsin», deb u joydin yondirdilar (qaytardilar). Payg‘ambarimiz dargohga kelib, yengillik talab qilgan edilar, besh namoz tushirildi. Muso alayhissalom yana so‘rog‘il, tushirsin. ummating bunga ham toqat qilolmaydi, dedilar. Shundoq bo‘lib, necha qaytadin borib keldilar. Eng oxirida besh namozga qaror topdi. Tangri taolo aytdi:
— Ey Muhammad, bir kecha-kunduzda ummatlaringga besh vaqt namoz qildim. Har namozga o‘n namoz savobini berdim, u besh vaqt namozni — ellik vaqt namoz o‘rnida qabul qildim. Ey Muhammad! Ummatlaringdan har kishi bir yaxshi ish qilmoqqa qasd qilsa, agar uni qila olmasa ham, shu yaxshilik savobini berdim. Agar qasd qilmish yaxshilikni qilib, bitursa, har biriga o‘n barobar savob yozdirdim. Yomonlik ishni qilishga niyat qilsalar, ammo uni qilib, yuzaga chiqarmasalar, yomon niyatlari uchun hech gunoh yozdirmadim. Agar u qilgan yomon niyatlarini amalga oshirsalar, birga-bir gunoh yozdirdim, — dedi.