Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379207 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:52:46

Majlis ahllari bu so‘zlarni onglashlari hamon, har tomondin turib «Ey As’ad, Rasululloh qo‘llarini to‘sma, bu to‘g‘rida har qancha og‘irchiliklar ko‘rsak rozidurmiz, bu yo‘limizdin sira qaytmaymiz», dedilar va «Agar bu yo‘lda yurib, jon bersak, qandoq daraja topgaymiz, yo Rasulalloh?» deb so‘radilar. Anda Payg‘ambarimiz: «Xudo roziligini topib, jannatga kirursiz», deganlarida, barchalari barobar: «Bundoq ersa, rozidurmiz, qo‘lingizni cho‘zing», deyishib, hammalari bay’at berdilar. Ikki xotundan boshqa yetmish uch kishi Payg‘ambarimiz bilan qo‘l tutishgan holda turib, ahd qildilar. Ammo xotunlar bay’ati so‘z bilan bo‘ldi. As’ad ibn Zurora bay’at topshirur chog‘ida: «Birinchi Alloh taologa, ikkinchi yo Rasululloh Sizga rost¬lik ila so‘z berurman, shundoqki, bu yo‘lda har na bermish va’dalarim, bu haqda qilmish ahdlarimning bariga vafo qilurman. So‘zimning rostligini ish ustida bildirurman. Tanamda jonim boricha sizning yordamingizda bo‘lurman» dedi. Ikkinchi, Nu’mon ibn Horisa aytdi: «Bay’at berurman Allohga va ham aning payg‘ambari sizga, yo Rasulalloh, shu bilankim, Alloh amrini doim olg‘a yurgizurman, har ishda Allohning roziligi ila bo‘lurman». Uchinchi, Sa’d ibn Rabi’: «Mening ahdim birinchi Allohga, ikkinchi — sizga, yo Rasulalloh, shuldurki, har ishda Xudo va Rasul amriga itoat qilurman, butun buyruqlarni jon-dil bilan bajarurman», dedi. Qolganlari ham shunga o‘xshash so‘zlar aytib, bay’at berdilar. Muborak bay’at tamom bo‘lgandin so‘ngra, Payg‘ambarimiz aytdilar:
— Muso payg‘ambar o‘z qavmidin o‘n ikki rais saylagan edi. Shunga o‘xshash, men ham sizlardin o‘n ikki boshliq saylaydurman. Nega men saylanmadim, bu saylandi, degan so‘z ko‘ngilga kelmasun. Chunki bu ish birodarim Jabroil alayhissalom ixtiyori ila bo‘lur, deb alardin o‘n ikki kishini rais qildilar.
   

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:52:55

Avsdin edi. Islomiyat olamida eng avval xizmatga saylanmish o‘n ikki raislar shulardir:
1. Abul Haysam ibn Tayyixon
2. As’ad ibn Zurora
3. Usayd ibn Xuzayr
4. Baro ibn Ma’rur
5. Rofi’ ibn Molik
6. Sa’d ibn Abi Haysama
7. Sa’d ibn Rabi’
8. Sa’d ibn Uboda
9. Abdulloh ibn Ravoha
10. Abdulloh ibn Amr
11. Uboda ibn Somit
12. Munzir ibn Amr.
Payg‘ambarimiz: «Endi sizlardin har bir kishi o‘z qabilasiga kafildur. Iso alayhissalomga havoriylar kafil bo‘lgandek, men ham o‘z qavmimga, ya’ni Makkadin Madinaga hijrat qilib boruvchilarga kafil bo‘lurman», dedilar. Bu joyda Payg‘ambarimiz aytgan havoriylar esa, alar Iso alayhissalomga dast¬lab iymon keltirguvchi xos shogirdlari edi. Iso payg‘ambar ko‘kka ko‘tarilishi oldida din ishlarini shularga topshirgan edilar. O‘z zamonida Iso alayhissalomning dini shu havoriylar orqalik xalqqa tarqaldi.
Qur’oni karimda Yosin surasining boshrog‘ida, Saf surasining oxirida bularning qissalari bayon qilinmushdir. Iso alayhissalomning tarjimai hollari va Injil kitobi shular tomonidan yozilmishdur. Yuhanno, Matto nomli Injil yozuvchilari shulardin edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:53:04

Yana o‘z so‘zimizga kelsak, endi, bu muborak bay’atni shu yo‘sinda qilib o‘tkazdilar. Bunda hozir bo‘lgan baxt-saodatlik odamlarning ko‘ngillarida iymon chirog‘i yonib, botinlari aning nuriga to‘ldi. Butun vujudlari ila haqiqatga berildilar. Xudo va Rasuli Xudoning ishqi muhabbati alarda jo‘sh urdi. Muhabbat mayining mastligi bilan ichlaridin Abbos ibn Uboda degan kishi: «YO Rasulalloh, ulug‘ Allohning oti bilan qasam qilurman, agar ruxsat qilsangiz, butun Mino ahliga, shu ertalab, qilichimiz ila qarshi chiqaylik», dedi. Anda Rasululloh: «Men hozir bu ishga buyrulmadim, bu ishning vaqti hali yetmadi, har kishi qo‘shxonasiga qaytsun», deb ruxsat qildilar. Yana bir rivoyatda keltiribdur, bu bay’at tamom bo‘lishini ko‘rib, Iblis mal’unning joniga o‘t ketdi. Bu ishga chiday olmay, bir qattiq va achchiq un bilan qichqirib: «Ey Mino xalqi, ko‘ringlar Muhammadnikim, sizlarga urush ochmoqqa yo‘ldoshlari bilan ont ichdi, tutinglar bularni», dedi. Mal’unning bu faryodini butun bay’at qilguvchilar ongladilar. Dushmanlarimiz bu ishdin xabar topgan ekanlar deb, qurollariga yugurdilar. Anda Rasululloh: «Cho‘chimanglar, bu faryod qilguvchi shaytondur. Sizlardin boshqa hech kimsaga buning tovushi eshitilmas. Bu ishga chidab turolmay, qo‘rqqanidan faryod qildi. Ey mal’un, sen uchun endi bo‘shandim, sening qo‘rqqan kunlaring oldingga kelgusidur», deb unga la’nat o‘qidilar. Shuning bilan sahobalarning ko‘ngillari tinchlanib, har qaysilari o‘z qo‘shxonasiga qaytishdi.
Shundog‘ bo‘lsa ham odam shaytonlari bu ishdin xabar topishgan ekan, xalq ichida bu so‘z tarqalib qoldi. Quraysh mushriklari buni eshitgan so‘ngida, alarning raislaridan bir nechalari bularga kelib: «Ey Avs, Xazraj, sizning qilmish ishlaringizdin biz xabar topdik. Muhammadni bu yerdin olib ketmakka va bizga qarshi urush ochmoqqa qasam ichganingizni eshitdik. Xudo haqqi, butun arablar ichida sizlar bilan oramiz buzilib, urush chiqqandin yomonroq ko‘rgan narsamiz yo‘q edi», dedilar. Anda bu ishdin xabari yo‘q Avs, Xazraj mushriklari: «Hoy, Quraysh sayidlari, bizda bundog‘ ish bo‘lmagan, bo‘lishi ham mumkin emasdur. Yo‘q ish, yolg‘on so‘z», deyishib, qasam ichishib, alarni qondirdilar. Alarning bu ishdin xabarlari yo‘q bo‘lgani uchun, aytgan so‘zlari to‘g‘ri edi. Chunki bu ishni mo’minlardin boshqa hech kim bilmagan edi. Shuning bilan haj mavsumi ham tamom bo‘lib, Minodin xalq tarqala boshladi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:53:13

So‘ngra bu so‘zning aniqligi Qurayshga ma’lum bo‘lib, alarning ortidan quvib chiqdilar. Orqada qolgan ikki kishiga yetib, tutmoqchi bo‘lganda, birovi qochib qutuldi, ikkinchisi tutilib qoldi. Bu ikkovi esa o‘sha bay’at tuni saylangan o‘n ikki naqiblardin bo‘lib, biri Sa’d ibn Uboda, ikkinchisi Munzir ibn Amr edi. Sa’d ibn Ubodani tutib olib, qo‘lini bo‘yniga boylab, urib-sudragancha Makka shahriga keltirdilar. Katta-kichik kofirlardin ko‘zi tushganlari bu kishini urib-so‘kib ozor bermoqda edi. Shu orada bir kishi kelib, sekingina: «Quraysh raislaridin kimlarni tanursan? Agar tanishlaring bo‘lsa, shuning otini aytib, qichqirgin», dedi. Jubayr ibn Mut’im bilan Horis ibn Harb, bu ikkovi bilan burundin tanish bo‘lib, aloqasi bor edi. Alarning otini atab qichqirdi. So‘ngra bu so‘zni o‘rgatgan odam u ikkoviga kelib: «Pastki bozorda bir kishi ko‘rdim, xalq tomonidin urilayotibdur, ammo ul kishi to‘xtovsiz ikkovinglarni atab qichqirur. Bu kim ekan deb so‘rasam, Xazrajlardin Sa’d ibn Uboda nomlik kishi emish», dedi. Bu so‘zni anglashlari bilan: «Hoy, ularning bu ishlari yaxshi bo‘lmabdur. Shom tijoratida karvon yurar yo‘limiz Madinadur, yo‘l ustidagi Avs, Xazraj kabi kuchlik qabila ila nechuk dushmanlik qilsa bo‘lur?» deb bu ikkovi oldirashlik (shoshilinch) bilan borib, u mo’min qulni Alloh asrab, mushriklar qo‘lidin qutuldirdilar va ham u sog‘-salomat Madina shahriga keldi. Buni ko‘rgan Madinadagi qavmu qarindoshlari boshliq hamma mo’minlar suyundilar.
Shundoq qilib, ansor sahobalari Makkada bay’at o‘tkazib kelishgandin so‘ngra Islom dini Madinada rivojlanishga boshladi. Ba’zi bir mahalla xalqi tamomiy butun oilalari bilan Islomga musharraf bo‘ldilar. Madina xonadonlarida iymon kirmagan uy yo‘q edi. Eski odatni tashlab, undan ajrashni og‘ir olgan cholu kampirlardin boshqa katta-kichik hammalariga Islom ruhi o‘rnashdi. Shuning bilan birga bay’at voqeasidin keyin Makkadagi musulmonlarga mushriklar chidab turolmaslik darajada yangidan-yangi tajovuz qila boshladilar. Alarga turlik ravishda jabr-zulmlar qilmoqqa kirishdilar. Ularga qarshi musulmonlarda sabr qilmoqdin boshqa hech chora yo‘q edi va shu vaqtning holiga qarab Payg‘ambarimiz boshliq barcha mo’minlarga Xudo tarafidin shundoq buyrulgan edi. Lekin alarning zulm-taaddiylari chekidan tash¬qari chiqqanlikdin, mo’minlarning qaysi birlari qochishga majbur bo‘ldilar. Qay birlari esa ortiq azobga chidolmay, dillariga qo‘rqinch tushdi. Iymoni kuchli kishilardin bir qanchalari azob ostida yotib, shahid bo‘ldilar. Va bir qanchalari Rasululloh oldiga kelib, boshqa bir joyga hijrat qilmoqqa ruxsat so‘radilar. Rasululloh esa bu to‘g‘rida Allohning amrini kutganlikdin alarga ochiq javob bermadilar. Ish mana shu qiyinchilik holga yetgandin so‘ngra bir kuni Rasululloh suyungan holda uylaridin chiqib kelib:
— Alloh taolo menga bu joydin hijrat qilib ketmakka ruxsat qildi, mo’minlardin qudrati yetgan kishi bo‘lsa, Madinaga hijrat qilsun. Alloh taolo u joyda sizlarga tushgudek o‘rinlar, kutib olgudek yoru do‘stlar tayyorlamushdur, — dedilar.
   

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:53:23

Bu so‘z chiqqandin keyin sahobalar ichida hijrat masalasi qo‘zg‘oldi. Bu ishga yashirin ravishda hozirlik ko‘rishga kirishdilar. Bu safargi hijratga eng avval qadam qo‘ygan kishi — sahobalardin Abu Salama edi. Bu zot bo‘lsa, xotunlari Ummu Salama birligida ilgari ham Habashistonga hijrat qilgan edi. Hammadin ilgari safar yarog‘ini qilib, bu kishi tayyor bo‘ldi. Ummu Salamani quchog‘idagi ikki-uch yoshlik bolasi bilan tuyaga mindirib, yetaklagan holda yo‘lga tushdi. Shu orada xotunning jamoatidin bir necha kishilar oldidan chiqib qolib: «Ey Abu Salama, sen bizning qarindoshimizni qaysi elga eltursan, o‘z urug‘-aymog‘idin ajratib, yot yerga ketmakka qo‘ymaymiz», de¬yishib, tuya burundug‘ini aning qo‘lidan tortib oldilar. Buning ustiga er tomondin bir necha kishilar kelib qoldi. Arablar odatlaricha o‘zaro nomus talashib: «Xotunni siz olur bo‘lsangiz, bolasi bizda qolur», degan so‘z bilan bolani alarga bermadilar. Shunday bo‘lib, xotunni qarindoshlari oldi, bolasi ota jamoatiga qoldi. Abu Salama bo‘lsa, din yo‘lida xotun-boladin kechib, yo‘lga tushdi. Bu ko‘rgan kulfat-mashaqqatlari, u zotning haq yo‘lida qilgan irodasiga hech qandog‘ zarba yetkaza olmadi. Ikki orada bechora xotunga bek qiyinchilik tug‘ilib, ham eridin, ham quchog‘idagi bolasidin ajradi. Bechora xotun bularning firoqida har kuni ertalab uyidin chiqib, Madina yo‘li ustida, Abtah degan joyga kelib, kechgacha shunda yig‘lab o‘tirur edi. Bir kuni o‘z qabila raislaridin birovi bu joydin o‘tayotganida, uning yig‘lab o‘tirganini ko‘rib, ko‘ngli og‘ridi. Boshqalarga qarab aytdikim:
— Bu na yaxshilikdur, ul bechora eridin ham, bolasidin ham ajrab, ko‘cha bo‘yida yig‘lab o‘tirur. Uni qo‘ya beringlar, tilagan tomoniga borsin, yo‘q ersa, el ichida bizga nomus keltirur, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:53:39

Bu bahona bilan aning yo‘li ochildi, bolasini ham o‘ziga qaytarib berdilar, qafasdin qutulgan qushdek, hech narsaga qaramasdin tuyasiga minib, bolasini quchog‘iga olib yolg‘iz xotun yo‘lga tushdi. Besh-olti chaqirimcha yurib, Tana’im degan joyga yetganida, Usmon ibn Talha degan kishi oldidin chiqdi. Bu kishi ersa, Quraysh raislarining birisi bo‘lib, «Baytulloh och¬qichi»ning egasi edi. Ummu Salamaning yo‘ldoshsiz safarga chiqqanini ko‘rdi, «bolasini o‘ngargan yolg‘uz xotunni ko‘ra turib, o‘tib ketsam, men uchun er kishilik bo‘lmagay», deb tuya burundug‘ini tutib yetaklagancha Madinaga yetkazib qaytdi.
Makka — Madina oralig‘i karvon yurishi ila o‘n ikki kunlik yo‘l edi. Shu chog‘da bu kishi mushriklik holda turgan bo‘lsa ham, bu safar o‘tguncha qandog‘ olijanoblik ila yo‘ldoshlik qilganini onamiz Ummu Salamaning aytishlaricha, mashhur hadis kitoblarida yozilmishdur. Buning so‘ngida Makkada mushriklardin siqilgan mo’minlar sekin-sekin hijrat qilgani turdilar. Beshlab-o‘nlab, yo‘lda topishgan bo‘lsalar ham uylaridin chiqishlarida kechalab, bir-birlab yashirin holda chiqar edilar. Bu muhojirlardin hech bir kishi ochiq-ko‘rnov chiqishga jur’at qila olmadi. Yolg‘iz Hazrati Umar chiqar vaqtda shu zamonda qo‘llanurlik qurol-yarog‘larini taqindi. Qilich osingan, beliga hanjar taqilgan, o‘q-yoyi yelkada, qalqoni qo‘lida, so‘qish safarida turgan kishidek bo‘lib, ochiq-oydin uydin chiqdi. Ka’ba oldida o‘tirgan Quraysh raislarini bosib o‘tib, Baytullohni yetti aylanib tavof qildi. Ikki rakat tavof namozini Maqomi Ibrohimda o‘tadi. So‘ngra u yerda o‘ltirmish Quraysh raislariga qarab:
— Alloh sizning ko‘kka ko‘tarilgan burunlaringizni yerga yetkazib, tuproqqa ishqasun. Sizlardin har kim: «Ota-onam motamimni tutsin, xotunim tul qolsin, bolalarim yetim bo‘lsun», der ersa, man bilan shu tog‘ning u yonida to‘qnashsun, deb ularning ko‘zlari oldida yo‘lga chiqdilar. Shuncha o‘tirgan mushriklardin bu so‘zga qarshi birovi ham churq eta olmadi. Boshqalarga bo‘lsa, ortidan izlovchilar, keyinidan quvlovchilar ko‘p chiqar edi. Bu kishiga ersa, alardin hech kim yaqin yo‘lay olmadi. Shundoq qilib, Hazrati Umarga hijrat qilib chiqqan kishilardin kelib qo‘shilguvchilar ko‘payib, yigirma chog‘liq tuya mingan muhojirlar bo‘lib, Madinaga kirdilar. Dunyo turmushlari uchun uy, ovqatlari, oxirat saodatlari uchun din erkinligi Islom orqadoshlari tomonidan bularga hozirlanmish edi. Mana shu kunlardin boshlab, atrofdin keluvchi musofir sahobalarni muhojirlar deb, bularni kutib olg‘uvchi madinalik sahobalarni «ansor» deb atadilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:53:46

Ansor — yordamchilar, muhojiriyn — hijrat etguvchilar degani bo‘lur. Payg‘ambarimiz boshliq Makkaada qolgan musulmonlar shular edi: Abu Bakr Siddiq, Hazrati Ali, Suhayb, Zayd ibn Horisa, yana bulardin boshqa hijratga qudrati kelmagan bir necha ojiz kishilar ham bor edi. Bular ichida hazrati Suhayb hijrat qilmoqchi bo‘lib chiqqan vaqtida Quraysh mushriklaridin bir necha kishilarga xabar yetib, kelishib qoldi. So‘ngra ular Suhaybga: «Sen o‘z elingdin bizga kelganingda chog‘ay (kambag‘al) eding, boy bo‘lib, moling ko‘paydi. Boshing qullikka boylanmish edi, xo‘ja bo‘lib obro‘ying oshdi, endi bizga qarshi chiqqaning ustiga, muncha ko‘p mol bilan dushmanlarimiz yeriga ketmoqchi emishsan», dedilar. Anda Suhayb: «Men bo‘lsam yoshim ulug‘, qari kishi erurman, men bu yerda qolur bo‘lsam, sizlarga hech foydam tegmaydi. Agar ul yoqqa borib qolsam, yana sizlarga ziyonim yo‘qdur. O‘zimdin ko‘ra sizlarga molim foydaliroqdur, tamom molimni oling¬lar, o‘zimni yo‘limga qo‘yinglar», dedi. Alar ham bu ishga rozi bo‘ldilar, molini olib, o‘zini qo‘yib yubordilar. Bu voqeadin so‘ngra Madinaga borib, Payg‘ambarimiz bilan birinchi ko‘rishganida:
— Ey Suhayb, «Rabihal bay’u, rabihal bay’u», deb uch qayta aytdilar. Bu «Savdong foydalikdur, savdong foydalikdur», degan bo‘lur. Anda Suhayb: «Aniq bilurman va daxi (va yana) taniqliq berurman, siz Allohning payg‘ambaridursiz, bu ishni Allohdin o‘zga hech kim bilmagan edi, Jabroil alayhissalom vahiy bilan sizga bildirmishdur», dedi.
   

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:53:57

Haqiqatda esa kelish oldida voqeasini bayon qilib, Payg‘ambarimizga shu oyat kelmush edi: «Va minannasi man yashriy nafsahubtig‘oa marzotilloh», ya’ni: «Mo‘minlardin shundoq kishilar bordurkim, Alloh roziligini topmoq uchun o‘zlarini sotib olurlar». Bu voqea Rasulullohga shu oyat orqalik bildirilgan edi. Makkada sahobalardin uch-to‘rt kishidin boshqa ko‘zga ko‘rinarlik hech kim qolmadi. Hammalari Madinaga hijrat qilib ketdilar. Buni ko‘rib xazrati Abu Bakr ham hijrat qilmoqqa Payg‘ambarimizdan izn so‘rab keldi. Anda Rasululloh aytdilar:
— Men ham Alloh taolodin hijrat uchun izn kutmoqdaman, qachon izn olur bo‘lsam, menga yo‘ldoshlik qilgaysiz, — dedilar. Buni onglab, Abu Bakr Siddiq suyunganidin:
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, bu ish qachon bo‘lg‘ay,— degan edi, «yaqinda bo‘lur», deb bashorat berdilar. Hazrati Abu Bakr bu so‘zni eshitgandin keyin sakkiz yuz tangaga safarga yarog‘lik ikki tuya sotib olib, boqib turdi. Mana shu yili bo‘lsa, payg‘ambarlik davrining o‘n uchinchi yili edi. O‘tgan yillarda Madina ahlidin yetmish necha kishining bay’at berishi, bular orqaliq Avs, Xazraj kabi jangovar qabilalar ichida islomiyatning rivojlanishi, buning ustiga hamma atrofdin kelgan fidoiy muhojirlarning Madina shahriga yig‘ilishi, tarbiyat topgan ekindek, Hijoz tuprog‘ida kundan kunga islomiyatning o‘sib borishidin Makka mushriklari, Quraysh kofirlarining ko‘ngillariga qo‘rqinchlik tushdi. Buning chorasini ko‘rish ularga kerak edi. Bu haqda maslahat o‘tkazish uchun Dorun-Nadvaga yig‘ildilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:54:12

«DORUN-NADVA» MASLAHATI

O‘n ikki urug‘ Quraysh qabilasidin ikki urug‘ qoldirilib, u ham bo‘lsa, Bani Hoshim bilan Bani Muttalib edilar, qolmish o‘n urug‘ Quraysh raislari Dorun-Nadvaga majlis chaqirdilar. Dorun-Nadva — maslahatxona demakdur. Bu uyni Payg‘ambarimizning beshinchi bobolari Qusay degan kishi soldirgan edi. Bu uyda ochilgan majlisga kirgan kishilarning yoshi qirqqa to‘lishi va Quraysh urug‘idin bo‘lishi shart edi. Ahamiyatlik ulug‘ hodisalarning maslahati urush kunlarida boshliq saylash, tug‘ bog‘lash ishlari shu uyda bo‘lur edi. Butun Quraysh qabilasidin maslahat chiqqudek boshliqlari shu majlisga hozir bo‘ldilar. Iblis mal’un ham oqsoqol shayx suratida obidlar libosi — oq kiyimlar kiygan holda maslahatxona eshigiga kelib turdi. U yot kishi bo‘lganlikdin aning kim ekanini so‘radilar. Ul:
— Najd viloyatidin keldim, mening sizlarga do‘stligim bordur, Muhammad haqida ochilmish majlisingiz borligini eshitdim, agar kirishga ruxsat etsangiz, sizlar uchun foyda chiqarlik so‘z topsam aytur edim, — dedi. Alar ham rozilik berishib, kirishga ruxsat qildilar. Shuning bilan majlis ochilib, so‘z boshlandi. Raislardin birovi turib:
— Muhammadning bu ishi qandog‘ o‘sib borayotganligi ko‘z oldingizda ko‘rinib turadi. Buning ishi kundin-kunga ulg‘aymoqda, tarafdorlari har tomonda ko‘paya boshladi, bir kuni ustimizga ularning hujum qilishlari bek ehtimoldir. Qani, bu ishga nima chora ko‘ra bilurmiz, maslahat qilinglar, bu to‘g‘rida albatta bir fikrga kelishimiz kerak, — dedi. Anda Quraysh raislaridin Abul Baxtariy ibn Hishom degan kishi:
— Meningcha, buning chorasi shulki, uni ushlab, qo‘l-oyog‘iga kishan solaylik, to o‘lguncha uni zindonda tutaylik, — dedi. Anda shayx suratlik shayton dedi:
— Sening bu fikring to‘g‘ri emasdur, sizlar uchun bu ishdin hech qandog‘ foydalik ish chiqmaydur, agar buni hibs qilur bo‘lsangiz, aniq bilingkim, uning tarafdorlari ko‘pdur, ustingizga hujum qilib, qo‘lingizdin qutqara olurlar. Bundan boshqaroq maslahat toping, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:54:21

Tag‘in birisi turib, u Quraysh raislaridin Asvad ibn Rabia degan kishi edi:
— Bu haqda mening fikrim shulki, uni nafi-bilot qilaylik, ya’ni surgun qilib, boshqa yot yerga haydab chiqaraylik, o‘z oramizdin ketgandin keyin na bo‘lsa, u bo‘lsin, — dedi. Bu so‘zni onglag‘on hamon shaytonning hushi boshidin uchdi, o‘rnidan tura kelib:
— Hoy-hoy, bu fikrdin qattiq saqlaninglar, xalq ichiga uni qandoq chiqarib bo‘lur, uning so‘zga ustaligi, tilining totliligi ila borgan yeridin, tanishgan elidin o‘ziga yo‘ldosh-qo‘ldoshlar topa olur. Alardin qo‘l-yasov qilib, boshingizga kelur bo‘lsa, ishlaringizni qo‘lingizdin olur, — dedi. Butun majlis xalqi buning so‘zini to‘g‘ri topdilar. Uchinchi bo‘lib Abu Jahl:
— Bu to‘g‘rida maning ko‘nglimga bir fikr kelib turadi, bu o‘tirganlarning ichida hech kimning aqliga kelmagan ish deb o‘ylayman, — dedi. Anda har tarafdin: «Ey Abul Hakam, ayt, u so‘zingni, tinglaylik» — deb qichqirdilar. Anda Abu Jahl:
— Quraysh qabilasi ichida hasab-nasablik, ortiq obro‘ylik, keskir qilichlik botir yigitlardin har urug‘ boshiga birdan kishi olurmiz. Bu yigitlar qo‘llariga o‘tkir qilich olsinlar, ertalab Muhammad uyda yotgan chog‘da bosib kirib, bu yigitlar bir kishi chopgandek barobar qilich solib, uni o‘ldursinlar, shundoq qilganimizda, aning qoni butun qabila ustiga bo‘linur. Agar Bani Hoshim da’vo qilar bo‘lsalar, ishlari ikki yo‘lliqdur. Birisi — butun Quraysh qabilasiga qarshi urush ochgaylar, yoki mol olmoqqa xun uchun rozi bo‘lgaylar. Ma’lumdurki, butun qabilaga qarshi turib urishmakka toqatlari yo‘qdur. Nochor xun moli olmakka rozi bo‘lurlar. Agar bu ish vujudga chiqar bo‘lsa, undin barimiz qutulurmiz, — dedi. Bu so‘zni aytishi hamon, hammadin ilgari shayx suratlik shayton — mal’un buni ma’qul ko‘rib: «Hoy-hoy, shu kishining so‘zi so‘zdur, bundin ortiq to‘g‘ri fikr hech yo‘qdur», dedi. Shuning bilan boshqalari ham qizg‘in ravishda shu qarorni qabul qilishib, tarqashdilar. Bu ish shundoq bo‘lishi bilan hazrati Jabroil alayhissalom quyidagi oyatlar ila vahiy keltirib, shu voqeani Payg‘ambarimizga xabar qildilar.
Oyat shudir: «Va iz yamkuru bikallaziyna kafaruv liyusbituvka, va yaqtuluvka, av yuxrijuvka», ya’ni, «Kofirlar seni qamab qo‘yishga yoki surgun qilishga yoki seni o‘ldirishga qat’iy qasd qildilar», demakdur.

Qayd etilgan