Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 344129 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:56:21

Mo’tabar tarix kitoblarining aytishlaricha, shu muborak mo‘jiza — sovliq qo‘y Hazrati Umarning xalifalik zamonlarida ham borligi ma’lumdur. Shundoqki, Hazrati Umar davrida, tarixi hijratning 17—18- yillarida yil quruqchilik kelib, qahatchilik boshlandi. Tog‘u toshlarda, dala-cho‘llarda vahshiy hayvonlar ham og‘ziga ilingudek yeydurgan narsa topolmay, och qolishdi. Ochlikka chiday olmaganlikdin, shahar qishloqqa, odamlarning uylariga kirib kelishar edi. O‘shal kunlarda havodan kul rangida bir turlik tuproq yog‘ib turdi. Shuning uchun arablar u yilning otini «Omurramod» qo‘ydilar, ma’nosi «kul yili» degan bo‘lur. Butun xalqni ochlik qopladi. So‘yilgan hayvonlarning go‘shti oriqligidin jirkanarlik edi. Mana shundoq og‘irchilik kunlarda Ummu Ma’badning u mo‘jiza qo‘yi butun bir oilani barakot suti bilan to‘yg‘izib turdi. Boshqa hayvonlar esa ochligidan qirilmoqda edi. Ammo bu qutlug‘ qo‘yning qayoqdin yeb, qandoq to‘yib yurganligini hech kim bilmas edi. Hazrati Umar xalq ustiga tushgan bu og‘irchiliklarni ko‘rib, qattiq qayg‘urdilar. Bu ocharchilik balosidin barcha xalq qutulmaguncha, o‘zlari sut ichmasga, go‘sht-yog‘ yemasga qasam qilib: «Boshqa odamlar yegudek narsa topa olmasalar, bizlarning lazzatlik ovqat yeyishimiz qaysi insofdin bo‘lgay, ko‘pchilik xalq tortgan ochlik alamini birga tortishmasam, Xudo oldida nima deyman?» dedilar. Anda Ka’bul Ahbor:
— Yo amiral mo‘minin, bani Isroil qavmiga yomg‘ir yog‘may, qahatchilik bo‘lganda, o‘tgan payg‘ambarlarning avlod-urug‘larini shafe’ keltirib, yomg‘ir tilab, duo qilsalar, qabul bo‘lur edi, — dedi. Anda Hazrati Umar xalqni yig‘ib, yomg‘ir talab qilib, sahroga chiqdilar. Xutba o‘qib, duo qilib turganda, «Ey bor Xudoyo, nima xojatimiz bo‘lsa, ilgari sening Payg‘ambaring Rasulullohni vosita qilar edik, endi u zot bo‘lmagach, o‘rniga amakisi Abbos ibn Abdulmuttalibni shafe’ keltirdik. Ey bor Xudoyo, shu bandangning haqqi-hurmatida duoimizni qabul qilib, rahmat yomg‘irini yog‘dirgil», deyishi bilan tarnovdin to‘kilgandek yomg‘ir yog‘a boshladi. Yig‘ilgan xalq tarqalib, uy-uylariga yetmasdin ilgari, ko‘chalardagi suv sel bo‘lib oqdi. Shuning bilan qahatchilik xalq ustidan ko‘tarildi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:56:37

— Sizning hurmatingizdan duoimiz ijobat bo‘l¬di,— deyishib odamlar hazrati Abbosni, egik boshlarini silashib, ziyorat qilishur edi. Chunki bundin ilgari ham bir necha qayta yog‘in tilab, duo qilishganlarida, ijobat asari bo‘lmagan edi. Arabiston o‘lkasida tog‘lardin keladigan ulug‘ anhor suvlari bo‘lmagach, ularning tamom tirikchilik ishlari faqat yomg‘ir suvlariga qarashlikdur. YOg‘inlik yillari to‘qchilik, arzonchilik bo‘lur. Agar yillar quruq kelsa, xalq qahatchilikka qolgaylar. Rasulullohning muborak zamonlarida shundoq qurg‘oqchilik yillari bo‘lgan edi. YOmg‘ir talab qilib, minbar ustida o‘qigan xutbalari tamom bo‘lmay turib, yomg‘ir yoqqanligi hadis kitoblarida mashhurdur. Shuning uchun bundog‘ qahatchilik kunlarida ikki rakat «talab namozi» o‘qib, ko‘pchilik xalq bilan duo-istig‘for qilib, Allohdin yomg‘ir talab qilmoq — bizlarga sunnat bo‘lib qoldi. Endi Payg‘ambarimiz Makkadin Madinaga hijrat qilib chiqib, shu yurganlaricha Xudo omonatida ketmoqda edilar. Ammo Quraysh xalqi va Makka shahridagi ba’zi mo‘minlar Payg‘ambarimizning hijratlari qaysi yoqqa bo‘lganligini aniq bilolmadilar. Gumon bilan har turlik so‘zlar el o‘rtasida ko‘paygan edi. Mana shu orada mo‘min jinlardin birisi, tubandagi she’rni o‘qib, havo bilan Makka shahri ustidan o‘tdi. Butun xalq uning qo‘shig‘ini eshitdilar. She’r:

Jazallohu rabbunnosi xayra jazoihi
Rafiqayni hallo xaymatay Ummi Ma’badi,
Humo nazalo bil birri summa tarahhalo
Fa aflaha man amso rafiyqa Muhammadi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:56:46

Bu qo‘shiqni aytgan chog‘da havo tarafidin tovush eshitilib, ammo aytguvchining o‘zi ko‘rinmas edi. Tovushga qarab, bir muncha odamlar yig‘ilishgan, ashula ovoziga quloq solib, uning orqasidin ergashur edilar. Yuqorigi she’rni o‘qib, mo‘min jin Makka shahrining bir tomonidin kirib, ikkinchi tomonidin chiqib ketdi. She’rning ma’nosi: «Ummu Ma’badning uyi¬ga tush vaqtida tushgan ikki yo‘ldoshga Xudo yaxshiliklar bersun, bular u joyga yaxshilik bilan tushdilar. Yana u joydin yaxshilik bilan chiqdilar. Har kim Muhammadga yo‘ldosh bo‘lsa, yaxshilikdin boshqani ko‘rmagay, u odam baxtlik kishilardin bo‘lgay». Makka xalqi bu she’rni eshitgandin so‘ngra Payg‘ambarimizning Madinaga hijrat qilganlarini bildilar. Chunki Ummu Ma’badning turgan joyi Madinaga ketar yo‘l ustida edi. Bu joydin o‘tganlarini onglashib Madinaga hijrat qilganlari ma’lum bo‘ldi. Yo‘lboshchilari Abdulloh ibn Urayqit arablar ichida mashhur qolovuzlardin (yo‘l boshlovchi) edi. Dushmanlarning ko‘ngliga kelmagan, hech kim bilmagan yo‘llar bilan yurib-o‘tirib, Madina tarafiga yaqinroq yerda «Aslam» qabilasiga qarashlik bir manzilga keldilar. Shu qabilaning raislaridan Bani Dah ibn Hasib degan kishi o‘lja olish umidi bilan, yorog‘lik sakson odam olib, yo‘l to‘sib chiqqan edi. Bir jilg‘a og‘zidin Payg‘ambarimizning qarshilariga saf bog‘lab chiqib keldilar. Lekin uning Rasulullohga ko‘zi tushgan hamon ahvoli o‘zgardi, yomon niyatidin ko‘ngli qaytdi. Yo‘ldoshlariga qarab aytdikim:
— Bundoq yaxshi yuzlik kishi Xudoga yolg‘on aytib, yo‘q tuhmat so‘zni qandoq qilsin? Bu ishni payqamasdin unga bir ozor yetkazur bo‘lsam, ulug‘ xato qilgan kishilardin bo‘lurman. Yana o‘z og‘zidin so‘z onglashim kerak, — deb, arab yo‘sinida Payg‘ambarimizga «Hayyakalloh», deb salom berdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:56:53

Anda Rasululloh:
— Kim bo‘lursan, oting nimadur? — deb so‘radilar.
— Otim Buraydadur, o‘zim Aslam qabilasidin erurman, — dedi. Anda Payg‘ambarimiz Abu Bakrga qarab:
— Inshaalloh, o‘zimiz salomatlikda bo‘lurmiz, bu ishimiz bizni rohatga chiqargay, — dedilar. Payg‘ambarimizning bir odatlari — kishining yaxshi so‘zidin fol olur edilar. Yuqorigi kishining oti — Burayda, qabilasi Aslam edi. Bu ikki so‘zning ma’nosi: birinchisi, «salqin», ikkinchisi, «salomat» degan bo‘lur. Arab yerlari issiq bo‘lg‘och, alar uchun salqinlik — rohat edi. Shu ikki og‘iz so‘zni Payg‘ambarimiz yaxshilikka yo‘yib, «o‘zimiz salomat, ishimiz rohatlik», dedilar. Shuning uchun Islom shariatida yaxshi so‘z, yaxshi ishlarni yaxshilikka yo‘yish sunnat bo‘ldi. Bo‘lar-bo‘lmas ishlardin cho‘chib, irim-sirim qilish shariatda durust emasdur.
«Agar bir kimsa, biror narsadin yomon fol olib, ko‘ngli cho‘chisa: «Har yaxshilikni berguvchi, har yomonlikdin qutqazguvchi — Allohdur», deb o‘z ishida davom etsun», degan hadis Payg‘ambarimizdan rivoyat qilindi. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Payg‘ambarimiz:
— Ey Burayda, men Alloh tarafidin kelgan haq payg‘ambardurman, butun olam xalqiga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgani, ularga haq din o‘rgatgani keldim, seni ham shu dinga da’vat qilurman, — dedilar. Buni onglab, Buraydaning ko‘ngliga iymon nuri kirib, tavfiq-ilohiy yor bo‘ldi. Darhol shahodat aytib, Islom dinini qabul qildi. Shuning bilan birga o‘lja izlab chiqqan sakson kishi barchalari barobar musulmon bo‘ldilar. So‘ngra hazrati Burayda aytdi:
— Yo Rasulalloh, biz Aslam qabilasi, o‘z ixtiyorimiz bilan Islom dinini qabul qildik, bu davlatni bizga nasib qilguvchi Alloh taologa hamdlar bo‘lsin. Endi shu ko‘pchiligimiz bilan Madina shahriga kirgaymiz. Ko‘pchilik askarning ko‘rki tug‘ (bayroq) bo‘lur, agar ruxsat qilsangiz, oldingizda bayroq ko‘tarib kirur edim, — dedi.
Rasululloh bu ishni ma’qul ko‘rib, ruxsat qildilar. Darhol Burayda boshidagi dastoridin yirtib, bayroq yasab, ko‘targan holda Madinaga kirdilar. Rasululloh oldilarida Islom olamida birinchi navbat ko‘tarilgan bayroq shul edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:57:07

PAYG‘AMBARIMIZNING MADINAGA KIRISHLARI

Madina musulmonlari esa Payg‘ambarimizning hijrat harakatlaridin xabardor edilar. Kelar kunlarini mo‘l, har kuni yo‘l to‘sishib, Harra degan toshloqqa chiqishar edi. Kun qiziganchalik shu yerda kutishib o‘tirib, so‘ngra qaytishur edilar. Uch kungacha har kuni yo‘l to‘sishib, istiqbol marosimini o‘tkazdilar. Payg‘ambarimizning Savr g‘orida uch kun yotganlari oshiqcha bo‘lganlikdan, kelar mo‘ljallaridin uch kun o‘tgan edi. Shu uchinchi kuni Madina musulmonlaridin ansor, muhojiriy sahobalar boshliq yosh-qari, erkak-ayol demay, barchalari Payg‘ambarimizni kutib, istiqbol marosimi ila yo‘lga chiqqan edilar. Har qandoq bo‘lsa ham shu kunda kelishlariga jazman ko‘z tutilur edi. Kun issig‘i xalqning bo‘yinlarini kuydirgunchalik kutib turishdilar. Xabarlari bo‘lmagach, nochor tarqashdilar. Shu chog‘da yerlik yahudlardan birisi o‘z hojati uchun bir egiz do‘ng ustiga chiqqan edi, u yon-bu yon qarab turganida Makka tomonidin kelar yo‘l ustida, yiroqdin tuya mingan bir to‘p kishilarning qorasi ko‘rindi. Bularning necha kunlardin beri to‘sishib yurgan kishilari kelayotgan bo‘lsalar kerak deb:
— Ey arab eli, baxtinglar keldi, iqbolinglar ochildi, — deb ixtiyorsiz qattiq qichqirgali turdi.
Yo‘l to‘sib chiqqan butun xalq buni ongladilar, qarasalar, yiroqdin ko‘ringan bir to‘p qora ichida ikki oq libos kiygan kishilar ko‘rinmoqda edi. Bularning birisi Rasululloh, ikkinchisi Abu Bakr Siddiq edilar. Yana shul kuni Madina musulmonlarining Shom tijoratidin qaytmoqda bo‘lgan savdogarlari yo‘lda Payg‘ambarimizga yo‘liqib qoldilar. Alar ichida ulug‘ sahobalardin Zubayr ibn Avvom bor edi. Har ikki tomondin kelgan musulmonlar Madinaga kirar vaqtlarida Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishib, birlashganlari eng ko‘ngilli ish bo‘lib, bunga bek quvonishdilar. Shuning ustida hazrati Zubayr Shomdan olgan liboslardin ikki oq chopon chiqarib: Yo Rasulalloh, yangi kelishingiz uchun, yangilik bo‘lsun», deb har ikkovlariga kiygazib qo‘ygan edilar. Yiroqdin yahudning ko‘ziga ko‘ringan oqlik shu edi. Bu nido eshitilgandin so‘ngra, butun Madina xalqi yaroq-yasoqlari ila qo‘zg‘aldilar. Bu to‘sib chiqishgan ko‘pchilik xalq ichida katta-kichik, erkak-ayollar, qul-cho‘ri, o‘g‘il-qizlar ko‘p edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:57:33

Qo‘llarida childirma chalib turishgan yosh joriya qizlar ham bor edi. Payg‘ambarimizning qadamlariga quvonchlik qilib, shu quyidagi she’r qo‘shig‘i o‘qilmoqda edi:
Talaal badru alayno
Min saniyyotil Vadoi
Vajabash shukru alayno
Modao lillohi doi,
Ayyuhal mab’usu fino
Je’ta bil amril mutoi.


Ma’nosi:
To‘lin oy chiqdi bizlarga Vado tog‘ining ustidin
Kerakdur shukrini aytmoq, bu dunyo boricha bizdin
Kelibsiz, xush kelibsiz, ey yubormish tangrining nuri
Qabul etmak erur bizdin, Xudo amri kelur sizdin.


Shuning bilan Rasululloh Madina shahridin to‘rt chaqirimcha uzoqlikda bo‘lgan Qubo degan qishloqqa kelib, Bani Amr ibn Avf mahallasida Gulsum ibn Xadam degan kishi uyiga tushdilar. Rabiul avval oyining o‘n ikkinchi, dushanba kuni edi. Misrlik Mahmud posho Falakiyning hisobicha, milodiy tarixi bilan 20 sentyabr 622 yilida edi. Islom dinining rivoji shu hijrat so‘ngida boshlanganicha, Hazrat Umar boshliq butun sahobalarning ittifoqlari bilan, Islom tarixini shu hijratdin boshladilar. Oy ilgari bo‘lsa ham, yil birligini e’tiborga oldilar. Pay¬g‘ambarimizning Madinaga kelishlari rabiul avval oyida bo‘lsa ham, hijrat tarixining boshi Muharram oyidan hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hijrat qilmaslaridin ilgari o‘n uch yil Makkada turdilar. Bu muddat ichida Payg‘ambarimiz boshliq butun musulmonlar Quraysh mushriklari tomonidin qilingan siqindi (tazyiq) ostida turdilar. Erkinlik ila ibodat qilmoqlari u yerda yasoq (cheklangan) edi. Bu qutlug‘ hijratdin so‘ngra butunlay ishlar o‘zgardi. Shuning uchun din to‘g‘risida siqindi ko‘rganlarga o‘z joyidin hijrat qilmoqlik sunnat bo‘ldi. Diniy hijratlar har yerning sharoitiga qarab farz bo‘lishi ham mumkindur. Bu yang‘liq hijrat qilish yolg‘iz bizning Payg‘ambarimizga xos bo‘lmay, o‘tgan payg‘ambarlardin ham bir nechalari o‘z el, o‘z yerlarida ishlari rivojlanmagan chog‘da, boshqa yoqqa hijrat qildilar. Ibrohim alayhissalom Bobildin Shomga, Iso alayhissalom Shomdin Misrga hijrat qilganlari tarix kitoblaridan ma’lumdur. Yana, Baytullohni aylanib, tavof qilgan hojilarning oyoq ostilarida ko‘milgan to‘rt yuz payg‘ambar borligi hadisda rivoyat qilinur. Shu zotlarning barchalari o‘z qavmlaridin kulfat ko‘rib kelganlarida shak yo‘qdur. Yana shuni bilmak kerakkim, Rasululloh o‘n uch yil Makkada turgan kunlarida diniy e’tiqodlardin ikki ulug‘ asosni xalqqa o‘rgatdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:57:42

Birinchisi — tamom olamni yaratguvchi — qudrati ulug‘ yolg‘iz Tangridur va uning oti arabcha Alloh-dur. Sifati «Laysa kamislihi shay» ( ) erur. Ya’ni: «O‘xshashi, tengdoshi yo‘qdur. Arshdin — farshgacha, zarradin — quyoshgacha, tamomi olamda, har joyda va har narsaki bo‘lur bo‘lsa, hech qachonda, ularning hech birisi Allohdin iznsiz, Parvardigordin ruxsatsiz bo‘lishi mumkin emas», deb aniq ishonmakdur. Shu aytilmish narsalarning barisiga shaksiz, chin ko‘ngli bilan e’tiqod qilmakdur. Mana, Islomning asli asosi, ulug‘ ildizi shuldur. Misoli bir daraxtdurki, buning yetmish necha shox-butoqlari bordur. Shariat buyurgan farz ishlar — bu daraxtning ulug‘ shoxlaridur. Bundin kichiklari — vojiblardur. Undin ham kichikroqlari bo‘lsa, sunnatlaridur. Sharm-hayo, iymon daraxtning ko‘rkamlik katta shoxlarining birisidur. Shuning uchun Payg‘ambarimiz:
«Hayosi yo‘qning — iymoni yo‘q» dedilar. Kalimai tayyiba: «La ilaha illallohu, Muhammadur Rasululloh» iymon daraxtining tanasidur. Ya’ni, shu kalimani tili bilan aytib, ma’nosiga chin ko‘ngli bilan ishonmoqdur. Bu daraxtning eng kichkina butog‘i — oyoqqa ilinarlik, ko‘z jirkanarlik narsalarni yo‘ldin yiroq qilmakdur. Alloh taolo o‘zining mo‘min qullariga bu daraxt tarbiyatini topshirdi. Mo‘minlarning qilgan toat-ibodatlari — iymon daraxtining tarbiyatlari bo‘ldi. Kutilmagan, tarbiyatsiz qoldirilgan daraxtlardin hosil olgan kishini kim ko‘rdi?
Endi shu yuqoridagi so‘zlarning mazmunini to‘plab, qisqartirib kelganimizda, arabcha bir og‘iz «tavhid» kalimasining ma’nosi bo‘ladi. Demak, Rasululloh o‘n uch yil Makkada turgan chog‘larida butun xalqni shu tavhidga chaqirdilar. Chunki u zamon arablari uch fir¬qaga bo‘lingan edi. Birinchisi — Quraysh boshliq Arabiston xalqining eng ko‘pchiligi mushriklar edi. Ya’ni, bular Alloh taoloni ulug‘ Xudo, barcha olamni yaratuvchi, deb bila turib, yana butlarga topinur edilar, bularni ham foyda-zarar yetkurmakka qudratlari bor, deb aytishur edi. Bu haqda hujjat bo‘lgudek asoslari, og‘izga olgudek so‘zlari yo‘q edi. YOlg‘iz ota-bobolari tutib o‘tgan yo‘l-yo‘riq bo‘lganlikdin, shularga ergashgan quruq taqliddan boshqa narsa emas edi. Ikkinchisi — arab yahudiylari, uchinchisi — arab nasorolari edilar. Yana bular ichida oz sonli dahriylar ham topilur edi. Mana shu firqalarning barisiga qarshi «Qul huvallohu ahad...» oyat ila boshlanuvchi sura nozil bo‘ldi. Bu suradagi to‘rt oyatning mazmuni bilan butun dunyoda bo‘lgan botil, buzuq dinlarning barchasi rad qilindi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:57:50

Ixlos surasi — Tavhid surasi deb atalmog‘ining sababi ham shuldir. To‘rt oyatlik, qisqagina bir suraning, Payg‘ambarimiz aytishlaricha, Qur’oni karimning uchdan biriga barobar bo‘lishi shuning uchundir. Payg‘ambarimiz Makka shahrida o‘n uch yil turdilar, shu muddat ichida xalqni ikki eng ulug‘ diniy asosga taklif qildilar, dedik. Birinchisi, tavhidni yuqorida bayon qilib o‘tdik, ikkinchisi esa, qiyomat kunining bo‘lishiga chin ko‘ngli bilan ishonmakdur, ya’ni Alloh taolo o‘n sakkiz ming olamni yaratdi. Arsh, kursi, Lav¬hu qalam, to‘qqiz falakni yo‘qdin bor qildi. Olam ichida odamni xalq etdi. Endi alarning yaxshilari bo‘lganidek, yomonlari ham bordur. Balki yomonlari yaxshilaridin ko‘pdur. Milyon-milyon insonlarga foyda yetkazuvchilar bo‘lganidek, bularga qarshi ziyon qilguvchilar ham ko‘pdur. Bular esa har kimning ko‘z oldidin o‘tib turadur. Yaxshi-yomon, har ikki toifa ham ajallari yetgan kuni o‘lsalar, bu dunyodin ketadilar. Payg‘ambarlar kabi ne yaxshi zotlar butun umrlarini xalq g‘amida o‘tkazib, xalqqa qilgan xizmatlari, yaxshiliklari uchun, hayotliklarida zarrachalik ajr ko‘rmasdin, rohat topmasdin bu dunyodin o‘tdilar. Yana bir qancha zolim qonxo‘rlar zulm qila-qila butun dunyoni nohaq qonga to‘lg‘azib, tirikligida hech bir jazo ko‘rmasdin, ular ham ketdilar. Mana endi boshqani qo‘yib, aqlga qaraganda ham, albatta, qiyomatning bo‘lishi kerakdur. Insonlar uchun shundoq bir joy bo‘lsinkim, dunyoda qilgan ishlariga qarab, alarga jazo berilsin, buning ustiga, Xudo tarafidin yuborilgan shuncha ko‘p pay¬g‘ambarlar barchalari, qiyomat kunining bo‘lishidin xabar berdilar.
Demak, bu kunning kelishi ham aqliy, ham naqliy dalillar bilan isbotlangan bo‘ldi. Yana, Xudo tarafidin tushgan ulug‘ kitoblar — Tavrot, Zabur, Injil, Qur’on, bulardin boshqa payg‘ambarlarga kelgan kitob¬larda ham qiyomat, Arasot ahvollari bayon qilingandur. Agar qiyomat bo‘lishi inkor qilinsa, milyon kishiga foyda yetkazgan kishi bilan, shu barobar, kishilarga ziyoni yetgan zolimning hech farqi qolmaydi. Bundoq bo‘lishi, albatta, aqlga to‘g‘ri emasdur. Shuning uchun Makkada tushgan suralar, birinchisi tavhid, ikkinchisi, o‘lgandin so‘ngra tirilib, qiyomatning bo‘lishi — shu ikki masala bilan to‘ldirilgandurlar. Yana o‘z so‘zimizga kelaydik.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:57:58

Yuqorida aytilishicha, Payg‘ambarimiz Madina tuprog‘iga qadam qo‘yganlarida, dastlabki tushgan joylari Madinadan besh-olti chaqirim yerdagi Qubo qishlog‘i edi. Shu joyda bir necha kun turdilar. Birinchi qilgan ishlari — shu o‘rinda bir masjid bino qildilar. Rasulullohning amrlari bilan sahobalar ko‘p miqdorda tosh yig‘ib keltirdilar. Masjid o‘rni belgilangandin so‘ngra Rasululloh masjid qiblasini to‘g‘rilab, muborak qo‘llari bilan shu masjidga ul (poydevor) qo‘ydilar. Islom olamida yer usti bo‘yicha eng avval qilingan jamoat masjidi shu edi. «Lamasjidun ussisa alattaqvo», degan oyat shu masjid haqida nozil bo‘ldi. Ma’nosi: «Taqvo — iymon uzasiga (ustiga) qurilgan masjiddur». Buning ichida namoz o‘qiguvchilar zohirdayu botinda poklikni do‘st tutguvchilardur. Shundoq poklikni Alloh ham do‘st tutadi. Shu mazmundagi oyat bilan Alloh taolo Qur’oni karimda shu masjidni va bundagi namoz o‘qiguvchi musulmonlarni maqtaydi. Endi Payg‘ambarimiz bu joyda necha kun turganlari haqida ixtilof bordur. Ko‘proq rabiul avvalning o‘n ikkisi, dushanba kuni keldilar, shu joyda uch kun turib, juma kuni Madina shahriga kirdilar deb rivoyat qilinadi. Bu kirishlari esa, Islom olamida eng ko‘riklik, ko‘rkam, qutlug‘ kun edi. Butun dunyo bo‘yincha, haqiqat ahlining bayram quyoshi shu kunda tug‘ilmish edi. Bularga qarshi iblis mal’un va uning maslakdoshlari uchun eng og‘ir, qora, motam kunlari kelmish edi. Qubodin chiqar chog‘larida «Kasva» otliq tuyalariga mingan edilar. Muhojir, ansor sahobalar atroflarida qurollangan butun xalq, yosh-qari, erkak-ayol ergashgan holda shahar sari yurdilar. Tuya burundug‘ini ushlab, yetaklashga qabila raislari orasida talash bo‘lib, qizg‘in ravishda qizg‘anishlik tug‘ildi.
— Yo Rasulalloh, qadami sharafingiz ila kimning kulbasini guliston qilursiz, qaysi joyga tushursiz?— deb so‘rar edilar. Bularga qarshi:
— Men mingan tuyamga bu ish buyurilmishdur, qayerga cho‘ksa, shuning cho‘kkan o‘rni bizning manzilimiz bo‘lur,— der edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:58:12

Tuyaning burundug‘i o‘z bo‘yniga o‘ralgan, bu qutlug‘ jonivor o‘z erkicha yurmoqda edi. Pardasidan chiqmagan mastura qizlar Payg‘ambarimizni ko‘rishga qiziqib, tom ustiga chiqqan edilar. Dastlabki kelishlarida Quboga tushganlaridagidek, she’rlar o‘qilib, shodiyona daflar (childirmalar) chalinur, suyunchilik qo‘shiqlari aytilur edi. Shu yo‘sinda bo‘lib, xalq ergashgan holda, mahalla oralab, ko‘chadan-ko‘chaga, o‘rin izlagan kishidek, tuyalari har tomonga qarab yurar edi. Har eshikdan chiqqan kishilarga: «tuya ma’murdur (buyruq olgan)» deb javob berar edilar. Tuyalari shu yurganicha yurib, Bani Adiy ibn Najjor mahallasiga keldi. Payg‘ambarimizning ikkinchi bobolari Hoshim, shulardin uylanib, bobolari Abdulmuttalib madinalik xotundin tug‘ilgan edi. Mana shu to‘g‘ridan bu mahalla xalqi Payg‘ambarimizning tog‘alari bo‘lur edilar. Tuyalari shu joyga kelganda, Abu Ayyub Ansoriyning eshigi oldiga kelib cho‘kdi. Tuyaning cho‘kkan joyi, shu kundagi masjidi sharifdur. Rasululloh:
— Shu joy bizning manzilimizdur, inshaalloh, — dedilar. Tuyadan tushishlari bilan shu oyatni o‘qib o‘tirdilar:
«Robbi anzilni munzalan mubarokan va anta xayrul munziliyn». Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, meni qutlug‘, muborak o‘ringa tushirginki, sen tushiruvchilarning eng yaxshisidursan».
Yangi manzilga tushgan vaqtda bu oyatni o‘qimoq bizlarga sunnat bo‘ldi. Uy egasi Abu Ayyub Ansoriy darhol kelib, xurjun-xalaj yuklarini ko‘tardilar. «Kishining yuki qayerda bo‘lsa, egasi ham shu yerda bo‘lur», deb Payg‘ambarimiz ham ortidin yurdilar. Yana shu jamoatdan As’ad ibn Zurora degan kishi kelib, tuyalarini yetaklab, o‘z uylariga eltdi. Shu chog‘da qabilaning yosh qizlari quyidagi she’rlar bilan qo‘shiq aytishib, quvonishar edilar:

Bani najjor ahlining yosh qizlari bo‘lurmiz
Muhammadning kelganin baxtimiz deb bilurmiz
Xush keldingiz bizga siz, qadamingiz muborak
Oyoq bosgan izingiz, ko‘zga surma qilurmiz.

Qayd etilgan