Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379872 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:01:02

Andoq ersa ul kishi iymon keltirib, Islom dinini qabul qilar bo‘lsa, sizlar ham qabul qilursizlarmi? — dedilar.
Anda ular: Albatta, qabul qilurmiz, deb barchalari va’da berdilar. So‘ngra Rasululloh:
— Ey ibn Salom, uydan chiq, — deb chaqirdilar.
Yahudlar bu nima holdur, deb hayron qolishib turgan chog‘da, u uydan chiqib keldi. Anda Rasululloh ayt¬dilar:
— Ey ibn Salom, senga uch savolim bordur. Birinchisi, Alloh haqida aytgil, mening haq Payg‘ambarligimni bilmasmusan? Ikkinchisi, Tavrot, Injil kitoblarida yozilmish sifatlarimni ko‘rmadingmi? Uchinchisi, mening zamonimni topguvchi ahli kitoblardin menga iymon keltirib, tobe bo‘lishlari uchun Xudo tarafidan ahdi paymon olinmaganmu?
Anda Abdulloh ibn Salom aytdi:
— Yeru ko‘kni yaratguvchi Alloh oti bilan qasam ichib, guvohlik berurman, siz oxirzamon haq Payg‘ambari erursiz. Tavrot, Injilda yozilmish sifatlaringizni barchamiz tilovat qilurmiz. Sizga iymon keltirish to‘g‘risida butun ahli kitoblardin Alloh ahd olgani haqdur. Ey yahud qavmi, Xudodan qo‘rqinglar, Muso va Horunga Tavrot kitobini indirguvchi Alloh «haqqi» qasam qilib, guvohlik berurman. Muhammad alayhissalom Allohning quli, oxirzamon Payg‘ambaridur. Bu ishning rostligini barchamiz bilurmiz. Shundoq ekan, Islom dinini qabul qilib, iymon keltiringlar, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:01:14

Anda yahudlar bir zum ilgari bergan ahdlarini buzib, o‘zlari ishonch ko‘rsatgan Abdulloh ibn Salomdin yuz o‘girdilar. Payg‘ambarimiz oldida ul kishiga kelishmagan, yomon so‘zlar aytgani turishdi. Buni ko‘rib, alardin Rasululloh umidlarini uzdilar. Bu yig‘ilgan yahudlar ham shundoq ulug‘ ne’matdan benasib bo‘lib tarqashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkada turgan chog‘larida Quraysh mushriklaridan, keyin bu yerlik munofiqlardan ham to‘la aziyat tortdilar. Buning ustiga Arabiston yahudlaridan ayniqsa, madinaliklar alarga qo‘shimcha bo‘ldi. Bularning dushmanliklari barchalaridan ham qattiqroq edi. Ochiqdan-ochiq ziyon yetkazish yo‘lini topolmasdan, yashirin ravishda qasd qilishga kirishdilar. Shundoqki, Labid ibn A’som degan yahudiy Rasulullohga sehr qildi. Alardin bir yosh o‘g‘il kelib, Rasulullohga xizmat qilib ketardi. Shu orqalik siniq soqol taroqlarini, yana bir necha tola muborak soqollarini oldi, bularning yoyining (kamonning) ipiga qo‘shib, o‘n bir tugun tugdi, bu tugunlarga igna sanchib, o‘ziga maxsus amallari bilan sehr bog‘ladi, bu jodu sehrlik tugilgan iplarni Zarvon ismlik quduq suvi ichida bir og‘ir tosh tagiga bostirib qo‘ydi. Bir necha kun ichida bu sehr ta’sirida Rasulullohning mijozi shariflari bir oz o‘zgardi. Buning muddatida bir yil, yoki olti oy, yoki qirq kun deyilgan uch rivoyat bordur.
So‘ngra Jabroil alayhissalom kelib, bo‘lgan voqea¬dan xabar berdilar. Rasulullohning amrlari bilan Hazrati Ali borib, ul jodu amallarini quduqdan topib chiqdi. O‘n bir tugunlik sehr ta’sirining raddiga o‘n bir oyatlik ikki sura: «Falaq va Nos» suralari nozil bo‘ldi. Jabroil har oyatni o‘qiganda bir tugun yechilar edi. O‘n birinchi tugun yechilishi bilan sehr ta’siridan hech asar qolmay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sog‘lom bo‘ldilar. Lekin shuni bilmak kerakkim, bu sehrning ta’siri oz-ko‘p, muborak jasadlarida ma’lum bo‘lgan edi. Ammo aqllarida zarrachalik o‘zgarish yo‘q edi. Shuning uchun payg‘ambarlikka bu ishning zarracha nuqsoni yo‘q edi. Agar insoniy tomonga boqilsa, turlik jismoniy hodisalar payg‘ambarlarga ham bo‘lishi mumkindur. O‘tning kuydirishi, suvning ho‘l qilishi, yolg‘iz tabiatlari bilan bo‘lmay, Alloh izmi bilan bo‘lganidek, sehrning ta’siri ham Allohning iznisiz bo‘lmaydi. Qur’ondagi «Va mahum bidorrina illa bi iznilloh», ya’ni: «Sohirlar (sehr qiluvchilar) Allohdin iznsiz hech kimga zarar yetkaza olmas», degan oyat bunga ochiq dalillur.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:01:25

O‘t o‘chirishga suv qandoq kerak bo‘lganidek, sehr amalini buzishga ham uning sababini topmoq kerakdur. Shuning uchun Rasululloh buni rad qilish yo‘lini ummatlariga o‘rgatdilar. Sehr amallari bilan zararlanish, ko‘z tegib, undan ziyon ko‘rishlik burundan beri dunyoda bo‘lib kelgan ishlardur. Buning borligi Qur’onda va hadis kitoblarida ochiq bayon qilinmishdur. Shuning uchun diyonat ahllaridan bu narsalarni inkor qiluvchilar yo‘qdur. So‘ngra Rasululloh sehrchi Labid ibn A’somni chaqirib, undin so‘radilar. U ham bu ishni qilganiga o‘zi iqror bo‘lib, bo‘yniga oldi: «Yahudlar bir qancha tillo berishib, meni qiziqtirgan edilar, aqchaga aldanib, bu ishni qildim», deb Rasulullohdin kechirishni o‘tindi, Oliy axloqqa ega bo‘lgan Payg‘ambarimiz uning gunohidan o‘tdilar. Bu yahudlarning Rasulullohga har vaqt dushmanlik qilishlarida eng zarur yordamchilari Madina munofiqlari edi. Bularning sonlari bir rivoyatda kelishicha, uch yuzga yaqin bor edi. Bu munofiqlarning raislari Abdulloh ibn Ubay o‘lgunchalik Payg‘ambarimizga qattiq dushmanlik bilan dunyodin o‘tdi.
Munofiq deb, Qur’onda tili musulmon, dili kofir kishilarni aytilur. Tilida iqror qilib, musulmon bo‘lsa, ko‘nglida shak keltirib, kufr saqlasa, mana shundoq odam chin munofiqdur. Shariat oldida ko‘rinov kofirdin yashirin kofirning gunohi qattiqroqdur. Shuning uchun Alloh taolo Qur’onda «Innal munafiqiyna fidaril asfali minannar» oyati bilan munofiqlarga qattiq jazo berishini bildirdi. Ya’ni, «Munofiqlar do‘zaxning eng ostingi qavatiga tushadilar», dedi. Qur’ondagi Munofiqun surasi mana shular haqida nozil bo‘ldi. Payg‘ambarimiz bularning og‘zaki iymon aytishlariga qanoat qilib, Islom haqida qancha ko‘p qilgan xiyonatlariga qarshi sabr etdilar. Chunki u kunlarda ilohiy tomondan berilgan buyruq shundoq edi. Va Rasululloh har vaqtning siyosatiga qarab ish qilur edilar. Olamda sababsiz hech bir ishning vujudga chiqishi mumkin emasdur. Bu munofiqlarning Rasulullohga bunchalik qattiq adovat tutishlariga sabab shul edikim, Rasululloh Madinaga kelmaslaridan ilgari Abdulloh ibn Ubayni Madina arablari podshoh qilmoqqa ittifoq qilgan edilar. Bunga atab toju taxt ham tayyorlagan edilar. Shu orada islom voqeasi qo‘zg‘alib qoldi. Rasululloh hijrat qilib, Makkadan Madinaga keldilar. Chin yuzaga chiqib, yolg‘on yo‘qoldi. Haqiqat keldi, botil buzildi. Odamlar u munofiqning tilagidan tondilar. Musulmonlar u amalparastning istagini eslaridan chiqazdilar. Mana bu ish so‘ngida buning boshiga qiyomat qo‘pdi. Butun vujudini hasad o‘ti o‘rtadi. Barcha olamga yetgan «Rahmatan lil olamin»ning fayzidin bu munofiqning bir tola tuki ham bahra topmadi. Dunyo va oxirati bu o‘t ichida tamom kuyib, kul bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:01:44

Bayt:
«Etar rahmat suvi ko‘k kavkabina
Etishmas qatrai gumroh labina».


Shuning uchun aytdilar:
— Har dushmanlikning sababi, agar hasaddan bosh¬qa narsa bo‘lsa, undoq dushmanlik do‘stlikka aylanishi mumkindur. Ammo hasaddin chiqqan dushmanlik bo‘lsa, buning do‘st bo‘lishi mumkin emasdur. Misoli, otamiz Odam bilan Iblis alayhil la’naning dushmanligidur. Bu dushmanlik hasad sababidin boshlangani uchun avlodlari orasida dushmanchilik qiyomatgacha davom etmoqdadur.
Shunga o‘xshash dunyodagi boylar va chog‘oylar (kambag‘allar) o‘rtalarida uzluksiz dushmanlikning davom etmagi shu hasad qo‘zg‘alishining ayrilmas natijasidur. Bu hasad o‘tini iymon suvidan boshqa narsa bilan hech qachon o‘chirolmaydilar. Shuning uchun insoniyat olamining islohiga haqiqiy islomiyatdan o‘zga hech chora yo‘qdur. Bu haqiqat qachon yuzaga chiqar ekan, uni Alloh bilur. Yana maqsadga kelaylik.
Endi shu yuqoridagi so‘zlardin ma’lum bo‘ldi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlaridan keyin ikki toifadan qattiq qarshilik ko‘rdilar. Birinchisi, Madina munofiqlari, ikkinchisi, shu yerlik yahudiylar edi. Shu vaqtning sharoitiga qarab, munofiqlardin til iqrorini qabul qildilar. Shunga o‘xshash yahudlar bilan ahdnoma tuzdilar. Uning mazmuni bir-birlariga zarar yetkazmaslik, musulmonlarga qarshi harakatda bo‘lmaslik, Madina ustiga boshqa dushmanlar tarafidan hujum boshlangan holda musulmonlarning yordamida bo‘lishlik — shu so‘zlar ahdnomada shart qilib qo‘yilgan edi. Madinaga kelganlariga oradan o‘n uch oy o‘tdi. Shu muddat ichida hech yerda diniy jihod qilmadilar. Dinga kirgazish qasdida hech bir qabila bilan urushmadilar. Bu to‘g‘rida Xudo tarafidin ham jihodga izn berilmagan edi. Balki dinga da’vat qilishda sabr bilan tebranib, tadrijiy ravishda ish olib bormoqqa buyurilgan edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:02:02

Ahqof surasida:
«Fasbir kama sabara ulul azmi minar rusuli fala tasta’jil lahum», ya’ni: «O‘tgan ulug‘ payg‘ambarlar sabr qilgandek, ey Muhammad, sen ham sabr qil. Mushriklarga tezdan azob kelishini tilama», degan mazmundagi oyat shu haqda nozil bo‘ldi. Xudo tarafidan g‘azot qilishga ruxsat bo‘lgunchalik haqiqatni tushuntirish, bilmaganlarni bildirish yo‘li bilan xalq¬ni dinga da’vat qildilar. Urush-talashga hech kimni qiziqtirmadilar. Bunga shoshilgan kishilarni qattiq qaytardilar. Chunki insonning vujudi — Allohning imoratidur. Buni buzishga Allohning rizoligi yo‘qdur. Haqiqatni yuzaga chiqarishga butun yo‘llar yopilsa, inson olamining tanasida harom qon to‘lib toshganligidan, umumiy halokatni yuzaga keltirish qo‘rqinchisi bo‘lsa, buni qaytarishga qon olishdan boshqa chora topilmasa, ana shu chog‘dagina, Qur’on hukmida, aql oldida jihodga, urushga ruxsat qilinadi. Chunki inson islohi uchun qo‘llaniladigan choralarning eng oxiri— qilichdur. Makka mushriklari Rasulullohga qilmagan yomonliklari, ko‘rsatmagan jabr-jafolari qolmagan edi. Buning ustiga u zotni o‘ldirishga ham qasd qilgan edilar. Oxiri o‘z vatanlarini tashlab chiqishga majbur qildilar. Endi u dushmanlarning dahshatlik dardlariga qon chiqarishdan boshqa chora qolmagan edi. Mana shu chog‘da quyidagi oyatlar Payg‘ambarimizga nozil bo‘lib, urushga izn berildi:
«Vaqotiluv fi sabilillahillaziyna yuqotilunakum vala ta’taduv, innalloha la yuhibbul mu’tadiyn».
Ma’nosi: «Ey mo‘minlar, sizlar bilan urishganlar bilan Xudo yo‘lida urishinglar, ammo urush ishlarida chekdan tashqari chiqmanglar. Chunki Alloh taolo har ishda haddidan oshguvchilarni yaxshi ko‘rmaydur».
Kishi qo‘lidan keladigan har bir ishlarda Islom qonuni uni adolat qilishga buyuradi. Shuning uchun hayot kunlarining eng og‘ir kunlaridan bo‘lgan — so‘qish vaqtlarida ham, shuni rioya qilmoqqa amr etmishdur. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar. «Alloh taolo har ishda bandalaridan ehson qilmoqni istaydi». Bu hadisdagi ehsonning ma’nosi bir kishi ikkinchi bir kishiga in’om qilish, xayr-ehson berish ma’nosida emasdur. Balki buning ma’nosi har bir kishi o‘z qilgan ishini, birinchidan, shariatga to‘g‘ri kelgudek, ikkinchidan, aqlga yoqqudek qilib ishlamoqdur.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:02:15

Bu hadisning ko‘rsatishicha, har kosib o‘z kasbini, har xunarmand o‘z hunarini qo‘lidan kelganicha yaxshilab ishlashi kerakdur. Insonning qiladurgan ishlari dunyo tirikchiligiga tegishlik yoki uning oxiratiga foyda berarlikdur. Bularning har birida ham ehson bordur. Ibodatdagi ehson shulki, Alloh oldida turgandek, Allohni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgandek ogohlik bilan ibodat qilmoqdur. Chunki Rasululloh aytdilar:
«An ta’budalloha kaannaka tarohu, fani lam takun tarohu, fainnahu yaroka». Ma’nosi: «Namoz o‘qib, ibodat qilgan chog‘ingda sen Allohni ko‘rolmasang ham, ul seni ko‘rib turadur. Shuning uchun sen ham Allohni ko‘rib turgandek, hushyorlik bilan o‘qishing kerak».
Yana rivoyatda shundoq kelibdur: Sahobalardan bir kishi vafot topdi. Payg‘ambarimiz uni uzatib, qabristonga keldilar. Mayit (o‘lik) qabrga qo‘yilgandan so‘ngra lahad og‘ziga go‘rkov kesak terdi. Bular orasida biroz joy ochiq qolganini Rasululloh ko‘rdilar. Darhol shu joyga to‘g‘ri kelgudek bir parcha kesak olib, uning qo‘liga berdilar. Bu bilan u teshikni berkit dedilar. Anda go‘rkov turib:
— Yo Rasulalloh, bir oz kundan keyin bu qo‘yilgan kesaklar ham to‘kilib ketar. Bunchalik kichik teshiklarni to‘sib o‘ltirishning hojati yo‘qdur, — dedi. Anda Rasululloh:
— Har hunarmand o‘z hunarini, har ishlovchi o‘z ishini yaxshilab qilsa, Alloh uni do‘st tutqaysen ham o‘z ishingni yaxshilab qil, — dedilar. Rasulullohning shu yuqorida aytgan hikmatli so‘zlari hamma ummatlariga ikki dunyoda foydalanish uchun yetarlik nasihatdur. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:02:42

Yuqoridagi oyat hukmiga qarab, eng avval Quraysh mushriklariga qarshi jihod qilmoqqa tayyorgarlik ko‘rdilar. Chunki u oyat mazmunida «urushganlarga qarshi urushgin», deb buyruq berilgan edi. Bu to‘g‘rida urush boshlaganlarning birinchilari Quraysh mushriklari edi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz Makka ahlidan boshqa arablar bilan yarash yo‘lini tutdilar. Qachonkim, ular ham dushmanlarni yoqlab, musulmonlarga yog‘iylik qilib edilar, shu chog‘da bu oyat keldi:
«Vaqotilul mushrikiyna kaffatan kama yuqotilunakum kaffah». Ya’ni: «Sizlarga qarshi dushmanlik ko‘rsatuvchi barcha mushriklar bilan urush qilinglar», degan mazmunda butkul arab butparastlari bilan g‘azot qilmoqqa buyruq bo‘ldi. Mana shu kundan boshlab, jihod davri boshlandi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning umr ichida qilgan safarlari to‘rt turlik edi. Birinchisi, hijrat safarlaridurkim, Makkadan chiqib, Madinaga keldilar. Ikkinchisi, hijratdan so‘ngra oltinchi yilning oxirlarida Umra ibodatini qilish niyati bilan bir ming besh yuz kishi birgalikda Madinadan Makkaga safar qildilar. Bu safarlarida Quraysh mushriklari to‘sqinlik qilib, umralari qazo bo‘ldi. Makkaga kirisha olmasdan Makka bilan Jidda oralig‘ida Xudaybiya degan yerda bir necha kun turganlaridan keyin yana Madinaga qaytdilar. O‘n yillik muddat bilan mashhur Xudaybiya sulhi shu o‘rinda tuzilgan edi. Sulh shartining yo‘siniga bir yil o‘tgandan so‘ngra, o‘tgan yildagi safar yo‘ldoshlari bilan Madinadan chiqib, Makkaga kelib, qilolmay qolgan umra qazosini o‘tab yondilar (qaytdilar). Uchinchisi, haj safarlari erdikim, qudrati yetgan har bir mo‘minga buni ado qilish farz bo‘ldi. Hijratning o‘ninchi yilida Payg‘ambarimiz to‘qson ming kishi birligida shu haj safariga chiqdilar. Haj farz bo‘lgandin keyin bundan boshqa haj qilmadilar. Bu hajlarida butun ummatlari bilan vidolashdilar. Shuning uchun buni «Vido haji» deb atadilar. To‘rtinchisi, g‘azot safarlari edi. Payg‘ambarimizning butun umrlari ichida qilgan safarlarining eng ko‘prog‘i ham shuldir. O‘zlari bosh bo‘lib, yigirma yettita g‘azotga chiqdilar. Qirq yetti marotaba yo‘rtaval yo‘sinida sahobalardan bir bo‘luk askarlarini g‘azotga chiqardilar. Qilgan safarlarining barchasi yetmish to‘rt yurish bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:03:23

G‘AZOTNING BOSHLANISHI

Makka shahridagi Quraysh qabilasining odatlari har yili yoz kunida ularning savdogarlari katta bir karvon bo‘lishib, tijorat uchun Shom shahriga kelishur edi. Bu safarlarida Madinaga qarashlik yerlarni bosib o‘tishga to‘g‘ri kelur edi. Bunday karvon eng oz deganda ikki ming tuyadan kam bo‘lmas edi. Quraysh raislaridan bir qanchasi karvon kuzatuvchisi bo‘lib, dushmandan saqlanish uchun birga chiqishur edi. Shu odatlaricha Makkadan chiqqan Quraysh karvonidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xabar topdilar. Quraysh mushriklari bo‘lsa, butun arab mushriklarining yo‘lboshchilari edi. Alarning kuch-quvvatlarini sindirib, mol-boshlarini o‘lja olishni maslahat ko‘rdilar. Shu maqsad ila Rasululloh yalang muhojirlardan yetmish kishilik askar bilan karvon yo‘lini to‘sgani chiqdilar. Madinaga ansorlardan Sa’d ibn Ubodani o‘z o‘rnilarida xalifa qo‘ydilar. Dushmanga qarshi birinchi ko‘tarilgan shu safarlaridagi tug‘lari oq o‘nglik (ranglik) edi. Ani ko‘tarish sharafi Payg‘ambarimizning amakilari Amir Hamzaga topshirildi. Shu yurganlaricha Makka bilan Madina orasidagi Vaddon degan bir qishloqqa yetdilar. Shu yerdan uchir (xabar) oldilarkim, Quraysh karvonlari bulardin bir kun ilgariroq o‘tib ketgan ekanlar. Shundoq bo‘lib, bu chiqishlarida dushmanga yo‘liqmasdan qaytdilar.
Lekin shu safarlarida o‘shal yerlik arablardin — Bani Zomra qabilasining raisi Majd ibn Amr degan kishi kelib, Rasululloh bilan ko‘rishdi. U chog‘da arab qabilalaridan hech birlari dinga kirmagan edilar. Qabila raisi, Rasululloh dinga da’vat qilganlarida, qabul qilishdan bosh tortgan bo‘lsa ham, ikki orada bir sulhnoma tuzilishini Rasulullohdan talab qildi. Payg‘ambarimiz bu ishga rozilik ko‘rsatib, bir necha shartlar qo‘yilgan bir sulhnoma yozishga buyurdilar. Shuning bilan bu safar ustida o‘n besh kun yurib, Madinaga qaytdilar. Bu esa hijratning ikkinchi yili boshlarida bo‘lib, g‘azot safarlarining birinchisi edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:03:38

«BUVOT» G‘AZOTI

Rasululloh Madinaga kelganlaridan keyin ko‘p kun o‘tmay, Quraysh karvonlarining Shomdin qaytgan xabarini angladilar. Bu karvonda Umayya ibn Xalaf boshliq quraysh qabilasidan yuz kishicha bo‘lib, alarning ikki ming besh yuz tuyalari bor edi. Rasululloh buni eshitib, muhojir sahobalardin ikki yuz kishi bilan karvon yo‘lini to‘sgani chiqdilar. Bu safar g‘azot tug‘ini Sa’d ibn Abu Vaqqos ko‘targan edi. Arablar odatlaricha, tug‘ni kim ko‘tarsa, shu kishi askar boshlig‘i bo‘lar edi. Rasululloh shu yurganlaricha, Yanbu yaqinidagi Buvot tog‘iga kelib yetdilar. Qarasalar, Quraysh karvoni iz yashirib, boshqa yo‘l bilan bularga yetkuzmasdin ketibdurlar. Bu chiqishlarida ham hech qanday hodisa bo‘lmay, salomat Madinaga yondilar. Bu safarlari hijratning ikkinchi yili Rabiul-avval oyida yuz berdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:03:56

«AL-USHAYRA» G‘AZOTI

Buvot safaridan ikki oy o‘tgandan so‘ngra Quraysh qabilasi yana bir katta tijorat karvoni tayyorlab, Shom shahriga jo‘natmoqchi bo‘ldilar. Bu safarda ko‘p miqdorda savdo sarmoyasi yig‘ilgan edi. Qabila boylaridan erkak-xotun bo‘lib, ko‘p kishilar bu tijoratga qatnashgan edilar. Bu ulug‘ karvonga Abu Sufyon rais saylangan edi. O‘zi bilan yo‘ldosh qilmoqqa qabiladan yana yigirma necha kishini tanlab oldi. Lekin bu safarning qachon bo‘lishini, qaysi kunda yo‘lga chiqishlarini nihoyat yashirin tutdilar. Shundoq bo‘lsa ham so‘z tarqalib, bu xabar Rasulullohga yetdi. Muhojir sahobalardan bir yuz ellik kishi bilan karvon yo‘lini to‘smoqchi bo‘lib, Ushayra degan yerga keldilar. Lekin bular kelmasdin bir necha kun ilgariyoq bu yerdan karvon o‘tib ketgan edi. Bu g‘azotga atalib bog‘langan oq tug‘ni hazrati Amir Hamza ko‘targan edi. Bu safardan asl maqsadlari qo‘lga kelmagan bo‘lsa ham, bu yerlik a’robiylardan Bani Mudlij qabilasi va yana ularning yoqdoshlari bilan ittifoqnoma tuzdilar. Buning bilan alarning yog‘iyliklari do‘stlikka aylandi.
Shuning bilan Rasululloh Madinaga qaytib kelib, o‘tib ketgan Quraysh karvonining qaytishini kuzatib turdilar. Bu orada besh-o‘n kun o‘tmay turib, Fexr qabilasidan Kurz ibn Jobir degan kishi o‘tloqda yotgan bir qancha Madina mollarini haydab qochdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Ali boshliq bir necha sahobalar bilan alarni quvlab «Safvon» degan soyga keldilar. Tog‘ ichiga tarqalib ketgan bosmachilarga yetisholmasdan, Madinaga qaytdilar. Bu safardan kelgunlaricha ansorlardan Zayd ibn Horisa Rasululloh o‘rinlariga xalifa bo‘lib turdi. Bayroq Hazrati Ali qo‘llarida edi. Yana shu yilning Rajab oyi oxirlarida Rasululloh sahobalardan sakkiz kishini saylab oldilar. Bularga Abdulloh ibn Jahsh degan kishi boshliq qilib yo‘lga chiqdilar. Qo‘liga bir xat yozib berib, ikki kun yo‘l yurgandin so‘ngra uni o‘qib ko‘rmakka buyurgan edilar. Shu muddat o‘tgandin keyin, o‘qib ko‘rsa, shu so‘z yozilmish edi:
«Bu xatni o‘qigan zamoning to‘xtamay Naxla degan yerga yetib, shu orada poylab tur. Shom shahriga o‘tgan Quraysh karvonini kuzat, alarning qaytar chog‘ini bilding ersa, bizga ildamlik bilan xabarini keltur».

Qayd etilgan