Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379529 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:29:52

Ul xotun:
— Ey Muhammad, alhamdulilloh, seni salomat ko‘rdim, agar Muhammad shu safardin salomat qaytsa, Xudo yo‘lida bir qo‘zi so‘yib, pishirayin, el oldi bilan qarshi olib, shu taomdin yegizay, deb o‘zimga nazr qilib qo‘ygan edim. Mana, maqsadimga yetdim, Xudo murodimni berdi, — deb chorasi bilan qo‘zi etini keltirib, Rasululloh oldilariga qo‘ydi. Tangrining qudrati bilan choradagi qo‘zi go‘shti shu holda tilga keldi:
— Ey Muhammad, men og‘ulanmush erurman, bu xotun zahar qo‘shib, meni pishirdi, zinhor mendin yemagaysiz, — deb o‘zidan xabar berdi.
Alloh amri bilan bundoq mo‘jiza ko‘rilgach, u xotunning xiyonati ma’lum bo‘lib, Rasululloh aning taomidan yemadilar. Ammo bu to‘g‘rida ul xotundin so‘z ham so‘ramadilar. Shu bilan Rasululloh Madinaga yaqinlashib kelganlarida, katta-kichik butun xalq to‘sib chiqishdi. Cho‘rilar, yosh qizlar o‘z odatlaricha, childirmalar chalib, shodlik qo‘shiqlari aytishur edi. Shundoq bo‘lib, tabrik marosimlari suyunchilik bilan o‘tkazildi. Mo‘minlarga qandoq suyunchilik bo‘ldi ersa, Quraysh mushriklari Badrda yengilib, Makka shahriga borganlaridan so‘ngra motam tutmagan uy qolmay, qattiq qayg‘urishdilar. Johiliyat odatlaricha, eru xotin demay, yig‘i-zori qilgani turishdi. Urushda o‘lganlarning xotinlari, yaqin qarindoshlari motam belgisi qilib, soch-soqollarini kesdilar. O‘lganning mingan oti yoki tuyasi qolgan bo‘lsa, shularga qora kiydirib, yopug‘lab o‘rtaga qo‘yilur edi. Qop-qora motam libosini kiyishgan xotun-qizlar bular atrofida aylanib, novha birlan yig‘lashur edi. Mana shundoq qattiq motam tutishib, bir oy o‘tkazdilar. So‘ngra o‘zaro bu motam yig‘isini qilmasga maslahat qilishdi. Chunki Muhammad va uning yo‘ldoshlari buni eshitur bo‘lsalar, alarga suyunchilik bo‘lg‘ay, endi bizlar qonga qon, jonga-jon olib, o‘lganlar o‘chini olmaguncha, alarga yig‘lamagaymiz, deb qaror qildilar. Shuning bilan yig‘ilari to‘xtatildi.
Rasululloh bo‘lsalar, Madina shahriga kirib, orom oldilar.
   

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:30:10

ASIRLAR HAQIDA MUZOKARA

So‘ngra asirlar to‘g‘risida so‘z boshlandi. Rasululloh bu haqda sahobalarga, maslahat qildilar. Anda hazrati Umar aytdi:
— Yo Rasululloh, bular sizni yolg‘onchi qilishdi, o‘zingizga va ham sizga iymon keltirguvchilarga qilmagan yomonliklari qolmadi. Oxirida o‘z vatanimizdan qochib chiqmoqqa majbur bo‘ldik, ustimizga qo‘shin tortib kelib, o‘zlari urush qildilar. Endigi manim maslahatim shuki, bularni qatliom qilaylik, barini qo‘ymay o‘ldiraylik. Bular ichida mening tuqqan qarindoshlarim bo‘lsa, buyuring, alarni men o‘ldiray. Hamzaning yaqinlarini Hamzaga, Alining yaqinlarini Aliga topshiring, o‘ldirsinlar, boshqalari ham shundoq qilsunlar. Bular kufr boshliqlari, buzuqlar beklari erurlar bularni tirik qoldirmagaymiz, so‘ngra boshimizga balo bo‘lur, — dedi.
Ansor sahobalardin Sa’d ibn Mu’oz, Abdulloh ibn Ravoha shu fikrga qo‘shildilar. Anda Abu Bakr Siddiq:
— Yo Rasululloh, bu asirlar bo‘lsa, o‘z urug‘-aymoqlarimizdur. Alloh taolo sizga zafar berdi, biz alarni yengib, asir oldik, endi bularni o‘ldirmog‘imizdan tirik qoldirmog‘imiz yaxshiroqdur. Jon boshiga mol kesib, bulardin fidya olaylik. Bu ishimiz ersa, kelargi kunlarda biz uchun kuch-quvvat bo‘lg‘uvsidur. Balki asirlar o‘limdan qolsalar, so‘ngi kunlarda ajab emaskim, hidoyat topgaylar, u chog‘da sizga kuchli yordamchi bo‘lgaylar, — dedi.
Shundoq bo‘lib, bir-biriga qarshi bo‘lgan ikki fikr o‘rtaga tashlandi. Anda Rasululloh aytdilar:
— Alloh taolo birovning ko‘nglini yumshoq yaratur, andoq kishining ko‘ngli sutdek oq, qaymoqdek yumshoq bo‘lur. Yana birovning qo‘nglini toshdin ham qattiqroq qilur. Ey Abu Bakr, sen o‘tgan payg‘ambarlardan Ibrohim Xalilullohdek ko‘ngling yumshoqdur. Ul aytmish erdi: «Faman tabianiy fainnahu minniy va man asoniy fainnaka g‘afurur rahim». Ma’nosi: «Har kim menga itoat qilur ersa, ul kimsa mendin bo‘lur. Agar menga bo‘yinsunmasdin, qarshilik qilur bo‘lsa, ul chog‘da g‘ofursan, rahimdursan», demakdur. Ya’ni, unga g‘azab qilmasdin, yozuqlarini yopib, yana rahmat qilur ersang, erklikdursan», dedi.
Ibrohim alayhissalomning bu aytgan so‘zlariga qaralsa, ul zotning ko‘ngli yumshoqligi, rahmdilligi ma’lum bo‘lur. Chunki o‘ziga iymon kelturmay, qarshilik qilguvchi kishilarga ham yomonlikni ravo ko‘rmadilar. Balki yozuqlarini (ya’ni, qilmishlarin) kechirmoqni Allohdin so‘radilar. So‘ngra Hazrati Umarga qarab:
— Ey Umar, sening bu aytgan so‘zing Nuh payg‘ambar aytgan so‘zidek turur. Ul aytmish erdi: «Robbi la tazar alal ardi minal kafiriyna dayyoro», ya’ni «Ey Rabbim, yer uzra kofirlardan hech kishini qo‘ymay halok qil».

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:33:16

Bu so‘zlardan so‘ngra Rasululloh uylariga kirib ketdilar. Maslahat berguvchilarning so‘zlarini anglab, hech birini rad qilmadilar. Har ikki fikrni to‘g‘ri topgan bo‘lsalar ham, lekin hazrati Abu Bakr fikriga ko‘ngillari moyil bo‘ldi. So‘ngra sahobalarga qarab:
— Cizlarda faqirlik, kambag‘allik bordur, har kishi o‘z asirini yaxshi saqlasin, alardin fidya mol olib, so‘ngra bo‘shatgaymiz, — dedilar.
Bu so‘z Qurayshga onglandi. Alar aytdilar:
Biz bu ishga shoshqinlik bilan kirishmaylik, agar asirlarni qaytarish uchun fidya mollarini ildam yuborur bo‘lsak, Muhammad bundan oziqlanib, bizdin ortiqcha mol so‘rar. O‘lim ustiga yana mol berib, tovon to‘lamak biz uchun og‘irdir. Shu so‘z bilan bu ishni kechiktirmoqchi bo‘ldilar, shundoq bo‘lsa ham mushriklardan Muttalib degan kishi bu so‘zga quloq solmay, yashirincha Madinaga keldi, buning otasi Abu Vido’ asir tushganlardan edi. To‘rt ming tanga tovon to‘lab, otasini ajratib oldi. Buni ko‘rib, Quraysh xalqi asirlar uchun orqama-orqa fidya mollarini yuborishga kirishdilar. To‘rt ming tangadan ming tangagacha tovon tushgan edi. Buni to‘lashga kuchi yetmagan kishi, agar o‘qish-yozishni yaxshi bilur bo‘lsa, Madina bolalaridan o‘n bolaga o‘qish-yozishni o‘rgatmoq sharti ila ozod qilindi. Yana asirlardan Abu Sufyon o‘g‘li Amr, otasi Abu Sufyondan fidya molini yuborishni talab qildi. Otasi mol yuborishga rozi bo‘lmay: «Muhammadni bolamga va molimga nechuk ega qilurman, qo‘ying¬lar, tilaganicha bolamni qo‘lida saqlasin», deb fidya molini yubormadi.
Shu orada Sa’d ibn Nu’mon degan sahoba umra ibodatini qilmoq uchun Makkaga kelgan edi. Abu Sufyon bundan xabar topib qolib, uni ushlab oldi. «O‘g‘lim Amrni Muhammad ozod qilmas ersa, men buni qo‘ymasman», deb qamoqqa oldi. Bu voqea Madinaga eshitilgandin so‘ngra, Sa’dning qavmu qarindoshlari bo‘lgan voqeani bayon qildilar. Shu sabab bo‘lib, Abu Sufyon o‘g‘li Amrni Makkaga qaytardilar, aning barobarida Sa’d ham salomat Madinaga keldi. Yana asir tushgan kishilardan birovi kuyovlari Abul Os ibn Rabe’ edi. Payg‘ambarimiz Makkada turgan chog‘larida qizlari Zaynabni shul kishiga bergan edilar. Bundan boshqa ikki qizlari amakilari Abu Lahabning o‘g‘illariga tushgan edi. Payg‘ambarimizga qilgan dushmanligi orqalik bularni ajratib olishga majbur bo‘ldilar. Buni ko‘rgan Quraysh mushriklari Zaynabni ham taloq qilishni Abul Osga taklif qilgan bo‘lsalar ham, Abul Os: «Alloh oti bilan qasam qilurman, rafiqam Zaynabdin hargiz ajralmasman, Quraysh xotin-qizlaridan hech birini unga teng ko‘rmasman», deb alarning so‘zlarini qaytardilar. Zaynab Abul Osga fidya molini yuboray der ersa, aning yuborgudek hech narsasi yo‘q edi. Nochor bo‘lib, bo‘yinga osar munchoqlarini fidya moli o‘rnida Madinaga yubordilar. Bu narsani onasi hazrati Xadicha, qizlari kelin bo‘lib tushgan tunida bo‘yniga taqqan edi. Fidya moli uchun keltirilgan, qizlarining bo‘yin munchoqlarini ko‘rib, Rasulullohning ko‘ngillari og‘ridi. Anda sahobalarga aytdilar:
— Agar rozi bo‘lsanglar, Zaynabning yuborgan bo‘yin osmalarini unga qaytarib, aning asirini bo‘shatursiz, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:35:37

Barchalari rizolik berib, Abul Osdan fidya moli olinmay, Makkaga qaytaridi. Lekin Rasululloh, qizlari Zaynabni Madinaga qaytarishni unga shart qilib, kishi qo‘shdilar. Bir necha kundan keyin yuborilgan kishi Zaynabni salomat Madinaga keltirdi. So‘ngra hijratning sakkizinchi yilida, Makka fath bo‘lishdan burunroq, Abul Os iymon keltirib, Madinaga keldi. Rasulullohning ruxsatlari bilan burungi nikoh buzilmasdan birga bo‘ldilar. Yana asirlardan Suhayl ibn Amr degan kishi o‘zi Quraysh raislaridan bo‘lib, uning ustiga atoqlik shoir, ham arablardan chiqqan chechanlardan edi. Buning tilidan musulmonlarga ko‘p aziyatlar yetmish edi. Shuning uchun hazrati Umar:
— Yo Rasululloh, ruxsat qiling Suhaylning oldingi ikki tishini sug‘urib olayin, bundan keyin arab majlislarida sizga qarshi she’r aytib, so‘z qilmoqdin ojiz qolsun, — dedi. Anda Payg‘ambarimiz:
— Ey Umar, insondagi alloh yasagan a’zolarni buzgani bo‘lmas, agar u bu kungacha qarshi so‘z qilgan bo‘lsa, bir kun bo‘lurkim, Islom yordamida yaxshi so‘zlar qilib, Alloh rizosini topgay, — dedilar.
Rasulullohning bu aytgan so‘zlari vafotlaridan so‘ngra, deganlaridek to‘g‘ri chiqdi. Payg‘ambarimizning vafotlarida qalblariga iymon — Islom haqiqati bilan o‘rnashmagan bir necha arab qabilalari murtad bo‘ldilar. U chog‘da Makka xalqi ham yangi musulmonlardin edi. Bular ham murtad bo‘lishga moyil bo‘lishdi. Shu chog‘da Suhayl turib, Allohga hamdu sano aytgandin keyin, ko‘pchilik xalq ichida o‘tkir bir nutq so‘zladikim, mazmuni bu erdi:
— Ey odamlar, har kimsa Muhammad uchun Islomga kirgan bo‘lsa va Muhammadga ibodat qilgan ersa, aniq bilsinki, Muhammad vafot bo‘ldi. Agar Allohga iymon keltirib, ibodatni Allohga qilsa, ul Alloh tirikdur, ul hoziru nozirdur, doimiy boqiydur. Alloh Qur’onda xabar bergan:
«Innaka mayyitun va innahum mayyituvn».
Ma’nosi: «Ey Muhammad, sen ham bir kun o‘lursan, o‘tgan payg‘ambarlar ham o‘lganlar».
Yana Alloh aytdi: «Va ma Muhammadun illa rasuvlun qod xalat min qoblihir rusul».
Ma’nosi: «Muhammad insondin chiqqan payg‘ambardur, bundan burun ham ko‘p payg‘ambarlar o‘tgandurlar».
«Afain mata avqutilan qolabtum ala a’qobikum».
Ma’nosi: «Muhammadning ajali yetib o‘lsa, yo dush- manlari tomonidan o‘ldirilsa, dindan chiqib, ilgarigi yo‘linglarga qaytgaysizlarmu?» demak.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:35:48

Bu oyatlarni dalil keltirgandin so‘ngra yana Suhayl aytdi:
— Xudo haqqi, men aniq bilurman, bu Islom dini yangi chiqqan quyosh yanglig‘dur. Soat sayin yuqoriga ko‘tarilgay. Bir kun bo‘lurkim, bu quyosh butun olamni yoritgay. Bo‘sh iymonlik bir necha kishilar so‘ziga aldanmanglar. Allohga tavakkal qilinglar. Alloh haqqi, dini Islom oyoq uzra doim turg‘usidur. Alloh so‘zi — Qur’on albatta kamoliga yetkusidur. Bu dinga yordam berguvchilarga Alloh yordam berur. Ichimizda eng yaxshimiz Abu Bakr Siddiq bu dinga bosh bo‘ldi. Bundan buyon kundan-kunga Islom dini yanada ko‘tarilib, quvvat topgay. Shuni bilinglarkim, har kimsa dindan qaytib, murtad bo‘lsa, to‘xtovsiz uning boshini kesib o‘ldirgaymiz, — deb so‘zini tamom qildi.
Iymon-Islom haqiqati bilan o‘rnashmagan, Pay¬g‘ambarimizning vafotlarini eshitib ko‘ngillari qo‘zg‘alib turgan birmuncha odamlar buning so‘zini anglashgandin keyin, o‘tga suv sepgandek bo‘lib bosildilar. Bu mo’jizani ko‘ringlarkim, sakkiz yil ilgari bu kishi Badr urushida asir tushgan edi. Hazrati Umar: «YO Rasululloh, ruxsat qiling, buning oldi tishlarini sug‘urib olay, ikkinchi hech bir joyda sizga va musulmonlarga qarshi so‘zga chiqolmay qolsun», deganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Umar, bir kun kelurkim, bu kishi Islom dini haqida ko‘p foydali so‘zlar qilgay», degan edilar. Sakkiz yildan so‘ng yuqoridagi va’zni bilan, bu mo’jizani isbot qildi.
Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Mukriz ibn Hafs degan kishi yuqoridagi va’zni so‘zlaguvchi Suhayl ibn Amrga fidya moli bermak bo‘lib, Madinaga keldi. Uni asir tutib, saqlagan kishi bilan bu haqda so‘zlashib kelishdi. Keluvchi kishini asir o‘rnida tutqin olib, Suhaylni bo‘shatdilar. So‘ngra o‘zi borib, Makkadin keltirgan fidya molini topshirgandan keyin, har ikkovi birga Makkaga qaytdilar. Yana Valid ibn Valid, bu kishi ham asir tushganlardin edi. Ikki qarindoshi, birisi Xolid, ikkinchisi Hishom fidya mollarini berib, buni qutqardilar. Bu kishi Makka shahriga kelgandin so‘ngra, darhol iymon keltirdi. Unga aytdilar: «Fidya molini bermasdin burunroq iymon keltirgan bo‘lsang, moling o‘zingga qolgan bo‘lur edi». Anda ul aytdi: «Molini qizg‘anib, moli uchun iymon keltirdi, demasinlar», dedi. So‘ngra Madinaga hijrat qilmoqchi bo‘lgan edi, qarindoshlari to‘sib, qaytardilar.
Yana, Vahb ibn Umayr, bu ham Badr asirlaridan edi. Buning otasi Umayr Quraysh shaytonlaridan bo‘lib, Rasululloh Makkada turgan chog‘larida bundin ko‘p kulfatlar ko‘rgan edilar. Bir kuni Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayr bilan o‘ltirishib, Badr urushida o‘lganlarni eslashib yig‘lashdilar. Shu orada Umayr:
— Hozir bo‘ynimda bir muncha qarz bordur, buni to‘lab, qarzdan qutulay desam, qo‘limda molim yo‘qdur. Agar o‘zim o‘lib ketsam, bola-chaqalarim chog‘ay bo‘lib, xoru zor bo‘lg‘aylarmu, deb qo‘rqinchim bor. Agar shul ishlarim bo‘lmasa, Alloh haqqi, Madinaga borib, Muhammadni o‘ldirar erdim. O‘g‘lim ular qo‘lida asirdur, shuni bahona qilib borur edim, — dedi. Bu so‘z Safvonning tilagi bo‘lganligidan unga ko‘p xush keldi. Anda Safvon aytdi:
— Agar shundoq qilur bo‘lsang, qarzingni o‘z bo‘ynimga olurman. Bola-chaqalaringni o‘z ayol va oilamga qo‘shurman.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:35:58

Umayr:
— Agar sen shundoq qilur bo‘lsang, men ham shu so‘zimdan qaytmasman, — dedi.
Har ikkovlari qattiq va’da qilishdilar. Bu sirni hech kimga aytmasga qasam ichdilar. So‘ngra Umayr shu ish qasdida qilichni qayrab, zahar bilan sug‘ordi. Shu bilan yo‘lga tushib, to‘g‘ri Madinaga keldi. Shu chog‘da Hazrati Umar bir necha sahobalar bilan Badr urushida o‘tgan ishlardin so‘zlashib o‘ltirishgan edi. Qarasalar, qilich taqingan bir kishi masjid oldiga kelib, tuyasini cho‘ktirdi. Hazrati Umar darhol uni tanib aytdilarkim: «Bu Xudo dushmani Umayrga o‘xshaydi, buning kelishi yaxshilik emasdur, bir yomonlik niyati bilan kelgay», deb darhol Rasulullohga xabar berdi. Rasululloh uni keltirmoqqa buyurdilar. Hazrati Umar qilichini bir qo‘lida, yana bir qo‘li bilan uning yoqasidan tutib, oldi-orqasidan ansor sahobalar o‘ragan holda olib keldilar. Rasululloh qarasalar, Hazrati Umar qilichining bog‘i bilan bo‘ynidan bo‘g‘ib ushlab turibdur. «Ey Umar, uni bo‘sh qo‘y, yaqinroq kelsin», dedilar. O‘sha ondin so‘ngra Payg‘ambarimiz oldilariga kelib arab odaticha «an’imuv sabohan» dedi. Bu so‘z Islom dini kelmasdin ilgarigi arablar salomi edi. «Ertangiz yumshoq o‘lsin» demakdir. Anda Rasululloh:
— Buning o‘rniga undin yaxshiroq salomni Alloh taolo bizga berdi. Jannat ahli shu ila o‘zaro salomlashgaylar. Ey Umayr, nima uchun kelding? — deb so‘radilar.
Anda ul aytdi:
— O‘g‘lim Vahb Badr urushida asir tushmush edi, bu to‘g‘rida sizlar bilan kelishgani keldim, unga biror yaxshilik qilg‘aysizmu? — dedi.
Rasululloh aytdilar:
Andog‘ bo‘lsa, qilich taqib kelishing qandaydur?
Ul aytdi: Qilichni Alloh quritsin, ul bizga o‘tgan urushda nima asqotdi? O‘z odatimcha taqinmish edim.
Yana Rasululloh so‘radilar:
— To‘g‘ri aytgil, to‘g‘ri so‘zlagil, qaysi ish qasdida kelmish eding? Ul: — Aytmish ishimdan o‘zgani o‘ylaganim yo‘qdir, — dedi.
Anda Rasululloh aydilar:
So‘zing yolg‘ondur, balki ish bundog‘dur. Bir kuni sen Ka’ba oldida Safvon bilan birga o‘ltirding, Badr urushida o‘ldirilib, quduqqa tashlagan kishilarni eslashib yig‘lashdinglar. Anda sen: «Ustimdagi qarzim bo‘lmasa, mendin keyin oilalarim och qolishidan qo‘rqmasam edi, Madinaga borib, Muhammadni o‘ldirib kelur edim, deding. Safvon sendin bu so‘zni onglashi bilan: «Agar bundoq qilur bo‘lsang, o‘tnang (qarzing) bo‘ynimga, bola-chaqang nafaqasi o‘lgunimcha ustimga bo‘lsin», dedi. Endi sen meni o‘ldirgali qasd qilib kelgandursan. Alloh meni bu ishdan asrab, buni bildirgay —dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:36:07

Bu so‘zni onglashi bilan Umayrning ko‘ngli ochildi:
— Aniq bildim, Allohning payg‘ambari ekansan,— deb darhol iymon keltirdi. — Sening aytgan so‘zlaringga ilgari inonmas edim, sen kelturgan ko‘p xayrlarni yolg‘on deb bilur edim. Endi guvohlik berurman, sen Allohning haq payg‘ambari ekansan. Bu ishni Safvon ikkovimizdan o‘zga hech kim bilmagan edi. Va buni bildirmasga ont ichgan edik. Aniq bildim, bu ishni senga Alloh bildirmushdur. Yo‘q ersa, buni o‘zligidan boshqa kim bila olur edi?
Buni ko‘rib, Rasululloh boshliq hamma sahobalar suyunishdilar. Payg‘ambarimiz Islom dinining asoslarini unga o‘rgatishni buyurdilar. Qur’ondan bir necha surani o‘qib, yod oldi. Musulmaonlar qo‘liga asir tushgan o‘g‘li Vahbni ozod qildilar. So‘ngra Umayr:
— YO Rasulalloh, men Islom nurini o‘chirmak uchun ko‘p kurashdim, bu dindagi kishilarga qattiq qarshilik ko‘rsatib, alarning ko‘ngillarini ko‘p og‘ritdim. Agar ruxsat qilsangiz, Makkaga borib, xalqni dinga da’vat qilayin, Allohdin umid shuldurki, alar ham bu yo‘lni qabul qilgaylar. Agar qabul qilmasalar, ilgari haq dinga qarshilik qilib, mo‘minlarga to‘la ozor bergan edim, endi uning o‘rniga bularga qarshi turib, ozor bermakni o‘zimga lozim ko‘rdim, — deb izn so‘radi. Rasululloh ham unga izn berdilar. So‘ngra Umayr o‘g‘li Vahbni birga olib, Makkaga qaytdi. Kelgandin keyin musulmonligini barchaga ochiq bildirdi. O‘g‘li Vahb bo‘lsa, otasi qo‘lida iymon keltirdi, butun oilalari bilan Islom dinini qabul qildilar.
Yana Abu Aziz ibn Umayr Badr urushida qo‘lga tushgan asirlardan edi. Bu bo‘lsa, ulug‘ sahobalardan Mus’ab ibn Umayrning bir tug‘ishgan qarindoshidur. Sahobalardin birovlari buni asir olmish edi. Mus’ab ibn Umayr unga aytdi: «Sen bu asiringni zinhor bo‘sh tutmagil, yana qochib qutulmasin, buni suygan mol-dunyolik boy onasi bordur. Fidya uchun har qancha mol so‘rasanglar uni bermakka qudrati yetar». Buning so‘zini onglab: «Ey og‘a, qarindoshlikni haqqi shunday bo‘lurmi?» dedi. Og‘asi degandek, onasi to‘rt ming tanga pul yuborib, o‘g‘lini asirlikdan qutqazib oldi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:36:18

Yana Payg‘ambarimizning amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib ham Badrda asir tushganlardan edi. Qo‘l-bo‘g‘ovi qattiq bog‘langanligidan kechasi ingrab, yota olmadi. Buning tovushidan Rasulullohning rahmlari kelib, u kecha uxlamadilar. Sahobalardan birovlari: «YO rasulalloh, na uchun uyqungiz bu kecha qochibdur?» deganida, ul zot: «Abbosning ingrashini eshitmadingmi, u mening uyqumni qochirdi», dedilar. Buni onglagan mo‘minlardan bir kishi tura yugurib, Abbosning bo‘g‘ovini bo‘shatdi. Shu qatorda barcha asirlarning ham bo‘g‘ovlarini bo‘shatdilar. So‘ngra Payg‘ambarimiz undin ikki kishi uchun fidya moli berishni talab qildilar. Birinchi o‘zi uchun, ikkinchisi, og‘asi Abu Tolib o‘g‘li Uqayl uchun edi. Anda Abbos aytdi: «Fidya molini bizdin nechuk olg‘aysiz? Biz bu urushga o‘z ixtiyorimizcha kelmadik, ko‘pchilik xalq bizni chiqmoqqa majbur qildilar». Anda Rasululloh aytdilar: «Shariat har ishning zohiriga qaraydi, ko‘rinishda bizga qarshi turib, dushman safida bo‘lding, shuning uchun fidya moli bermasga chorang yo‘qdur». Undan ikki kishilik mol oldilar. Fidya mollarini to‘lab, tugatgandin so‘ngra, Abbos Payg‘ambarimizga: «Quraysh eli ichida meni eng faqir qilib qo‘yding, burun boy bo‘lsam ham, endi butun umr ichi kambag‘allikda qoldim», dedi. Rasululloh aytdilar: «Qaydin kambag‘al bo‘lursan, xotining Ummu Fazlga topshirib kelgan moling esingdan chiqdimu? Uyingdan chiqar chog‘da, bu safarda men o‘lib ketsam ham umr bo‘yi senga yetarlik mol qoldirdim, demadingmu?» Anda Abbos aytdi: «Aniq bilurman va ham bilgan edim, sen Allohning chin payg‘ambaridursan, yo‘q esa qaydin bilding, xotinim Ummu Fazl¬dan boshqa hech bir jonga tuyg‘uzmagan (bildirmagan) edim», dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam, ota bir tuqqan qarindoshlari, o‘z amakilari Abbos haqida shunday adolat ila ish ko‘rdilar. Ichi-tashi bilan dushmanchilik qilgan boshqa g‘animlardan bu ishda uning hech qandoq farqi bo‘lmadi. Yo‘q ersa, Quraysh tomonidan ko‘rsatilgan majburiyat orqalik kelgani Payg‘ambarimizga ma’lum edi. Lekin Qur’oni karimning xalqaro tenglik-tekizlik haqida ko‘rsatgan yo‘li, mo‘minlarga uning o‘rgatgan adabi shudir. Alloh taolo Qur’onda aytdi:
«YO ayyuhallaziyna amanuv, kuvnuv qovvamina bil qisti shuhadoa lillahi va lav ala anfusikum avil validayni val aqrabiyn».
Ma’nosi: «Ey mo‘minlar, har ishda adolatlik bo‘ling¬lar, guvohliklaringiz xolis Alloh uchun bo‘lsin, o‘zlaringizga, yoki ota-onalaringizga, yo qavmu qarindoshlaringizga ziyon yetkudek bo‘lsa ham adolat yo‘lidan chiqmanglar», demakdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:36:28

Rasululloh asirlar ichidagi kambag‘allardan fidya mol olmayin, alarni ozod qildilar. Shular ichida Quraysh shoirlaridan Abu Izza degan bir kishi bor edi. Bu bo‘lsa, hijratdin ilgari Makkada Rasulullohga ko‘p ozorlar yetkuzgan edi. Badr urushida bandi bo‘lib, bu ham qo‘lga tushdi. Rasulullohni oldilariga kelib: «Ey Muhammad, yaxshi bilursan, bola-chaqalarim ko‘p, faqir kishidurman, mendin mol olmay, ozod qilishingni so‘rayman», dedi. Anda Rasulullohning unga rahmlari keldi, qilgan gunohlaridan o‘tib, uni bir pul chiqimsiz ozod qildilarda: «Lekin shu shart bilankim, bizni yomonlab xalq ichida she’rlar aytmagaysan, bizlarga qarshi so‘kish uchun chiqqan qo‘shinga qo‘shilib kelmagaysan», dedilar. Ul ham bu shartlarni til uchida qabul qilgan bo‘lib, boshini qutqazib ketdi. Makkaga borganida «Muhammaddin qandoq qutilib kelding?» deb so‘raguvchi kishilarga, u: «Uni tilim bilan sehrlab, aldab keldim», deb maqtanur edi. Hatto qilgan ahdini buzib, musulmonlar haqida burungidan ham buzuqroq she’rlar aytgani turdi. Shu bilan ham to‘xtamay, Uhud urushida qatnashgan Quraysh askarlariga qo‘shilib, yana keldi. Lekin bu kelishida uni ajal haydab kelgan edi. Qo‘lga tushgandin so‘ngra o‘ziga loyiq jazosini berdilar.
Rasululloh qirq yoshga to‘lganlarida payg‘ambarlik vahiy kelgan edi. O‘ttiz pora Qur’on yigirma uch yilda Tangri taolo tomonidan tushib tamom bo‘ldi. Shu muddat ichida yetmish to‘rt qatim g‘azot qildilar. Shu g‘azotlarning yigirma yettitasida o‘zlari bosh bo‘lib chiqdilar. Qolganlarida bo‘lsa, askarboshi buyurdilar. Rasulullohning barcha qilgan g‘azotlari Alloh amri bilan Xudo yo‘lida qilinmish edi. Shuning uchun barcha qilgan g‘azotlari eng ulug‘ darajalikdur. Ayniqsa, Badr g‘azoti agar ruhoniy-diniy tarafdin boqilur ersa, oliy shon-sharafga egadur. Bu qutlug‘ g‘azot haqida Alloh taolo Qur’onda shu oyatni endirdi:
«Valaqod nasarokumullohu bibadrin va antum azillatun», ya’ni: Ey mo‘minlar, Alloh taolo Badr urushida, sizlarga yordam berdi, yo‘q ersa, sizlar har to‘g‘rida kuchsiz edinglar».
Chunki askar soni dushmanlarnikidan uch marotaba oz edi. Ularning urushga yaramlik yuzdan ortiq yugurik otlari, yaroq-jabduqlari komil bo‘laturib, yana yengildilar, yo‘q esa mo‘minlarda barisi bo‘lib, qari-yosh aralash uch yuz o‘n uch kishi, ikkitagina otlari bor edi. Yana Qur’onda aytdi:
«Vaman nasru illa min indilloh», ya’ni: «Nusrat yolg‘iz Allohdangina bo‘lur».
   

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:36:38

Har bir musulmon o‘z ko‘nglida shunday ishonchni chinlik bilan o‘rnatmog‘i kerak, bundan so‘ngra butun qurol-yarog‘larni dushmanlarga qarshi qo‘yib, urush asbob-uskunalarini yuzda-yuz tayyorlash lozimdur. Bundin keyin tavakkalni Allohga qilishdur. Allohning amri, Payg‘ambarimizning ko‘rsatgan yo‘llari ummatlariga shuldur, chunki bu xayot dunyosi — sabab olamida turlik ishlar bo‘lsa, turlik sabablarga bog‘lanmishdur. Hech bir ish sababsiz vujudga kelishi mumkin emasdur. Agar shu olam ichida turib, sababsiz bir ish paydo bo‘lur ersa, u payg‘ambar mo’jizasi yoki avliyo karomatidur. Bular bo‘lsa, sabab olamining tash¬qarisida qudrat ishlaridur. Alloh musulmonlarni diniy tomondan qadarga iymon keltirib, butun sharoitlari bilan asbob ushlashga buyuradur. Kim bo‘lsa bo‘lsin, agar bu ishning sabablarini butunlay to‘lig‘lab, unga kirishar ekan, albatta Alloh taolo shu ishni vujudga chiqargusidur. Yer ustida, havo ostida yashaydurgan barcha insonlar uzra qo‘yilgan ilohiy qonuni shuldur. Bu qonunga bo‘sunmaganlarni boshqalar qurol kuchi bilan kelib, oyoq ostilariga toptab, bo‘yinlarini sindirgaylar. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Bu Badr g‘azoti inson olamida qandoq shon-sharafga ega bo‘lsa, farishtalar ichida undin ham darajasi ortiqdur. Bir kuni Rasululloh qoshlariga Jabroil alayhissalom kelib so‘radikim:
— Ey Muhammad, Badr g‘azotiga qatnashgan mo‘minlarning sizlarning oldilaringizda qadr-qimmatlari qanchalikdur?
Anda Rasululloh aytdilar:
— Alarni biz boshqalardin har to‘g‘rida ortiqroq ko‘ramiz, eng yuqori darajalik, sharofatlik musulmonlardin, deb hisoblaymiz.
Jabroil alayhissalom:
— Alarning hurmatlari bizlarda ham shundaydur. Badr kuni hozir bo‘lgan farishtalarning boshqalardin martabasi ortiqroq, — dedi.
Shuning uchun o‘tgan ulamolardin Badrda hozir bo‘lgan sahobalar haqida alarni bayon qilib kitob yozguvchilar bordur. Mashhur hadis kitoblarida ham ularning muborak ismlari yozilmishdur. Bu ismi-shariflarni davo topolmagan bemorlar ustiga o‘qiganlar andin shifo topganlar. Mushkullar osonligi, duo ijobati uchun vasila qilib, o‘qiguvchi odamlar ixlos-e’tiqodiga qarab, bundin bahra olmishlardur. Shunga ko‘ra biz ham bu kitobimizda Badr g‘oziylarining qutlug‘ nomlarini yozib, keyingi mo‘minlar uchun yodgor qilmoqni lozim ko‘rdik. Alarning xosiyatlaridan umid qilamanki, Alloh taolo bu kitobni dunyo boricha barcha ofatlardin o‘z omonida asrag‘ay va dag‘i (yana) bu kitobni o‘qiguvchi musulmonlarni bahramand qilgay. Omin!

Qayd etilgan