Bu ham qolmasin, deb ixlos bilan ko‘p yerlardan izlatib yurib, shul sifatlik qo‘chqorni toptirib keldim. O‘zim umr ichida mol emas, chumchuq ham so‘yib ko‘rmagan bo‘lsam ham, bu jonivorni bolamga fido qilsam, Ismoil alayhissalom o‘limdan qutulgandek, bolamni joni salomat qolgaymu, deb boshyalang qiblaga qarab turib, ul jonivorni bo‘g‘izladim. Kitobning deganidek, oltmishga taqsim qilib, bo‘lgunimcha ulgurolmay, kechaga qoldi. Tun yarmida o‘tib, el qattiq uyquga botdi. Bundoq vaqtda oltmish miskinni qayoqdan topgaymiz, niyat qilib, ishimizni bitirdik, tong otgandin so‘ngra bu ishni bajargaymiz, deb qaytib kelib, bola oldiga kirsam, o‘g‘limning xoli og‘irlashib qolibdur. Marhum onasi, qarab turishga toqatim qolmadi, deb bolasi quchog‘imga qo‘yib, o‘zi yig‘lab tashqariga chiqdi. Ikkinchi kirishga chiday olmay, qo‘ra aylanib yig‘lab yurdi. Men bo‘lsam yuziga qarab termulib o‘tirishdan boshqa chora topa olmadim. Butun sabablaridin qo‘l tortib, qazoni kutib o‘ltirdim. Shu paslashganicha paslasha borib, oxir sahar vaqtida jon taslim qildi. Qazoga hech chora yo‘qligi ko‘z oldimizga keldi. O‘zimning naqadar ojiz ekanligimni yaxshi tushundim. Bu bolaning dardidan ikki-uch kun ilgari o‘lgan ikki go‘dakni ko‘p eskarmagan bo‘lsak ham, bundin ajragan so‘ngida uch farzand dog‘i bir kelib, yuraklarimizni yondirdi. Bu og‘ir yukni ko‘tarolmay, onasi o‘zidan ketib yiqildi. Bu ham o‘lgan qatorida bo‘lib, uy o‘rtasida cho‘zilib yotdi. Men shu holatda turib, payg‘ambarimiz alayhissalomning aytgan qutlug‘ so‘zlarini eskardim. Darrov tahorat olib, ayvonga chiqib, ikki rakat sabr namozi o‘qidim. Namoz ortidan qo‘l ko‘tarib, Payg‘ambarimiz o‘rgatgan duoni o‘qib, Xudodan talab qildim.
Alhamdulilloh, tilagim qabul bo‘lsa kerakkim, yil o‘tmay o‘g‘lim Muhammadyor tug‘ildi. Kundan-kunga o‘sib, ofatlardan omon bo‘lib, Xudo umrini berdi. Mana shu kunlarda hijriy 1374, melodiy 1956 erdi, yoshi o‘ttizga to‘lib, yigitlik qiromiga keldi. Davrimizdagi fanniy ilmlardan anchagina bahra topgan bo‘lsa ham, ammo diniy ilmlar tahsiliga bu kungacha bo‘shay olmagan edi. Yuqorigi bobolarimizdan boshlab, bizning oilamiz ilm oilasi bo‘lganligimizdan bu ulug‘ sharafga avlodimiz ichida birortasi ega bo‘lgaymu, yoki bu fazilatdin kelasi kunlarda zamona ta’siriga qarab barchalari mahrum qolgaymu, deb doim qayg‘urmoqda edim. Chunki yoshim yetmishdan o‘zib, umrimning ko‘pi ketib, ozi qolganligi ko‘z oldimdadur. Agar bu sharafdin barchalari benasib bo‘lsalar, umr ichida yiqqan, umr yo‘ldosh kitoblarimga kim ega bo‘lgay? Qorong‘u tokchalardan chang bosib, kimlar qo‘lida qolgay, deb hayol qilib, ko‘p zamonlardin beri qo‘rqib yurmoqda edim. Alhadulilloh, Tangrimga shukr, ushbu yozilmish kitobim hurmatidin bo‘lishi kerakdur. Alloh taolo bu g‘amdin meni shu kunlarda qutqazdi. O‘g‘lim Muhammadyor oldimga kelib, chin ixlos bilan din ilmining asosiy hisoblangan «sarf — nahv»din, boshlab o‘qishga kirishdi. Jumla ofatlardin Alloh asrasin, dunyoda izzati, oxiratda sharofati yetguvdek ilm ato qilsin, omin!