Shu ish sabab bo‘lib, bu qabiladan hech kim qolmasdan, hammasi musulmon bo‘ldi. Shu uchun onamiz Oisha: «Bu xotunning sharofati o‘z qabilasiga bek ulug‘dur, ular asirlikdan ozod bo‘lishib, ikki dunyo azobidan qutulishdi. Islom diniga kirishib, abadiy davlatga yetdilar», dedilar. Onamiz Barrani nikohlariga olgandan keyin, ismini yo‘tkab (o‘zgartirib) Juvayra qo‘ydilar. Barra yaxshilik, Juvayra qizchoq, degan bo‘lur. Buni yo‘tkashning sababi esa fahmlik kishilarga ma’lumdir.
Yana shu safarda bir voqea o‘tdi. Askarlardan ikki kishi suv talashib, urushib qoldilar. Birlari Makka muhojirlaridan, yana birlari Madinalik ansorlardin edi. Muhojir ansorni urib, qon qildi. Bu tayoq yetgan kishi arab odaticha: «Yo lal Hazraj?» (ya’ni, «Ey Hazraj, bormisan?») deb o‘z qabilasini yordamga chaqirdi. Buni ko‘rib, urgan kishi ham: «Yo lal, muhojiriyn?», deb qo‘rqqanidan qichqirdi.
Johiliyat arablari urush vaqtida har qabilaning yuqorigi otalarini atab qichqirar edi. Mundoq qichqirishlarida har qabila o‘z urug‘iga yordam berishlari lozim bo‘lur edi. Bu tovushni eshitgach, muhojir, ansor sahobalaridin ikki firqa odam yugurib kelib, yordam berish uchun har qaysilari o‘z kishilari ustiga to‘plandilar. Qurollariga qo‘l solishib, urushib ketishlariga oz qoldi. Bu voqea ustida katta bir fitna chiqishiga yaqinlashdi, muni anglab, Rasululloh chodirlaridan yugurganlaricha kelib:
— Ey, mo‘minlar, mundoq so‘zlar johiliyat zamonidan qolgan yomon so‘zlardur. Bu qichqirishlar fitna qo‘zg‘ab, qon to‘kilishiga sabab bo‘lur. Islom diniga kirgan kishi yana shunday so‘zlarni tashlamas ersa, unday odam tamuqqa (do‘zaxga) tashlanur, Mo‘minlar bir-biriga Xudo qo‘shgan birodardur. Birodari mazlum bo‘lsin yoki zolim bo‘lsin, unga yordam berish lozimdur,— dedilar.
Anda bir kishi:
— Yo Rasululloh, mazlumga yordam qilaylik, ammo zolimga nechun yordam qilurmiz? — dedi.
Anda Rasululloh:
— Agar zolimni shu qilgan zulmidan qaytarur bo‘lsang, unga yordam qilgan bo‘lursan, — dedilar.
So‘ngra har ikki tarafni so‘z bilan qondirib, bu fitnani bosdilar. Ammo munofiqlar bo‘lsa, bu ish bahona bo‘lib, yomon so‘zga og‘izlari ochildi. Ayniqsa, ularning raislari Abdulloh ibn Ubay ibn Salul qattiq g‘azablanib, o‘ziga qarashlik bir necha munofiqlar bilan bu haqda so‘z qilishdilar.