Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379444 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:08:12

Anda Ka’b:
— Ey Abul Qosim, bu aytgan so‘zlaring barisi to‘g‘ridur. Qilichdan qo‘rqib iymon keltirdi, degan ta’na so‘zdan saqlanurman. Yo‘q esa hozir iymon keltirur edim. Men uchun or, nordan (olovdan) qattiqroqdir. Ordin qochib nor bo‘lsa ham, yahud dinida o‘lishni yaxshiroq ko‘rdim, — dedi.
Bu hukmni bajarish xizmati esa Hazrati Ali bilan Zubayr ibn Avvomga topshirilgan edi.
Qurayz xotinlaridan Bayona degan bir xotinni ham o‘ldirishga buyurildi. Chunki bu xotin qamal kunlarida qal’a ostida turg‘on sahobalardan Xallod ibn Suvayd degan bir kishi ustiga yorg‘uchoq toshi tashlab, uni o‘ldirgandi. Shuning o‘rniga qasos qilib o‘ldirildi. Yo‘q esa, Islom qonunida xotin va bolalarni, qari chol, ko‘r-shollarni urushda o‘ldirmoq yasoq erdi. Bu xotin ersa chiroyli, bek husnli bo‘lganligidan, eri qizg‘anib o‘zidan keyin tirik qoldirmaslik uchun shu ishni unga qildirtirgan edi. Uning deganidek bo‘lib, eridan keyin tirik qolmadi.
Sa’d ibn Mu’oz Allohdan ikki narsani so‘rab, duo qilmish edi. Har ikkovi ham qabul bo‘lib, maqsadiga yetdi.
Birinchisi, Qurayza yahudlarining qilgan xiyonatlaridan ko‘p g‘azablik bo‘lmish edi. Alarga jazo kesish aning qo‘liga topshirildi, Xudo xohlagandek hukm chiqarib, bu to‘g‘rida maqsadi hosil bo‘ldi.
Ikkinchisi, shundoq deb duo qilmish erdi: «Ey bor Xudoyo, Quraysh kofirlari bilan yana g‘azot qilishimizni taqdir qilgan bo‘lsang, bu jarohatimga shifo bergil. Chunki mening dunyoda eng qiziqarlik ishim Xudoga va aning Payg‘ambariga qarshi bo‘lgan kofirlar bilan savashmoqdur. Agar sening taqdiringda alar bilan ikkinchi g‘azot qilishimiz yo‘q ersa, shu jarohatimdan qoldirmay menga shahidlik nasib qilg‘aysan».
Qurayza ishi tugagandan so‘ngra Rasululloh aytdilar:
— Endi Quraysh mushriklarining kuchlari sindi, ustimizga kelib alarning g‘azot qilishlari yo‘qdur. Bundin so‘ngra bizlar alar ustiga borg‘aymiz.
Shu orada Hazrati Sa’dning jarohati qaytadan yorilib, qon oqa boshladi, to‘xtatish iloji bo‘lmay, o‘zi tilagandek shu jarohat bilan shahodat topdi.
Bu kishi ersa, Rasululloh jannatga kirishi bashorat bergan o‘n kishining birisi edi. Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jannatga kirursan, deb bu kishiga ham bashorat bermish edilar. Janozaga qo‘yilgan vaqtda, uning onasi yaxshi sifatlarini qo‘shib yig‘laganda, Rasululloh aytdilar:
— «Mundin boshqa o‘lganlar haqida aytilgan qo‘shiqlar ko‘pincha yolg‘ondur. Lekin bu Sa’dga yig‘lab qo‘shiq aytqon xotinlar so‘zining barisi to‘g‘ridur, raziyallohu anhu».
Shu bilan Qurayza voqeasi ham tamom bo‘lib, alarning sharridan musulmonlar qutuldilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:08:26

QURUTO CHOPULI

Bu voqea shunday erdikim, hijratning oltinchi yili Muharram oyida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Bani Bakra qabilasiga chopul (hujum) qilmoqqa o‘ttiz otliq bir bo‘luk askar yubordilar. Bu qabila ersa Madinadan yetti kunlik uzoqdagi Zariyya degan joyda turishar edi. Dushmanni tuydirmasdan bosish uchun kunduzi yashirinib, kechalab yurishga buyurdilar. Askar borib, Rasululloh buyurganlaridek tuyuqsizdan dushman ustiga hujum qildilar. Shoshilishgandan bosh-oyog‘ini yig‘isholmay qolib, nochorlik bilan bir oz urushgan bo‘lsalar ham, oxiri o‘n o‘lik qoldirib, qolganlari qochishga majbur bo‘ldilar.
Bir yuz ellik tuya, uch ming qo‘y o‘lja olishib, sog‘-salomat Madinaga keldilar. Qaytayotganlarida yo‘liqqan mushriklardan bir necha kishilarni asir olishdi. Bular ichida Bani Hanifa qabilasining atoqlik raislaridan Samoma ibn Osol ham bor edi. Bu kishi o‘zining kim ekanini askardan yashirdi.
Madinaga kelgandan so‘ngra Rasululloh ko‘rib:
— Bu asir kim ekanini tanimaganga o‘xshaysiz. Bu asir Samoma ibn Osoldur, buni bo‘sh qo‘ymangiz, — deb masjid ustuniga bog‘latib qo‘ydilar. Bundan maqsadlari esa, musulmonlarning toat-ibodat, namoz jamoatlarini ko‘rsatish edi. Bir kun o‘tgandan so‘ngra Rasululloh chiqib:
— Ey Samoma, senda nima yaxshilik bordur? — deb so‘radilar.
Anda ul:
— Ey Muhammad, menda har yaxshilik topilur. Agar mol olmoqchi bo‘lsang, har qancha desang berurman. Agar o‘ldirur ersang, o‘ldirurga arzigudek xalq ichida obro‘lik kishidurman. Agar biror yaxshilik qilur bo‘lsang, uni hech vaqt unutmasman, — dedi.
U kunni o‘tkazib, ertasi Rasululloh:
— Ey Samoma, senda nima bor? — deb yana so‘radilar.
U bo‘lsa yana ilgarigidek javob berdi. U kuni ham bog‘lab qo‘yib, uchinchi kuni uning oldiga kelib yana:
— Ey Samoma, hech yaxshilik topdingmi? — dedilar.
U yana burungidek so‘z aytdi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:08:36

So‘ngra Rasululloh unga boqib, buni bo‘shatib qo‘yinglar, deb buyurdilar. U bo‘shanib olgach, masjiddan chiqib bir xurmozor boqqa kirib, g‘usl, tahorat oldi, qaytib masjidga kirib Rasululloh oldilariga keldi, darhol shahodat aytib musulmon bo‘ldi. Uch kungacha «Senda yaxshilik bormi?» deb so‘rashlaridan maqsadlari esa, aning musulmon bo‘lishi edi. Uni ham topdilar. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rahmatan lil alamiyn bo‘lganlari uchun dunyodan bir odamning iymonsiz ketishiga rozi emasdurlar.
Shunga o‘xshash mal’un shayton ham dunyodan bir odamning iymon bilan o‘tishiga hech rozi emasdur. Chunki har yaxshilikning asosi iymondir. Har yomonlikning boshlanishi kufr bilan bo‘lur. Kufrning eng yomoni dinsizlikdur. Xudo oldida maqbul din Islom dinidur. Chunki Alloh taolo Qur’onda xabar bermishki: «Innad-dina indallohil Islamu», deb. Ya’ni, «Xudo qoshida qabul qilingan din — Islom dinidur». Bu dinni «Fitrat dini» «Xilqat dini» deb aytilur. Buning ma’nosi esa «insonning yaratilishidagi dini» demakdur. Chunki Alloh insonni yaratganda bu dinni unga loyiq ko‘rib, Lavhul mahfuzda yozmish edi.
Demak, Islom dini insonlar uchun azaldan qurilg‘on Alloh qonunidur. Islom dinining qonunnomasi Allohning kitobi — Qur’ondir. Bu kitobni Allohdin keltirib xalqqa yetkazuvchi haq yo‘lning qolovuzi Payg‘ambarimiz Hazrati Muhammad Mustafodurlar, sollallohu alayhi vasallam.
Bu Qur’on qonunlari Rasululloh zamonlariga qanday moslashgan bo‘lsa, ming uch yuz sakson yil o‘tgandan keyin, shu hozirgi zamonimizga ham aning moslashib kelmog‘ida hech shak yo‘qdur. Chunki ul Allohning qonuni bo‘lgach, inson davri o‘tib, qiyomat qoyim bo‘lguncha har davrdagi va har joydagi xalqning butkul hojatlarini chiqarib turishi lozimdur. Inson ilmi cheklik bo‘lganlikdan, bularning chiqargan qonunlari ham cheklikdur. Shunga bir hukumatning, balki butun dunyoning eng oliy darajalik zo‘r olimlari, huquqshunos, dono bilguvchilari yig‘ilsalar ham, bir mamlakat xalqining biror yillik hojatlarini qoplagudek bir qonunnoma chiqarishdan ojizdurlar.
Ammo Qur’on hukmlari hakimi Azaliy qurgan qonun bo‘lgani bois dunyo umricha yetarlikdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:08:44

 Buni bilmaganlar, yozgan bu chiziqdan chiqqanlar — to‘g‘ri yo‘ldan ozgandurlar. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
So‘ngra Samoma:
— Ey Muhammad, ilgari yuzlar ichida eng yomon ko‘rganim — sening yuzing edi. Xudo haqqi, endi eng yaxshi ko‘rganim sening yuzingdur. Yer ustida eng yomon ko‘rgan narsam — sen tutgan din edi, endi ersa sening dining ko‘zimga eng yaxshi ko‘rgan narsam bo‘ldi. YO Rasululloh, men uyimdan Umra qilmoqchi bo‘lib, Makkaga chiqqan edim, sening askarlaring meni tutib buyon keltirdilar. Niyat qilgan ishimni qila olmadim. Buni hukmi qandoq bo‘lgay? — deb so‘radi.
Anda Rasululloh:
— Ey Samoma, senga bashorat bo‘lgaykim, ikki dunyo yaxshiligini topding, barcha gunohdan pok bo‘lib, do‘zax azobidan qutulding. Agar Umrani niyat qilgan bo‘lsang, Makkaga borib, uni ado qilishing lozimdur, — dedilar.
So‘ngra Samoma Umra qilmoq uchun Makka shahriga kirdi. Qilgan ibodati, o‘qigan namozlarini ko‘rishib: «Muhammadga aldanibdur» deb, mushriklar unga ta’na so‘zlar aytishdi. Hatto: «O‘z diningdan qaytib, Muhammad diniga kiribsan», deb ozor berishdan ortiq uni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Anda raislaridan biri turib aytdikim: «Agar bunga ziyon yetkazur bo‘lsangiz, Yamomadan aloqamiz uzilur, alardan olayotgan foydadan quruq qolurmiz», deyishib, uni bo‘shatdilar. Shuning bilan Samoma Makkadan qaytib o‘z yurti Yamomaga ketdi. Makka xalqining ko‘proq oziq-ovqatlari shu Yamomadan kelar edi. «Rasulullohdan ruxsatsiz hech bir narsa o‘tkazmasman», deb Makka yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Shu sabablik, Makkada qahatchilik bo‘lib, Quraysh xalqi ocharchilikka qoldilar. Ular tarafidan Abu Sufyon Madinaga kelib, Rasulullohga:
— Ey Muhammad, men olamga rahmat uchun keldim, azob uchun kelmadim, der eding. Kattalarimiz qiliching bilan o‘ldilar, qolganlarimiz ochlik bilan qirilmoqdamiz. Yamomadan yeb turgan oziq-ovqatlarimiz sen sabablik to‘sildi. Qarindoshlik haqqi uchun bu to‘g‘rida sendan yordam so‘rab keldim, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:08:52

Buning so‘zini qaytarmay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Yamoma yo‘lini to‘smas uchun Samomaga xat yozdilar. Xat borgach, karvon yurdi. Oziq-ovqat yo‘li ochilib, Makka xalqi ochlik balosidan qutuldilar.
Bu kabi ulug‘ axloqni payg‘ambarlardan o‘zga hech kim qilaolmagay. Bo‘lmasa, Abu Sufyon boshliq Quraysh mushriklarining Rasulullohga qilgan yomonliklari, bermagan ozorlari qolmagan edi. Bularning cheksiz dushmanliklari orqalik chiqqan urushlarda to‘kilgan qonlar hali qotmagan, ayniqsa, Uhud, Badr, Ahzob kunlaridagi bular qoldirgan jarohatlari hali bitmagan edi.
Buning ustiga Abu Sufyon o‘z hojatini aytishda, qanchalik qo‘pollik ko‘rsatgan bo‘lsa ham, Rasulullohning axloqlari o‘zgarmadi. Uning hojatini chiqarish uchun chora ko‘rdilar. Xulosa shulki, Rasulullohni «sen eng oliy axloq va go‘zal sifat egasi erursan», deb Alloh aytgan edi. Buning chinligini esa Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam har damda va har ishda ko‘rsatmoqda edilar.
So‘ngra sahobalar Samomani ziyofat qilib, oldiga yemakka ovqat qo‘ydilar. Bir oz yegandan so‘ngra taomdin qo‘l tortdi, buni ko‘rib sahobalar hayron qoldilar. Chunki iymon keltirishdan oldin bundan necha barobar ortiq ovqat yeganini ko‘rishgan edi. Anda Rasululloh:
— Kishi kofirlik holda tomoq yer ersa, yetti qat ichagi to‘lmagunchalik qanoat qilmagay, ammo mo‘minlarning bir qat ichagigagiga taom yetsa, qanoat hosil bo‘lg‘ay. Ertalab kofirlik holida erdi, kechqurun mo‘minlik sifatiga kirdi. Bu ikki holda birdek bo‘lmagay, — dedilar.
So‘ngra Hazrati Samoma Rasulullohdan ruxsat olib, o‘z yeri Yamomaga qaytdi. Bu kishining tashviqoti bilan o‘z qavmi va boshqalardan bo‘lib, bir qancha kishilar musulmon bo‘ldilar.
So‘zda subutlik, dinda ixloslik ulug‘ sahobalardan edi. Rasululloh vafotlaridan so‘ngra Yamomadan yolg‘on payg‘ambar Musaylama Kazzob huruj qildi. Yerlik arablardan ko‘plari murtad bo‘ldilar. Shu chog‘da Hazrati Samoma bularga qarshi chiqib, Islom askariga ko‘p yordam yetkazdi, raziyallohu anhu.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:09:08

BANI LIHYON G‘AZOTI

Bu voqea shundoq erdikim, bu qabilaning raislaridan bir necha kishilar Madinaga kelib, Rasululloh bilan ko‘rishdilar. Bular yolg‘ondan, munofiqlik bilan, «bizlar musulmon bo‘ldik», deyishib, Rasulullohdan Islomni o‘rgatib: «Qur’on o‘qitgudek bizga kishi qo‘shing», deb so‘rashdilar.
Anda Rasululloh sahobalarning qorilaridan Osim ibn Sobitni boshliq qilib olti kishi yuborgan edilar. Bu voqea yuqorida yozilib o‘tgandur. Bu qori sahobalar ularning yurtiga borishgandan so‘ngra xiyonat qilishib, u borganlarni o‘ldirishgan edi. Shu shahidlarning qasoslarini olish uchun yigirmata otlik, bir yuz saksonta tuyalik, barisi ikki yuz askar olib yo‘lga chiqdilar.
Dushman sezib qolmasin deb yashirin yo‘llar bilan yurishib, o‘shal sahobalar shahid bo‘lgan joylariga yetganlarida, haq yo‘lida jon bergan birodarlarini eslab, Payg‘ambarimiz yig‘ladilar. Alarga rahmatlar aytib, haqlariga duo qildilar. So‘ngra ko‘rdilarkim, dushmanlar ilgariyoq askar kelishidan xabar topishib, tog‘-toshlarga qochishib ketgan ekanlar. Dushmanlardan birorta kishi ham ko‘zga ko‘rinmadi. Atrofga chopulchi (hujumchi) askar yuborib, bu joyda alarni kutib ikki kun turdilar. Dushmandan kishi yo‘liqmagach, borgan askarlar ham qaytib kelishdi. Lekin Rasululloh bulardan bir bo‘lak askar ayirib, Makka shahri yaqinida Asfon degan joyga borib qaytishga buyurdilar. Bundan maqsadlari esa, Makka kofirlariga haybat ko‘rsatib, alarni cho‘chitmoqchi edilar. Shuning bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu atrofda o‘n to‘rt kuncha yurib, salomatlik bilan yana Madinaga keldilar.
Shu safarlarida ko‘pincha o‘qiydigan duolari bu edi: «Allohumma inniy auzu bika min va’soissafari va kabatil munqolabi va suil manzari fil ahli val yamoli val valadi». Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, safarning xatarlaridan o‘zing saqlagil, qaytgandan keyin molda va xotin-bolada ko‘ngilsiz bir ish ko‘rishdan o‘zing saqlagil. Bu narsalarning bo‘lishidan O‘zingga sig‘indim», demakdur.
Ilohiy, Rasulullohning haq yo‘lida qilgan safarlari haqqi, safarga chiqqan mo‘min qullaringni safar xatarlaridan o‘zing asragil. Omin!

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:09:24

G‘OBA G‘AZOTI

Hijrat tarixining oltinchi yili erdikim, bu voqea bo‘ldi. Buning sababi Madinadan bir kunlik G‘oba degan joyda boqilayotgan Rasulullohning yigirmata yangi tuqqan sutlik tuyalari bor edi. Sahobalardan Hazrati Abu Zar oilasi ila ularga boqmachilik qilar edilar. Fizor qabilasining raisi Uyayna ibn Hisn boshliq qirq otlik bosmachilar kelishib, bu tuyalarni haydab olib ketishdi. Bu xabar Rasulullohga yetishi bilan darhol besh yuz askar olib chiqdilar. Ansor sahobalari ichida Salama ibn Akva’ degan bir mergan kishi bor edi. Agar yayov bo‘lib yugursa, unga otliq odam yeta olmas edi. Dushman ortidan quvib yetishga uni buyurdilar.
Rasululloh aytganlaridek oyoq uza chopib-o‘ltirib, dushmanga yetib bordi. Tog‘ning qisiq joylarida oldilaridan to‘sib, o‘qqa tutar edi, otgan o‘qi yangilmag‘onlikdan piyoda, otliq hech kimarsa muning yaqiniga yo‘lamas edi. Tog‘ning g‘or joylariga kelganda dushmanni olg‘a yurgizmasdan, alarga ko‘p to‘sqinlik ko‘rsatar edi. Shu to‘g‘ridan dushmanlar ko‘p uzoqqa keta olmadilar.
Ungachalik orqadan quvishib chiqqan askarlar yetishib keldi. Otliqlardan eng oldin kelgan Abu Qatoda bilan Miqdod ibn Asvad edilar. Ikki orada chorpishma bo‘lib, o‘g‘rilardan ikki kishi o‘ldirilib, mo‘minlardan bir kishi shahid bo‘ldi. Bir muncha og‘irlik narsalarni tashlashib, olgan tuyalarini yarmini qoldirib qochdilar. Buning ustiga Rasululloh ham qolgan askarlar bilan yetib keldilar. Anda Salama, ibn Akva’:
— Yo Rasulalloh, dushman qo‘rqinch holga tushib qoldi. Agar bular ortidan yuz kishi bilan meni yuborur bo‘lsangiz, butun mollarini haydab, o‘zlarini bo‘yinlaridan boylab oldingizga keltirur edim, — dedi. Anda Rasululloh aytdilar:
— Dushmanni yengding ersa, endi yaxshilik qil. Qochgan dushmanni quvlamoq ko‘p yaxshi ish emasdur.
Yana bu voqeada bir mo’jizalik qissa ham o‘tmish edi. Shundoqki, bir kuni hazrati Abu Zar Rasululloh oldilariga kelib:
— Yo Rasululloh, G‘oba o‘tlog‘idagi sutlik sog‘in tuyalaringizga meni boquvchi qilib qo‘ying, ularning sutlaridan foydalanib turaylik, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:09:34

Anda Rasululloh:
— Fizor qabilasining raisi Uyayna ibn Hisn ahmoq odamdur. U senga bir ziyon yetkazib qo‘yadimi deb qo‘rqaman, — dedilar.
Yana bir kun Rasululloh oldilariga kelib: «Shu xizmatga meni yuboring», deb qattiqroq talab qo‘ydi.
— Abu Zar, shu ishni qo‘ygin, o‘g‘ling o‘ldirilgudek, xotining asirga olingudek, asoingga suyanib, o‘zing oldimga kelgudek bo‘lib, ko‘zimga ko‘rinursan, — dedilar.
Shunchalik so‘zlarini eshitib turib, yana so‘ragan edi, bu yo‘li indamasdan javob berdilar. So‘ngra Abu Zar oilasi bilan ko‘chib borib, bir necha kun tuyalar ustida boqmachilik qilib o‘ltirdi. Fizor qabilasining bosmachilari buni eshitdilar. Rasululloh deganlaridek, raislari Uyayna ibn Hisn qirq kishi bilan kelib, Abu Zarni bosdi, qarshilik ko‘rsatgan o‘g‘lini o‘ldirdi, xotinini asir oldilar. Mol-jonidan ayrilib, nima qilishini bila olmay, asoga suyangan holda Payg‘ambarimiz oldilariga keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima degan bo‘lsalar, xuddi shunday bo‘ldi. Bu ham bo‘lsa, Rasulullohning mo’jizalari edi.
Bu voqea bo‘lib o‘tgandan so‘ngra hazrati Abu Zar bu ishga hayron qolib, aytur edi: «Ko‘rgulik ko‘zimni bog‘lamish ekan, yo‘q esa, bu ishdan meni Rasululloh necha yo‘l qaytarmish edilar. Unga unamasdan ko‘rgiligimni o‘zim keltirdim».
Ammo Abu Zarning xotinini esa dushmanlar bir qancha kun asirlikda tutdilar. Bir kecha payt topib, yarim tunda tuyalar o‘tlog‘iga keldi, qaysi tuyani tutmoqchi bo‘lsa, «boof» deb baqirur edi. Oxiri bir tuyaning oldiga kelib, uni ushlab edi baqirmasdan tek turdi. Qarasa, Rasulullohning Azbo otli tuyalari ekan. O‘g‘rilar olib qochgan tuyalar ichida buni ham keltirmish edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:09:44

Xotin darhol buning ustiga o‘zini olib, choptirib qochdi. Dushmanlar xabar topgandan keyin, orqasidan quvlab chiqqan bo‘lsalar ham, unga yetolmay qaytdilar. Chunki u necha poygalarda o‘zib chiqqan yuguruk tuya edi. Shuning bilan salomat Madinaga kelgach, xotin Rasululloh oldilariga kelib:
— Yo Rasululloh, shu tuya ustida salomat qutulsam, muni so‘yib Xudo yo‘lida qurbon qilayin deb atab edim, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Bu qanday yomon ishdur, Alloh seni muning ustida dushmandan qutqazgan bo‘lsa, yana uni bo‘g‘izlab o‘ldirmoqchi bo‘libsan. Gunoh ishga nazr aytmoq durust emas. O‘zi ega bo‘lmagan birovning molini qurbonlik qilish yo‘qdur, bu tuya esa mening molimdur. Endi o‘z uyingga qaytgil. Alloh baraka bersin, — dedilar.
Rasululloh solallohu alayhi vasallam bu g‘azotdan Madinaga qaytib kelgach:
«Yayovlarimizning yaxshisi Abu Salama, otliqlarimizning yaxshisi Abu Qatoda ekan», dedilar. Chunki bul ikkovlari Rasulullohga yoqarlik darajada bu g‘azotda ish ko‘rsatdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:09:57

ZAYD IBN HORISANING CHOPULI

Bu voqea shundoq erdikim, mol bilan Shom shahridan chiqqan Quraysh karvoni Makkaga o‘tub boradur, deb Rasulullohga xabar yetdi. Buni anglab, Rasululloh Zayd ibn Horisa qo‘l ostida bir yuz yetmish kishilik bir bo‘luk otliq askar chiqardilar. Maqsadlari esa, karvondagi dushman molini bosib olish edi. Orada tinchlik shartnomasi tuzilmagan bo‘lsa, u kunlarda qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham dushmanga zarba yetkazmak siyosat olamida yurib turgan bir qonun edi. Shu borishlarida dushman karvonini butun mollari bilan qo‘lga tushirdilar. Bir nechalari qochib qutuldi, qolganlari esa asir olindi.
Bular ichida Rasulullohning kuyov o‘g‘illari Abul Os ibn Robi’ ham asirga tushgan edi. Bu kishi ersa Rasulullohning qizlari Zaynabning abushqosi erdi, Badr urushida asirga tushganida qizlari Zaynabni Madinaga yuborib berish sharti bilan o‘zini asirlikdan ozod qilgan edilar. Oradan to‘rt yil o‘tgandan keyin karvon bilan yana u kishi asir tushib qoldi.
Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kuyovlaridan rozi edilar. Chunki Makkada turganlarida butun Quraysh raislari Payg‘ambarimizning qizlari Zaynabga taloq berishni unga taklif qilsalar ham, qabul qilmagan edi. Buni anglagach, Rasululloh undan shod bo‘lgan edilar. Lekin Qur’on hukmida kufr va iymon bir nikohda bo‘lishi mumkin bo‘lmaganlikdan, qizlari Zaynabni undin ajratib olmish edilar. Shundan beri Zaynab Rasulullohning qo‘llarida edi. Ammo Abul Os ersa, Quraysh raislaridan bo‘lib, alar ichida e’tiborlik kishilardin sanalur edi. Va onamiz Hazrati Xadicha ham unga xola bo‘lur edilar.
Necha tomondan Rasulullohga qarindoshligi bor edi. Yo‘l to‘sib chiqqan sahobalar karvon qatoridan uni ham asir olib, molini o‘lja qilmish edilar.
Madinaga keltirilgandan so‘ngra Zaynabga bir kishi yuborib, o‘zi uchun omon olishni so‘radi. Anda Zaynab to‘g‘ri Rasulullohga kelib:
— Yo Rasulalloh, Abul Os bilan oramiz uzilmagan bo‘lsa bolamning otasidur, agar uzilgan bo‘lsa qarindoshimdur. Bu kishiga omon berib, uni o‘z himoyatimga oldim, — dedi.

Qayd etilgan