Anda Ka’b:
— Ey Abul Qosim, bu aytgan so‘zlaring barisi to‘g‘ridur. Qilichdan qo‘rqib iymon keltirdi, degan ta’na so‘zdan saqlanurman. Yo‘q esa hozir iymon keltirur edim. Men uchun or, nordan (olovdan) qattiqroqdir. Ordin qochib nor bo‘lsa ham, yahud dinida o‘lishni yaxshiroq ko‘rdim, — dedi.
Bu hukmni bajarish xizmati esa Hazrati Ali bilan Zubayr ibn Avvomga topshirilgan edi.
Qurayz xotinlaridan Bayona degan bir xotinni ham o‘ldirishga buyurildi. Chunki bu xotin qamal kunlarida qal’a ostida turg‘on sahobalardan Xallod ibn Suvayd degan bir kishi ustiga yorg‘uchoq toshi tashlab, uni o‘ldirgandi. Shuning o‘rniga qasos qilib o‘ldirildi. Yo‘q esa, Islom qonunida xotin va bolalarni, qari chol, ko‘r-shollarni urushda o‘ldirmoq yasoq erdi. Bu xotin ersa chiroyli, bek husnli bo‘lganligidan, eri qizg‘anib o‘zidan keyin tirik qoldirmaslik uchun shu ishni unga qildirtirgan edi. Uning deganidek bo‘lib, eridan keyin tirik qolmadi.
Sa’d ibn Mu’oz Allohdan ikki narsani so‘rab, duo qilmish edi. Har ikkovi ham qabul bo‘lib, maqsadiga yetdi.
Birinchisi, Qurayza yahudlarining qilgan xiyonatlaridan ko‘p g‘azablik bo‘lmish edi. Alarga jazo kesish aning qo‘liga topshirildi, Xudo xohlagandek hukm chiqarib, bu to‘g‘rida maqsadi hosil bo‘ldi.
Ikkinchisi, shundoq deb duo qilmish erdi: «Ey bor Xudoyo, Quraysh kofirlari bilan yana g‘azot qilishimizni taqdir qilgan bo‘lsang, bu jarohatimga shifo bergil. Chunki mening dunyoda eng qiziqarlik ishim Xudoga va aning Payg‘ambariga qarshi bo‘lgan kofirlar bilan savashmoqdur. Agar sening taqdiringda alar bilan ikkinchi g‘azot qilishimiz yo‘q ersa, shu jarohatimdan qoldirmay menga shahidlik nasib qilg‘aysan».
Qurayza ishi tugagandan so‘ngra Rasululloh aytdilar:
— Endi Quraysh mushriklarining kuchlari sindi, ustimizga kelib alarning g‘azot qilishlari yo‘qdur. Bundin so‘ngra bizlar alar ustiga borg‘aymiz.
Shu orada Hazrati Sa’dning jarohati qaytadan yorilib, qon oqa boshladi, to‘xtatish iloji bo‘lmay, o‘zi tilagandek shu jarohat bilan shahodat topdi.
Bu kishi ersa, Rasululloh jannatga kirishi bashorat bergan o‘n kishining birisi edi. Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jannatga kirursan, deb bu kishiga ham bashorat bermish edilar. Janozaga qo‘yilgan vaqtda, uning onasi yaxshi sifatlarini qo‘shib yig‘laganda, Rasululloh aytdilar:
— «Mundin boshqa o‘lganlar haqida aytilgan qo‘shiqlar ko‘pincha yolg‘ondur. Lekin bu Sa’dga yig‘lab qo‘shiq aytqon xotinlar so‘zining barisi to‘g‘ridur, raziyallohu anhu».
Shu bilan Qurayza voqeasi ham tamom bo‘lib, alarning sharridan musulmonlar qutuldilar.