Shu bilan Qaysar so‘rashni to‘xtatib, yana so‘zning boshidan tushdi. Tilmoch orqali Abu Sufyonga qarab aytdi:
— Uning nasabini sandin so‘ragan erdim, o‘zing nasablik kishidur deb iqror bo‘lding. O‘tgan payg‘ambarlar ham shunga o‘xshash nasablik kishilardan chiqqanlar.
Yana sendan, ilgari keyin ichinglardan shundoq so‘zni aytgan kishi chiqqan edimi, deb so‘rasam, mundoq odam chiqmagan deb javob berding. Agar shunday so‘z aytgan boshqa birov ham sizlardin chiqqan bo‘lsa edi, o‘tmishdagi birov so‘ziga ergashib yurgan bir kishiga o‘xshaydi, deb o‘ylar edim. Kishiga yolg‘on so‘zlaganmu desam, sen yo‘q deding. Endi, odamga yolg‘on so‘zlamagan kishi, Allohga qanday yolg‘on so‘zlaydi? O‘tgan ota-bobolarining ichida podshoh bo‘lgan kishi bor edimi, deb so‘rasam, sen yo‘q deb javob berding. Agar bobolaridan podshoh o‘tgan biror kishi bo‘lsa edi, anda men ota mulkini qaytarmoqqa hiyla qilib yurgan kishiga o‘xshaydi, deb aytar edim. Yana men, unga ergashganlar yuqori daraja kishilarmi yoki kambag‘al, faqirlarmi, deb so‘rasam, ko‘pincha uning tobelari faqir kishilardur, deding.
O‘tgan payg‘ambarlarga ham dastlab tobe bo‘lguvchilar faqirlardan bo‘lgan. Davlatlik kishilar ersa takabbur bo‘lib, haqlikni alar tezdan qabul qilmagaylar. Yana sendan unga iymon keltirguvchilar kundan-kunga ko‘paymoqdalarmi, deb so‘radim, ko‘paymoqdalar, deding. Shunga o‘xshash iymon boshlangandan keyin ko‘payish ustida bo‘lib, oxiri tamomiga yetib to‘xtagay. Unga iymon keltirib dinga kiruvchilardan qaytgan kishilar bormi, deb so‘radim. Uning dinidan qaytgan kishini ko‘rmadim, deding. Ha, shundoq bo‘lur. Agar iymon nuri kishi ko‘ngliga kirib uni yoritur ersa, aning muhabbati yurak ichidan joy olgay. Undoq dindan qaytib hech kishi chiqmagay.
O‘rtanglarda bo‘lgan urush qanday o‘tdi, deb so‘radim. Birinchida u yengdi, ikkinchisida biz yengdik, deding. Shunga o‘xshash payg‘ambarlarga ham sinash uchun bu kabi voqealar bo‘ladi. Dushmanlarni gohida yengadilar, gohida alardan yengilgaylar, lekin oxiri haq yuzaga chiqqay. Chin mo’minlar yolg‘on mo’minlardan ajralib turgaylar.