Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90488 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 21:08:15

TUTQUNLIK

Yigitcha yoki qizcha o‘smirlikning notekis so‘qmog‘ida qoqildi, qil ko‘prikdan o‘tolmadi. Ozodlikning quyoshi endi unga saodatli nurini sochmaydi. Bu yoqda ota-onaning dili xufton, u yoqda hayotning lazzati nimada ekanini anglashga ulgurmagan tutqun bo‘lajak yo‘lida yilt etgan nur ko‘rolmay badbinlikka beriladi. Ayrimlari bu ruhiy qiynoqlar iskanjasida tamoman taslim bo‘ladilar. Ular uchun endi yashashning qizig‘i qolmaydi. Ba’zilari qilib qo‘ygan gunohlarini fahm etib, o‘zlarini oqlash choralarini izlaydilar, belgilangan jazo muddati tugagach, hayotga qay tarzda qaytmoqliklarini o‘ylaydilar. Ayrim toifa esa o‘zini shafqatsiz hayotdan o‘ch olgan hisoblab, bu yo‘ldan qaytmaslikni qasd qilib o‘tiradi.
Bola hayotga moslashish shartligini bilmaydi. U tasavvuridagi haqiqat va adolatga hayotning bo‘ysunishini istaydi. Hayot esa... ayovsizdir.
Jinoyat ko‘chasi ostonasida turgan o‘smir bilan bu ostonani bosib o‘tib, qamoq jazosiga hukm qilingan mahbusning ruhiy kechinmalari orasida katta farq mavjud. Huddi shuningdek, qamoqda o‘tirgan kattalar bilan o‘smirlarning ruhiy olami bir-biriga aslo o‘xshamaydi. Kattalar hayot tajribasiga asoslanib, ruh azoblarini qanoat bilan yengmoqqa urinadilar. Hayot tajribasiga ham, sabr-qanoatga ham ega bo‘lmagan o‘smirlar esa o‘zlarini g‘am-alamlari bilan yolg‘iz qoladilar.
Bolalarimizga jazo berish masalasini avvalgi bo‘limda qisman yechmoqqa urinib ko‘rgan edik. Endi e’tiborimizni asosan shu muammoga qaratsak.
Inson yaxshi tarbiya ko‘rmagan va turmushda tajriba orttirmagan bo‘lsa, u ko‘p narsalarni nazarga ilmaydi va undan jirkanadi. Bunday narsalar unga noo‘rin ko‘rinadi. Va aynan shu narsa unga tutqunlik eshigini ochib beradi. Inson bilim va tajribaga ega bo‘lgandan so‘ng fikri o‘zgaradi, noo‘rin bo‘lib ko‘ringan narsalar zaruriy bo‘lib chiqadi. Amerika adibi Mark Tven «Otam o‘n to‘rt yoshimda ahmoq edi, yigirma to‘rt yoshimda o‘ylab qarasam, otam aqlli, men esam ahmoq bo‘lgan ekanman», deb yozadi. Haqiqatni anglab yetish uchun yillar kerak. Afsus shundaki, ba’zi o‘smirlarning oqibatda haqiqatni anglab yetmoqliklari uchun tutqunlik imtihonidan o‘tmoqliklariga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:08:51

JINOYAT KO‘CHASINING OCHIQ DARVOZASI
 
 Ostona hatlangach"¢

 Qotil... 13 yoshda?"¢

 Rasulalloh dedilarkim: ...bolalaringizni urmang!"¢

 Bola jinni emas, ammo..."¢

Bola necha yoshida jazolanishi mumkin?

Savolga javob qaytarmoq uchun jazo turini ikkiga ajratsak: ya’ni, uydagi sho‘xligi yoki bevoshligi uchun biz - ota-ona tomonidan belgilanuvchi jazo. Ikkinchisi jamiyatga yetkazgan zarari tufayli beriladigan jazo. Ota-onaning hukmi va bu hukmning ijrosi orasida ba’zan bir nafas ham vaqt o‘tmaydi. Bolaning aybi aniqlanishi hamon yo so‘kiladi, baqiriladi, yoki tarsaki tushirib qolinadi. Uyda bolani jazolash uchun aniq yoshi belgilanmaydi. Farzand go‘daklik chog‘idayoq jazoga mubtalo bo‘ladi. Agar ko‘proq yig‘lab yuborsa, tagini bemavrid ho‘l qilib qo‘ysa, yoki piyoladagi choyni bexos to‘kib yuborsa... darrov jazoga tortamiz. Holbuki bola bu ishlar uchun aybdor emas. Agar atayin ayb qilsa jazo to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish mumkin. Avvalgi boblardan birida aytganimiz yaponlarning, yahudiylarning bolalarni jazolamasliklarini yana bir bor eslab o‘tishni joiz deb bildik. Bola ko‘chadagi do‘konda ko‘zlarni o‘ynatib turuvchi o‘yinchoqni ko‘rib «olib bering», deb xarxasha qilsa ham urishimiz kerakmi? Bola bizning hatti-harakatimizni sinchiklab kuzatadi. Qaysi nobop ishi uchun kimdan qanday jazo olishini biladi va o‘zicha shunga yarasha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi. Onasi ko‘pincha tanbeh bilan kifoyalanadi. Demak, undan cho‘chimasa ham bo‘ladi. Otasining qahri yomon, undan qo‘rqqulik... Bolaning yolg‘on to‘qishi yoki aybni boshqalarga ag‘darishga urinishi jazoning kim tomonidan kutilishiga bog‘liq bo‘ladi. Shafqatsiz jazolashga odatlangan xonadonda bola aybga iqror bo‘lish, tantilik, mardlik, qo‘rqmaslik, insof, qat’iylik kabi fazilatlardan begona ravishda ulg‘ayadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:09:12

Oilalarning odob va madaniy darajasi bir hil emasligi ma’lum. Shundan kelib chiqqan holda bolalar tarbiyasiga e’tibor ham turlicha. Ayrim oilalar bola tarbiyasi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘ladi, bolasining baodob tarzda voyaga yetishini istaydi ammo bunga o‘zlarida yetarlicha ilm va tajriba yetishmasligidan qiynaladi, bu toifadagi ba’zi oila boshliqlari «tirikchilik tashvishi» degan bahona bilan o‘z istaklariga o‘zlari g‘ov bo‘ladilar. Ayrim oilalar g‘oyat darajada madaniy va ziyoli bo‘lganlari sababli bola tarbiyasiga vaqt ajrata olmaydilar va bu ish bilan shug‘ullanishni o‘zlariga ortiqcha tashvish deb biladilar. Bola tarbiyasi ularni asosiy ishdan chalg‘itganday tuyuladi go‘yo. Afsuslar bo‘lsinkim, yana shunday oilalar borki, ular bola tarbiyasi bilan shug‘ullanishni istashmaydi. Bularni «og‘ir oila», deb atashadi, biz esa bular oila degan muqaddas nomga umuman noloyiq deb hisoblaymiz. Farzandi ham, iymoni ham buzuqlik va aroqxo‘rlikdan iborat ikki jinsning hayvoniy qo‘shiluvini «oila» deb atash mutlaq noo‘rindir. Shuning uchun ham jamiyat ularni ko‘p hollarda ota-onalik huquqidan mahrum etadi. Bu mahrumlik ehtimol oddiy jazo bo‘lib tuyular. Har holda aybdor qamalmayapti, jarima ham solinmayapti. Moddiy va jismoniy og‘riqqa mubtalo etilmayapti. Lekin, bizningcha, tushungan odamlar uchun bu o‘lim jazosidan ham battarroqdir. O‘z farzandiga otalik yoki onalik huquqidan, uni suyib erkalashdan, keksayganda esa uning rohatini ko‘rishdan mahrum bo‘lgandan ko‘ra o‘lib ketgani ming karra afzalroq. O‘ylab qarasak, mahrumlik - o‘limning o‘zginasi. Faqat jisman emas ruhan o‘lmoqlikdir. Ota-onalik huquqidan mahrumlar aslida ruhan o‘lib bo‘lgan - tirik o‘likdirlar.
Uyda bolaga jazo berish haqida so‘z ketganda olimlarning bir tadqiqotiga e’tiboringizni jalb etishni lozim deb bildik. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘rganilgan oilalarning 46 foizida bolani shafqatsiz ravishda kaltaklash kuzatilgan, 15 foizida ayb ish qilib qo‘ygan bola uydan haydab chiqarilgan, 11 foizida o‘z farzandlarini taomlanishdan mahrum qilishgan, ya’ni och qoldirishgan, 13 foizida bog‘lab qo‘yishgan yoki yerto‘laga qamashgan, 10 foizida urib, mayib qilishgan. Ko‘ngilni xira qilguvchi bu noxush raqamlarga jamiyat befarq qaramasligi lozimmikin? Bolalarga og‘irmi yengilmi jazo berilayotganini ko‘rsam yo eshitsam turklarning ashulasini eslayman, o‘zbekcha ifodasi bunday: «Bizim go‘daklarimiz ular, bizim avlodlarimiz, mehrga, shafqatga ehtiyojlari bor. Seving ularni, seving ularni, peshonasidan o‘ping ularni!»

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:09:51

Farzandlarini jazolashni hush ko‘ruvchilarga sharafli hadislardan birini eslatmoqni lozim ko‘rdik. Abu ad-Dardo (roziyollohu anhu) «Rasulalloh menga to‘qqizta amalni buyurdilar», deb bu amallarni bayon eta turib ta’kid etmishlarkim: «... xotin va bolalaringga kaltak ko‘tarma, to‘g‘ri yo‘ldan yurmasa, bola-chaqalaringni Olloh Taoloning qahri-g‘azabiga duchor bo‘lishlari bilan qo‘rqit.»
Uydan qochib ketuvchi bolalar haqida gapirib edik. Ular orasida aynan haqsiz jazodan bezib ketganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Yaqinda bir qarashda suyunchli, bir qarashda afsusli xabar bilan tanishdik. Rossiyalik opa-singil o‘g‘irlanib, Yunonistonga sotib yuborilgan ekan. Ular bir necha yil ichida topilib, Vatanga qaytarilganlar, lekin... ular mayxo‘r onalari bag‘riga qaytishni istamaganlar. Bunga nima deymiz?
O‘smirlik yoshini mutaxassislar 12-14, 15-16 va 17-18 deb belgilaydilar. Albatta bu taxminiy bo‘linish. Unda bolalarning tabiiy va ruhiy o‘sishlaridan ko‘ra maktabda o‘qiydigan sinflari ko‘proq e’tiborga olingan. Jinoyat uchun jazo belgilash masalasiga kelsak, bo‘linish sal o‘zgacharoqdir. Ya’ni bola 13 yoshidan jazoga tortilishi mumkin. Bu yoshda asosan bola qotillik uchun jazolanadi. 14 yoshdan esa o‘g‘irligi uchun jazoga tortiladi. 13 yoshdan kichikroq bolalar jiddiyroq ayb qilsalar ular maxsus maktablarda tarbiyalanadilar.
Jazo haqida gap ketganda O‘zbekiston Respublikasining jinoyat kodeksiga murojaat qilmoqlikka to‘g‘ri keladi:
«Sud voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda jazo tayinlashning umumiy asoslariga amal qiladi, voyaga yetmaganlarning rivojlanganlik darajasi, turmush sharoiti va tarbiyasini, sog‘lig‘ini, sodir etgan jinoyatining sabablarini, katta yoshdagilarning va boshqa holatlarning uning shaxsiga ta’sirini hisobga oladi.»
«O‘n uch yoshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida jazo tayinlanganda ozodlikdan mahrum qilishning eng ko‘p muddati o‘n yilgacha, agar sodir etgan jinoyatlarning bittasi o‘ta og‘ir jinoyat bo‘lsa, o‘n ikki yilgacha tayinlanadi.»

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:10:06

«O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi - o‘n ikki yilgacha muddatga, agar sodir etgan jinoyatlarining bittasi o‘ta og‘ir jinoyat bo‘lsa, o‘n besh yilgacha muddatga tayinlanishi mumkin»
Jinoyat kodeksidan ayrim bayonlarni keltirganimiz bejiz emas. «Biz jinoyat va jazoga taaluqli qonunlardan yaxshi xabardor emasmiz», deyilsa, rad etishga shoshilmang. Mazkur da’voni osmondan olganimiz yo‘q. Ota-onalar, muallimlar, bolalar orasida tarqatilgan so‘rovlarimizning natijasi bizni shu fikrga olib keldi. 13 yoshdagi bolani jinoiy jazoga tortish mumkinligini hech kim bilmas ekan. So‘ralgan ota-onalarning 80 foizi 15-16 yoshdan oshgan bola jinoyati uchun qamalishi mumkin, deb o‘ylarkan. 15 foizi 14 yoshli bolaning qamalishi mumkinligini bilarkan. 5 foizi esa «14 yoshli bola ham jinoyati uchun qamalishi mumkin», degan gumonda ekan. Bu ko‘rsatgich muallimlarda bir oz yaxshiroq, ya’ni haqiqatga yaqinroq. Buning sababi: ular bevosh, bo‘ysunmas bolalar tufayli militsiya bilan aloqadalar va shu jarayonda huquqqa doir ma’lum bilimga ega bo‘ladilar.
Huquqqa doir bilim olishning darajasi sust ekani haqida tashvishlanib ko‘p gapiriladi. Bolalar va o‘smirlarning jinoyat ko‘chasiga kirib qolishlariga shu bilimning yetishmasligi ham sabab, deguvchilarning fikrlariga qo‘shilmoqlik kerak. Ota-onalar va muallimlar bilan fikrlashganimizda ularga bir o‘g‘irlikning ikki ko‘rinishini bayon etdik: sinfdagi kompyuter o‘g‘irlangan. Birinchi holatda o‘g‘ri ochiq qolgan eshikdan kirib, ko‘tarib chiqib ketgan. Ikkinchi holatda derazani sindirib kirgan. Bu jumboqni yechishda 87 foiz ota-ona «har ikkala holda ham bir buyum o‘g‘irlanyapti, demak jazo bir hildir», deb hisoblashibdi. 9 foizining fikricha, jazo belgilanayotganda buyumning narxiga sindirilgan deraza oynasining qimmati qo‘shib hisoblanarkan. Faqat to‘rt foiz ota-ona bir holatda oddiy o‘g‘irlik, boshqa holatda talonchilik deb baholanishini bilganlar. Bolalar esa buning farqiga mutlaqo yetmaganlar.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:10:17

Jamiyat tartib-qoidalari bilan jinoyat kodeksi orasidagi farq ko‘pchilikni chalg‘itishi mumkin. Ya’ni: o‘smir 16 yoshga to‘lganda unga pasport beriladi. Shuning uchun ba’zilar aynan shu yoshda jazoga tortilishi mumkin, deb o‘ylaydilar. 18 yoshga to‘lganda saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi, yigitlar shu yoshda harbiy xizmatga boradilar. Demak, balog‘atga yetadilar, jazo ham shu yoshda beriladi, deguvchilar ham mavjud. Bu fikrlarda jon bor, ularni mutlaq inkor etib bo‘lmaydi. Jinoyat kodeksi ham jazo turlarini belgilashda ulg‘ayish yoshlarini hisobga oladi.
12-14 yoshda bolalikdan o‘smirlikka o‘tish jarayoni, ya’ni bo‘ysunmaslikning boshlanishi kuzatiladi. Avval aytganimizday, bola o‘zini kattalar safida ko‘rgisi keladi, ong shakllana boshlaydi. Islomda o‘g‘il bolalar uchun o‘n bir, qizlar uchun to‘qqiz yoshdan namoz farz qilingan. O‘ylab ko‘raylik-chi, nima uchun shunday? Aynan shu yoshda bolaning ongi haq-nohaqni aniqroq farqlay boshlaydi. O‘z hatti-harakatini ongli ravishda boshqarishga o‘tadi. Endi u ota-onasi aytgani uchungina emas, Olloh bilan ongli ravishda bog‘lana boshlagani uchun namoz o‘qiydi. Demak, endi uning biron aybini bolalik sho‘xligiga, aqli yetmaganiga yo‘yish to‘g‘ri ham emas. U o‘g‘irlikning jinoyat ekanini, jinoyatga loyiq jazo borligini biladi. Bilmasa, qilg‘iliqni qilib qo‘yib qochmagan, yashirinmagan bo‘lardi. 10-11 yoshli bolalarga «o‘g‘irlik, talonchilik, bosqinchilik, qotillik, bezorilik uchun maktab o‘quvchilari qamalishi mumkinmi?» degan savol bilan murojaat etdik. So‘ralganlarning 92 foizi jinoyat uchun bolalarning ham jazolanishi muqarrarligini bilisharkan. 5 foizi 18 yoshdan keyin jazolanishi mumkin, deb hisoblar ekan. 3 foizi esa aniq bilmas ekan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:10:36

13-14 yoshdagi jinoyatchilar ko‘p emas. O‘smir ulg‘aygani sayin, jinoyati uchun jiddiy jazo mavjudligini to‘laroq his etadi. Jinoyatga yarasha jazo tortajagini bilgach, u o‘zini tiya bormog‘i lozim. Mantiqan olib qaralsa shunday. Ammo jinoyat olamining o‘ziga tortish qonuni bizning hayot haqiqatidan kelib chiqadigan mantig‘imizga mos kelavermaydi. Mana bu raqamlar ehtimol fikrimizni tasdiq etar, siz ham diqqat qiling: biz o‘rgangan bir joydagi jinoyatchi o‘smirlarni 100 foiz deb olsak, shundan o‘rtacha 8,2 foizini 14 yoshlilar, 26,8 foizini 15 yoshlilar, 30,2 foizini 16 yoshlilar, 34,8 foizini 17 yoshlilar tashkil etdi. Boshqa joydagi tadqiqotda raqamlarda farq bo‘lsa-da, mazmun o‘zgarmadi. Mana o‘sha natija: 14 yosh - 2,2, 15 yosh - 10,2, 16 yosh - 35,9, 17 yosh - 51,7. Bu raqamlarni keltirishimizdan maqsad, o‘smirlarga nisbatan bo‘lajak e’tiborimizni yil o‘tgan sayin susaytirmasdan, balki kuchaytirib borishimiz lozimligini eslatib qo‘ymoqdir. Farzandimiz 14-15 yoshligida biz uning yurish-turishiga ko‘proq ahamiyat beramiz. Chunki uning o‘smirlik olamiga kirish chog‘idagi hatti-harakati, gap-so‘zlaridagi o‘zgarishlar sezilarli bo‘lgani uchun doimo diqqat-e’tiborimizda turadi. O‘smirlik olami chegarasidan o‘tib olgach, u o‘zini ancha bosib olganday, nazarimizda «aqli to‘lishib qolganday» tuyuladi. To‘g‘ri, aqliga aql qo‘shiladi. Ammo bu yoshda jinoyat jari yaqinidagi ko‘chadan uzoqlashmagan bo‘ladi. E’tiborimiz susaydimi, kimgadir ergashibmi, qo‘rqibmi yo boshqa sababdanmi shu jarga qulashi ehtimoli borki, bundan barchaning farzandini Ollohning o‘zi asrasin!
Kimyoda «katalizator», «zanjir reaktsiya» degan tushunchalar bor. Shisha idishda zararsiz turgan moddaga bir tomchigina o‘zga modda tomizilsa u qaynab, junbushga kelib, dahshatli kuchga aylanishi mumkin. Huddi shunga o‘xshab jinoyatchilikda ham o‘ziga hos «katalizator»lar mavjud. Buni oddiygina qilib «sabab» ham deymiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:10:50

Qotillikning sabablari o‘rganilganda mana bu raqamlar yuzaga keldi: qotillikning 8,8 foiziga g‘ayirlik sabab ekan. 19,1 foiziga qasos hissi, 11,3 foiziga rashk, 29,4 foiziga bezorilik, 20,7 foiziga esa gap talashish, mushtlashish sabab bo‘lgan.
Bolalar va o‘smirlarga xos jinoyatchilik kattalarnikidan ko‘p jihatlari bilan farqlanadi. Shulardan biri - ko‘plashib olib jinoyat qilish. Bola yoki o‘smir kamdan kam hollardagina yolg‘iz o‘zi jinoyat qiladi. O‘rganilgan davrda qamalgan o‘smirlarning faqat 24 foizigina yolg‘iz holda, 76 foizi esa to‘da bo‘lib jinoyat qilishgan.
Endi ularning tabiatini kuzataylik: bola yoki o‘smir ko‘chada yolg‘iz yurganida mo‘mingina bo‘ladi. Agar birov jig‘iga tegsa ham indamasligi mumkin. Yonida o‘rtoqlari (ayniqsa qizlar) bo‘lishsa-chi? O‘sha mo‘mintoy naq sherga aylanib ketadi. Bolalar va o‘smirlar birlashib qolishsa har qanday odobni unutadilar. Baland ovozda gapiradilar, arzimagan hazilga ham qah-qah otib kuladilar, qizlarga gap otadilar, chekmaydiganlar aynan shunday davrada cheka boshlaydilar. Bulardan maqsad - atrofdagilarga o‘zini ko‘rsatishga urinish. Bunday hollarda alohida shahsga xos fe’l-atvor boshqaruv tizginidan chiqib, umum guruhga xos bo‘lgan fe’l-atvorga bo‘ysunadi. Odobi, hatti-harakati bilan boshqalardan ajralib turuvchi bola to‘daga qo‘shilgach, ihtiyorsiz ravishda o‘zgaradi. «Boshqalar qanday bo‘lishsa, men ham shundayman», degan o‘yda bo‘ladi. «Boshqalar tomdan tashlashsa sen ham tashlaysanmi?» degan haqiqatdan yiroqlashadilar. Bu masalada o‘smirlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
*Qonunni buzmaydilar va boshqalarni ham bu yo‘ldan qaytarishga urinadilar.
*Qonunni buzmaydilar, boshqalar bilan ishlari yo‘q.
*«Boshqalar nima bo‘lsa, biz ham shu»
Ikki litsey o‘quvchilari bilan suhbatlashganimizda bu uch toifa mana bunday manzara kasb etdi:

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:11:18

Birinchi toifa - 50 - 52%
Ikkinchi toifa - 11 - 13%
Uchinchi toifa - 39 - 35%
Kattalarga nisbatan o‘smirlarda jinoyatchi to‘dani tashkil etish osonroq. To‘da tashkilotchisi hamisha ham boshliq bo‘lavermaydi. U tashabbuschi, tadbirkor yoki to‘daning g‘oyaviy rahnamosi sifatida boshliqning eng yaqin kishisiga aylanishi mumkin. Qo‘lga olingan katta-kichik o‘nta to‘daning to‘rttasida boshliq martabasi boshqalarga nisbatan baquvvat bo‘lgan yoki sport bilan shug‘ullangan, qo‘l janggi usullarini yaxshi bilgan yigitchaga nasib etgan. Ikkitasini jinoyat olamini yaxshi biluvchi, tajribali, boshqacharoq aytsak, qamalib chiqqanlar boshqarishgan. Ikkitasiga shafqatsiz, qurol ishlatishdan ham qaytmaydigan, bo‘ysunmaslarni ayovsiz ravishda jazolaydiganlar bosh bo‘lganlar. Ikkitasining boshlig‘i o‘zgalardan aqlan balandroq turuvchi, reja tuzib uni amalga oshirish yo‘llarini yaxshi biluvchilar bo‘lishgan. Aynan shu keyingi ikki guruhni fosh etish, qo‘lga olish qiyin bo‘lgan. Jazo muddatini o‘tayotgan o‘smirlardan «To‘dada obro‘ga ega bo‘lish uchun nima qilish zarur?» deb so‘ralganida ularning 42 foizi yaxshi mushtlasha olish zarur, deb javob qaytarishdi. 34 foiz o‘smir to‘dadagi obro‘ni jismonan baquvvatlik belgilaydi, deb hisoblarkan. Qolganlari puldor yoki aqlli bo‘lishni asosiy sabab deb bilarkanlar.
O‘smirlar tashkil etuvchi to‘da uzoq yashamasligi bilan ham kattalardan farq qiladi. To‘daning tarqab ketishiga yoki fosh etilishiga bir qancha sabablar mavjud: 1. To‘daboshi martabasini talashish, to‘daboshining buyruqlaridan bo‘yin tovlash.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:11:30

2.To‘daning ma’lum a’zolari tomonidan to‘daning maqsadlariga qarshi chiqish, qilinayotgan ishlarning natijalaridan qoniqmaslik. 3. To‘da a’zolari orasida fosh bo‘lishdan qo‘rquvchilarning ko‘payib borishi.
O‘smirlar orasidagi jinoyatchi to‘dalar ba’zan tashqi ta’sir natijasida ibtidoiy ravishda yuzaga kelishi ham mumkin. Avvalgi boblarda bema’ni kinofilmlarning bolalar odobiga salbiy ta’siri haqida gapirgan edik. Bu masalaga yana qaytishga to‘g‘ri kelyapti. Sabab, aynan filmlar ta’sirida to‘dalar tashkil etilgani yaqin tarixdan ma’lum. Aslida unchalik zararli bo‘lib tuyulmagan ayrim filmlar kutilmaganda aks ta’sir qilishi ham mumkin ekan. Yetmishinchi yillarda Amerikadan «Beqiyos yettilik», «Yetti o‘g‘longa yetti kelin», «Zorro» kabi dastlabki jangari ruhdagi filmlar keltirildi. Bu filmlar adolat uchun kurash g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan edi. Ammo ayrim o‘smirlar bu g‘oyalarni o‘zlaricha talqin etib, jamiyatda o‘zlaricha adolat o‘rnatmoq uchun «beqiyos yettilik»lar yoki «Zorro komandasi»ni tashkil qilishdi. Hatto kulgiga moyil, samimiy hisoblangan «Avtomobildan saqlaning» degan filmdan keyin ham «Detochkin bolalari» kabi guruhlar paydo bo‘lib, shaxsiy avtomobillarga zarar yetkazish bilan shug‘ullandilar. Agar Detochkin ayrim tekinxo‘r shaxslarni aniqlab, so‘ng mashinasini o‘g‘irlagan bo‘lsa, unga taqlid qiluvchi bolalar saralab o‘tirishmadi. Kimning mashinasi to‘g‘ri kelsa mix bilan chizishdi, g‘ildiraklarini bigiz bilan teshishdi, hatto o‘g‘irlashdan ham qaytishmadi. Qo‘lga tushgan bolalardan «nima uchun bunday qildilaring?»- deb so‘ralganda: «Nima uchun ularda mashina bor-u, bizda yo‘q»,- deb javob qilishdi. Ular o‘zlarini jinoyatchi deb tan olishmadi. Balki «adolat ishi uchun qurbonlar», deb hisoblashdi. Ularning bu da’volaridan ajablanishning hojati yo‘q. Ularning tushunchasidagi adolat mezoni sovetlar g‘oyasiga asoslangan edi.

Qayd etilgan