Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90509 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 20:24:44

Do‘stlik haqidagi noto‘g‘ri tushuncha ham bolani yolg‘on aytishga majbur qiladi. Agar o‘rtog‘i biron nojo‘ya ish qilgan bo‘lsa, bola uning aybini yashirish uchun yolg‘on so‘zlaydi. Bolaga aybni yashirish emas, xatoni tuzatishga yordam berish — chin do‘stlikdir, degan tushunchani singdirish oson emas. Orada "œxoinlik" degan tushuncha ham bor. Agar bola do‘stining aybini oshkor qilsa, unga "œxoin" degan tavqi la’nat yopishtiriladi. Demak, yolg‘onning birinchi sababi do‘stining taqdiridan chinakamiga qayg‘urish bo‘lsa, ikkinchisi "œxoin" degan nom olishdan qo‘rqishdir. Ko‘rinib turibdi-ki, yolg‘onning ildizlaridan biri qo‘rquvning yana bir turiga taqalyapti. Ildizlardan yana biri ikkiyuzlamachilik, laganbardorlikka ham borib ulanadi. Yuqorida zikr etganimiz — atrofidagilarning diqqatini o‘ziga jalb etish istagi bolani shu yo‘lga undaydi. Boshqalarni yomonlash uchun yolg‘on to‘qiladi.
Yolg‘on xususida so‘z yuritganda hazrat Alisher Navoiyning tanbehlarini tilga olmasak bo‘lmas. Hazrat debdilar-ki: "œHar kimningki so‘zi yolg‘on, yolg‘onligi bilingach - uyatga qolgon. Yolg‘onni chindek gapiruvchi so‘z ustamoni - kumushga oltin qoplab sotuvchi zargar. Yolg‘on - afsonalar bilan uyqu keltiruvchi, yolg‘onchi - alahlovchi. Yolg‘on gapiruvchi g‘aflatdadir. So‘zning bir-biridan farqi ko‘pdir. Ammo yolg‘ondan yomonroq turi yo‘qdir. Yolg‘on gapirish bilan o‘z vaqtini o‘tkazuvchi odam, bu qilig‘i yomon tuyulish o‘rniga, kishilarni aldagani bilan faxrlanadi ham. Yolg‘onchi o‘z gapiga go‘llik bilan quloq soluvchini topsa, ularga yolg‘onni chinga o‘tkazsa, murodiga yetgan bo‘ladi. Yolg‘onchi - Haq qoshida gunohkor, xalq oldida sharmanda. Bunday nahsning beor yuzi yomonlikka o‘girilgan bo‘ladi. Bunday nahsga botgan odam qutlug‘ uydan nari bo‘lg‘ay.
Bayt:
Ul kishini qutlug‘ evdin tashqari surmak kerak,
Qutlug‘ ev dunyodurur, ya’niki, o‘lturmak kerak."

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:25:15

Ya’nikim, yolg‘on so‘zlaguvchini qutlug‘ uydan surib chiqarmoq kerak. Hazrat Navoiy "œqutlug‘ uy" deb dunyoni nazarda tutyaptilar, surib chiqarmoqdan murod esa — o‘ldirmoqdir. Demak, yolg‘onchining jazosi o‘limdir. Bu o‘rinda Navoiy hazratlari o‘lim jazosini tayin etganlarida jismoniy mahv etilmoqni nazarda tutmagan bo‘lsalar kerak. Bunda kishidagi yolg‘onni o‘ldirmoqlik, uni yolg‘onlardan xolis etmoqlikka undalgandir. Yana bir tanbehda hazrat Alisher Navoiy deydilarkim: "œKimki yolg‘on so‘zni birovga to‘nkagay, o‘z qora yuzini yog‘ga bulg‘agay. Ozgina yolg‘on ham ulug‘ gunohdir. Ozgina zahar ham halok qilg‘uvchidir.
Bayt:
Zahrning oz esa miqdori dag‘i muhlikdur,
Ignaning no‘gi zaif ersa dag‘i ko‘r qilur"


Ta’kid etilmoqdakim, zaharning ozginasi ham kishini o‘ldiradi. Ignaning uchi kuchsizday bo‘lsa ham kishini ko‘r qiladi. Navoiy hazratlarining zikr etilmish fikrlari kattalarga xos. Biz o‘rganayotgan yoshlarning toifasi vaqtida tarbiya topmas ekan, jinoyat ko‘chasiga kirib ketmagan taqdirda ham nahsga botgani holda xalq oldida sharmanda bo‘larkan. O‘zining sharmanda bo‘lgani mayli, lekin uning zurriyodidan nimani kutish mumkin? U bolasini qay yo‘sinda tarbiya etar ekan? "œBolam, men kichikligimda yolg‘onchilik kasaliga mubtalo bo‘lib, ma’nan qashshoqlashdim, el aro obro‘sizlandim, sen bu xastalikdan qoch", demoqlikka farosati yetarmikin? Navoiy hazratlarining ta’birlariga qaytsak, bolani yolg‘ondan qaytarmaslik — unga asta-sekin ta’sir etuvchi zahar berish bilan barobar ekan. Agar bola biron ovqatdan zaharlansa darrov chora ko‘rish boshlanadi. Ruhiy olamining zaharlanayotganini bilib turib nega chora-tadbir ko‘rilmaydi?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:25:57

Bir bola asabiyroq — arzimagan narsaga jazavaga tushadi, ikkinchisi dimog‘dor, uchinchisi chiranchoq, to‘rtinchisi arazchi, yana hasadgo‘y, jizzaki, takabbur, shuhratparast... Bular qisman tug‘ma bo‘lishi ehtimol, lekin mazkur illatlarning tug‘ilishiga kattalarning bolaga nisbatan e’tibori sababchidir. Bu illatga uchragan bolalar bilan jamoa orasida o‘ziga xos kelishmovchilik, ba’zan to‘qnashuv vujudga keladi. Ana shu to‘qnashuvda ezilayotgan bolaning jinoyat ko‘chasiga burilib ketishi osonroq kechadi. Biz yaxshilik olami deb atayotgan jamoada bola doimiy kamsitilishi evaziga hech nima olmaydi. U jinoyat olamida battarroq kamsitilishi mumkin, lekin, buning evaziga u moddiy rag‘bat oladi. Bola uchun shu rag‘bat ham muhimroqdir. Undan tashqari jinoyat olami bag‘riga olgan bolani yaxshilik olamidagi e’tiborsizlik, kamsitishlardan asraydi. Kechagina
sinfda birov mensimaydigan bola jinoyatchi to‘daga aralashib qolsa, unga nisbatan bo‘lgan e’tibor o‘zgaradi. Unga zo‘rlik qilib yurganlar ham endi o‘zlarini tiyadilar. Kamsitilgan bolaga aynan shu e’tiborning o‘zgarishi muhim bo‘lib tuyuladi. Bu onlarda u oqibatni o‘ylamaydi.
Bo‘ysunmas bolalar orasida yomon o‘qiydiganlar alohida ajralib turadi. Yomon o‘qiydiganlardan maktab ahli bezor bo‘ladi, ulardan tezroq qutilish chorasini izlashadi. Agar majburiy ta’lim qonuni bo‘lmaganda edi, maktabning o‘zi ko‘p bolalarni beshinchi-oltinchi sinfdanoq haydab yuborgan bo‘lardi. Sovetlar davrida maktab bunday bolalarga to sakkizinchi sinfni bitirgunicha chidardi. So‘ng hunar bilim yurtlariga jo‘natishga urinishdi. O‘sha davrdagi tadqiqotlar xulosasiga ko‘ra, maktab o‘quvchilariga nisbatan hunar bilim yurti talabalari orasida jinoyatga moyillik ko‘proq edi. Chunki sakkiz yil badalida maktabning qattiq nazoratida turgan bola hunar bilim yurtiga borgach, bo‘shalgan qushdek o‘zini erkin his qiladi. To bilim yurti muallimlari uning fe’lini anglab yetgunlaricha u istagan qiliqlarini qilaveradi. O‘smir uydan ham, mahalla nazoratidan ham uzoqlashgach, jinoyat ko‘chasiga yaqinlashib qolardi. Ayrim o‘smirlar bu yangi hayotga ko‘nikmay o‘qishni tashlashardi. Bolaning yomon tomonga o‘zgarayotganini sezgan ayrim ota-onalarning o‘zlari farzandlarini bilim yurtidan chiqarib olishib, yana maktabga qaytarardilar. "œNima bo‘lsa ham o‘qish bitgunicha shu maktabda yura tursin", — deb yalinardilar. Ular uchun bu nuqtada bolaning o‘qishi, ilm olishi muhim emas, muhimi — bola yarim kun bo‘lsa-da, nazorat ostida yuradi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:27:43

Yomon o‘qiydigan bolalarga nisbatan ko‘pincha noto‘g‘ri munosabatda bo‘linadi. Diqqat qilinishi lozimki, zehn bobida barcha bola teng emas. Birovi muallimning gapini darrov anglaydi, darsdagi mavzuni sinfning o‘zidayoq o‘zlashtiradi. Ayrim bolalarga Pifagor teoremasini yigirma yil o‘rgating — foydasi yo‘q, o‘zlashtira olmaydi. Demak, o‘qishni istasa ham zehni pastligi tufayli o‘zlashtira olmaydiganlar bor, zehnli bo‘la turib dangasalik qiladiganlar mavjud. Maktab ham, ota-ona ham buni ajratib olishlari shart. "œFalonchi a’lo o‘qiydi, nega sen yomon o‘qiysan",- deb bolani siqavermaslik kerak. Ba’zan "œfalonchi qamalibdi", degan xabarga javoban "œo‘zi maktabda yomon o‘qirdi", degan gaplarni eshitamiz. Bu xulosalarda asos kam. Bir necha maktabdagi holat o‘rganilganda ma’lum bo‘ldi-ki, yomon o‘qiydigan bolalarning to‘rt-besh foizigina oqibatda jinoyat yo‘liga kirar ekan. Qamoqdagi bolalarning yetmish besh-sakson foizida esa, yaxshi o‘qishga qobiliyat mavjudligi, istak borligi aniqlandi.
Biz bo‘ysunmaslikka asos bo‘luvchi ayrim illatlarni jinoyat ko‘chasiga boshlovchi omil, deb ta’riflayapmiz. Aslida esa, bu illatlarning barchasi jinoyatning murg‘ak ko‘rinishidir.
E’tiboringizga havola etilgan muammolardan kelib chiqqan holda fikrlarni jamlashga harakat qilaylik. Bo‘ysunmas bolalarni guruhlarga bo‘lib o‘rganaylik:
Birinchi guruhga jamiyat bilan ochiqchasiga kelisha olmaydiganlar kiradi. Ular jamiyatda odat tusiga kirib qolgan barcha narsalardan norozi bo‘ladilar, bu noroziliklarini amalda namoyon etishga urinadilar. Xushahloqlik talablarini rad etib, badahloqlikni kasb qilish ularni boshqalardan ajratib turadi. Bu bolalarda do‘stlik, qahramonlik haqidagi tushuncha buzilgan, behayolik, uyatsizlik esa, ochiq ko‘rinishda bo‘ladi. Bu bo‘ysunmaslar boshqalardan farqli o‘laroq, qo‘pol muomalali, surbet, urushqoq, bosqinchilikka moyil, darg‘azabdirlar. Xudbinlik, o‘zgalar taqdiriga befarqlik, tanballik, manfaatparastlik, yulg‘ichlik, boqimandalik... illatlari oqibatda bularni jinoyat olamining bandalariga aylantirib qo‘yadi. Tarbiya bobida barchani azobga soluvchilar ham aynan shu toifadagi bolalardir. Biz bu kabi bolalarga bir oz nasihat qilamiz-u, so‘ng "œbu bezbetga gap ta’sir qilmaydi", deb nari ketamiz. Nazarimizda bunday bolalarning borar joyi tayin — qamoq. Biz, kattalar ayni shu nuqtada xatoga yo‘l qo‘yamiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:28:18

Bolasining beboshligidan kuygan ayrim ota-onalar hatto "œMayli qamashsin, o‘sha yoqdan odam bo‘lib chiqadi", — deydilar. Bu g‘oyat yanglish fikrdir. To‘g‘ri, qamoqda bolaning ko‘zi ochilishi mumkin. Ammo, aksi bo‘lib chiqsa-chi? Biz birinchi og‘ir guruhga mansub deb bilgan bolalar illatlarga butunlay ko‘milib ketmagan. Ularda ham yaxshi fazilatlar bor. Aynan shu fazilatlar ularni tarbiyalashda "œoltin kalit" vazifasini o‘tab beradi. Ularda (avval zikr etganimizdek) serg‘ayratlik, o‘z muddaosiga yetishdagi matonat, har sohada o‘zini birinchi qilib ko‘rsatishga intilish... fazilatidan tarbiyachi ustalik bilan foydalanishi kerak. Bu xuddi atom quvvatini qayoqqa qarab yo‘naltirishga o‘xshaydi. Atomdan bomba yasab, portlatib hamma yoqni vayron qilish yoki elektr quvvati olib atrofni charog‘on qilish mumkin. Bolaning taqdiri ham shunday.
Ikkinchi guruhga mansub bolalar avvalo xohish-istaklarining beqarorligi bilan ajralib turishadi. Ularda bir narsaga qat’iy intilish yo‘q. Bunday bolalar birinchi guruhga mansub tengdoshlariga ergashmoqlikni ma’qul ko‘rishadi. Ammo, ular kabi jamiyatdagi ahloqiy talablarga ochiq qarshi chiqa olishmaydi. Ular o‘zlariga nisbatan ojizroq bolalarga hukm o‘tkazish yo‘li bilan ma’lum mavqeni egallashni ma’qul ko‘rishadi.
Bir mahallada besh-olti bola o‘ynayotgan edi. Shu ko‘chada turuvchi bola uydan chiqdi-yu, o‘yinga qo‘shilmadi. Uni boshqalar chorlashmadi. Bir ozdan so‘ng bolalar o‘yinni bas qilib tarqalishdi. Qo‘shilmagan bolaning o‘zi yolg‘iz qoldi. U avvaliga bir o‘zi o‘ynay boshladi. Keyin boshqa bolalar ko‘rinishib, o‘yinga qo‘shildilar. Bunga o‘xshash holni ko‘p uchratamiz, ammo, ahamiyat bermaymiz. Bola avvalgi o‘yinga nima uchun qo‘shilmadi? O‘yindagi bolalar undan zo‘rroqmidi? U oddiy o‘yinchi emas, yetakchi bo‘lish istagida edimi? Keyingi o‘yinda u niyatiga yetdi — davraboshi bo‘ldi. Ahamiyat bering: u maqsadga erishishga shoshilmadi, sabr qildi, kutdi. Dastlabki davrada o‘ynayotgan bolalar uni nima uchun o‘yinga qo‘shishmadi? Undagi davraboshilik da’vosini bilisharmidi yo boshqa illatlari tufayli yoqtirishmasmidi? Agar bola birinchi guruhga mansub bo‘lganida chetda turib fursat poylamas edi. Dangal o‘yinga qo‘shilardi yoki o‘yinga qo‘shishlarini talab qilardi. Kerak bo‘lsa, davraning zo‘ri bilan mushtlashardi. Biz nazar tashlayotgan ikkinchi guruh esa, boshqacha ekaniga o‘zingiz guvoh bo‘ldingiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:28:44

Bunday bolalardagi beqarorlik kattalarning e’tiboridan chetda turmasligi kerak. Ularni foydali ishlarga jalb qilishda bu ayniqsa muhim. Ular bitta ishni muqim davom ettirolmaydilar. Kattalar tomonidan majburlash ularda o‘ziga xos isyonni uyg‘otadi. Bir ishni uzoq davom ettirishlari uchun ulardagi yetakchilikka bo‘lgan yashirin havasdan foydalanish kerak. Buning uchun ularni ishboshilikka tayin etish ham ma’qul.
Uchinchi guruhga mansub bolalarning istak - xohishlari, dunyoga qarashlari, munosabatlari, qiziqishlarida bir xillik mavjud emas. Qo‘polroq aytilganda, nima istashlarini o‘zlari ham tayin bilmaydilar. Shu sababli mavjudlik bilan havasdagi tez-tez o‘zgarishlik orasida to‘qnashuv hosil bo‘ladi. Bola ongidagi o‘sha ichki to‘qnashuv ta’sirida yuradi. Bu guruhdagi bolalar avvalgilardan farqli ravishda qilayotgan ishlarining jamiyat uchun nomaqbul ekanini anglab turadilar. Ammo, bu anglash fazilati ularda hali aqida darajasiga yetmagan. Ya’ni, "œbu ish jamiyatga zidmi, demak, qilmaslik shart", degan tushuncha ularning ongiga egalik qilish qudratiga ega emas. Shu ishdan lazzat olish hissi, undagi xudbinlik illati ustun kelib, axloq talablarini chetlashga undayveradi.
Bu toifa bolalarni jamoa bilan bir ish bajarishga jalb etish, ularning tasavvuridagi qiziqarli yumushlarni amalga oshirishga harakat qilish yaxshi natija berishi tabiiy.
To‘rtinchi guruhdagi bolalarda beqarorlik nisbatan zaifroq bo‘ladi. Ularning qiziqishlari hadeb turlanavermaydi. Bunday bolalarda irodasizlik, tez ta’sirchanlik, hatto yengiltaklik ustunroq turadi. Ular o‘zlarining kuchlariga ishonmaydilar. Irodasi baquvvat o‘rtoqlari oldida o‘zlarini g‘oyat ojiz his qiladilar. Bunday bolalarni biron hunarga yoki ishga jalb qilganda yaxshi gap bilan rag‘batlantirib turish juda muhim. Bajargan vazifasi tahsinga loyiq bo‘lmasa-da, unga ofarin aytib qo‘yish kerak bo‘ladi. Buning aksicha: "œE, galvars shuni ham eplay olmadingmi!" — deb kamsitish undagi barcha qiziqish va intilishlarni o‘ldiradi. Oldingi guruhdagilarga shunday deyilsa, ular: "œMen qanaqa galvarsligimni senga ko‘rsatib qo‘yaman", — deb ishga qaytadan kirishishi mumkin. Bu toifadagilar esa, butunlay soviydi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:28:58

Beshinchi guruhdagilarni bo‘ysunmaslik ko‘chasiga adashib kirib qolganlar, desak bo‘lar. Ularda erksizlikka moyillik, har qanday oqimga qo‘shilib ketaverish odati kuzatiladi. Ularning qiziqishini inobatga olish muhim. O‘zgaruvchan emas, doimiy ish bilan band etish ularning tarbiyasidagi zarur omil hisoblanadi.
Bolalar va o‘smirlarning tabiatiga, fe’liga xos ko‘rinishlarni o‘rgana turib, o‘zimizcha ularni guruhlarga bo‘lib, mana bu guruhning yo‘li albatta jinoyatga olib boradi, bunisi gumon... degan aniq to‘xtamga kelmoqchi emasmiz. Tan olish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, har bir bolaning kutilmagan bir damda jinoyat ko‘chasiga burilib ketishi ehtimoli borligini unutmasak bas.
"œBola nima sababdan jinoyat ko‘chasiga kiradi?" degan savolga besh javob yozib kichik tadqiqot o‘tkazdik. Bu safar bir necha mahallada emas, bitta mahallada turli vaqtda va turli odamlarga murojaat qildik. Bir mahalladagi odamlarning bu masaladagi fikrlari yaqin bo‘lar, deb o‘ylagan edik. Aksi bo‘lib chiqdi. Shu bois javoblarning foizini ko‘rsatmaymiz-da, siz azizlarga murojaat etamiz: javoblarni diqqat bilan o‘ylang. Do‘stlaringiz, qo‘ni-qo‘shnilaringiz, qarindoshlaringiz bilan fikrlashsangiz yanada yaxshi. "œMening xonadonimda bunday muammo yo‘q, hammasi odobli", deb o‘zingizni chetga olmang. Xonadoningizning baodob ekani a’lo! Biroq, atrofga biron kasallik tarqalsa, xonadoningizda bu kasal bilan hech kim og‘rimasa-da, xastalikni yuqtirmaslik chorasini ko‘rasiz-ku?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:30:17

"œBola nima sababdan jinoyat ko‘chasiga kiradi?" degan savolning javoblariga e’tiboringizni tortamiz:

1.Bolaning o‘ziga nisbatan qilingan adolatsizlikdan.
2.Ko‘cha zo‘rlarining hayotiga mahliyo bo‘lib.
3.Ko‘cha zo‘rlaridan qo‘rqib.
4.Bironta o‘rtog‘iga ergashib.
5.Atrofidagi hamma narsadan bezib.
6...
7...


Biz keltirgan javoblar sizni qoniqtirmasligi ham mumkin. Shu sababli sizning shaxsiy mulohazangizga bo‘sh o‘rin qoldirdik.

BO‘SH VAQT

 Halokat jari

"œKo‘cha" tarbiyasi

 Kim fikrlashdan to‘xtaydi?

 Diskoteka "œvabo"si

Biz bo‘ysunmaslarni tarbiyalashda asosan nasihat yo‘lini tanlaymiz. Holbuki bo‘ysunmas, qaysar, intizomsiz bolalarni quruq nasihat bilan tarbiya qilib bo‘lmaydi. Uyda nasihat, ko‘chada nasihat, maktabda nasihat, radio-televidenieda nasihat — bularning barchasi bolaning g‘ashini keltira boshlaydi. Nasihat boshlanishi bilan peshonasini tirishtiradi, indamay eshitishga majburligi uchun tinglaydi. Xayoli esa, butunlay boshqa tomonda bo‘ladi. Ba’zi bolalar nasihatdan bezganlarini ochiq oshkor qilishdan ham toymaydilar. Nasihatning tarbiyadagi o‘rnini butunlay rad etmaymiz, lekin, uning ta’siri ozligini ham tan olishimiz kerak. "œXo‘sh, unda qanday yo‘l bilan tarbiya qilishimiz kerak? Jinoyat tomon ketayotgan bolani nima to‘xtatadi?" — degan savol tug‘ilishi tabiiy. Savolga javob topishga urinib ko‘ramiz. Avvalo ta’kid etamizki, har bir bola — bir olam. Har biriga alohida yo‘l topmoq kerak. Yomon yo‘lga yurmaslik, yaxshi o‘qishga da’vat bir xilda bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:30:33

Barcha mamlakatlar uchun bolaning bo‘sh vaqti masalasi muhim muammolardan hisoblanadi. Maktabdan keyingi yarim kunda bolaning nima bilan shug‘ullanishi uning taqdirini belgilaydi. Shahardagi mahallalarda, qishloqlarda bola kattalarning e’tiborida bo‘ladi. Bu bola kimning farzandi ekanini kattalar bilishadi va undagi nojo‘ya harakatni e’tiborsiz qoldirishmaydi. Ko‘p qavatli uylarda esa, buning aksi. Qo‘shnilar bir-birlarini tanishmaydi. Nojo‘ya ish qilayotgan bolani tartibga chaqirishmaydi. Shundanmi, qamoqdagi bolalar yashash joylariga ajratilib o‘rganilganda mahalla va qishloqqa nisbatan ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiladiganlari ko‘proq ekani aniqlandi.
Bo‘sh vaqt masalasini hamma o‘zicha hal etadi. Ko‘pchilik tarbiyaning bu sohasida asosiy e’tiborni mehnatga qaratish tarafdori. Biz ham bu yo‘lni to‘la ma’qullaganimiz holda, bolalarimizni mehnatga qanday qiziqtirishimiz kerak, degan savolga diqqatingizni tortamiz. To‘g‘ri, mehnat barcha zamonlarda va barcha jamiyatlarda buyuk huquq va buyuk zarurat hisoblangan. To‘g‘ri, madaniyat yuksakligi mehnatga bo‘lgan muhabbatga bog‘lanadi. O‘zgacharoq ta’bir bilan aytsak, madaniyat qanchalik yuksak bo‘lsa, mehnat shunchalar yuksak qadrlanadi. Chunki, mehnat hamisha inson hayoti va madaniyatining asosini tashkil etgan. Donishmand aytmoqchi, agar hayot kemasi mehnat langariga suyanmasa, hamma shamollaru dovullarga dosh berolmaydi. Bu ta’riflarni bilamiz. Ammo, bu haqiqatlarni bolalar ongiga qanday singdira olamiz? Shiorlar bilanmi yo aniq harakatlar bilan? Bir kishi bolalariga nasihat qilib der ekanki: "œodam maymundan paydo bo‘lgan, agar mehnat qilmasalaring yana maymunga aylanib qolasanlar". Bu nasihatda chuqur ramziy ma’no bor. Bunda odamning jismonan emas, ma’nan maymunga aylanib qolishi nazarda tutilyapti. Diqqat qilaylik, dunyoda tirik jon borki, hammasi harakatda, hammasi mehnat bilan band. Lekin, inson bilan boshqa tirik jonlar mehnati orasida "œONG", "œVIJDON", "œHALOLLIK", degan tushunchalar bor. Qo‘polroq ta’bir bilan aytsak, o‘g‘ri ham, g‘ar ham o‘zicha mehnat qiladi. Shunday ekan, biz insonga xos tushunchalar asosidagi mehnatni, faqat o‘ziga emas, jamiyatga ham naf keltiradigan mehnatni nazarda tutishimiz kerak. Risolamiz avvalida bayon qilganimiz, qamalgan bolasi hajrida kuygan ota "œfarzandim mehnat qilyapti, sanqib yurmayapti", deb fikr qilgan. Biroq, halollikni chetlab, oson yo‘l bilan pul topish insonga xos emasligini o‘ylab ko‘rmagan. Tijorat — o‘ziga xos mehnat, uning ham mashaqqatlari bor, buni inkor etmaymiz. Hamma ham tijoratchi bo‘lolmaydi, bu sohaga ham qobiliyat kerak, buni ham bilmoq joiz. Tijoratda nima halolu nima harom — buni din aniq belgilab bergan. Bu belgilash jamiyat talablariga ham mosdir. Demak, tarbiyada mehnatning halol bo‘lmog‘iga e’tiborni qaratish kerak bo‘ladi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:30:51

Halol mehnatga muhabbati bo‘lmagan odam to‘g‘ri yo‘lni yo‘qotib qo‘yadi. Oqibatda barchasi halokat jariga boruvchi turli so‘qmoqlarga duch keladi: bir yo‘l hayotda hamisha norozilik hissiga to‘la bo‘ladi va o‘smir shu his bilan yashaydi. Bir yo‘l zerikish, qoniqmaslik botqog‘i, yana biri o‘z-o‘zini asta-sekinlik bilan mahv etishdan iborat bo‘ladi. Bu yo‘llardagi o‘smirning ongi, nafsi molnikidan farqlanmay qoladi. Agar "œHalol va ongli mehnat — hayot asosi", degan shiordan kelib chiqsak, boshqa yo‘llarni tanlagan o‘smir tiriklayin o‘lib boraveradi.
Halol mehnatning afzalligini farzand ongiga singdirishda atrof-muhitning salbiy ta’sirini hisobga olmasak bo‘lmas. Jamiyat boy-kambag‘al degan toifalarga bo‘lingan pallada bolaning dunyoni anglashi ancha murakkab tarzda kechadi. Bolaning oilasi halol mehnat bilan kun ko‘radi. Ota-onasi hamisha ish bilan band. Shubhasizki, farzandining huzurida ba’zi-ba’zida bo‘lsa-da, nolib qo‘yishadi. Ularning qo‘shnisi esa, badavlat. Hamisha ish bilan emas, maishat bilan band. Bola bu farqni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turibdi. Unda "œyaxshi yashash uchun halol mehnat qilish shart emas", degan tushuncha
shakllana boraveradi. Halol mehnat bilan kun ko‘ruvchi ota-onasi uning kundan kun ortib borayotgan talablarini qondira olmaydi. Halollikdan narida yuruvchi ota-ona esa, farzandini oshirib-toshirib ta’minlab qo‘ygan. Ana endi boladan so‘rang-chi, qay biri afzal ekan. Bu o‘rinda badavlat oilaning farzandi ongidagi tushunchani ham nazardan soqit qilmaslik kerak. U ham halol mehnat haqida ko‘p eshitadi. Qo‘shnisi misolida bu halol mehnat tufayli qanday yashash mumkinligini ko‘radi. Shu o‘rinda amaldagi ko‘rinish bilan nazariya to‘qnashadi va amaldagi ko‘rinish bolalar ongiga hukmronlik qilib oladi. Vijdon, halollik — oliy darajadagi fazilat ekani haqidagi gaplarni ular hazm qila olmaydilar.

Qayd etilgan