Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90498 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 20:32:05

Shayx Sa’diyning:

"œYesam arpa nonini mehnat bilan,
Shirindir birovlarning oq nonidan" —

baytlarini bu toifa bolalarga singdirish oson kechmaydi. Xayolan bir tajriba qilib ko‘raylik: o‘smirlarning ro‘parasiga ikkita non qo‘yaylik-da, bittasiga og‘irroq mehnat bilan yetishasiz, ikkinchisi uchun mehnat shart emas, deng-chi, qanchasi mehnat evaziga olinuvchi nonni tanlar ekan?
Mehnat tarbiyasini bolaning suyagi qotgach boshlash kerak, deguvchilar yanglishadilar. Bola emaklaganda yoki xontaxtani ushlab yura boshlaganida bilibmi-bilmaymi bu tarbiyani boshlab yuboramiz. "œPiyolani olib ber", "œQoshiqni uzatib yubor", deyishimiz mehnat tarbiyasining debochasidir. Shu o‘rinda go‘dakning harakatini kuzataylik: u hali "œmehnat — ichki ehtiyoj samarasi", degan tushunchadan yiroq. Lekin, siz aytgan piyolani uzatib yuborgach, uni maqtab, erkalab qo‘ysangiz, u shodlanadi va ikkinchi, uchinchi piyolani ham uzata boshlaydi. Demak, mehnat uchun rag‘batlantirish lozim ekan. O‘sha go‘dak siz aytishingiz bilan piyolani uzatmadi, shunda siz uni mehnatga o‘rgatish uchun zo‘rlay boshlaysiz. Piyolani majburlab ushlatasiz, uzatishga ham zo‘rlaysiz. Yo‘q, azizlar, buni mehnat tarbiyasi doirasiga kiritishimiz qiyin. Mehnatga zo‘rlash bolada mehnatga nisbatan nafrat uyg‘otishi mumkin.
Mehnat tarbiyasi shaharga nisbatan qishloqda osonroq hal etiladi, deb o‘ylaymiz. Aynan qishloqda mehnatga majburlash usuli kuchliroq. Bola istasa-istamasa otasi yoki onasi qanotida mehnat qilishga majbur bo‘ladi. Ayrim bolalarda mehnat majburiyati mavjud, mehnatga sevgi esa, zaif bo‘ladi. Shundaylar shahar sharoiti bilan tanishgach, qishloqqa qaytishni istamay qoladi. Rossiyadagi qishloqlarning bo‘shab qolishini aynan shu bilan izohlash mumkin. To‘g‘ri, bizda u darajada emas, ammo, shunday hollar mavjudligini inkor etmasligimiz ham kerak.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:32:24

Shaharda, ayniqsa ko‘p qavatli uylarda yashovchilarni mehnatga jalb etish ancha qiyin. Bu uylarda yashovchi bolalarning asosiy ishi: kunda bir marta non do‘koniga chiqib kelish, haftada bir marta axlatni olib chiqib to‘kish. Bu ish ham zo‘r mashaqqat bilan bajariladi. Katta aka o‘rtanchaga buyuradi, o‘rtancha esa, kichigiga. Unisi "œHadeb men qilaveramanmi..." — deb noliydi, oqibatda g‘avg‘odan bezgan ota yoki ona bu ishni o‘zi bajarib qo‘ya qoladi. Bu uylarda yashovchi bolalarni atrofni tozalash uchun hasharga jalb etish qiyin. Ota-onasi zo‘rlab chiqarsa ham qo‘l uchida ishlaydi. Hovlini tozalashni o‘zlari uchun past ish deb biladilar. Shuning uchun ham ko‘pgina uylarning atrofi axlatxonani eslatadi. Ko‘chani supurib qo‘yishning ulug‘ savob ekanini vaqtida farzandi ongiga singdirmagan ota-ona endi bolasining ishyoqmasligidan nolimasa ham bo‘ladi. Agar bola 16—18 yoshigacha halol mehnatga o‘rgatilmas ekan, demak, unda "œintizom" degan fazilat shakllanmaydi. Bu farzand irodasiz, tanbal, havoyi bo‘lib qoladi. Hayotga qiziqishi ham zaif bo‘ladi. Aynan shu toifa bolalar nashavand va giyohvandlar changaliga oson tushadilar.
Ayrim ota-onalar farzandlarini bironta hunar egasiga shogirdlikka beradilar. To‘g‘ri, jamiyatda bolalarni og‘ir mehnatga jalb etish mumkin emas. Korxonalar bu talabga amal qilishni ba’zan me’yoridan oshirib yuborishadi. O‘smir bajaradigan yumush mavjudligiga qaramay, ularni yaqinlashtirishmaydi. Hunarmand ustalar esa, aksincha. Suvoqchimi, kulolmi, duradgormi... bolalarni yonlariga oladilar. Bolalikdan ustaning yonida yurganlarning ham ko‘zi pishadi, ham qo‘li o‘rganadi. Oqibatda ular mohir usta bo‘lib yetishadilar. Eng muhimi — bekorchilikdan sang‘imaydilar. Mehnatsevarlikning xayrli ekani haqida yuzta nasihatdan ko‘ra shu usul durust emasmikin? To‘g‘ri, ustalarning ham har xili mavjud. Hammasi ham begona bolaga hunarini ochiq ko‘ngil va qunt bilan o‘rgatavermaydi. Ustaning qanotiga kirgan o‘smirlarning barchalari ham to‘g‘ri va halol yo‘lga kiravermaydilar. Yuqorida zikr etilgan aldov yoki ayyorlik bilan hunardan bo‘yin tovlashga intiladilar. Bu o‘rinda yana ota-ona va ustaning birgalikdagi to‘g‘ri munosabati muhim. Afsuski, ustalar ko‘p emas, bekorchi bolalarning barchasini qanotlariga ololmaydilar. Bu o‘rinda davlat bolalarning bo‘sh vaqti xususida aniq tadbirlarni belgilab berishi kerak. Korxonalarda o‘smirlar uchun maxsus ish joylarini tayin etish shu tadbirlardan biri bo‘lsa nur — alannurdir. Xalq ta’limi tizimida (ilgari "œpionerlar uyi" deyilardi) "œQo‘shimcha ta’lim" markazlari mavjud. Bu markazlarda turli hunarlar o‘rgatadilar. San’atga jalb etadilar. Naqsh, ganchkorlik, o‘ymakorlik, duradgorlik, chevarlik, to‘quvchilik kabi to‘garaklarda bolalar deyarli to‘la bo‘ladi. San’at turlariga qiziqish ham kuchli. Lekin, bu markazlarga asosan yaqin atrofdagi maktab o‘quvchilari qatnaydilar. Uzoqroqdagi maktablarning o‘quvchilarini ota-onalari yubormaydilar.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:33:20

Borib-kelishidan xavotirlanadilar. Undan tashqari, mazkur to‘garaklarga asosan o‘n uch—o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar qatnaydilar. O‘smir yoshidagilar uchun esa, shug‘ullanadigan yumush yana yo‘q. Avvallari bolalar uchun futbol bo‘yicha "œCharm to‘p", "œZarnitsa" ("œYashin shu’lasi") kabi harbiy o‘yinlar o‘tkazilardi. "œQuvnoq startlar", "œSvetofor" kabi o‘yinlar hozir ham mavjud. Lekin, bu o‘yinlarda ham o‘smirlar ishtirok etishmaydi. Demak, o‘smirlarning bo‘sh vaqtlari to‘laligicha o‘zlari hukmiga topshirilgan, deb o‘ylasak ham bo‘lar. Bo‘ysunmaslar tarbiyasining eng nozik, ayni damda xatarli nuqtasi ham shu yerda. Bo‘sh vaqtiga o‘zi xo‘jayinlik qiluvchi bolalar ko‘p hollarda ko‘cha yoki mahalla zo‘ravonlari ta’siriga tushadilar va buning oqibati nima bo‘lishi barchaga ma’lum.
Ana endi yana bir narsaga diqqat qilaylik. Biz bo‘ysunmas deb atayotgan bolalar oilada, sinfda faqat tanqid eshitadilar. Sinfda ularning himoyachilari yo‘q hisobi. Ular do‘stlashmoqchi bo‘lgan bolalar kattalar tomonidan o‘rgatilgan «Yomonga yaqin yurma!» shioriga amal qilib o‘zlarini nari oladilar. Ko‘chada esa aksincha, ahil do‘stlik mavjudday ko‘rinadi. Bo‘ysunmas yigitcha yoki qizchaga bu ulug‘ bir ne’mat bo‘lib ko‘rinadi-yu, ko‘cha jamoasiga bog‘lanadi.
«Ko‘cha tarbiyasi» deyilganda ko‘z oldimizga faqat bezori, jinoyatchi bolalarni keltiramiz. Kechki payt ko‘chada to‘planib turgan bolalarni ko‘rsak, xayolimizga faqat yo‘lto‘sarlar keladi. Holbuki, ko‘cha ta’sirida barcha jinoyatchiga aylanib qolmaydi. Ayni choqda to‘garakka qatnovchi bolalarning hammasi ham yaxshi bo‘lib qolmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:33:42

Bu ham haqiqat. Hozir el og‘zida «stolba qorovullari», degan ibora paydo bo‘lgan. Ko‘p yerlarda kech tushishi bilan simyog‘och yaqiniga o‘smirlar to‘planishni odat qilishgan. Ular shunchaki gaplashib o‘tiradilar. Uyda ota-onasi yoki aka-opasi bilan suhbatlashishning ularga qizig‘i yo‘q. Boshqa shug‘ullanadigan ishlari ham yo‘q. O‘rtoqlari bilan gaplashib o‘tiradigan joy ham yo‘q. Ayrim ota-onalar bolalarni uyga taklif etadilar. Lekin ular taklifni qabul qilmaydilar. Chunki ota-onalar huzurida ular istagan mavzularida suhbatlasha olmaydilar. Yoki kattalardan istihola qiladilar. Ayrim yerlarda «o‘smirlar klublari» tashkil etishga harakat ham bo‘lgan. Lekin o‘smirlar bu klublarga ham borishmaydi. Chunki klublarda o‘zlari istagan mavzuda emas, tarbiyachilar tavsiya etgan mavzuda gaplashishni yoqtirmaydilar. Demak, bu o‘rinda «O‘smirlar klublari tashkil qilish kerakmi? Bu klublar tashkil qilingan taqdirda qanday yo‘nalishda ish olib borishi kerak? Ular o‘smirlarni,ayniqsa bo‘ysunmaslarni jalb qila oladilarmi?» degan savollarga javob topish kerak bo‘ladi.
«Stolba qorovullari» suhbatlashadigan aniq mavzu yo‘q. Kallaga nima gap kelsa o‘sha tomon og‘averadilar. Shu bois ularning suhbatini ma’nosiz, deyishga haqlimiz. «Bolalar shunchaki gaplashib o‘tirishibdi, ularning orasida bezorilar yo‘q», deb hotirjam bo‘lishga esa haqqimiz yo‘q. Ularning orasida bugun bezori yo‘qdir, biroq ertaga qo‘shilib qolar. Qo‘shilib qolganini, nashaga o‘rgatishni boshlaganini vaqtida payqaymizmi?
«Beozor» «stolba qorovullari» nasha chekib o‘tirishganda, bir odam ularni tartibga chaqiradi. «Otang baobro‘ odam, bu ishing chakki», deydi. Unga javoban «beozor» «Miyani achitmang, bratan, biz bilan bitta torting», deb taklif qiladi. Natijada janjal chiqadi va tartibga chaqirgan odam o‘ldiriladi. Qarang, bolalar bu yerga bekorchilik oqibatida to‘planishgan, birovga yomonlik qilish fikrlari bo‘lmagan. Huquq tili bilan aytilganda bu «qasddan odam o‘ldirish»ga kirmaydi. Kechki payt to‘plangan bolalarning beozor suhbatlari jar yoqasida turishni eslatadi. Jarga qulash uchun salgina turtki kifoya.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:34:13

Keyingi yillarda bolalarning bo‘sh vaqtlari ko‘proq televidenie va video tamoshalari bilan band bo‘lyapti. Hatto hazil aralash «telebola» degan atama ham paydo bo‘ldi. Bu «telebola»lar atroflaridagi barcha go‘zalliklarni rad eta boshlaydilar. Frantsiyada qiziqarli tadqiqot o‘tkazishibdi. Uch mingta bolaga «televizor yaxshimi yo otangmi?» degan savolni berib, qariyb ikki mingtasidan «Televizor yaxshi», degan javobni olishibdi. Buni bir necha davralarda aytib, eshitganlar yuzida tashvish ko‘rmadik. Deyarli barcha latifa eshitganday kulimsirab qo‘ydi. Aslida bunday xabar barchani o‘ylantirib qo‘yishi kerak. Frantsiyada bu tadqiqotni shunchaki bekorchilikdan o‘tkazishmagandir. Tarbiyaga doir ishlarida nimalarga e’tibor qaratish lozimligini aniqlash uchun qilishgandir. Shunga yarasha choralar ko‘rishar. Xo‘sh, bu holatning bizga aloqasi yo‘qmi? To‘g‘ri, bizda ikki mingta bola «otamdan televizor yaxshiroq», deb javob bermas. Agar uch mingta boladan uchtasi shunday javob qaytarsa ham tashvishlanishimiz zarur emasmikin? Bugun uchta bola shunday deb tursa, erta-indin ularning soni oshmasmikin? Oradan ko‘p vaqt o‘tmay o‘sha Frantsiyadagi natija bizda ham qayd etilmasmikin? Bu muammo xususida qachon bosh qotiramiz? Uch mingta bolaning hammasi bir ovozdan otadan ko‘ra televizor afzalligini ta’kid etgandami?
Ana endi shu bolalarimizga chetdan razm solaylik: kitob o‘qish ular uchun azob, teatrda yuraklari siqiladi, muzeylarda rohatlanmaydilar. Musiqaning faqat yengil turlarini tinglashlari mumkin. Yozuvchilar bu «telebola»larni badiiy adabiyotga qaytarish kerak, deydilar, yana birovlar teatrga, boshqalari muzeyga, deydilar, ammo qanday qaytarishni aniq bilmaydilar. Agar bizda o‘smirlar uchun badiiy adabiyot deyarli yo‘qligi, bolalar yozuvchilarining ham g‘oyat kamligi inobatga olinsa, bu fikrning amalga oshuvi mushkul ekani oydin bo‘ladi. Kishini o‘ylatadigan yana bir masala: kino tasmalariga ko‘chgan badiiy asarlar o‘z mag‘zini saqlab qololmaydi. Kinorejisserlar asarni o‘zicha talqin qilib, o‘zicha namoyish etadi. Asardagi fikr, qahramonlarning ruhiy holati ular uchun muhim emas, muhimi - kinotamoshabinni zeriktirmaslik. Shuning uchun ham ayrim badiiy asarlarni kinotalqinini ko‘rib tanimay qolamiz. Masalan, «Qutlug‘ qon» asarida Gulnor zaxarlanib o‘ladi. Kinoda esa Yo‘lchining singlisi Unsin. «O‘tgan kunlar»da ham, boshqa filmlarda ham shunga o‘xshash o‘zgarishlarni ko‘rib, ajablanamiz. «O‘tgan kunlar»ni o‘qib yig‘lagan odamlarning taassurotlarini ko‘p eshitganmiz. Ammo kinosini ko‘rib ko‘zlari yoshlangan odamni uchratmadik...

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:34:32

Yevropa mamlakatlarida bolalar va o‘smirlar adabiyotiga juda jiddiy ahamiyat beradilar. Bizning bolalarimiz o‘qiydigan kitoblarning ham asosan tarjima asarlar ekani sir emas. Bolalarning sevimli qahramonlari ham Yevropa adabiyotining farzandlari. Yaxshi badiiy asar millat tanlamaydi, chegara bilmaydi. Biroq, xalqning o‘z adabiy qahramonlari bo‘lsa yana yaxshi. Bu sohadagi tarbiyamizda bitta kamchiligimiz bor. Avvalo ko‘p xonadonlarda oilaning kattalari kitob o‘qimaydilar. O‘zlari o‘qimay turib farzandlarini kitobga jalb qila olarmikinlar? O‘sha ota-onalar o‘ylab ko‘rsinlar, farzandlari bo‘sh vaqtlarini ko‘cha bezorilari yoki behayo kinolar qurshovida o‘tkazganlari ma’qulmi yo fikr tarbiyasini beruvchi kitob bilan do‘stlashganlari afzalmi? Donolardan biri «Kitob o‘qimagan kishi fikrlashdan to‘xtaydi», degan ekan. Kimdir bunga qarshi chiqib aytarki: «Men umrimda kitob o‘qimaganman, lekin fikrlayman-ku?» To‘g‘ri, o‘qigan ham, o‘qimagan ham fikrlaydi. Biroq qay tarzda fikrlaydi? Fikrining ma’nosi bormi? Bu fikri bilan o‘zgalar orasida e’tibor qozona oladimi? Durust, ota yoki ona o‘qishning afzalligini tushunib yetdilar. Farzandlarini o‘qishga da’vat eta boshladilar. Lekin bola yoshi ulg‘aygach, bu da’vatga darrov bo‘ysuna qolmaydi. Hatto qiziqarli kitobni ham chetga surib qo‘yadi. Ba’zi ota-onalar mana shundan zorlanishadi. «Falon so‘mlik kitob olib keldim, o‘g‘lim bir bet ham o‘qimadi»,- deydi. «O‘sha kitobni o‘zingiz o‘qidingizmi?»- deb so‘raymiz. «Be, o‘qishga vaqt bormi?»- degan javobni eshitamiz. Choyxonada kunda, kun ora oshxo‘rlik qilishga, maishatga vaqt topiladi. Beshik to‘ylarida soatlab valaqlab o‘tirishga fursat bor, ammo farzandning tarbiyasiga vaqtimiz yo‘q. Shaxsiy namuna degan tushunchadan uzoqmiz. Bizning nazarimizda «Mana, senga kitob olib keldim, o‘qi»,- deyish - tarbiya. Shu bilan biz burchimizni bajardik. Bolamizning kitob o‘qimasligi esa... Xudodan. Uni Xudo shunday yaratgan...

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:34:56

Bir kishi farzandini donishmand huzuriga olib kelib: «Taqsir, nasihat qilib qo‘ying, o‘g‘lim juda ko‘p xurmo yeydi. Bir o‘tirishda ellik xurmoni ko‘rdim demaydi. Ko‘p yemoqlik zarar ekanini tushuntiring»,- deb iltimos qilibdi. Donishmand: «Bir oydan keyin kelinglar»,- debdi. U odam yana bir oydan keyin ro‘para bo‘lganida donishmand: «Ey o‘g‘il, ko‘p xurmo yemoqlik zararlidir»,- debdi. Bu qisqa nasihatni eshitgan kishi: «Shu gapni bir oy oldin aytsangiz bo‘lmasmidi?»- deb ajablanibdi. Shunda donishmand: «Bir oy avval bunday deyishga haqqim yo‘q edi. Chunki men ham xurmoni yaxshi ko‘rib ko‘p yerdim. Bir oy davomida nafsimni tiyib, ozga keltirdim va nasihat qilmoq huquqiga yetdim»,- degan ekan.
Aytmoqchimizki, tarbiyaning barcha ko‘rinishlarida, xususan kitob o‘qishga da’vatda shaxsiy namunaning foydasi ko‘p. Tarbiyaning barcha turlari kabi kitob o‘qishga o‘rgatish ham bolalikdan boshlanadi. Yevropa mamlakatlaridagi nashriyotlarda «Oyijon, o‘qib bering», turkumida kitoblar ko‘p chiqariladi. Nomidan ko‘rinib turibdiki, bu kitoblar maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarga atalgan. Bu yoshdagi bolalarda «kitobni ko‘rsam boshim og‘riydi», degan gaplar bo‘lmaydi. Barchasi qiziqish bilan kitobni varaqlaydi. Ba’zilari rasmlardan zavq oladi unda nima aks etganini bilishni istaydi. Ba’zilari kitobni yirtib zavq oladi. Ota yoki onaning kitobni o‘qib berishi yoki rasmlar mazmunini tushuntirishi bolasining kelajagi uchun juda-juda zarurdir. Bola uchun ajratilgan besh-o‘n daqiqa vaqt kelajakda oylab-yillab davom etadigan qayg‘u-alamlar oldini olishini anglab yetgan ota-ona naqadar baxtli!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:35:14

Yuqorida zikr etganimiz ota yoki ona bolasiga atab kitob olgani uchun ham ularga ofarinlar aytmoq joiz. Chunki bolasiga kitob olmaydiganlarning soni-sanog‘i yo‘q. Bozorga borib bolasiga qurtmi, saqichmi yoki biron qimmatbaho o‘yinchoqmi olishni unutmaydi. Lekin kitob rastasi yonidan o‘tayotganida «bolamga mos kitob bormikin?» deb qayrilib ham qaramaydi. Hozir bu da’voni aytsangiz «Kitob qimmat», deb bahona qilishadi. Avvalo kitob juda arzon bo‘lganda ham ahvol shunday edi. Qolaversa, o‘zini «ota», deb, farzandi tarbiyasiga mas’ul deb hisoblovchi kimsaning bir kunda chekadigan sigareti puliga yoki maishatiga sarf qiladigan mablag‘iga qancha kitob sotib olsa bo‘larkin. Biz «Bolajonmiz!» deb kerilamiz-u, bolajonligimizni farzandlarimizni yaxshi ko‘rish bilangina cheklaymiz. Ehtimol bu gaplarimiz ba’zilar uchun malol kelar. «Oshirib yubordingiz», deb malomat qilarlar. Unda mana bu dalillarga diqqat qiling: maktab o‘quvchilarining soni taxminan besh million atrofida bo‘lsa kerak. Shu o‘quvchilarga mo‘l chiqariladigan jurnalning nushasi yigirma mingdan oshmaydi. Nashr etilgan yaxshi kitoblar ham chang bosib yotadi. Gap kitob va jurnallarning qimmatligida emas, gap ota-onaning e’tiborsizligida!
Bolalar qamoqxonasida o‘tkazilgan so‘rovlarimizdan ma’lum bo‘ldi-ki, u yerga tushganlarning qariyb to‘qson foizi bitta ham badiiy kitob o‘qimagan. Yetmish foizi teatr ostonasini bosib o‘tmagan. Yuz foizi rassomlarning ko‘rgazmasi nima ekanini bilmaydi. Bo‘sh vaqtdan to‘g‘ri foydalanish haqidagi fikrimizni quvvatlash uchun yana qanday dalil kerak?
Bir kuni bolalar qamoqxonasida adabiy uchrashuvga bordik. Bu yerga birinchi marta kirgan shoir birodarimiz bolalarning jinoyatlari haqidagi hikoyani eshitib gangib qoldi. Hayajonga berilib, «Men bu yerda she’r o‘qiy olmayman»,- dedi. Men undan Usmon Nosirning «Muhabbat» she’rini o‘qib berishni iltimos qilib, arang ko‘ndirdim. Bir xil kiyingan, sochlari bir xilda qirtishlangan, ko‘zlari bir xilda ma’nosiz boquvchi bir necha yuz bola to‘plangan joyga kirganimizda shoir birodarimiz bu nigohlarga qaray olmay ko‘zlarini yumib oldi. Shu holda she’rni o‘qidi. Bu she’rni o‘qitishdan maqsad - kichkina ijtimoiy tadqiqot o‘tkazish edi. Yig‘ilganlarning barchasi sevgi yoshidagi o‘smirlar. Ko‘pchiligi sevishga, ayol bilan bo‘lishga ulgurgan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:35:47

Sevgi tuyg‘usi begona emasdir, degan fikrni sinab ko‘rmoqchi edim. «Sevgi! Sening shirin tilingdan kim o‘pmagan, kim tishlamagan!» deb boshlanuvchi she’r har qanday yoshning dilini qitiqlashi tayin. Ammo jinoyatchi o‘smirlarga bu ta’sir etmadi. Ularning yuzlarida, qarashlarida o‘zgarish sezilmadi. Oddiy gapni eshitganday o‘tiraverishdi. She’rda «Ufqda botar quyoshni shart kesilgan boshga o‘xshatdim», degan satr bor. Shu satr o‘qilganda, ne ajabki, o‘tirganlarda jonlanish sezildi. Bundagilarning oz qismi qotilligi tufayli qamalgan, lekin boshqa jinoyatlar bilan o‘tirganlarga ham «shart kesilgan bosh» ta’sirli bo‘ldi.
Uch o‘smir kechqurun homilador ayolga duch kelib, «Xotinning tug‘ishini ko‘ramiz», deb qiynashgan. «Esi butun odam bunday qilmaydi, ular jinnidir», dersiz? Yo‘q, ularning ko‘rinishi ham binoyi, eslari ham joyida. Biz ular bilan suhbatlashganda «Nega bunday qildinglar?» deb savolga tutmadik. O‘qigan kitoblari, ko‘rgan teatr tamoshalari, kinofilmlari bilan qiziqdik. Jangari, badaxloq kinotamoshalarini ko‘rishda kamchiliklari yo‘q. Uchtadan ikkitasi bolaligida sinfdoshlari bilan yosh tamoshabinlar teatriga necha martadir borgan, lekin nimani ko‘rgani esida yo‘q. Bittasi umuman teatrga qadam bosmagan. Uchchalasi ham badiiy kitobni qo‘liga olmagan. Bittasi maktabdagi adabiyot darsida o‘qiganlarini sal-pal eslaydi. Ular bilan suhbatlasha turib o‘yladim: «Agar badiiy kitob yoki sahna san’ati orqali faqat insonga xos sevgi-muhabbatni qalblariga singdirishganda edi, jinoyat ko‘chalarida tentiramasmidilar...»
Kitob o‘qishni o‘rgatishdagi ota-onaning mas’uliyatini teatrga, yoki muzeyga, yoki rassomlar ko‘rgazmasiga... olib borishda ham ta’kidlashimiz kerak bo‘ladi. Juda oz ota-onalar farzandlari bilan bu joylarga boradilar. Teatr-muzeylarga olib borish asosan maktablarning zimmasida. Ota yoki ona «Bugun teatrga boribsan, nimani ko‘rding, nimani tushunding?»- deb besh daqiqagina suhbatlasharmikin? Agar suhbatlashsalar - sharaflar bo‘lsin bu zotlarga!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:36:11

Kuzatuvlardan aniqki, bolalar va o‘smirlar fe’l-atvorining shakllanishida bo‘sh vaqtdan to‘g‘ri foydalanish g‘oyat muhim ekanligi tan olingani holda bu zarur masalaning yechimiga e’tiborsiz qaraladi. Boshqacharoq aytsak, bo‘sh vaqtdan foydalanishga doir mavjud tadbirlar yetarli samara bermay qo‘ygan. Buning aksi o‘laroq, ko‘chaning ta’siri kuchliroq bo‘lyapti. Aytaylik, ko‘chaning bir betida shaxmat-shashka to‘garagi tashkil etilgan. Ikkinchi betida bevosh o‘spirinlar qarta o‘ynab o‘tirishibdi. Ko‘chaning o‘rtasida esa biz tarbiyalamoqchi bo‘lgan yuzta bola turibdi. «Ixtiyor o‘zingizda, bo‘sh vaqtingizni kim bilan o‘tkazasiz?»- deb ko‘raylik-chi? Ishonamanki, shu yuz boladan ko‘pi bilan yigirma-yigirma beshtasi shaxmat-shashka tomon yuradi.
Sovet jamiyatining so‘nggi yillarida bo‘sh vaqt masalasi bo‘yicha mas’ul idoralar bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘rta yoshdagi o‘quvchilarning yetmish foizi, yuqori sinf o‘quvchilarining oltmish foizi maktabdan tashqaridagi turli to‘garaklar, klublarda shug‘ullanar ekanlar. Sovet Ittifoqidagi bolalarning yigirma to‘rt foizi sport bilan doimiy band ekan. O‘n uch foiz o‘quvchi bo‘sh vaqtlarini texnikaga doir hunarlarni egallashga sarflar ekanlar.
Bu ko‘rsatgich 2000 yilda oliy darajaga yetkazilishi mo‘ljallangandi. Ko‘ngilni hotirjam qiluvchi bu raqamlar faqat qog‘ozda edi. O‘shanda qayta tekshirishdan so‘ng «sport bilan shug‘ullanyapti», degan ma’lumotdan 12 million bolani o‘chirishga to‘g‘ri kelgan. Ro‘yxatda boru ammo asli yo‘q bo‘lgan minglab to‘garaklar aniqlangan. Yana aniqlandiki, 1980 yildagi ko‘rsatgich 1990 yilda ozgina bo‘lsa-da, yaxshilanmabdi. O‘sha davrda maktab o‘quvchilarining 5-6 foizigina to‘garaklarga qatnashar ekanlar.

Qayd etilgan