Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 89681 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 20:42:15

Jism ila ruh ikkisi bir choponning o‘ng ila tersi kabidir. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponni ustini qo‘yib astarini yuvub ovora bo‘lmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur. Fikr tarbiyasi uchun mahkam va sog‘lom bir vujud kerakdur... Imom Shofe’i hazratlari: «Ilm ikki hildur: biri - badan ilmi, ikkinchisi din ilmi», - demishlar. Bunga qaraganda eng avval hifzi sihat qoidalarini bilmak, salomatlikka ters bo‘lgan narsalardan saqlanmak ila bo‘ladur...» Sportning har bir kishi uchun koni foyda ekani haqida ko‘p gapirmasak ham bo‘lar. Ammo ayni shu sohada tarbiyaga oid jiddiy muammolarga duch kelamiz. Aynan shu sohada bolaning ma’naviy kamolotiga e’tibor kam.
Bola ma’lum bir sport turiga qiziqib, yoki akasimi, do‘stigami ergashib to‘garakka borsa, trener eng avvalo uning qobiliyatini tekshirib ko‘radi. Har bir trenerga faqat qobiliyatli bola kerak. Unga shunchaki to‘p tepib, bo‘sh vaqtini o‘tkazadigani kerak emas. Agar layoqat sezilmasa, trener undan osongina qutulib qo‘ya qoladi. Unga natija kerak. Bolada bugun bo‘lmasa ertaga qobiliyat yuz ochishi mumkin, degan gap unga yoqmaydi. Aynan sport trenerlarida tarbiyachiga zarur bo‘lmish bilim yetarli emas. Aynan shu sportda bola g‘irromga duch keladi. Bolalar sportida ayniqsa g‘irrom ko‘p uchraydi. Ma’lumki, musobaqalar yoshga qarab bosqichma bosqich o‘tkaziladi. 12-13 yoshlilar boshqa, 14-15 yoshlilarniki boshqa. Shunga yarasha talab ham, sharoit ham o‘zga-o‘zga bo‘ladi. Trenerlar musobaqada g‘olib kelish uchun 12-13 yoshlilar musobaqasiga 14-15 yoshli o‘smirni boshqa ism-nasabda qo‘yadilar. Ya’ni, 15 yoshli Boltaev 12 yoshdagi Teshaevning hujjati bilan musobaqada qatnashadi. Ko‘pincha shunday o‘yinchilar g‘olib kelishadi va yorliqlar ham birovning nomiga beriladi. Birovning nomidan g‘irrom ravishda musobaqada qatnashayotgan boladan yaxshi tarbiya kutish mumkinmi? U hayotida g‘irrom yo‘lini tanlab olmaydimi?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:42:29

Sport bilan doimiy shug‘ullanib, oqibatda professionalga aylanganlar vaqti kelib maydondan chetga chiqishganda qiynala boshlashadi. Eng birinchi galda ular shuhrat shohsupasidan tushib, e’tiborsiz qolganlarida ruhan qiynaladilar. Keyin avvalgi daromadlari ham bo‘lmay moddiy jihatdan mashaqqat cheka boshlaydilar. Natijada ular tirikchilikning oson yo‘lini qidiradilar. Ma’lumki, jinoyatchi to‘dalarga chiniqqan yigitlar kerak. Sportdagi faoliyatini to‘xtatganlar aynan shu to‘dalarda panoh topganlariga misollar bor. Biz hamma sportchilarning yo‘li shu, degan ta’kiddan uzoqmiz. Lekin bittagina misol ham bizni sergaklantirishi zarur bo‘lgani sababli bu haqiqatdan chetlab o‘ta olmadik.
Bizda sport ishlariga tobora ko‘p e’tibor berilyapti. Sportchilarimiz jahonda o‘zlarini ko‘rsatishyapti. Ommaviy sport esa bu sohada ozgina orqada. Har mahallada sport maydoni bo‘lishi kerak, degan talab bor. Talab yaxshi. Ammo mahallada bo‘sh joy yo‘q-ku? Ko‘p qavatli uylar shu darajada zich qurilgan-ki, ozgina bo‘sh joy ham garajlar bilan band. Hokimiyatlarga kelgan ma’lumotlarga qaraganda bu talab hamma yerda qoyilmaqom qilib bajarilgan. Bu ma’lumotlarni ko‘rib ajablanasiz: sport maydonchasi tomlar ustidamikin? (Mazkur risola oqqa ko‘chirilayotgan paytda xukumat tomonidan bolalar sporti rivoji uchun jiddiy tadbirlar belgilanganidan xabar topdik. Bu tadbirlarning amalga oshuvi O‘zbekistonni jahon sporti olamida yuqori mavqelarga erishuvini ta’minlashi shubhasizdir.)

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:42:41

Sport to‘garaklaridagi ro‘yxatlarda militsiya nazoratida turadiganlarni kam uchratasiz. Qamoqdan chiqib kelgan o‘smirni hech bir trener qabul qilmaydi. Bironta shogirdi jinoyat bilan qo‘lga tushsa, «men aybdor emasman»,- deb o‘zini oqlaydi. Maktab esa «bu bola sportga qatnashib, buzilib ketdi»,- deb hukm chiqarib qo‘ya qoladi.
Biz suhbatlashgan muallimlarning ko‘pi sport bilan shug‘ullanish bolaning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytishdi. Ayni choqda o‘quvchilari qatnovchi sport to‘garagi bilan qiziqmasliklarini ham tan olishdi. Muallimlarning gaplarida ozgina haqiqat bor: sport bilan shug‘ullanuvchi o‘quvchi maktabda o‘zini boshqacha tuta boshlaydi. O‘qishga qiziqishi susayadi. Ilm olish zarurati haqidagi gaplarni eshitgisi ham kelmaydi. Chunki yaxshi sportchi bo‘lgani uchun ilmi bo‘lmasa ham oliy o‘quv yurtiga osongina kira olishini biladi. Oliy o‘quv yurtida o‘qimay turib diplom olishi mumkinligini ham biladi. Shunday ekan, muallimlarining gapi qulog‘iga kirarmidi? Bunday bola ayniqsa musobaqalarda g‘alaba qozona boshlagach, takabburlikni kasb qiladi. Sinfda, hatto maktabda «zo‘r»likni - «lider»likni talab qila boshlaydi. Uni kamtarlik ko‘chasiga qaytarish maktab uchun g‘oyat mashaqqat bo‘lib qoladi.
Mazkur risolani yozishga tayyorgarlik jarayonida sobiq ittifoq davrida bu sohada olib borilgan ishlarni eslashga, bu haqda yozilgan kitoblarni varaqlashga to‘g‘ri keldi. «Kommunizm quruvchisining axloq kodeksi». «Kollektivizm», «Sotsialistik mehnat...», pioner va komsomol tashkilotlari... Shiorlar ham ko‘p edi, bolalar bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar ham anchagina edi. Ammo samara yo‘q edi. Avval zikr etganimizdek, ko‘p ishlar qog‘ozda bajarilardi. Endi zamon o‘zgardi, jamiyat o‘zgardi. Mafkura o‘zgardi. Hammasi yaxshi. Ammo biz o‘rganayotgan masalada hali bosh qotiradigan o‘rinlar ko‘p. Eskisini rad etib, yangisini tavsiya etolmayapmiz. Toshkent mahallarida bo‘lgan suhbatlarimiz chog‘idagi so‘rovlarimizdan ma’lum bo‘ldiki, maktab muallimlarining 65-70 foizi, onalarning 80 foizi, otalarning 60 foizi bolalar bo‘sh vaqtlarini shaharning qaerida, qay muassassida foydali ravishda o‘tkazishlari mumkinligini bilishmas ekan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:43:08

Tarbiyaga mas’ul odamlar o‘ylab o‘ylariga yetgunlaricha har tomondan turli mafkura oqimlari yopirilib kelyapti. Kattalar tayin bir gap aytolmagach, o‘smirlar o‘zlaricha yashashga intilyaptilar. Hozir ularning diqqatini jalb etadigan muassasalar ko‘payyapti. Shulardan biri videobarlar bo‘lsa, yana biri diskotekalar. Videolar haqida fikr bildirdik. Diskoteka degan balo haqida ham ikki og‘iz aytmasak bo‘lmas. Chunki o‘smirlar bo‘sh vaqtlarini shu balo bilan to‘ldirishga ishqibozlar. Men «Diskoteka» deb nomlangan bir asar yozish maqsadida bu joylarni o‘rganishga harakat qildim. Bir qaraganda beozor joy. Yoshlar kelishadi, o‘yin-kulgu qilishadi, vassalom. Lekin sirtdan qaralgandagina bu joy beozor ko‘rinadi. Aslida esa buzuqlik va jinoyatning ostonasi hisoblanadi. Bu yerni o‘ziga hos buzuqlik bozori desak ham bo‘lar. Dastlab o‘smir va yoshlarning qilig‘ini ko‘rib ajablandim. Asabiy musiqa quloqni kar qiladigan darajada jaranglaydi. Yigitchalar qizchalarning harakatini raqs deyish ham qiyin. Allaqanday telbalikning namoyishiday ko‘rinadi. «Rok muzika», «Pop muzika» deyilmish san’at turlari (agar ularni san’at deb atash mukin bo‘lsa) yoshlar ongiga giyohvand kabi ta’sir o‘tkazadi. Ayrimlar o‘zlarini bilmay qoladigan darajada talvasaga tushadilar. Olimlarning tajribasiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Kichik tovuqxonada osoyishta mumtoz kuylar qo‘yilganda tovuqlarning yurishlarida ham hotirjamlik bor edi. Keyin o‘sha jazavali «rok muzika»dan qo‘yildi. Avvaliga tovuqning ko‘zlari besaranjom bo‘ldi. Keyin titray boshladi. Oxiri tutqanoq tutganday yiqilib oyoqlari akashakday tortishdi. Agar o‘sha damda kuy to‘xtatilmaganda uning o‘lib qolishi ham mumkin edi.
Ana shunday yerda yoshlarimiz bo‘sh vaqtlarini o‘tkazyaptilar, biz esa bunga mutlaqo ahamiyat bermaymiz. Giyohvandlik ko‘payyapti, deymizu, aynan shu yerda o‘rganishlari mumkinligini hisobga olmaymiz. Buzuqlik ko‘payyapti, deymizu, aynan shu yer buzuqlik manbai ekanini tan olgimiz kelmaydi. Bizda rasman tungi diskotekalar yo‘q. Aslida esa ko‘p diskotekalar tuni bilan ishlaydi. Bu holatni nazorat qilishi lozim bo‘lgan militsiya xodimlari shu diskotekalar yonidan o‘tishayotganda ko‘zlarini yumib oladilar. Nima uchun bunday qilishlari yolg‘iz o‘zlarigayu Xudoga ma’lum.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:44:18

Diskotekalar bilan tanishgach, shahar xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga undagi ahvolni bayon qilib, «u yerdagilarning ko‘pi maktab o‘quvchilari, chora ko‘rilmasa bo‘lmaydi»,- dedim. Bu fikrim u kishiga ma’qul bo‘ldi. «Ertaga shu masalada katta majlis bor, gaplaringizni yetkazaman»,- dedilar. Ehtimol gapimni yetkazgandirlar, bunisi menga qorong‘u. Lekin gapni eshitgan majlis ahli ham militsionerlar kabi ko‘zlarini yumib olgandirlar. Umid shuki, bu mas’ul janoblar qachondir ko‘zlarini ocharlar, ammo unda kech bo‘lib afsuslar daryosida suzib qolmasmikinmiz?

«MEN» - O‘ZLIKNI ANGLASH

 «Mening o‘rnim qani?»"¢

 Eng oson chora - o‘lim"¢

 Taqdir manglayi o‘zgaradi"¢

 Sizning zamonangiz emas"¢

Birinchi voqea:
Onaning faryodi ko‘klarni tutdi - o‘g‘li o‘zini o‘zi osibdi. Imom kelib, «bundaylarga janoza o‘qilmaydi»,- deb ketdi. Onaning bir alami ming bo‘ldi. O‘g‘liga hammaning havasi kelardi. Ovozi rasta bo‘lib, bo‘ylari o‘sib, ko‘zga tashlanib qolgan edi. Nima bo‘ldi? Ko‘z tegdimi?
Ayollar yig‘i-sig‘i orasida go‘shanga yasadilar. Bu dunyodan go‘shangasiz ketmasin...
Go‘shangaga kirdi... His-hayajon bilan emas, sovuq jasadda... tobutda...
Sovuq yuzlariga gullar sochildi...
Ichkarida irim-sirimlar... Tashqarida esa gumonlar: bola o‘zini nega osdi? Birov «Giyohvanddir, doridan ko‘proq olvolgandir»,- deydi, ikkinchisi unga e’tiroz bildiradi: «Doridan ko‘p olsa til tortmay o‘ladi, o‘zini osolmaydi. Dori topolmay qiynalgandir...» «Biror qizni zo‘rlab qo‘yib, qo‘rqqanidan osgandir...»

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:44:37

Ikkinchi voqea:
Onaning faryodi ko‘klarni tutdi - qizi o‘zini yoqibdi. Bo‘yi yetib, durkungina bo‘luvdi-ya! Sovchilar o‘g‘rincha qarab-qarab qo‘yishardi-ya! Maktabni bitirgach biror xonadonga kelin salom bilan kirib borardi-ya! Bir yigitni baxtligina qilardi-ya! Go‘shangaga kirmay ketdi... Kelin salom qilmay ketdi...
Sovuq qabr uni bag‘riga oldi. Unga janoza o‘qilmadi. Undan so‘nggi xotira - bir parcha qog‘oz va undagi so‘nggi o‘tinch: «Onajon, meni kechiring...»
U sovuq qabrda yotibdi, atrofda esa u haqdagi sovuq mish-mishlar...
Ma’suma haqida qanday mish-mish bo‘lardi, bayon etmaylik..
Bu ikki fojiani keltirib chiqargan sababni hozircha chetlab o‘taylik. Oz bo‘lsa-da uchrab turadigan shunga o‘xshash voqeani ehtimol siz ham eshitgandirsiz. Siz ham turli gumonlarga borgandirsiz. Bayon etganimiz ikki voqea haqida ham bir oz o‘ylang, sababini topishga urinib ko‘ring. Bu masalaga biz sal keyinroq alohida to‘xtaymiz.
Biz «Mening fikrimcha», «Mening nazarimda», «Men o‘ylaymanki», degan iboralarni ko‘p ishlatamiz. «Men» - shaxs demak. Dunyoni ko‘ruvchi, dunyoni idrok etuvchi, fikr bildiruvchi bir shaxs ikkinchisiga sira o‘xshamasligi sir emas. Bir ota bir onaning farzandlari qosh-ko‘zlari o‘xshasa-da, shaxs sifatida farqlanadilar. Kishi ongini boshqaruvchi «Men» nima, uning jinoyat olamiga qanday daxli bor?
Kishilikdagi «Men» masalasi ko‘p asrlardan buyon faylasuflarning, ruhshunoslarning, tabiatshunoslarning tadqiqot manbai bo‘lib kelgan. Jahon fani haligacha Konfutsiy, Dekart, Kant, Freyd, Xeygel, Nitsshe, Uotson kabi faylasuflarning fikrlari atrofida bahslashadi. Faylasuflar nazaridagi «men» - oddiyroq aytilsa, kishining o‘zini o‘zi tanishi, shaxs sifatida shakllanib, jamiyatdagi o‘z o‘rnini topishidir. Shu jihatdan qaraganda ruscha «Ya»ning tarjimasi o‘laroq qabul qilganimiz «Men» atamasi o‘rniga «O‘zlik» deb ishlatganimiz ham ma’qulroq.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:46:33

Frantsiyalik faylasuf Rene Dekart «Fikrlayapman, demak, mavjudman»,- degan g‘oyani ilgari surgan ekan. Shunga ko‘ra, o‘zini, o‘zlikni anglash qachon boshlanadi, degan savol ham o‘rtaga qo‘yilishi mumkin. Ro‘yo va haqiqatni farqlab olish uchun kishi fikrlaydi. Bu fikrlash o‘n yashar bolaga xos emas. Ehtimol 20-25 yoshda bu masala xususida fikrlay boshlar. Unda o‘z-o‘zini tanimoqlikni shu yoshda belgilaymizmi? Agar shunday qilsak, olti yoshli bolaning fikrlashini nima deb ataymiz? Masalan o‘sha bola daraxtni ko‘radi, gullashini, meva tugishini kuzatadi. Meva bor paytda olib berishni talab qiladi. Mevalar tugagach, talabni ham bas qiladi. Kelgusi yili daraxt gullagach, oqibat meva bo‘lishini bilib, kutadi. Agar shu yoshdagi bola kattalarning ko‘chat o‘tqazishini ko‘rsa, u ham cho‘plarni yerga suqishga intiladi. O‘z xayolida ko‘chat ekkanday bo‘lib, quvonadi. Bu ishi uchun kattalardan olqish kutadi. Demak, u ham fikrlayaptimi? Ongi borliqdagi o‘zgarishlarni qabul qilyaptimi? Tahlil etyaptimi? Demak, u o‘z-o‘zini tanishni boshlagan, borliqda o‘z o‘rni borligini bilyapti, shunga yarasha o‘ziga e’tibor talab qilyapti. Ayrim olimlar buni ongsiz ravishda anglash, deb hisoblab, «fikrlash» tushunchasiga qo‘shmaydilar. Biz bu qarashni ma’qullay olmaymiz. Go‘dak tug‘ilib, ko‘zi ochildi - borliqni ko‘rdi. Miya hujayralari shakllana boshladimi, demak, o‘ziga xos ravishda fikrlay boshladi. Olti yashar bola bilan o‘n olti yoshli bolaning «Men kimman?» degan savolga javoban o‘zini o‘zi tanishdagi holati, talab, intilishi bir hil emas, albatta. «Men» masalasida bosh qotiruvchi faylasuflar uchun bu farq uncha muhim emasdir. Ammo tarbiya uchun mas’ul odam bu farqni e’tiborga olishga majbur.
Ayrim olimlar go‘dakning dastlabki oylardagi harakatlarini fikrlashdan holi deb biladilar va bu da’volarini isbotlash uchun «Odam bir-ikki yoshgacha ko‘rganlari, eshitganlarini eslamaydi, unutadi», deydilar. Ularning aytishlaricha, unutishlariga sabab - tillari chiqmagani, gapira olmasliklari ekan. Agar bu fikrni to‘g‘ri deb qabul qilsak, fikrlash gapirish bilan bog‘liq bo‘lsa, soqovlar umuman fikrlamaydilarmi? O‘sha olimlarning ta’kidiga ko‘ra, bolaning o‘zlikni anglashdagi birinchi harakati «Men» degan so‘zni aytishidan boshlanarkan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:47:12

Bu fikrga ko‘ra siz: «Bu qant kimniki?»- deb so‘rasangiz, bola «Meniki (yoki «o‘zimniki»)»,- deydi. «Bu kimning ayasi?» desangiz - «Meniki!» deydi. Yoki bolaning qo‘lidan ushlab yetaklasangiz «o‘zim yuraman», deydi, biror ishni ham (eplolmasa-da) «o‘zim qilaman», deydi. E’tibor bering, bu shunchaki harxasha emas, bola o‘zining haqqini talab qilyapti. Jamoada o‘zining o‘rni borligini fahmlayapti. U o‘z o‘rnini, haqqini turli yo‘llar va usullar bilan talab qiladi, ko‘p hollarda talabining bajarilishiga erishadi. Ba’zan erkalanadi, ba’zan yig‘laydi, ba’zan kattalarni yomonlaydi yoki chaqimchilik qiladi. Bu jarayon, ya’ni bolaning shirin so‘zlari, qiliqlari bizni faqat quvontiradi. Shaxsning yetuklik sari qadam tashlayotganini esa sezmaymiz yoki e’tiborsiz qoldiramiz. «Talab qilinayotgan narsaga yolg‘on aytish yoki chaqimchilik orqali oson erishish mumkin», degan fikr asta-sekin quvvat olib, bola fe’l atvorining shakllanishida hukm o‘tkaza boshlagach, uni bu yo‘ldan qaytarish harakatiga tushamiz. Har qanday noto‘g‘ri fikr birdaniga tug‘ilmaydi, tasodifan yuzaga chiqib, amalda ko‘rinmaydi. Boladagi fikr yerga qadalgan uruqqa o‘xshaydi. Unib-o‘sib, meva tugguncha ancha vaqt, hatto yillar o‘tadi. Biz faqat mevasiga duch kelganda ajablanamiz. Otasi olib keladigan shirinlikka sherik bo‘luvchi aka besh yoshli bola uchun asosiy raqib sanaladi. U raqibni chetga surish yo‘lini izlaydi. Bir marta qilgan chaqimchimligi yaxshi samara bersa, aka shirinlikdan mahrum etilsa, u o‘zining g‘alabasidan quvonadi. So‘ng bu «qurolini» tez-tez ishga sola boshlaydi. U olti yoshida, sakkiz, o‘n yetti yoshida ham raqiblarni surishda aynan shu uslubdan foydalanadigan bo‘lib qoladi. Kaminani balandparvozlikda aybsitmang, vatan xoinlari asosan chaqimchilardan chiqadi. Chaqimchilikni islom dini ham qoralaydi. Rivoyat qilishlaricha, Muhammad alayhissalom mozor yonidan o‘tayotib, bir qabrga qarab qolibdilar. So‘ng daraxtdan bir shoxcha sindirib olib, suqib qo‘yibdilar. Sahobalar buning ma’nosini so‘raganlarida u muhtaram zot «Bu yerda yotgan odam, hayot chog‘idagi chaqimchiliklari uchun qabr azobida qiynalyapti. Mana bu barglar to qurigunlariga qadar Ollohga tasbeh aytib turadi va bu onda marhum azoblardan xoli bo‘ladi»,- degan ekanlar.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:47:24

Biz bolamizning chaqimchiligini bilmay turib, uni rag‘batlantirib qo‘yamiz. Agar «nima uchun chaqimchilik qilyaptiykin?»- deb o‘ylasak, chaqimchiligi uchun mukofot bermay, ayblasak, bolaning kelajagi o‘zgacha bo‘lishi shubhasiz.
Ruh kamoloti yo‘lidagi zilzilalar, inson mayllari, tushuncha va tasavvurlari, ehtiyoj va talablari, iztirob va qiynoqlari, ziddiyatlar va muvofiqliklar, kurash va g‘alaba, yo‘qlik va borliq, jism va jon... Odam bolasining o‘zlik sari shakllanishi shular kabi so‘qmoqlardan o‘tadi. Har bir tushuncha har yoshda o‘ziga hos tarzda takrorlanadi. Masalan, ehtiyoj va talabni, yoki iztirob va qiynoqni o‘n yoshli bolada ham, o‘n sakkiz yoshli yigitchada ham kuzatish mumkin. Shunday ekan, o‘zlikni anglash tabiatning o‘zi kabi doimiy harakatdadir.
Faylasuf olimlar o‘zlikni anglash jarayoni haqida so‘z yuritishganda ko‘pincha dinni tanqid ostiga oladilar. Asli yahudiy yoki nasaro yoki musulmon bo‘lmish olimlarda ham buni uchratamiz. Ularning fikricha, din kishining o‘zlikni anglashida to‘siq ekan. Ular «Taqdiri azal», ya’ni «inson taqdiri hali tug‘ilmasidanoq belgilangan», degan aqidani yuzaki tushunib, tanqid qiladilar.
Umar Hayyom hazratlarida shunday to‘rtlik bor ekan:
Yo Rab, loyimni-ku, qorgan o‘zingsan,
O‘rish-arqog‘imni o‘rgan o‘zingsan.
Yomonmanmi, yaxshi, men nima qilay?
Taqdir manglayini bergan o‘zingsan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:47:37

Agar shunday fikrlansa, bolaning jinoyat ko‘chasiga kirishi yoki yaxshi inson martabasiga yetishmog‘i - tug‘ilmasidanoq belgilab qo‘yilgan bo‘lib chiqadi. Ya’ni bola jinoyatchi bo‘lib tug‘iladi, uni tarbiyalashga urinish shart emasmi? Yo‘q, aslo unday emas. Agar odam yaxshi fazilat yoki yomon illat bilan tug‘ilsa, tarbiya etmoqlikdan foyda bo‘lmasa, Olloh ilohiy kitoblarini tushurarmidi, payg‘ambarlariga «bandalarimni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga mas’ulsan»,- deb vazifa yuklarmidi? Axir Tavrot, Injil, Qur’on - barchalari nasihat, odamlarga tarbiya-ku? Olloh insonni aziz va mukarram qilib yaratganini Qur’oni karimda aytadi. Insonga aql berilgan. Uning ro‘parasida ikki yo‘l turadi: agar yaxshilikni kasb etsa - saodatga yetishadi, zulmna tanlasa, Bobur mirzo hazratlari yozganlaridek: «Har kimki jafo qilsa jafo topqisudir». Bolaning ana shu yo‘ldan qay birini tanlashi o‘zlikni anglashdagi muhim nuqtalardan biridir. Maqol tili bilan aytsak: daraxt qushni tanlamaydi, qush daraxtni tanlaydi. Shunga ko‘ra taqdir kishini tanlamaydi, kishi taqdirini tanlaydi. Odam bolasi Xudoni tanishi uchun avval o‘zini tanishi kerak.
Bola peshonasida ikki taqdir - ikki hil yo‘l mavjudligini darrov farqlay olmaydi. Buni farqlagunicha borliqdagi xodisalar uni ko‘p gangitadi. Ana shunday gangib yurganida kattalarning munosabatlari hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Qayd etilgan