Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90510 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 20:56:21

Farzandimiz o‘zligini birdaniga tanib olmaydi. Unda bir kechada «Men» tuyg‘usi tug‘ilmaydi. Borliqni tanishda faqat o‘zining fikriga asoslanmaydi. Atrof-muhit ta’sirini chetlab o‘tolmaydi. Buni biz bilamiz va o‘g‘il-qizlarimizning do‘stlari bilan ba’zan qiziqib ham qo‘yamiz. Uning do‘stlari ta’bimizga o‘tirmasa, yoki bu do‘stning ota-onasini yoqtirmasak, farzandimizni bunday do‘stdan uzoqlashtirishga urinamiz. Bunday vaziyatda biz da’voimizni isbot etolmaymiz. «U bilan o‘ynama», deb talab qilish bilan cheklanamiz. Bunday jarayonni hammamiz boshimizdan kechirganmiz. «Falonchi odobsiz, u bilan o‘ynama», deyish bizlarga ota meros.
Do‘st tanlash hayotdagi eng murakkab masalalardan biri. «Do‘st deb yurib qo‘ynimda ilon saqlagan ekanman», deb afsus chekuvchilarni ko‘p ko‘rganmiz. Do‘st masalasida bir-ikki kuymagan odam topilmasov. Shuning uchun ham farzandimizning do‘stlari bizlarni befarq qoldirmaydi. Ammo bu do‘stlarni yaxshi o‘rganmay, yaxshi bilmay turib inkor etishimiz farzandimizga yoqmaydi. Farzandimiz dadilroq bo‘lsa «Siz o‘rtog‘imni bilmaysiz», deb bahslashib, uni himoya etishi mumkin. Dardini ichiga yutadiganlari esa «Adam (yoki oyim) bilsalar-bilmasalar har narsaga aralashaveradilar», deb ezilib yuraveradi. Biz yonimizdagi do‘stimizning qandayligini bilmaganimiz holda bir-ikki marta ko‘rgan yoki eshitganimiz - farzandimizning o‘rtog‘i haqida hukm chiqarib qo‘yamiz. Biz aroqxo‘rning o‘g‘lini yoki ko‘chada pista sotib o‘tiruvchining qizini farzandimiz bilan do‘stlashishini istamaymiz. Agar hokimning o‘g‘li bilan do‘stlashsa quvonchdan boshimiz osmonga yetadi. Chin do‘stlik bilan manfaat do‘stlikni o‘zimiz farqlamay turib, farzandimizni shu do‘stlik sari undaymiz. Agar farzandimiz hokimning o‘g‘lini boshlab kelsa uni eng aziz mehmonday kutib olamiz. Soyasiga ko‘rpacha solamiz. Hokim ishdan ketgandan keyin kelgan o‘g‘ilni esa ensamiz qotibroq qarshilaymiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:56:35

Farzandimizning undan uzoqlashishini xohlab qolamiz. Bu haqiqatni farzandlarimiz ko‘rib, fahmlab turishadi. Siz buni inkor etmassiz? Albatta, farzandimiz atrofida yomonlar bo‘lishi ham mumkin. Balki ularning yomonliklari farzandimizga yaxshi bo‘lib ko‘rinar, ehtimol undan qo‘rqqani uchun yaqin yurishga majburdir. Biz buni ham hisobga olishimiz shart. Biz ko‘proq «Qozonga yaqin yurma - qorasi yuqadi, yomonga yaqin yurma - yomonligi yuqadi», maqolini amalga oshirish payidamiz. Lekin «Har kim aybsiz do‘st qidirsa - do‘sti kamayib qoladi, do‘stlarini ranjitaversa - dushmani ko‘payadi», hikmatini ham unutmaslik kerak. Siz, muhtaram tarbiyachi, o‘g‘lingiz yoki qizingiz yoki ikkovini yoningizga olib qanday odamlar bilan do‘stlashmoq mumkinu qandaylardan narida yurmoq afzal, degan mavzuda hech suhbatlashganmisiz? Suhbatlashgan bo‘lsangiz nimalar degansiz? Agar suhbatlashmagan bo‘lsangizu farzandingiz «ada (yoki aya) do‘st tanlashimda menga maslahat bering?» deyishsa javobga tayyormisiz? Siz hozir shu savolni o‘ylab turing, mazkur bobning nihoyasida bu masalaga qaytamiz. Hozir esa diqqatingizga bir hikoyatni havola etamiz:
Ko‘chada ketayotgan otliq qariya bolalarning o‘yiniga razm solibdi. Aniqrog‘i o‘yinga emas, bolalarning hatti-harakatlariga e’tibor qilibdi. Bolalardan biri qariyani ko‘rib o‘zini chetga olibdi-da, qo‘l qovushtirib salom beribdi. Boshqalar qariyaga qarab qo‘yishibdi-yu, o‘yinlarini davom ettirishibdi. Shunda qariya ular yonidan o‘tayotib uzugini tashlabdi-da: «Kim uzugimni olib uzatsa, suyunchi beraman»,- debdi. Bolalar talashib-tortishishibdi. Chaqqonrog‘i uzukni ko‘tarib uzatibdi-da, suyunchidan umidvor bo‘libdi. Qariya yonini kavlagan bo‘lib «Attang, hamyonim uyda qolibdi, suyunchini keyingi safar olasan», debdi. Shunda go‘yo uzukni taqaman deb yana tushirib yuboribdi. Suyunchidan umidini uzgan bolalar endi egilishmabdi. Salom bergan bola esa uzukni olib, changini artib, qariyaga tavoze bilan uzatibdi...

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:56:47

Bu bayonni o‘qigan har bir odam bolasining shunday baodob bo‘lishini istaydi. Yoki farzandining do‘stlari shu bola kabi bo‘lishini orzu qiladi. Lekin...
Ko‘chada bolalarning o‘yinini hammamiz ko‘rganmiz, ammo ko‘pincha e’tiborsiz o‘tib ketishga odatlanganmiz. Keling, endi tasavvurimizda bo‘lsa ham ularning o‘yinini sinchiklab kuzataylik:
Ko‘chada yoki maydonchada bolalar o‘ynashyapti. Yoshlari bir hil emas. Yosh bolalar ham, o‘smirlar ham bor. Bir uydan Ali ismli bola chiqib keladi. O‘yindagilar uni quvnab qarshi olishadi. Bir ozdan keyin boshqa uydan Vali chiqib keladi. O‘yindagilar unga e’tibor ham berishmaydi. U bolalarga yaqinlashadi. Valini «nari tur», deyishmaydi. Chunki Vali asli yomon bola emas. Lekin ayni choqda bolalar uchun uning paydo bo‘lishidan ko‘ra o‘yin qiziqroq. Xo‘sh, bu ikki bolaga nisbatan bo‘lgan munosabatning siri nimada?
Siz, muhtaram tarbiyachi, o‘z farzandingizga nisbatan ko‘chadagi yoki maktabdagi tengdoshlarining munosabati bilan hech qiziqib ko‘rganmisiz? Bolalar sizning o‘g‘il yoki qizingizga Alini quvonib kutganday peshvoz chiqishadimi yo Valini qarshilaganday e’tiborsiz bo‘lishadimi? Ehtimol uni o‘yinga qo‘shgilari kelmas, ehtimol undan bezib qolgandirlar. Balki u bolalarning ota-onalari ham sizning farzandingizni yoqtirishmas. Siz «Ali bilan o‘ynama, u yomon bola», deganingiz kabi ular ham «Vali bilan o‘ynama», deb tayinlashgandir? Agar birov sizdan «O‘g‘lingizning do‘stlarini taniysizmi?»- deb so‘rasa, javobga qiynalmaysiz. «Ha, bittasi Boltavoy, yana bittasi Teshavoy»,- deysiz. Sizningcha shu tanishlikning o‘zi kifoya. Hafsala qilsangiz uning ota-onasi bilan qiziqarsiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:57:03

Qiziqqanda ham birinchi galda ularning qaerda ishlashi siz uchun muhim bo‘ladi. Agar yana hafsala qilsangiz o‘g‘lingizdan «o‘rtog‘ing yaxshi o‘qiydimi?»- deb so‘rab qo‘yarsiz. Siz «o‘g‘lim nima uchun Ali bilan emas, Boltavoy bilan do‘stlashib yuribdi? Boltavoyning qanday fazilati o‘g‘limga yoqib qolibdiykin?»- deb o‘ylaysizmi? Bu do‘stlik farzandingizga nima beradi? Aqlini boyitadimi? Yoki aksimi? Do‘stlikka intilish kim tomonidan boshlangan - Boltavoy tomonidanmi yoki farzandingizdami? Ular bog‘lab turgan narsa chirigan ipmi yoki puxta zanjirmi? Uning nomi nima - adolat, mehr-oqibatmi yoki xudbinlikmi?
Tan olaveraylik, bu narsalarni hammamiz ham o‘ylayvermaymiz. Aytaylik, farzandingiz keyingi kunlarda g‘amgin bo‘lib qoldi. Birovga qo‘shilgisi kelmaydi, gaplashishni istamaydi. Savolga qo‘rs javob beradi. Siz buni sezasiz va navbatdagi tarbiyaviy soatlarni boshlaysiz. Avvalroq aytganimizday, tarbiyangiz nasihat o‘qishdan iborat bo‘ladi. Nasihatlar kor qilmagach, jazolashga o‘tasiz. «Farzandingiz xasrat o‘tida kuyyapti, ruhi azob chekyapti, desak, «yosh bolada xasrat nima qiladi, ruhiy azobni tushunadimi?!» deb bizni jerkib berarsiz balki. Farzandingizga bir qarang-chi, u endi yosh bola emasdir, o‘smirdir? Oq bilan qorani ajrata boshlagandir? Bu yoshda bolada siz bilan biz kutmagan kuchli xasrat to‘lqini aynan do‘st masalasida bosh ko‘taradi. Do‘stlar davrasiga qo‘shila olmasligi u uchun og‘ir musibatdir.
Boshlang‘ich sinflarda bolaning o‘qituvchisi asosan bitta bo‘ladi. So‘ng muallimlar ko‘paya boradi. Bu degani hayotga, xususan do‘stlikka bo‘lgan qarashlar turi ham oshadi. Boshlang‘ich sinfdagi do‘stlik talablari bilan o‘smirlikdagi talablar ham boshqa-boshqa. Bola kichikligida kattalar unga ko‘pam e’tibor beraverishmaydi. O‘smirlik oylari boshlandimi, nasihat qiluvchilar ko‘payib qoladi. Ota-ona uyga kelgan mehmondan «Jiyaningizga nasihat qiling, yaxshi o‘qisin, qo‘rs bo‘lmasin»,- deb iltimos qiladilar. Ayrim mehmonlar «Men bolangizning fe’l-atvorini, nimalarga qiziqishini bilmayman, mening nasihatim o‘rinli bo‘larmikin»,- deb o‘tirmay, mezbonning lutfidan ilhomlanib ketib, gapni boshlab yuboradilar.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:57:33

Bog‘cha bolalarining o‘zaro o‘yinlarida ayrim qizlar xuddi murabbiyalari kabi boshqalarni tergaydilar. Bog‘cha opalari qanday baqirsalar, qanday urishsalar bular ham aynan qaytaradilar. Bola ulg‘aygani sayin bu munosabat murakkablashib boraveradi. O‘smirning vaqti endi ko‘proq ota-onasi bilan emas, o‘rtoqlari bilan o‘tadi. (Siz ham bir chamalab ko‘ring, farzandingiz kunda umumiy hisobda necha soat siz bilan birga bo‘larkin?) Shuning uchun ham ba’zan sizga o‘z o‘rtog‘iga qilgan muomalalarini qaytaradi. Siz esa «Men sening o‘rtog‘ingmanmi?»- deb g‘adablaysiz.
Bir ayol qo‘shnisiga aytyapti:
-Maydonchada o‘ynayotgan bolalar orasida Boltavoyingizni ko‘rdim. Naq generalning o‘zi-ya! Hammaga buyruq beradi: «Sen u yoqqa o‘t, sen chiqib tur»... Bola bechoralar ham indamay quloq solishadi.
-Mening Boltavoyim-a?-deb ajablanyapti ona.- Adashayotgandirsiz. Mening bolam mo‘min-qobil. Uyda churq degan ovozi chiqmaydi. Birovga buyruq beradiganlardanmas u.
Ona o‘g‘lining boshqalarga buyruq berishini tasavvuriga sig‘dirolmadi. Lekin uydagi ahvolni ham tahlil qilib ko‘rmadi. Bu uyda hamma: bobo ham buvi ham, ota-ona, aka-opalar ham Boltavoyga buyruq berishadi. U uyidagilarga itoat etgani holda o‘zi ham boshqalarga buyruq berishni o‘rganardi.
Boshqa bir xonadonda o‘zgacharoq holatni kuzatamiz. Qizchani uyda hamma erkalatadi. Uning aytgani - aytgan, degani - degan. Xohlagan narsasi muhayyo. Uni buvisi «Xonzodaxon», deb alqaydi. Oilada naq malika maqomidagi Xonzoda maktabda butunlay boshqa - quyiroq martabada. Taltaymaydi, boshqalarga xukmini o‘tkazmaydi, aksincha, o‘zidan yoshi kattaroq va e’tiborliroq qizlarga bo‘ysunadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:57:47

Bu o‘rinda o‘zaro munosabatlarning ikki hil tizimini kuzatamiz: birinchisi - «o‘smir -kattalar», ikkinchisi - «O‘smir -o‘smir». Bularning har ikkisi bola uchun ikki olam. Birida u tobe, kuzatadi, o‘rganadi, ma’qulini tanlaydi. Ikkinchisida o‘rganganini tadbiq etishga urinadi. Shu bois o‘smirning tengdoshlariga munosabati kattalarning e’tiboridan chetda qolmasligi kerak. Bu shunchaki o‘zaro munosabat emas, oddiy harakatlar zamirida ham jismoniy ham ruhiy-ma’naviy kurash mavjud. Bola tengqurlari bilan bo‘lgan bu g‘oyibona olishuvda o‘zining nimalarga qodir ekanini anglab boradi. Bu jarayon unga qiziqarli tuyulib, g‘ayrati oshib borishi ham mumkin. Yoki aksincha, tengqurlari orasida o‘zi xohlagan maqomga erisholmasligiga ko‘zi yetsa tushkunlikka tushadi, odamovilikni kasb qiladi. O‘rtoqlarining ta’sirida farzandingiz birdaniga o‘zgarib qolishi mumkin. Siz tarbiya sohasida eplolmagan ishni o‘rtoqlari amalga oshirib bersa ajablanib yurasiz. Siz o‘g‘lingizning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishini, sog‘lom, baquvvat o‘sishini istaysiz. Lekin tanbal va erinchoq bolangiz so‘zingizga kirmaydi. O‘zingizcha kuyib yurganingizda bir kuni ertalab qaraysiz-ki, u barvaqt o‘rnidan turadi, ko‘chaga chiqib yuguradi. Siz ajablanasiz, sababini aniqlamoqchi bo‘lasiz.
Do‘stlarning ta’sirida bola yaxshi tomonga o‘zgargani kabi yomon tomonga ham burilishi hech gap emas. O‘sha ertalabki badantarbiyadan maqsad faqat chiniqish emas, balki yomon maqsadlarga tayyorgarlik bo‘lishini siz u damda tasavvur qila olmaysiz.
Ota-ona do‘stga nisbatan to‘g‘ri tanbeh bersa ham farzand buni o‘z vaqtida qabul qila olmaydi. Fozillardan birining aytmish so‘zlari diqqatga molik:
«O‘smirlik choqlarim bir yigitcha bilan do‘st edim. U hushchaqchaqligi bilan meni o‘ziga rom qilgan edi. U bilan yurganimda sira zerikmas edim. Lekin u o‘rni kelib qolsa o‘g‘irlik qilishdan qaytmasdi. Men buni bilardim va uni bu yo‘ldan qaytarish uchun ko‘p nasihat qilardim. Otam ham do‘stimning illatini sezganlar shekilli, menga bir necha marta:

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:58:00

«O‘g‘lim, bu oshnangdan yaxshilik chiqmaydi, do‘stlik aloqangni uz», deb tanbeh berdilar. Biroq, men o‘z bilganimdan qolmadim. Bir kuni ko‘chada ketayotgan edik. Do‘stim bir sakrab begona bog‘ning devoridan oshdi. Bog‘ egasining iti hurib qoldi. Xizmatkorlar ko‘rindi. Men ham o‘rtog‘imga qo‘shilib qochdim. Dalada cho‘ponlarning itiga ro‘para keldik. Xullas, bizni o‘g‘ri gumon qilib ushlagan cho‘ponlarga kimligimizni bildirib, arang qutuldik. «Bo‘lma nojins bilan oshno, bo‘l o‘zingga ehtiyot», deganlariday men otamning nasihatiga amal qildim va u bilan do‘stlik aloqamni uzdim...»
Bir yigitcha yoki qiz o‘g‘lingizni yoki qizingizni chaqirib keldi. Siz uni yaxshi tanimaysiz, lekin tashqi ko‘rinishi sizga yoqmadi. Siz farzandingizga xavf soluvchi ko‘cha ta’sirdan havotirda bo‘lganingiz sababli uni ehtiyotlash maqsadida «o‘g‘lim (yoki qizim) uyda yo‘q», deb yuborasiz. Buni farzandingiz eshitib turadi va sizdan ranjiydi. Bu ranjish oshkora ravishda bo‘lishi mumkin: bolangizning «Nega unday qildingiz?»- degan tanbehiga siz «Har xil qalang‘i-qasang‘i chaqirib kelsa chiqib ketaverasanmi?»- deb qo‘pollik bilan javob qaytarganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz. Shunda farzandingiz dardini ichiga yutar yoki yana gap qaytarar: «Siz uning kimligini bilmaysiz, u yaxshi bola!» Shunda siz donolik qilarsiz: «Men odamning basharasiga qarab kimligini darrov bilaman. Yaramasligini afti-angori aytib turibdi. Bunaqalarga yaqin yurma...» Shunday hollarda o‘zaro qo‘rslik ancha davom etishi mumkin. Yoki bolangiz siz bilan gap talashib o‘tirmay shart uydan chiqib, o‘rtog‘iga yetib olishi, undan uzr so‘rashi ham ehtimol. Agar sizni o‘rtog‘iga yomon ko‘rsatgisi kelmasa «Uxlab yotuvdim, onam (yoki otam) uydaligimni bilmabdilar»,- deb yolg‘on vositasida himoya qiladi. Demak, siz to‘qigan yolg‘on ikkinchi yolg‘onni tug‘dirdi. Sizning yolg‘oningizda g‘araz mavjud.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:58:26

Farzandingiznikida esa himmat borga o‘xshaydi. Aslida esa uning yolg‘oni zamirida «Men sen o‘ylaganday yomon odamlarning bolasi emasman», degan haqiqat yotadi. Sizning yolg‘oningiz bolangizni sergaklantirib qo‘yadi. Agar o‘rtog‘i «ertaga uyingga kirib chaqirib o‘taman, futbolga birga boramiz»,- desa uning yuragi bir titraydi-da: «Uyimga kelib ovora bo‘lma, falon yerda uchrasha qolamiz»,- deydi. «Onamning (yoki otamning) yomon odatlari bor, uyimga kelsang meni «yo‘q», deb yuboradilar»,- deb haqiqatni ayta olmaydi. Bu o‘tkinchi narsalar emas, balki ota-ona bilan farzand orasidagi ziddiyatlarning tobora avjga chiqa borishidir. Bu xuddi yer ostida kuch to‘playotgan vulqonga o‘xshaydi. Xamonki, vulqon kuch to‘plar ekan, bir kunmas bir kun portlaydi. Farzandingizning portlashi qanday bo‘larkin? Sizga qarab baqirib beradimi yo uydan chiqib ketadimi? Uchinchi yo‘ldan Xudoning o‘zi asrasin...
«Hadeb bolangning ko‘ngliga qarayverma», degan o‘gitni hammamiz bilamiz va hammamiz bu nasihatga amal qilmaymiz. Ayniqsa puldorlar bu o‘gitni eshitgilari ham kelmaydi. Agar tanbeh bersangiz, «Men shu narsalarni ko‘rmay o‘sdim, bolam ko‘rsin»,- deb o‘zlarini oqlashadi. Bolani g‘oyat taltaytirish, g‘oyat yaxshi kiyintirish, boshqalardan ajratgan holda o‘stirishning halokatli jihatlarini bizdan avvalgi tarbiyachilar ko‘p ta’kidlashgan. Xudo xohlasa, bizdan keyin ham qayta-qayta gapiriladi. Biz bolalar va o‘smirlarni tarbiyalashdagi mashaqqatlarni yozib o‘tiribmiz. Bolaga nisbatan ota-onani tarbiyalashning g‘oyat og‘ir ekanini aytmasak ham bo‘lar. Bolaga haddan tashqari oro bermoqlik uni xudbinlik, kibr to‘rlariga o‘rabgina qolmay do‘st tanlashda ham adashtiradi. Uning atrofida chin o‘rtoqlar emas, manfaat do‘stlari to‘plana boshlaydilar. Bunday bola ulg‘ayganida chinakam do‘st topolmay qiynaladi. Do‘st niqobidagi munofiq va xoinlardan aziyat chekadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:58:40

Kaminaga bir odam otasining donoligi xususida so‘zlab bergan edi. U kishining otasi savdo xodimi bo‘lgan ekan. Otasining puldorligini bilgan yigitcha erkaliklar qilib turarkan. Bir kuni u «Ota, menga magnitofon olib bering», deb xarxasha qilibdi. Otasi:
-Magnitofon olib bersam, o‘rtog‘ing Eshmatga ham berib turasanmi?-deb so‘rabdi.
-Nega berarkanman, bermayman, o‘zining otasi olib bersin,-debdi yigitcha.
-Shunday xayoling borligi uchun ham olib bermayman-da. Eshmatning otasi ro‘zg‘orini zo‘rg‘a tebratadi, o‘g‘liga magnitofon olib berolmaydi. Men senga olib bersam, o‘rtog‘ingning ko‘ngli og‘riydi. Sen qizg‘anib, bermasang, oralaringdagi o‘rtoqchilik uziladi. Yaxshisi tomorqada ikkoving dehqonchilik qillaring, yetmaganini men qo‘shaman,- ota shunday deb, dehqonchilikka ham o‘zi boshchilik qilibdi.
Ota bir o‘q bilan ikki, balki uch quyonni urdi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Avvalo ikki yigitchaning do‘stligini saqlabgina qolmay, ularni mehnat orqali yanada yaqinlashtirdi. Yaxshi ko‘rilgan narsaga mehnat tufayli yetishmoq afzalligini amalda isbot etdi. U kishi ota maqomidan o‘sib, farzandi va uning o‘rtog‘i uchun do‘st martabasiga chiqdi. O‘smir yoshidagi qizmi-o‘g‘ilmi, avval aytganimizday, aynan shunday do‘stga muhtoj bo‘ladi. Biz ba’zan farzandimizdan ranjisak: «Men sening o‘rtog‘ingmanmi!»- deb jerkib beramiz. Ozgina fikr qilib ko‘raylik: ehtimol farzandimizga chin do‘st bo‘lganimiz ma’qulroqdir? (Avvalgi bobda ham bu xususda qisqa tarzda bo‘lsa-da, so‘z yuritib edik, yodingizdadir?)
Bir qadrdonimiz ko‘pchilikni o‘ylatishi mumkin bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi: qadrdonimiz katta o‘g‘linikiga borganida qirq yoshli o‘g‘li bilan o‘n to‘qqiz yoshli nabirasining o‘zaro bahslariga guvoh bo‘libdi. Nabirasining fikrlari unga ma’qul kelsa-da, bahsga aralashib, o‘g‘liga tanbeh berishni lozim topmabdi. Bahs nihoyasiga yetib, nabira chiqib ketgach, o‘g‘liga qarab: «avvalo, sen nohaqsan, bolangning fikrlari to‘g‘ri, hamonki bahslashishga o‘rin berdingmi, mag‘lubiyatingni ham tan olishga majbursan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:59:01

Bolang bilan bahslashmasang yanada yaxshi»,- debdi. O‘g‘il bu tanbehga javoban kulimsirab: «Ada, xuddi shu masalada siz bilan men ikki xil yo‘ldamiz. Men nevarangizga faqat ota emasman, u bilan do‘stman. Biz ko‘p bahslashamiz. Men unga to‘la fikr erkinligini berganman. Bolaligimizni eslab ko‘ring: siz bizdan faqat talab qilardingiz, muomalangizda ko‘pincha do‘q-po‘pisa ohangi bo‘lardi. Sizdan qo‘rqishimizni istardingiz. «Dars tayyorladingmi?» «Aytib ketgan ishimni bajarib qo‘ydingmi?» Siz bilan gaplashadigan gapimiz faqat shu edi. «O‘g‘lim, hayot so‘qmoqlari juda notekis bo‘ladi, ehtiyot bo‘lib yur, qoqilib ketma», deganingizni eslaysizmi? Eslolmaysiz. Men o‘g‘limni hayot haqiqatlarini bilib o‘sishini istaganim uchun shunaqa bahslarga chorlab turaman. Siz to‘g‘ri aytdingiz - nevarangiz haq edi. Men atayin noto‘g‘ri fikrimda qattiq turdim. Axir hayotda oqni qora deb qaysarlik qilib turadiganlar oz emas-ku?»- debdi. Qadrdonimiz o‘ylab qarasa - o‘g‘li haq ekan. Achchiq haqiqat oldida lol qolibdi.
Biz ham o‘ylab ko‘raylik-chi, farzandlarimiz iqboli yo‘lida ehtimol ozroq bo‘lsa-da chekinishimizga to‘g‘ri kelar? Endi yana mavzuga qaytsak:
Ali bolalikdan mo‘min bo‘lib o‘sdi. Xarxashalari kam edi. Bog‘chaga borishda ham dod solmasdi. Rasmli kitoblarni varaqlab o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. Maktabga borgach, tengqurlariga qaraganda yaxshi o‘qidi. Ota-ona muallimlardan faqat rahmat eshitishardi. Sal ulg‘aygach, texnikaga qiziqdi. Radio-televizor tuzatishni o‘rganib oldi. Otasi yordamida avtomobil sirlarini ham o‘rgana boshladi. Uning xotirasi o‘tkir edi, dars tayyorlashga qiynalmasdi. Texnikaga oid chizmalarni ham tez o‘rganardi. Ammo u ko‘chaga kam chiqardi. Tengdoshlari bilan kam o‘ynardi. Bolalar ham Alini saflariga chorlashmasdi. Ota-ona bundan avvaliga quvonishdi, «ko‘chadagi yomonlarga qo‘shilmagani durust», deb hisoblashdi. Ammo keyinroq o‘ylab qarab, xavotirga tushishdi. O‘g‘illari o‘smir yoshiga yetibdi-yu, bitta do‘st orttirmabdi.

Qayd etilgan