***
Yana o‘sha erkakning suhbatiga e’tiboringizni tortaman.
— Qizim pul so‘rab keladi, ortinganimni beraman, hech qoniqmaydi. Bir kuni mashinangizni berib turing, bir-ikki kun minib beraman, dedi. Berdim. Ha deganda qaytaravermadi. Qidirib topdim, ha desam, kirakashlik qilyapman, sizning berganingiz nimaga yetardi, axir pul topishim kerak-ku, agar mashinani qaytib olsangiz, o‘zimni savdoga qo‘yaman, dedi. Shuning uchun, indamay qolaverdim, — deydi ko‘zini jovdiratib!
Bo‘g‘ilib qoldim. Bu odamning o‘zbek tilida gapirayotganidan, millatdoshim ekanligidan, uning erkak ekanligidan nomus qilib ketdim. Qiz bilan ota orasidagi muzokarani qarang! Shohona uylarda yashab turib, onasi tirik turib, bo‘yiga yetgan qizning kirakashlik qilishi sizga qanday eshitildi? Bu hol otani bezovta qilmayapti, qizining keyingi shartidan sal g‘ashlanib turibdi, xolos. Axir u qiz bir tup rayhonday bo‘lsa, ertalabdan kechgacha necha yaxshi, necha yaxshimas odam mashinaga tushib, chiqib tursa! Yaxshi-yomon nigohlarning o‘zi uni kirlantirmaydimi?!
Har kimning ham bolasi bunday qilolmaydi, otasi shu erkak bo‘lgani uchun qizi shunga jur’at qildi, daraxti arzon bo‘lgani uchun, danagi sho‘r chiqib turibdi.
Bu qiz hozir shaytoniy ishtiyoqqa to‘lib turibdi, otasidan bir ishora bo‘lsa bas, ya’ni "œmashinani qaytar" buyrug‘i bo‘lsa, tamom, "œo‘zini savdoga qo‘yish"ni boshlab yuboradi. Qo‘ng‘izdan qo‘ng‘iz, suvarakdan suvarak tarqaydi.
Kimdan kim bino bo‘lganini ko‘rib turibsiz, birodar!
Yo rab!
Ki erkak qandayin erkak, yuzida yuzta rang bo‘lsa,
Ki u er qanday er, ahli ayolin holi tang bo‘lsa.
U qay zotki, oti eru so‘zida quvvati yo‘qdir,
Qizu o‘g‘lin huzurinda ibratu izzati yo‘qdir.
Gulni gulga, sherni sherga, yigitni erga o‘xshatg‘il,
Vatanni erkagin tikla, o‘g‘li bor yerga o‘xshatg‘il!