Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122745 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 13:29:48

Tog’ay Murod kursdosh do’stlaridan taniqli shoir Mirpo’lat Mirzoni o’ziga yaqin olar, u ham do’stining murakkab fe’liga yarasha muomala qilib, ko’ngliga yo’l topar, sadoqat ko’rsatar, asarlarining muhokamalarini kuydi-pishdi bo’lib uyushtirar, Tog’ay Murodni ko’rolmaydigan ayrim olifta g’alamislarning shashtini qaytarar edi. Tog’ay Murod mukofot va unvonlar olganda Mirpo’lat bilan uyiga borib, tabriklab kelardik; yozuvchining sadoqatli, jafokash ayoli,  o’zi ham  yaxshigina qalamkash Ma’sumaxonim parvona bo’lib, qo’lbola palov qilar, mehmonlarning ko’nglini ko’tarardi. Bunday paytda Tog’ay Murod ochilib-sochilib, yayrab o’tirar, yaxshigina  gurung berar edi.
Tog’ay Murod ma’lum muddat kamina bosh muharrirlik qilgan «Xabar» gazetasida tahririyat a’zosi edi. Ko’cha-ko’yda uchrashib qolsak, yana: «Men faqat «Xabar» gazetasining tahririyat a’zosiman, ha!» — der, uning hazil aralash aytgan so’zlarida faxr ham bor edi. Gazetaning yaxshi chiqayotganini aytib qolar, ayniqsa, gazetaga hazrat Navoiyning «Erursan shoh, agar ogohsen, Agar ogoh sen-sen, shoh sen-sen» degan shoh baytini shior qilib olganimiz ayni muddao ekanini ta’kidlar edi.
Tog’ay Murodning hayotdan erta ketgani adabiyotimiz uchun katta yo’qotish bo’ldi. Ko’ngilga taskin beruvchi yolg’iz tasalli shuki, undan kitobxonlar hamisha suyib, qiziqib, qidirib o’qiydigan umrboqiy asarlar qoldi.
Tog’ay Murod ijodi yigirmanchi asr o’zbek adabiyotining yirik, taniqli namoyandalaridan biri sifatida hamisha ardoqli va azizdir. Biz esa uning porloq xotirasi oldida   hamisha   burchlimiz.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:30:42

SATTOR ALIMARDONOV

MENING BOLALIK DO’STIM


Adashmasam, o’n  bir  yoshlarda  edim. Tok  kesish  mahali  bo’lsa  kerak, otam  rahmatlik bilan birga kechqurun bog’dan qaytayotgan edik. Yo’lda menga tengdosh bola ozroq o’tin orqalab olib, bir kishiga ergashib kelayotgan ekan. Otam u kishi  bilan salomlashib:
— Qani, Abdug’afforboy, yigit ham katta bo’lib qoldimi? — deb so’radi.
O’z navbatida u odam  ham:
— Xudoga shukr, yigit bo’lib qoldi, bog’ning tokini tashib yotibdi. Ko’rmaganmisiz,  to’ylarda olishib turadi, — dedi.
Vaqti keldi, olish  bo’ldi. Ikkalamizni olishtirishdi. Uzoq kurashdik, g’olib bo’lmadi. Otamning bizlarni  ajratib aytgan shu gaplari esimda qolgan:
— O’g’lim, sen kurash tushgan bolaning oti Tog’ay, bizga qo’shni o’tiradigan Bahor momoning nevarasi, Tojixolning o’g’li bo’ladi. Otasini Bo’riboy degich edi. Mol do’xtiri edi, o’lib ketdi rahmatlik.
"¦Biz tug’ilgan qishloqni Xo’jasoat deyishadi. U juda katta qishloq —  hozir o’n ming aholisi bor. Xo’jasoat ikkiga bo’lingan: Past qishloq, Yuqori qishloq. Surxondaryoning nomdor polvonlari shu yerda tug’ilgan. Hozirgacha O’zbekistonning har yeridan polvonlar kelib turadi. To’ylarda ikki qishloq polvonlari tarafma-taraf olishishgan, agar chekkadan polvon kelsa, bir taraf bo’lgan. Keyinchalik ana shu  to’ylar, ana shu kurash, ko’pkarilar Tog’ay Murodning mashhur qissalarida aks etdi, o’zbek kurashini, ko’pkarisini dunyoga tanitdi.
Biz Tog’ay bilan ana shunday tanishib, topishib oshna bo’lganmiz. Maktabda o’qib yurganimizda har kuni ko’rishib, salomlashib turar edik, sal keyinroq bir-birlarimizning uylarimizga ham borib keladigan qalin o’rtoq bo’lib qoldik.  Tog’ay bolaligida juda orasta kiyinar  edi — kiygan kiyimiga gard yuqmas edi. Bu kiyim-kechakning taxchilligida emas (60-yillarda ust-bosh unchalik mo’l emasdi), chiroyli kiyimini avaylab saqlash uning o’ziga xos odati edi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:31:44

Sal esayganimizdan keyin u tish cho’tka va pasta sotib olib, tishlarini parvarish qilib boshladi. U tishlarini ko’z-ko’z qilib maqtanishni yaxshi ko’rardi. Bu narsa kundaliklarida ham aks etgan — har bir kunning yakunida tishlarimni yuvib yotdim, degan so’zlar bo’lardi. Ana shu orastalik, ozodalik uning asarlarida ifodasini topdi. Darvoqe, Tog’ay juda yoshligidan xotira daftar tutib, uni muntazam yuritib turar edi. Uning keyinchalik, katta yozuvchi bo’lib ketishida ana shu kundalik — xotiralarning ham beqiyos yordami bo’lgan, deb o’ylayman.
Tog’ay bizning jo’raboshimiz edi. Uning aytgani aytgan, degani degan bo’lardi. U tanani chiniqtirishni yaxshi ko’rardi: qorda yuvinishni, Izmolining soyigacha (3-4 chaqirim masofa ) yugurib borib kelishni, qish paytlarida ariqning muzini yorib cho’milishni yoqtirardi va bizni ham shunga majbur qilar edi. Mengboy, Muhammadi, Ziyod, Bozor Katta (yoshi ulug’ligi uchun) Abdurahmon, Avaz birga yurar edik. Qishki gurunglarimiz ko’pincha Muhammadilarnikida bo’lardi, chunki ularning bo’lak mehmonxonasi bor bo’lib, Tog’ay uni  «Kal tom», deb atardi. Bunga sabab uy Xorazm usulida qurilgan, yana bir tomoni Muhammadilarning uylari yonida qishin-yozin bir ariq suv oqib yotardi.  Yozda  esa bizning gurung markazimiz  Ziyodlarning tomi ustiga ko’char  edi. U mahallarda Xo’jasoat haqiqiy qishloq, ya’ni qishlaydigan joy bo’lardi: odamlar qish chiqishi bilan o’toviyu  kapasini olib, echki-qo’y, moli bilan dashtga ko’chib chiqar, uzum tugashi bilan to’g’ri boqqa ko’char, qishloqda deyarli hech kim qolmas edi. Biz huvillab qolgan qishloqni yozning qisqa va g’aroyib oqshomlarida yulduzlarga tikilib (yoshligimizda osmondagi yulduzlar katta-katta bo’lardi  shekilli) tong otdi gurunglar bilan  obod qilib turar edik. 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:31:57

Kunduz kunlari bug’doy o’rib qaytar edik. Kimdir gap topib kelar edi: «Jo’rahoji boboning qovuni pishibdi, ertalab o’tayotsam, sap-sariq bo’lib yotibdi, o’lay agar, o’z ko’zim bilan ko’rdim». Charchoqlar  unutiladi, yarim kechasi to’nlarni kiyib olib (to’nning ikki bari — o’ngiri qaytarilsa, tayyor xalta bo’ladi) qovun o’g’irlikka  jo’naladi. Qorong’i kechada o’lja — qovunlarni yorib, yeb boshlaysiz, mazasi qovunnikiga o’xshamaydi, boshqasini yorasiz, yana shu holat. Shunda pastga — chiroqqa olib tushib ko’rsak, Hoji boboning oshkadi (oshqovoq)larini uzib kelgan bo’lamiz. Bu gapni topib kelgan jo’ramiz Abdurahmon Istil esa oshqovoq po’chog’i  bilan  do’pposlanadi.   
"¦ Afsus, ming afsus, Tog’ay Murod bizning  ana shu sirli, sehrli  o’spirinlik  davrimiz haqida ajoyib bir qissa yozmoqchi edi, gurunglarimizda aytgandi, vaqt bevafolik qildi.
Qish kechalarida bir-birimiznikida yotib qolib, dars tayyorlar edik. Tog’ayning alohida o’z xonasi, yozuv stoli bo’lardi. Yozuv stoli tepasida dunyo xaritasi osig’liq turar va Tog’ay unda mashq qilishni yaxshi ko’rardi.                             
Men sinfkom edim va barcha fanlardan yaxshi o’qishga harakat qilardim. Bir kuni Tog’ay shunday deb qoldi: hamma fanlarni o’zlashtirib ololmaysan, buning imkoni ham yo’q. Shuning uchun o’zingga yoqadigan biror-bir fanni tanla va uni durustroq o’rgan, maktabni bitirganingda kerak bo’ladi.
U ana shunday mustaqil va to’g’ri fikrlaydigan, o’rinli maslahat  bera oladigan aqlli bola edi.
Tog’ay bir kuni maktabga kelmadi, sababi bo’lmasa, u umuman dars qoldirmas edi. (Bu voqea, adashmasam, 1963 yilning aprel-may oylarida bo’lgandi.) Sababini bilish uchun darslar tugagach, ularnikiga bordim. U bir o’zi choy ichib o’tirgan ekan, kayfiyati ko’tarinki,  ko’zlari yonib turardi.
— Bilasanmi, qaerda edim, — deb so’z boshladi  u, — Denovga, «G’alaba uchun» gazetasiga  bordim, Chori Yoqubov degan kishiga bir-ikki hikoyamni olib borgandim, maqtadi, g’ayrat qiling, dedi. Endi gurunglarni kamaytirib, ko’proq o’qishim, yozishim kerak bo’ladi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:32:20

Ana shu voqeadan keyin u adabiyot bilan, ijod bilan jiddiyroq shug’ullanadigan bo’ldi. Avvalgi  o’yinqaroq  bolalik ortda qolgan edi. Tog’ay yoshiga nomuvofiq tarzda jiddiylashgan va o’ychan bo’lib qolgan edi.  «O’zbekiston xalq yozuvchisi» degan yuksak unvonga olib kelgan yo’l ana shunday boshlangan edi.                                 
1966  yil ham yetib keldi. Maktabni tamomlab, Samarqandga yo’l oldik. Aprel  zilzilasidan keyin Toshkent oliy o’quv yurtlariga qabul Samarqandda bo’layotgan edi-da. Tog’ay ToshDUning huquqshunoslik fakultetiga o’qishga kirdi, men esam SamDUning  filologiya fakultetiga imtihon topshirib, mandatdan qaytdim va bir yil maktabda  o’qituvchilik qildim. U meni juda chiroyli qilib, «maalim», deb  atardi.               
1967 yil yozida ToshDUning  filologiya fakultetiga kirib, to’rt yil davomida  Tog’ay bilan deyarli birga bo’ldik, yaxshi-yomon kunlarni  birga  o’tkazdik.     
Men uning o’qishdan  keyingi hayotini yaxshi  bilmayman. Mening  kenja  ukam Ibrohim  Qishloq xo’jalik  institutida  o’qidi. Uning xotirlashicha, Tog’ay  ularning  yotoqxonalariga  onda-sonda  borib  turgan. Ibrohim, Tog’ay  aka  horg’in-tolg’in, ust-boshlari  nochor  bo’lardi, deydi. Bu davr uning   hayotidagi  tushkunlik davri  edi. U bularning  baridan  eson-omon o’tib  oldi.
Tog’ayning  irodasi  kuchli  edi.  Boshidan o’tgan  shuncha ko’rgilik-savdolarni  yolg’iz o’zi yenga oldi. Menimcha, har qanday inson boshiga bunday savdolar tushsa, aqldan ozishi tayin.¬ Ammo u bari qiyinchiliklarni mardona yengdi. Tog’ay juda qat’iyatli edi.   
    Xudoning suygan bandasi edi  u, boladay beg’ubor, ishonuvchan. Shuning uchun ham Olloh uni ulkan hamda ezgu ishga boshladi — o’zbek  adabiyotiga xolis xizmat qildi, xalqning  sevikli adibiga aylandi. Iloyo Olloh uni o’z marhamatiga olgan  bo’lsin.     

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:33:10

SAHOBIDDIN XOLMATOV

MANGULIKKA  DAXLDOR IJOD

O’zbekiston xalq yozuvchisi, Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti laureati,  katta adib, mohir tarjimon, «Oydinda yurgan odamlar», «Ot kishnagan oqshom», «Yulduzlar mangu yonadi» kabi  qo’shiqday dilbar qissalari, «Otamdan qolgan dalalar», «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» singari mashhur romanlari bilan keng o’quvchilar ommasi e’tiborini qozongan iste’dodli yozuvchi Tog’ay Murod oramizdan ketdi. O’zbek adabiyoti iqtidorli yozuvchisidan judo bo’ldi.
O’lim, judolik naqadar og’ir! Agar Tog’ay Murod uzoq yashaganida edi, kitobxonlarga bundan-da ko’proq, bundan-da teran asarlar hadya etishi turgan gap edi. Yozuvchi o’zining so’nggi yozgan romanini «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» deb nomlagan edi. Lekin o’lim hammamiz uchun bir kun haq ekan. Birov oldin, birov keyinroq... Afsuslar bo’lsinkim, Tog’ay Murod ham dunyodan barvaqt  ketdi, 55 yoshida olamdan o’tdi.
Iste’dodli yozuvchining go’zal Farg’ona vodiysi, xususan, tumanimizga hurmat-e’tibori beqiyos bo’lganligini ko’pchilik muxlislar bilishmasa  kerak. Ana shu bois Tog’ay Murodning hayot yo’li, ijodi haqida qisqaroq bo’lsa-da, o’z qarashlarimizni bayon qilishga jazm  ayladik.
...Olis Surxondaryo viloyatining Denov (hozir Oltinsoy) tumanidagi Xo’jasoat qishlog’ida tug’ilgan Tog’aymurod Meng¬norov 1966 yili o’rta maktabni tugallab, ToshDUning huquqshunoslik fakultetiga o’qishga kirdi-yu, bu fakultetda bir  yilcha tahsil olib,  negadir  ko’ngli  to’lmay,  o’qishni  jurnalistika  fakultetiga ko’chirdi. Ana shundan boshlab Tog’ay Murod mazkur satrlar muallifi bilan kursdosh bo’lib  qoldi.
Tog’ay  Murod  bu  fakultetda o’qir ekan, talabalar orasida o’zga bir olam edi. Garchi uning dastlabki yozgan hikoyalari o’sha vaqtda talabchan yozuvchi Asqad Muxtor muharrirlik qilayotgan «Guliston» jurnalida tez-tez bosilib tursa-da,  havolanmas, o’zini sipo tutar, o’qish va izlanishdan charchamasdi. Tog’ay Murodning matbuotda e’lon qilingan har bir ijodini biz ko’pchilik kursdoshlar katta quvonch bilan kutib olar, undan kelgusida iste’dodli yozuvchi yetishib chiqajagiga ishonar edik.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:33:24

Darhaqiqat, shunday bo’ldi ham. Tog’ay Murodning 70-90-yillari yozgan qator qissa, romanlari yangicha uslubda bitilganligi, tilining jozibadorligi bilan adabiyotimizda o’ziga xos bir yangilik bo’ldi, uning  iste’dodiga barcha tan berdi. Tog’ay Murod asarlari bilan yaqindan tanishgan, uni sevib mutolaa qilgan har bir o’quvchi  buni  yaxshi biladi.
...Tog’ay Murod dastlab 1970 yili tumanimizga kelgan bo’lsa, uning keyingi tashrifi 1975 yilga to’g’ri keldi. O’shanda u Respublika radiosining chet  elga eshittirishlar beradigan «Vatandoshlar» tahririyatida   muxbir bo’lib ishlar edi.
Tog’ay Murod tumanimizga kelib, o’sha paytlardagi tuman rahbarlaridan   Alijon Payg’omov huzurida bo’larkan, unga o’z maqsadini aytganida, u behad xursand  holda: «Rahmat, o’g’lim, umringizdan baraka toping, shunchalik bizni yo’qlab Toshkentdan kelibsiz, tumanimiz mehnat ahlining hayotini dunyoga tanitmoqchi bo’libsiz, minnatdormiz sizdan!» —  deganlari hamon yodimda.
O’shanda Tog’ay  Murod tumanimizda bir necha kun bo’lib, ko’plab dongdor kishilar bilan suhbatlashgan,  ularning dil so’zlari, orzu-intilishlarini magnit tasmasiga tushirib, efirga bergan edi. Radiojurnalist Tog’aymurod  Mengnorovning tumandoshlarimiz Mehnat qahramonlari — Oyshaxon Yo’ldosheva, Risolatoy Ergasheva, paxtakorlardan Dehqonboy,  bog’bon Quvvatali  Rasulov haqidagi ta’sirchan radiolavhalari Respublika Teleradio qo’mitasi tomonidan ma’qullanib, tashakkurnoma olgan edi.
Ha, O’zbekiston xalq yozuvchisi, takrorlanmas iste’dod sohibi,   viloyatimiz, tumanimiz ahlini behad sevuvchi,  ular  haqida asarlar bitgan  ijodkor Tog’ay Murod  to’g’risida ko’p va xo’p yozish mumkin. Tog’ay Murod bugun oramizda yo’q bo’lsa-da, undan  adabiyotimiz uchun boy meros qoldi. Hali Tog’ay  Murodning  mahorat bilan yozilgan hikoya, qissa va romanlari, tarjima asarlari ko’plab nusxada nashr qilinishiga, ular millionlab kitobxonlar tomonidan sevib o’qilishiga ishonamiz. Chunki mangulikka daxldor bu asarlarni muxlislar yillar osha emas, asrlar osha o’qiydilar, o’qiyveradilar"¦

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:34:35

TOJIDDIN RAZZOQ

TOG’AY  MUROD

Shoirlar  Xudoning qarollaridir.
N.Gumelev.

1. Men Tog’ay Murodni yuzdan oshib ketsa kerak, deb  yurardim, chunki u sigaret chekmas, deyarli har kuni badantarbiya mashq¬lari bilan shug’ullanar,  har qanday sharoitda yugurishni kanda  qilmas, buning ustiga, boshlig’idan  dakki eshitaverib, sochi oqarib ketadigan vazifalarda ham  ishlamas, Xudo bergan rizq¬qa qanoat  qilib, ya’ni bizga o’xshab, imorat solaman, mashina olaman, elga to’y beraman deb o’zini o’tga-cho’qqa urmas, o’tirib... ijod qilar edi. To’g’ri, «ijod qildim»,  degan  iboralar mening g’azabimni qo’zg’aydi, lekin hamma shunday yozgandan so’ng mening qo’limdan nima kelar edi.
Bu masalada Mark Tven boplagan.  «Yozuvchi bo’lish uchun nima qilish kerak?» — degan xonimga: «Qog’oz, qalam topasiz-da,  kallangizga kelgan  fikrni chapdan o’ngga qaratib yozib ketaverasiz», deb javob bergan.   Qog’oz bilan qalamni topish mushkul emas, lekin kallaga fikrning kelishi,  fikr egasining ixtiyorida emas — bunga iqror bo’lmoq uchun hech bo’lmaganda Farididdin Attor va Alisher Navoiy  hazratlari  bayon qilgan  Shayx San’on qissasini yigirma, o’ttiz, balki yuz marta, to yod bo’lib qolguncha o’qishning o’zi kifoya qiladi.  Shuning uchun «ijod qildim»,  «yaratdim»  degan insonlarning bu lofiga  hech ham ishonmang.
2. Tog’ay Murod Yevropa, ayniqsa,  rus  adabiyotining ashaddiy muxlisi va katta bilimdoni edi.  Ma’lumki, ular badiiy adabiyotni vosita emas, balki  maqsad deb biladilar va shuning uchun ham  Pushkinday  daho Pugachyov haqida roman yozish uchun bu isyonchi haqida erinmasdan ma’lumotlar to’playdi. Tog’ay Murod ham xuddi Pushkinga o’xshab «Yulduzlar mangu yonadi» degan dastlabki qissasini yozishdan avval  o’zi tug’ilib-o’sgan Xo’jasoatga borib, polvonlarning joniga tegib, kurash,  uning ming bir usullari haqida  shu darajada ko’p tafsilotlar to’plagan ediki, bu haqda so’rayverib hammani bezor qilgandi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:34:55

«Ot kishnagan oqshom», hatto «Otamdan qolgan dalalar» ham shu taxlitda yozilgan — haliyam Oltinsoyda ba’zi odamlar uning haftalab  dalada suvchilarning orasida yashaganini  aytib yurishadi. U hatto hayotga ham  G’arb adabiyoti orqali qarar, bu esa zamondoshlarini ko’p hollarda hayron qoldirar edi. Uning turmush tarzi va o’lchov birliklariga shu nuqtai nazardan qaralsa, hamma muammolar oydinlashib, joy-joyiga tushadi.
3. Men o’rta maktabning yettinchi-sakkizinchi sinfidayoq muxbirlik kasaliga  yo’liqib ulgurgan, bizga o’xshaganlar uchun «G’alaba uchun» degan tuman gazetasi katta minbarga aylangan, qo’lga tushgan tafsilotni yozaverar edik: Tog’ay Murodni ana shu gazeta orqali  bilganman. O’shanda ham Tog’ay Murod sakkiz qatorli xabarlarni pisand qilmasdan hikoyalar e’lon qilar edi.
Biz oltmish to’qqizinchi yilning yozida uchrashdik. Katta yozuvchi bo’lishni ko’ngilga tugib, Toshkentga bordim va tayanch sifatida Talabalar shaharchasining jurnalistlar istiqomat  qiladigan yotoqxonasidan ne umidlar bilan Tog’ay Murodni izladim — shunday odam bor va mana bu xonada yashaydi, de¬yishdi: borib-borib hamxonasidan so’ragan ekanman — bo’lajak... sarson ekanligimni bilib, kirgan joydagi  xonaga taklif etdi. Tilining uchigacha jun bosib ketgan va shuning uchun bizga nisbatan yoshi katta ko’rinadigan bu odamning Xudoyberdi Eshonqulov ekanligini oradan o’n yillar o’tib bildim — biz Xudoyberdi aka bilan  Surxondaryo viloyati «Lenin bayrog’i» gazetasida birga ishladik. Ammo Xudoyberdi aka Tog’ay Murodni daraklab borgan qishloqi yigitning men ekanligimni xayoliga ham keltirmasdan  ko’p o’tmay o’lib ketdi. Chunki o’shanda Xudoyberdi aka: «Ana shu yerda o’tirsangiz, Tog’ay keladi», deb o’zi qayoqqadir yo’qolib ketgan, judayam ko’rimsiz va jaydari bo’lganim uchun hatto meni eslab ham qolmagan. 
Xudoyberdi aka aytganiday,  ko’p o’tmay Tog’ay Murod keldi  — gazetada suratini ko’rganim uchun darrov tanidim. «Mana bu karavot meniki, endi sizniki bo’ladi. Biz «voenka»ga ketyapmiz», dedi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:35:14

4. Toshkentning menga ko’zi uchib turgani yo’q ekan, inshodan yiqilib, kechalab Denovga qaytdim. Keyingi yil ham «jurfak»Â¬ka hujjat topshirishning iloji bo’lmadi.  Ijodiy suhbat mendan kelajakda muxbir chiqmasligini ko’rsatdi va men peshonamga bir mushtlab, «filfak»ka kirib ketdim. Bizni bo’lajak jurnalistlarga aralashtirishmadi —  joyni 85-yotoqxonadan berishdi. Bu orada Tog’ay Murodni ko’rish uyoqda tursin, hatto daragini ham eshitmadim. Keyin bilsam, Tog’ay Murod karavotini berib ketgandan so’ng harbiydan imtihon topshirmoq uchun Turkmanistonning yo Elotan, yo boshqa joyiga ketgan, o’sha yoqda onasini  so’kkanligi uchun Abdurazzoq degan hamsabog’ining og’zini yirtmoq bo’lib, ikki qo’lini uning og’ziga tiqqan, u ham anoyi emas ekan shekilli, jon achchig’ida Tog’ay Murodning ko’rsatkich barmog’idan yarim bo’g’inchasini tishi bilan cho’rt uzib olgan.  Bu gap katta janjalga aylanib ikkovi ham universitetdan haydalgan.  Xo’jasoatlik Janjal bobo degan judayam hurmatli bir oqsoqol Toshkentdagi qadimgi qadrdonini, to’g’rirog’i, Abdulla  Qahhorga  yozuv mashinkasi bergan savdo vazirini ishga solib, ikki yil deganda Tog’ay Murodni to’xtab qolgan joyidan talabalikka tiklagan.
    O’zingiz bilasiz, bunday ahvoldagi talabaga stipendiya ham, yotoqxona ham berilmaydi. Xuddi shu paytda Tog’ay Murodni uchratdim, hamma gapning tagiga yetgach, 85-yotoqxonadagi karavotimni taklif qildim. O’zim yerga joy soldim, bu hol bir yilmi, ikki yil — Tog’ay Murod universitetni bitirguncha davom etdi.
5. Oradan ko’p yillar o’tib, qandaydir munosabat bilan bu tafsilotlarni Olimjon Usanovga aytib bergan edim, u: «Tog’ayni stipendiyadan men qoldirgan edim, chunki men kursning starostasi edim-da!» — dedi.
— Bekor qilgan ekansiz. Nega unday qilgansiz?
— Bizni  pisand  qilmas edi.
— ...
—   Men uning bunday katta yozuvchi bo’lib ketishini qayoqdan bilibman.
Bo’lmasa, starostaning oldida bir stipendiya nima degan gap.
6. O’shanda  men  topgan pulimga kitob  olar edim. Tog’ay Murod bilan bir xonada istiqomat qilsak-da, yozayotganining ham, kitob o’qiyotganining ham ustida bo’lmaganman.
Men juda intizomli talaba edim  —  bir tiyinga qimmat mashg’ulotlarga ham itday qatnaganman, buning ustiga, kutubxonalarda o’tirishni, kitob magazinlarida sandiroqlab yurishni, Beshyog’ochdagi hozir buzilib ketgan Alisher Navoiy nomli kinoteatrda Raj Kapurning filmlarini tomosha qilishni yaxshi ko’rardim. Tog’ay Murod esa haftalab xonadan chiqmas —  yozar va o’qir edi. Olimjon aytganiday, darslarga ham deyarli qatnamasdi.

Qayd etilgan