Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122747 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 13:35:29

7. 85-yotoqxonaning o’z adabiy muhiti bor edi. Murod Muhammad Do’st, Yo’ldosh Eshbek, Azim Suyun, Usmon Qo’chqor, Shukur Qurbon — oradan yillar o’tib, ularning har qaysisi adabiyotimizda dovrug’ qozondilar.
Biz darsdan qaytaverar, Murod Muhammad Do’st bilan Yo’ldosh Eshbek uyqudan turib, yotoqxonadan chiqib ketaverar edi — ikkovi uzoqdan xuddi egizaklarga o’xshar edi. O’sha yillari ham Murod aka tong otguncha qattiq ishlar, Yo’ldosh esa yotoqxonaning bo’lajak daholariga sahargacha she’r o’qir, tomog’ini yirtgudek bo’lib bahslashar edi.
Endi o’ylab qarasam, mushtdaygina yotoqxonada ham bir nech¬ta adabiy guruh bo’lib, ular bir-biridan hurkibroq, hayiqibroq turar ekan. Shu ma’noda  Tog’ay Murod bilan ikkovimiz bitta adabiy guruh ekanmiz. Tog’ay Murod adabiy davralarning biroviga ham qo’shilmas, mening esa tumshug’imni tiqmagan davraning o’zi yo’q, shuning uchun u yerlarda bo’layotgan hamma gapni —  kimning nima yozganini, kimning qaysi asar yoki muallif haqida nima deganini erinmasdan Tog’ay Murodga aytib berar edim.
8. Biz tonggacha bahslashib yurganimiz bilan Murod Muhammad Do’st o’shanda juda qattiq ishlar — Paustovskiyning o’ta nozik prozasini tarjima qilar va peshma-pesh o’qib berar, xuddi men bir narsani biladiganday, mana bu ifodani mana bu iboralar bilan bayon qildim, ammo aslidagiday kayfiyat bermayapti, yana qanday yozish mumkin, deb menga maslahat solar edi. Murod aka kitobni ham juda tez o’qirdi — ertalab oldiga kirsam, ko’zlari kirtayib ketgan, ha,  desam, stolda  yotgan  ka-a-tta kitobni ko’rsatdi: «Kechasi bilan o’qib tugatdim». Kitob Drayzerning «Geniy» degan romani edi.
O’sha yillari Murod aka Betxovenga oshiq bo’lib qoldi — allaqaerdan uning plastinkalarini topib, eshitaverardi, eshitaverardi... Bu gaplarga ham o’ttiz yillar bo’ldi, ammo Murod akaning «Uchinchi simfoniya» degan  hikoyasi haliyam qulog’imning  ostida jaranglab, ha, jaranglab turadi — asar shu darajada musiqiy edi.
Bilasizmi, Murod aka qo’lyozmalarni o’qish uchun menga berar, ammo fikrimni so’ramas edi. Bir marta muqovalangan  qo’lyozma berdi — qissa ekan, xonamga olib chiqib o’qidim, so’ng Tog’ay Murodga berdim: bir necha sahifasini ko’rdi-da, «bo’lmaydi», dedi. Haqiqatan ham,  Tog’ay Murod to’g’ri aytgan ekan — Murod Muhammad Do’st o’sha qissani hech joyda e’lon qilmadi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:35:54

9. To «Yulduzlar mangu yonadi» bosilguncha Tog’ay Murodning jiddiy, hattoki katta yozuvchi ekanligini hech kim bilmas edi. 85-yotoqxonada ham uning mashinkalangan  hikoyalarini mendan boshqa hech kim o’qigan emas.
10. Tog’ay Murod hech kimga bildirmasdan o’zbek adabiyotida, umuman, badiiy adabiyotda o’z saltanatini tikdi. Uning ifoda usuli shu paytgacha hech bir muallifda uchramagan, kuzatilmagan edi. Uni takrorlashning ham iloji bo’lmayapti. Ba’zan, bizga  ikkinchi Rauf Parfi kerak emas, degan qanotli ibora muomalaga kirib qoladi — yoshlarning ko’plari Rauf Parfiga o’xshatib yozishdan  hatto faxrlanadilar va binoyiday  bu yumushning uddasidan chiqmoqdalar. Lekin hech kim  Alisher Navoiy hazratlariga yo Pushkinga o’xshatib yozishga hatto urinib ham ko’rmaydi —  buning iloji yo’qligini ularning o’zlari ham bilishadi. Tog’ay Murodning qissa-romanlari ham  xuddi shunday.
Shu munosabat bilan bitta tafsilot aytgim keladi: nimasini yashiramiz:  adabiyotning katta bilimdoniman, deydiganlar ham Tog’ay Murodning romanlarini qabul qilolmadi. Bir suhbatda Yo’ldosh Eshbekka shu gapni aytdim.
— Hamma  Tog’ayning romanlarini proza deb o’ylaydi, — dedi Yo’ldosh qo’llarini havolatib. — Yo’q, Tog’ay Murodning romanlari poeziya. Poeziya esa tushunilmaydi, anglanadi.
11. Buni Tog’ay Murodning o’zi bilarmidi? Bilganda-chi!
12. Tog’ay Murodning eng katta xizmati — xalqimizning kimligini esiga solgani bo’ldi. Shu paytga qadar bu ishga ko’pchilik ko’l urgan, lekin ularning birovi ham Tog’ay Murodchalik bu vazifaning  uddasidan chiqa olmagan edi.
«A» degan odam «B»ni ham aytishga majbur bo’lgani singari, sirtdan qaraganda, Tog’ay Murod bir necha hamla bilan amalga oshirgan ishni yuz yillar davomida nega boshqalar uddalay olmaganini ishonarli qilib dalillash kerak bo’ladi.
Badiiy adabiyot shunday olamki, bir muallifga ehtirom ko’rsatilsa, boshqalarning martabasiga soya tushmaydi. Bu o’rinda Tog’ay Murodning millat va xalq oldidagi judayam katta xizmatlarini ta’kidlar ekanmiz, bu harakatimiz bilan katta  yo’lga otlanib,  qaysidir daraxtning soyasida qolib  ketgan adiblarimizning uquvsizligini ta’na qilmoqchi emasmiz. Zotan, hazrat Navoiy aytganlaridek, ulug’ maqsadlar yo’lida jafolar chekmoqlikning o’zi ham bir saodatdir.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:36:24

Xoja Bahovuddin Naqshband hazratlari: «Maqsad sari shu darajada shitob va shiddat bilan intilgilki,  lozim bo’lsa,   mening gardanimga oyog’ingni qo’yib,  murodga yetgil!» — deydilar shogirdlariga. Ammo ko’p yozuvchilarimiz ta’ma umidida zamon mayllariga moyil bo’ldilar,  Cho’lpon iborasi bilan aytganda, bu dunyo rohati deb u dunyoni bahosiz pulga sotdilar va buning uchun ularni mutlaqo ayblab yo kamsitib bo’lmaydi:  inson daxlsizlik  martabasiga  erisha  olmas ekan, so’qir bo’lib qolaveradi — ko’zi yiltirab turgani bilan  oq-qoraning, halol-haromning, yaxshi-yomonning farqiga bormaydi.
Yozuvchi bir marta irodasiga qarshi borib, yolg’on yozsa, keyin ham bunga o’rganib qoladi.  Tog’ay Murod  butun  adabiy faoliyati davomida o’zining  ezgu tamoyillariga biror marta xiyonat qilmadi. Vaholanki, unga ham buyurtmalar ko’p, men  zamonning qahramoniman,  deb olamga jar solib yurgan"¦ noinsoflar haqida qarsillatib bir kitob yozish Tog’ay Murod uchun  bir piyola suv ichganday gap edi. Agar shunday qilganida, uning allanima... allanimalari bo’lar edi-yu, ammo Tog’ay Murod bo’lolmas edi.
Ulug’ Pir aytadi: «Men daryoning bo’yiga qirq marta borib, chanqog’imni qanoatlantirmasdan qaytib kela olaman!» Tog’ay Murodning dunyo manfaatlaridan yuz o’girib, o’zi o’ylaganday romanlar yozishi, haligi Ustozning daryo bo’yiga borib, nafsini tahqirlaganiga o’xshaydi. Menga ishoning — ta’ma umidida qo’liga qalam olgan odam hech qachon haqiqatni — gapning to’g’risini yozolmaydi. Tog’ay Muroddan o’n baravar, balki yuz baravar iste’dodli yozuvchilarni yo’ldan ozdirgan, demakki, xarob qilgan iblisning oti — ta’madir.
13. Balzak: «Biz shunday asarlar yozaylikki, vaqti kelib, Frantsiya yer yuzidan yo’q bo’lib ketganda ham, kitoblarimiz: «Bu yerda Frantsiya bo’lgan edi!» deb tursin!» — deydi. Tog’ay Murodning qissalari, romanlari ana shunday vakolatga ega! Hatto ularning hammasini bitta muqovaga jamlab bemalol chop etish mumkin. Xalq ko’nglining tubiga hatto Lev Tolstoy ham bunchalik chuqur kirib borolmagan, shuning uchun bu ulug’ yozuvchi Turgenevni xushlamas edi. Yaqinda bir muhtaram zot (televizordan) Turgenev haqida bepisandlik bilan gapirdi. Vaholanki, G’arb adabiyotida, umuman, badiiy adabiyotda o’zi mansub bo’lgan millat ruhidagi betimsol go’zallik va qudratni hech kim Turgenevchalik yorug’ bo’yoqlar bilan tasvirlab berolmagan.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:36:37

Yoki bo’lmasa: Gorkiy Gogolni yoqtirmagan! Chunki Gogol bor haqiqatni butun tafsilotlari bilan ro’y-rost yozishga o’zida qudrat topa oldi. Hatto u najot yo’lini ham aytdi, ammo Belinskiy uning bu so’nggi asarini yer bilan yakson qildi — o’zimiz ham oltmishinchi yillarda Gogolning o’sha ajoyib asarini o’qimasdan, uni qoralab imtihon topshirganmiz: «Najot — dindadir!» degan umuminsoniy g’oyasi bu ajoyib yozuvchining boshiga yong’oq bo’lib chaqildi.
14. O’zining iboralari bilan aytganda, Tog’ay Murod o’zbek xalqiga haykal qo’ydi — bizning bu haqiqatga iqror bo’lmog’imiz uchun hali ko’p yillar kerak bo’ladi. Chunki odam bolasi o’zi anglamagan haqiqatlarni qabul qilishga qodir emas.
15. Adabiyot uchun odamlar umrini garovga qo’yadilar. Xuddi Komiljon Otaniyozovga o’xshab, xuddi Shukur Burxonovga o’xshab, Tog’ay Murodning ham yuragi yorilib o’ldi — yurak esa xursandchilikdan yorilmaydi. Yozuvchilik — kasb emas, omonsiz jangga kirish va muzaffar bo’lmoqdir: bu gapni men emas, Viktor Shklovskiy aytgan.
Tog’ay Murod muzaffar bayroq bilan bu dunyodan ketdi.¬  Dunyo¬da toki men o’zbekman, deydigan bitta odam bor ekan, yulduzlar mangu yonaveradi, oqshomlari otlar kishnayveradi, bobolar bilan momolar esa  shivirlashib oydinda  yuraveradilar — Tog’ay Murod bino qilgan qal’a to qiyomatgacha zavol topmaydi: diydor qiyomatga qoldi, tuprog’ing yengil bo’lsin, birodar!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:37:26

YURIY PODPORENKO

TOG’AY MUROD ASARLARI TARJIMA
QILINISHI  SHART

Ming taassufki, men Tog’ay Murod haqida mazkur janr uchun kerakli bo’lgan xotiralarni keltira olmayman. Chunki biz u bilan hayotligida shunchaki bir-ikki og’iz gaplashib turardik, xolos. Bu suhbatlar esa hech  qanday xotira uchun asos bo’lmaydi. Lekin men adib nomi hamda u yaratgan nasr kishida qanday taassurotlar qoldirganini aytib o’tishim joiz.
Men dastlab Tog’ay Murod nomini Rahimjon Otaevning XX asr 80-yillari o’rtalaridagi yosh o’zbek yozuvchilari haqidagi maqolasi qo’lyozmasida uchratdim. O’zbek adabiyotshunosi birinchi marotaba o’z maqolasini rus tilida yozishga jazm etgan va bu qo’lyozma  «Zvezda Vostoka» jurnali tahririyatida ishlay boshlagan kezlarim  men tahrir etgan birinchi matn edi. Maqolada hali rus tiliga o’girilmagan Tog’ay Murod asarlari haqida  hikoya  qilinib, ularga batafsil sharh berilar, adib ijodining o’ziga xosligi haqida gap borardi. Afsuski, ana shu «hali» Tog’ay Murod uchun haddan ortiq  cho’zilib ketdi. Menga ma’lum bo’lishicha, unga o’z asarlarining rus tilida nashr etilishini ko’rish nasib etmadi. Adib asarlari hatto so’zlab berilganda ham ular o’ziga xos deb qabul qilinaverardi. Ana shu o’ziga xoslik, avvalo, yozuvchining o’zi tanlagan badiiy ifoda yo’sinlaridan kelib chiqqan. Uning qahramonlari soddaligi, samimiyligi bilan yagona va ajoyib bo’lib qolaveradi, bu obrazlar tasodifiylikdagi tipiklikdan paydo bo’ladiki, manguga kishi ongiga singib ketadi.    
Bu narsa Yo’ldosh Oxunboboev nomidagi Yosh tomoshabinlar teatrida Tog’ay Murod asarlari asosida namoyish etilgan spektaklda yana bir karra o’z tasdig’ini topdi. Rejissyor  Olimjon  Salimov instsenirovka qilish paytida asarning chetlab o’tish mumkin bo’lmagan noyob qirralarini ajratib oladiki, aftidan, ayni shu jihatlar Tog’ay Murodni kundalik turmush realiyalarida ko’proq hayajonga solgan va qiynaganga hamda uni ijod sari undaganga o’xshaydi.
Hayotdan barvaqt ketgan bu yozuvchining shoirona nasri u hayotligida rus tiliga tarjima qilinmaganligini shunchaki anglashilmovchilik deb bo’lmaydi. O’ylashimcha, bu qisman Sharq she’riyatining tarjima qilinmasligi to’g’risidagi tasavvurlarga, qisman esa turli madaniyatlarga xos bo’lgan qarashlardagi jiddiy farqlarga bog’liq. Aftidan,Tog’ay Murod, o’z qahramonlarining ona tilida aniq sezilib turgan jozibador kuchi  o’sha jozibadorlikni ifodalash quvvatiga ega bo’lmagan tarjimada yo’qoladi, deb hisoblagan.
Lekin shunday bo’lsa-da, Tog’ay Murod nasrini rus tiliga tarjima qilishga urinib ko’rish zarur. Chunki o’z qahramonlari kabi noyob bunday yozuvchi boshqa yo’q va afsuski, hech  qachon  bo’lmaydi  ham.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:38:12

JO’RA QODIROV

ATOQLI ADIBNING FIRQA ZULMIDAN
XO’RLANGANI HAQIDA

Chinorginam, yashil-sariq libosing yo’q,
Niqob kiygan daraxtlarga havasing  yo’q.
Yalangoyoq qulday Haqqa yaqindirsan,
Ketar bo’lsang, yo’ling to’sar qafasing yo’q,
Bu dunyoga, bu ro’yoga havasing yo’q,
Chinorginam...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:38:48

Shamsiya



1-lavha
Xo’jasoatdagi dorixonada ishlaydigan Eshqul ba’zi paytlar uyga maqtanib kelgich edi:
— Kecha Toshkentdan Tog’ay Murod keldi. Rosa gurungni urdik.
Tog’ay Murod bilan hamsuhbat bo’lgan Eshqul ko’zimga eng zo’r odam ko’rinardi. Lekin gaplariga ishonmasdim.
— Senam gapir-a, Tog’ay Murodday odam kelib-kelib sendaylar bilan...
Eshqul battar hayratimni oshirardi:
— Bo’l, ertaga mototsiklimga mindirib boray. Gurunglashib kelasan.
2-lavha
O’shanda 1988 yilning bahori edi shekilli. Tuman gazetasida bo’lim mudiri bo’lib ishlardim. Ertalab ishga kelishim bilan shoir Ismatullo Halimov maqtandi:
— Kecha ajoyib kun bo’ldi. Yaxshi she’rday kun. Bilsangiz, siz yaxshi ko’radigan Tog’ay Murod keldi. Birgalikda  tushlik  qildik. Xo’jalikka chiqib ketganingiz yaxshi bo’lmadi-da.
Tabiiyki, tabiatan hazilkash Ismatulloning gaplariga ishonmadim.   
— Qo’ying, ertalabdan boshni garang qilib, ertak to’qimang. Undan ko’ra ishingizni qiling.
Shoir yana asabimga tekkanday bo’ldi.
— Ishonsangiz, u kishi bizda ishlagani kepti. Shoir Abdumajid Azimovning joyiga mas’ul kotib bo’lib.
— Ol-a, Tog’ay Murod qaerda-yu, «Oltinsoy tongi» qaerda? Shunday buyuk yozuvchi-ya...
Men hali uni biror marta ko’rmagan,  hamsuhbat bo’lmagandim. Lekin maqtanishga yo’ymangiz, «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» qissalarining ayrim sahifalarini yaxshi she’rday yod bilardim. Men yozuvchining noyob iste’dodi asiri edim.
Yo’q, Ismatullo aldamagan ekan. Bir mahal chiroyli ki¬yingan, oppoq qordek ko’ylakka yarashiqli bo’yinbog’ taqqan,   ko’zlari porlab turgan yigit eshikdan  kirib keldi.
Bu — Tog’ay Murod edi! Men jurnallarda mehr bilan, havas bilan tikilib o’tiradigan yozuvchi edi!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:39:07

3-lavha
Bilmayman, hali-hali aqlim bovar qilmaydi, negadir u bilan fe’limiz mos tushib qoldi. To’g’ri, bir-ikki kun men uning oldida iymanib, tortinib yurdim. Ba’zi paytlarda gapdan adashib, tilim tutilib qolardi. Keyin esa apoq-chapoq bo’lib ketdik. Bir-birimizni ko’rmasak turolmaydigan bo’lib qoldik. Ko’p paytlarimiz, ayniqsa, dam olish kunlari hovlimizdagi sersoya, yaproqlari katta-katta tut daraxti tagidagi yog’och so’ri bizning sevimli joyimiz bo’lardi.
Bularning bari shirin tushday edi. O’zing avliyodek sezgan yozuvchi, hali aytganimday, qissalarining ayrim sahifalarini yod olgan dovrug’li yozuvchi bilan bugun birga yursang. O’tirib choyxo’rlik qilsang, chindanam tushga o’xshaydi. Endi bularning bari shirin va ma’yus bir tush bo’lib qoldi. Eslasam, ko’nglim mahzun tortadi.Tomog’imga nimadir tiqiladi. Vujudimni chuqur bir xo’rsiniq qoplaydi.
Meni hali-hanuz bir narsa chuqur o’ylatadi. O’ylagan sayin hayratim oshadi. Shunday nomdor adibning biror marta, biror joyda maqtanib gapirganini eslay olmayman. Gapirmaydi ham. Bir kuni botinib, yurak yutib so’radim:
— Qissalaringizning bari zo’r xalq dostonlariday. Boshdan-oxir go’zal bir ohangda. Buni hech bir joyda qo’yib yubormaysiz.
U beparvo, hamishagi gapini gapirdi:
— Chyort poberi, o’zi bir keladi. Shunda odam misoli folchilarday bo’p ketadi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:39:26

4-lavha
Men bilgan Tog’ay Murod juda kamtar inson edi. Yaxshisi, fikrimni voqealar misolida dalillay.
Hamma biladi — Oltinsoy Mengziyo Safarov, Qo’chqor Norqobil, Gulandom Tog’aeva, Shamsiya va Alimardon Bo’ronovlar yurti. Bu yerda yoshi yetmishdan oshgan she’rparast dostonchi qariya¬lar ko’p. Shulardan biri rahmatlik Bo’ri bobo Murodov edi. U kishi yo’lda she’r to’qib, duch kelganga aytib ketaverardi. Ba’zi poraxo’r, laganbardor odamlarni yo’lda to’xtatib, unga bag’ishlab yozgan she’rlarini tap tortmay katta ko’chada o’qiyverardi. Yomon fe’lli odamlar u kishidan juda-juda ha-yiqishardi. Bir kuni ishga barvaqtroq kelsam, Bo’ri bobo Murodov tahririyat eshigi oldida o’tiribdi.  Salom-alikdan so’ng so’radim:
— Ha, shoir bova, ertalabdan...
Bobo javob o’rniga ortimdan ergashib xonaga kirdi:
— Tog’ay Murod shu yerda ishlayapti, deyishadi, shu rostmi?
— Rost.
— Shunday katta yozuvchi-ya. Bo’lmasa ko’p kamtar odam ekan-da.
Bo’ri bobo bir ozdan so’ng xuddi yashirin bir gapni aytmoqchiday, men tomon engashdi:
— Bir salomlashay devdim. Gap berarmikan? Eh, uning kitoblari...
Bir ozdan keyin yo’lakdagi eshik ochilganday bo’ldi. Tog’ay Murod kelgandi...
Ichkariga kirib ketgan Bo’ri bobo hayallab qoldi. Bir soatlarcha bo’ldi deyman o’zimcha. Bir payt kirsam, ikkovi eski qadr¬donlarday gurunglashib o’tiribdi.
— Mayli, she’rlaringizdan tashlab keting. — So’ngra menga yuzlandi. — Ukkag’ar bova she’r yozarkan. Oltinsoyning Sulaymon Stalskiysi.
Oradan ko’p o’tmadi. Gazetaning dam olish sahifasida «Keksa ko’ngil kechinmalari» rukni ostida boboning uchta she’ri e’lon qilindi.
Yana bir misol. Bir kun qarasam, Tog’ay Murod eshigi oldida yoshgina bir qiz turibdi. Men uni yaxshi taniyman. 19-maktabning 9-sinf o’quvchisi Tojiniso Eshonqulova — ijodkor qiz.
— Tog’ay Murodning oldiga kirolmayapman. Qo’rqyapman. Hikoya opkeluvdim.
Shu orada yozuvchining o’zi chiqib qoldi. Tojinisoning rangi oqarib ketgandi.   
— Hikoya olib kepti.
— Kir unda, eshikda turmasdan.
Ko’p o’tmay rahmatlik Tojiniso Eshonqulovaning «Tilak» hikoyasi gazeta yuzini ko’rdi.
Bu gaplarni aytishdan murod shuki, agar u odam hidini yoqtirmaydigan adib bo’lganida keksa bir boboning ezmaliklariga soatlab quloq solib o’tirmas, hali maktab o’quvchisi bo’lgan Tojiniso Eshonqulovaning mashqlariga parvo ham qilmasdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:40:25

5-lavha
Bir kuni qiziq bo’ldi. Ishdan chiqib, ikkimiz tuman markazigacha yayov ketdik. Adib shu yerdan mashinaga chiqardi. To mashina kelguncha gurunglashib turdik. U shunday deb qoldi:
— Jo’ra, ertaga men ishga kelmaydiganga o’xshayapman. Bilmayman, shunday bo’ladiganga o’xshayapti. Balki...
Tog’ay gapini tugatolmadi. Yoniga kelib to’xtagan mashina bunga imkon bermadi. Ertasi u ishga kelmadi. Indini ham. Muharririmiz Eshmirza aka Muhammadievning kayfiyati xit. Oxiri bo’lmadi, meni chaqirtirdi.
— Bugun yana gazeta kuni. Ko’p materiallar Tog’ay Murodning qo’lida edi. U bo’lsa uch kundan beri yo’q. Mabodo sizning xabaringiz bordir. Hamisha birga yurasiz. Tag’in, Toshkentga ketaman demaganmidi o’zi?
—  Yo’q... Lekin ertaga kelmaydiganga o’xshayman, devdi.
Bugun uchinchi kun. Alag’da ko’ngil bilan Xo’jasoatga jo’nadim. To’ppa-to’g’ri uyiga bordim. Eshik ochgan adibni onasining rangi oqardi.
—  Yopiray. Men hali Mo’minqulda —  sizlarnikida yotib qolgan deb o’tiribman.
Oradagi xavotirni  adibning singlisi Orzigul yumshatganday bo’ldi:
— Bo’ldi, bildim, Vaxshivorga ketgan. Abdurahmonovning dachasiga.
 Avvallari Vaxshivorda rayijroqo’mning so’limgina dachasi bo’lardi. Dachani rayijroqo’m raisi Toshpo’lat aka Abdurahmonov bosh-qosh bo’lib qurdirgani uchun hamma u kishining nomi bilan atardi. Aytishlaricha, Tog’ay Murod «Ot kishnagan oqshom» va «Oydinda yurgan odamlar» qissalarini shu dachada bitgan, deyishadi. Toshpo’lat aka Abdurahmonov yozuvchini juda yaxshi ko’rganidan unga yetarlicha sharoit yaratib bergan.
Vaxshivorga horib-charchab peshinda yetib keldim. Issiqdan odam lohas tortadi. Eshik qorovuli battar kayfiyatimni tushirib yubordi.
— Kim bo’lsangiz ham hozir gap bermaydi. Ishonsangiz, Toshpo’lat aka  ham: «Bunga nima balo bo’lgan?» —  deb gaplasholmay ketdi. Siz-ku...
Tog’ay Murod ijod to’lg’og’ida edi. U butunlay boshqacha qiyofa kasb etgandi. Meni ko’rdim ham demasdi: oldidagi piyoladagi qachonlardir suzilgan choy qotib, sarg’ayib qolgan. Idishdagi so’ligan uzumlarga qo’l ham urilmagan. Non ham tarashaday qotgan. Adibning soqollari o’sgan, ammo bu unga yarashgan. Xayolimga uning: «Chyort poberi, o’zi bir keladi. Odam folchilarday bo’p ketadi», degan gaplari keldi.
Qiziq, uch kundan so’ng Tog’ay Murod ishga keldi. Yasan-tusan kiyingan. Rangi tozarib, ochilib ketganday. Men bilan hech narsa bo’lmaganday ko’rishdi. Men unga tegishdim:
— O’sha kuni tanimadingiz-a?
Adib hech narsa bilmaganday, ajablanib yelka uchirdi. So’ngra so’radi:
— Ukkag’ardi uli, nimani aytyapsiz o’zi?

Qayd etilgan