Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122681 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 21:00:17

Keyinchalik Ma’suma opadan eshitsam, radioning o’sha payt¬dagi boshlig’i «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani qo’lyozmasini olgancha, «Men o’qimagunimcha efirga berilmaydi», deya uch-to’rt oy sudrab, adibning go’zal va haqgo’y so’zini yerga urmoqchi bo’ladi...  Asl adib mard bo’ladi. Nomardning amali, kuchidan hayiqib o’tirmaydi. Hamisha rost so’zini aytadi. Tog’ay Murod asarlari yillab yotsa-da, rost gapidan qaytmadi, amaldorlarga qulluq qilmadi, ulardan qo’rqmadi. Bu fazilatsiz asl adib hech qachon o’zini namoyon eta olmaydi. Qo’rqoq adibning so’zi esa sariq chaqaga arzimaydi!
   «Oydinda yurgan odamlar» qissasining qahramoni Qoplon: «Asl gaplar ko’ngilda  bo’ladi. Tilga chiqsa yolg’on bo’ladi», deydi. Bu nihoyatda qalbi pok, mehr-muhabbati beta’ma kishining samimiy qarashi. Bu — Tog’ay akaning o’z qarashi. Shu bilan odamni, millatni   qanday sevish kerakligi sirini ochgan.  Odam muhabbatsiz yasholmaydi. Muhabbatini izhor etolmasdan ham yasholmaydi. Tog’ay Murod asarlari ana shu muhabbat bunyodidir. Shu muhabbat izhorining xushbo’y chamanzoridir. Qalbdan qalb-ga aytish yo’lini topgan, shu bois rost va yoniq ko’ngil pokliklari ko’ngilni maftun etadi. Ko’ngilni asir qiladi. Adibga boshqa hech bir shonu shuhrat, martaba va  maqtov kerak emasligini o’zim guvoh bir voqea misolida ham aytishning o’rni keldi.
   1993 yilda Yozuvchilar uyushmasida «Yoshlik» jurnalida endigina chiqqan Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romani munosabati bilan bir tadbir o’tkaziladigan bo’ldi. Kecha kutilmagan tarzda boshlandi. Uni ochmoqchi deb o’ylaganimiz taniqli bir adibimiz minbardan turib: «Tog’aynikiga o’xshagan asarni biz ham yoza olamiz, yozganmiz ham...» dedi-da, davrani boshqarish o’rniga yig’ilishni tashlab, jo’nab qoldi. U go’yo shu bilan yig’ilishni «baykot» qilgan, hamma tarqab ketadi deb o’ylagan, balki bu asar gaplashishga arzimaydi, mening fikrim shu, demoqchi bo’lgandi...
   Ammo undan boshqa hech kim ketmadi, bir zumlik karaxtlikdan keyin davra qayta jonlandi, minbarda aytilishi uchun fikrlar ketidan fikrlar navbatga turdi. Ammo bu samimiy yurak so’zlarini mahalliychiligini yenga olmagan, xudbin va o’ziga bino qo’ygan yozuvchimiz eshitmagani kabi Tog’ay Murodning o’zi ham eshitgani yo’q. U yig’ilishga taklif etilganiga qaramay kelmagandi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:00:37

Tog’ay aka rost gapni aytib, e’tiqodini baralla izhor  qilib, do’st orttirgan kabi dushmanlarini ham shundan ko’paytirganga o’xshaydi. Chin do’stlari, o’zbek kitobxoni balki unga xolis dalda bergan bo’lsa bordir, ammo moddiy yordam berishni xayoliga ham keltirmagani aniq, ammo so’nggi nuqtagacha qaysi sodiq va vafodor do’sti uning oldida turgan ekan... bilmadim. Ammo dushmanlari insonni shunchalik seva olishi va millatni shu darajada yaxshi bilishini ko’rolmay kuyib-pishdilar-ey...
Endi o’sha kibrli adibimiz «biz ham yozganmiz» degan «Otamdan qolgan dalalar» haqidagi luqmasi haqiqatdan ham adolatdanmi? Afsuski, o’zbek turmushini bor-bo’yi bilan ko’rsatishga uringan, imkoniyati eng ulug’ janr — roman degulik asarlar adabiyotimizda juda oz. Qodiriyning ikki romani — ikki yuz yil naridagi hayot misolida chinakam o’zbekona fojiadan bahs etadi. Ammo uning bosh qahramoni Otabek savdogar, Anvar — mirzo, XX asrda eng uzoq davr zulmga mahkum o’zbek qishlog’i, o’zbek dehqoni taqdiri esa...
Cho’lponning «Kecha va kunduz» romani uning ma’naviy davomchisi, aks tomoni — yangi sharoitda Otabekning Miryoqubga evrilishi taassurotini ham uyg’otadi... Qodiriy bilan musobaqalashib, ham o’n yil keyingi o’rganish va o’zlashtirishlarni qo’shib Cho’lpon realizmda bir qadam olg’a bosgan, kuchaygan psixologiya, konkretlashgan xayolot orqali o’zbek romaniga yangiliklar kiritgan, uni shafqatsiz va rangin hayotga yaqinlashtirgan edi... Ammo uning ikkinchi qismi qani? Beixtiyor xayolga romanchiligimiz yo’lida yangi dovon — shu o’rtada bitilgan «Sarob» keladi-yu, tasviri, ruhshunosligi bilan maftun etsa-da, g’oyasi dilga g’ashlik solib, milliy dard bilan yashaganini his qilmaymiz. Undagi millat dardi siyosat o’ligi tagida ko’mib tashlangan, go’yo o’zbeklik sarob, u Saidiyning o’limi, yanada to’g’rirog’i, uni qatl etishga hukm etadi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:00:51

Bu cho’ng yurak hasrat keyin Oybek diliga iz soldi. «Qutlug’ qon», «Navoiy»... Ular o’ziga xos, yaxshi romanlar. Ammo undagi hayot... iskanjaga olingan, xurujlar tazyiqida qisilgan manfur siyosat qilichi tepasida nimaga indamasa, «marhamat qilsa», shu tasvirga ko’chgan, xolos...
Faqat 1988 yili yorug’lik yuzini ko’rgan Murod Muhammad Do’stning «Lolazor» romanida XX asr sovet davri o’zbek hayoti nafasi ufuradi. Bu asardagina ellik yil o’tib, Cho’lpondan ke¬yin uslub va so’zda o’zbek romanida yangilik qilishga urinish seziladi. Jiddiy romanlarimizning «Lolazor» hajman eng ko’lamdori. Unda tirik, yashagan ancha-muncha kishilarning hayot kabi betakror obrazi, qismati, o’tmishi va kelajagi bor... Ammo bu asar ham millatning katta qismi haqida emas, balki ijtimoiy va ma’naviy hayotida qandaydir iz solgan, dog’ qoldirgan ziyolilar qatlamini baholi qudrat tadqiq etadi...
Va nihoyat «Otamdan qolgan dalalar» romanining ko’z ochishi... Biz qullikka mahkum etilgan yetmish yil davomida o’zbekning manglayiga yozib qo’yilgan bitta halol, ezilgan hunari qolgan edi — dehqonlik. Biz kim bo’lmaylik, qaerda tug’ilib, qaerda yashamaylik, dehqon, O’zbekiston paxtazor edi. Dehqoncha o’ylardik, paxtaning bo’yicha kelardi fikrlarimizning bo’yi. Quldorimiz ham paxta, yolg’on iftixorimiz ham paxta... Shaharda, dast¬goh oldida ishlasak ham, ob-havo yaxshi, yil yog’inli, serhosil kelsin, deb duo qilar edik. Aksariyatimiz paxta dardi bilan og’rib, shu dard bilan qiyratilayotgan edik. Ammo bu mavzuni kim romaniga birinchi marta to’laqonli asos qilib oldi? Tog’ay Murod. Kim o’sha milliy ruhdagi, milliy dardi yangroq o’zbekni, XX asrda qul bo’lib, qalbini yo’qotgan, o’zini boy bergan o’zbek obrazini tiklab bera oldi? «Men o’zbekka haykal qo’yaman», deb bu ishga mardona bel bog’lagan Tog’ay Murodning Dehqonquli tirik odam bo’ldi, o’zbekning dardidan nafas oldi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:01:10

Albatta, «Otamdan qolgan dalalar», «Lolazor» romani kabi polifonik emas, turli uslublardan, ikki xil voqea yo’nalishi va shunga yarasha tasvirlari maromi yo’q, g’arbona san’atkorlikdan ham xoli asar. Biroq «Lolazor»da ko’rinmagan juda ko’p o’zbekona xususiyatlar bo’rtib, ta’sirlantirib ko’zga tashlanadi.
Bir paytlar Qodiriy «Obid ketmon» povestini yozish niyatida ot mingancha dehqonlar hayotini o’rgangan edi. Ammo «Obid ketmon» sho’ro mafkurasining buyurtma asari bo’lgani bois ham muvaffaqiyatli chiqmadi. Biroq ko’p adiblar stol quchoqlab, asar yozishni «do’ndirgan» zamonda «Obid ketmon» tajribasi — Qodiriy ibrati Tog’ay Murodga saboq bo’lgan, qolaversa, Obid ketmon nomi Jamoliddin ketmon nomini topishda Jamoliddin ketmon obrazini xayolan tasavvur qilishga turtki berganday tuyuladi.
Tog’ay aka  «Otamdan qolgan dalalar» romanini o’tirib emas, yurib ishlab, Toshkentda emas, Surxonda yozdi. Tug’ma ijodkorlikni, dehqoncha ijodkorlikni yana tikladi.
Nega bizda boshqa hamma ishni yig’ishtirib, yozuvchimi yozuvchiligini qiladigan adib yo’q darajada? Shu bois iqtidor bo’lgani holda yozgani shunga yarasha adib kam, yo’q hisobi. Adib Olyosha hikmatidagidek, yozuvchilik qismat, hayot-mamot darajasiga yetgandagina mo’’jiza yaratadi...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:01:22

...O’zim ham o’n uch yoshdan paxtadagi hamma ishlarni qilganman. Hatto samolyot dori sepadigan dalada bayroq ko’tarib turganman. Ammo bular inson hayotiga halokatli ekanligi, odamni o’ldirish, eng armonli dardlarga duchor qilishi mumkinligini o’shanda qaerdan bilibman? Dehqonqulning maktabdan paxtaga chiqishi, do’sti Ziyodning o’limi bog’liq epizodlar bilan to’qnashganimdan keyin ko’zlarimdan tirqirab yosh chiqib ketdi. Meni ham hamqishloqlarim, qattol tuzum bilib-bilmay o’limga mahkum etganini his qilganimdagi dahshatga tushganlarim... Xudo saqlabdi, Xudo! Xuddi shunday qancha-qancha Ziyodlar-chi? Pushti kuyib, o’zi nogiron, hech qaerga ismi sig’magan boshqalar-chi?!
Oqin adib Tog’ay Murod «Otamdan qolgan dalalar» romanida qariyb chorak asrlik o’zbeklar hayotining eng og’ir chog’larini bor bo’yi bilan ochadi. Qarang, bobolarimiz kim edi? — Jamoliddin ketmon? Aqrab qo’rboshi? Biz kim bo’ldik? — Deh¬qonqul! Bu bizning bolalik va kattalik zamonimizdagi otalik siyrati,  o’zbekcha maydalashish, ruhan ado bo’lish manzaralari emasmi? Rosti, hozirgacha o’zbek dehqoni, dehqonqullik psixologiyasi jiddiy ochilgan «Otamdan qolgan dalalar» romanidan o’tadigan biror-bir jiddiy asar o’qimadim...
Men Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romanini o’qisam, qishloqqa borganday, o’zim terlab ishlagan dalalarimni ko’rganday bo’laman... Yillar, zamonlar o’tdi, u odamlar ketdi, ketmoqda, dalalar qolgani kabi «Otamdan qolgan dalalar» ham yashayapti, yashayveradi! 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:02:04

* * *

...Bahor adoqladi. Ko’klam oyog’ini cho’zdi. Qani ko’ksiga gul-chechak taqqan kunlar? Qani ko’ngilga go’zal, alvon qadah tutgan lolalar? Pana-pastqamlarda kechikib ochilgan oxirgi lolaqizg’aldoqlar... Izlaganda yo’q edi, endi odamlar tirikchiliklariga urib ketganda yo’lga intizor qaraydi. Jovdirabgina. Erta-indin ular ham qovjiraydi. Erta-indin ko’klam xayoli-da xotiradan ko’tarilishga tushadi. Nima qoladi bizga... nima qoladi bizdan?..
   «Zadar, — deydi «Lo’li» filmida bir bag’ri yoniq kishi davralariga kirib kelgan alp yigitga, — dilingda borini so’yla, Zadar, sen ketsang, so’zing biz bilan yashaydi!»
Rost gap! Co’zda yashash imkoni bor. Haqiqatning abadiyati so’zda. Mehru muhabbatning, vafo va sadoqatning umri uzoqligi so’zda. Shu boismi momo va bobolarning dili cho’g’ida pishib, bizga yetgan so’zlarning ajabtovur dovyurakligi, g’aroyib oqilligi, tasvirga sig’mas siyrati, alomat sehri, sinoati bor. Chinakam shoir ularga yoniq umr ato etadi. Haqiqiy adib asarida ular bor qudratini namoyon etadi. Ko’ngil shohligi taxtiga o’tiradi.
So’z g’am-g’ussa, shod-xurramligini ratsional aytishga imkon beradi. So’z odamlarni uyg’otadigan yakka-yagona qo’ng’iroqdir... So’zlar bedor bo’ladi.
...Darvoqe, oqin adib, baxshi shoir Tog’ay Murodning ilk hikoyasidan so’nggi romani oxirgi jumlasigacha tilimiz balog’ati, so’zimiz nafosatini kuzatish, tomosha qilib, maroqlanish mumkin. Tog’ay Murod millatning boqiy qadriyatlari — insonlik o’rni, ajib urf-odatlari himoyasi uchun qancha xizmat qilgan bo’lsa, uning tili sofligi, jilosi, ohangi uchun bundan kam bo’lmagan qat’iylik bilan kurashdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:02:19

U so’zlarni zargar kabi to’plar ekan, har bir hududning so’zlari o’sha joy odamlarining qalb kodi — qulfi dili ekanligini isbotladi. Shu bois sheva so’zlar, lahjaviy iboralar chiroy yo bezak uchungina emas, ruhiyatning ochqichi bo’lib yozganlariga kirdi. Xurjundan tushib qolgan tillalar — so’zlarni xazinaga qaytardi.
   Uning nasridagi ixchamlik xayoli keng she’riyat lo’ndaligidir. U tasvirda juda ko’p so’z ketadigan holatni xalqona bir ibora bilan berib, tasviri tasavvurga yo’l ochuvchi shoir bo’la oldi. Uning so’zlari baxshiyona so’zlar, kuylovchi so’zlar. Ruhiyati keng, ma’nosi bepoyon so’zlar...
   Tog’ay Murod tuzgan jumlalar, aytgan fikrlarining katta qismi hikmat bo’lib tavallud topadi. Mashg’ulotlari ma’rifatgo’ylik. Ular Tog’ay Murod maqollari.
   Bilmadim, balki tajriba sifatida o’zini oqlar, balki urinish deb baholanar, u so’zlar yaratdi. Va XX asr o’zbek adabiyotida bunchalik bo’rtib ko’zga tashlanmas lisoniy o’zgarishlar, lisoniy ekspromtlar qildi. Aksariyati kitobxonni zavqlantiradi, e’tiborini tortadi. Quruq  tilda yozishga o’rganganlarning g’ashini keltiradi...
   Adib boshqa tillar tajovuzida qisilgan, ezilgan adabiy tilimiz dardi bilan nafas oldi. Dahriy, xudosiz jamiyat surgun qilgan, badarg’a etgan, qatl-qatag’on qilmoqchi bo’lgan taqvodor so’zlarni, botini yorug’, umri uzoq so’zlarning himoyachisi, do’sti, habibi kabi asarlariga olib kirdi. Bundan turkiy hissiyotimiz jo’sh uradi, turkiyona erkchi ruhiyatimiz havolanadi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:02:36

«Yulduzlar mangu yonadi» qissasining boshida bir atama keladi: «to’y xo’jasi». Buni boshqa nom bilan ham atasa bo’ladimi? Mumkinday. Matn mazmuniga hech qanaqa putur yetmaydi. Ammo bu atama asar ruhi uchun zarur. Millatning asl e’tiqodini eslatish uchun kerak. U ellik yildan buyon oq kaltak, qora kaltak qilingan «xo’ja» so’zini olib kirib, odamning fitriy idealiga e’tiborni qaratadi. Tog’ay Murodning ishlatgan aksariyat rangdor, serma’no so’zlari ana shu bosh ma’no uchun xizmat qiladi. Insonning o’zligini esga soladi. Dunyoga nega kelganligini bildirib qo’yadi. Bu juda katta himmat. Boshqa bir asl adib, haqiqatgo’y shoirga turtki berishi bilan yanayam muhim.
   Xuddi shunday uning asarlari orqali qalbga o’rnashgan «it yiqilish», «qoni tortdi», «obtova», «chig’ana», «g’ujmoqi bug’doy», «hangi», «chayla», «xalacho’p», «gardkam», «choriq», «cho’nqayma», «uchchoga», «achchiq shapaloq», «ayolboz», «erkakzot», «chaldevorxona», «mocha», «juhudi atlas», «dilbuzar», «uzangi yo’ldoshlar» kabi minglab tilimizda bor, lekin juda kam ishlatiladigan bo’lib qolgan tarzi alomat so’zlar, iboralar, nazarimda, qafasda kenglikni, shaharda qishloqni, mustamlakada mustaqillik xayolini beradi.
Tog’ay Murod so’zlarining imkoni keng. Kaltafahm qarashlar siquvida tojigu arabiy deb yozuvda qo’ymay, xalq tilida barhayot ko’pgina sheva so’zlar — aslida tilimizni quvvatlantirib, zaxiradagi askarday adabiy tilda ishsiz qolgan usta so’zlarga, lahjaviy iboralarga mehrli, qadrdon munosabatda bo’ladi. Ularning yulduzday yorug’, cho’g’ kabi taftli ekanligini ko’rsatadi. Bir ma’nosida qolgan, aslida ko’p ma’noli so’zlarning navbatdagi ikki, uchinchi, aslida asliga yaqin ma’nolarini ishga soladi. «Do’rji», «eb-ey», «shuytib-shuytib», «emchakdosh», «poshikasta», «binoyi», «mom», «moyak poyanagi», «kadi», «hamsoya-qo’llar», «tuz-namak», «galagov», «xushro’y», «murdasho’y», «xayla», «dast ko’tarmoq», «loppi», «govkalla», «domangir», «harommag’iz», «tengsarib», «badrabxona», «chalpak», «sag’ir», «buzmakor», «makiyon», «aynam», «azzancha», «vaxshimor» kabi yuzlab so’zlar keladiki, biri asrlar davomida ajdodlar o’y-xayolini ko’tarib yurganlar, ba’zilarini adib ozgina ishlov berib, asl ma’noga xizmat qildirgan. Misol uchun, «Vaxshivor»ni adib «Vaxshimor» deb to’g’rilab, ma’nosi asl ajdaho ilonlar makoni ekanligini tiklaydi...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:02:48

Holbuki, «O’zbek tilining izohli lug’ati»ga kirmagan necha minglab so’zlarimiz yo’qolib boryapti, iste’moldan chiqib, unutilib ketyapti. Nega ularni asrab qolmayapmiz? Nega boshqa millatlarda allaqachon shakllangan, o’tmishda o’zimizda ham bo’lgan lug’atlar tuzmaymiz? Axir, endi hech kim bunga monelik qilolmaydi-ku. Tilimizning bor kuchi, so’zlari yig’ilib, kitoblarga muhrlab qo’yilsa, bundan faqat yutamiz. Axir har bir so’zda, har bir millatning faqat uning o’ziga xos ruhiy jarayonlari, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti yashaydi.
Tog’ay Murod asarlarining  o’zi bir lug’at. Uni to’plab, sharh¬lab, chuqur izohlab nashr qilinsa, ko’pgina unutilgan so’zlarimiz yoxud voha va vodiylarimizdagina ishlatilib, mahalliy bo’lib qolayozgan so’zlarimiz adabiy tilimiz xazinasini boyitib, tilimizning kuchiga kuch qo’shadi. Yana bir jiddiy omil — adib yasagan yangi so’zlar tilimiz tarovatiga yot, husniga dog’, talaffuziga beo’xshov ajnabiy so’zlar o’rniga tushib, bu og’riqni muolaja qilishi turgan gap. Mana, ayrimlari (Lug’at tarzida keltirdik, keyingisi Tog’ay Murodniki).
Kerosin — yer moyi;
Shamol to’suvchi — yelpana;
Zajigalka — yondirgich;
Shampun — sochsovun;
Papka — juzdon;
Doska — bitik taxta;
Seyalka — urug’ sepgich;
Lab bo’yoq — lolab va hokazo.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:03:18

...Xuddi shunday, Tog’ay Murod so’zlab turib, so’zlarni qaytara turib, voqea hayajonini kuchaytiradi. Co’zlarning ma’nodorligini oshiradi. So’zlar takrorlangani sari ezmalik qilmaydi, balki qo’shiqning naqorati, g’azalning shoh bayti bir ichki musiqa mavjida ma’no ustiga ma’no, tasavvur qatiga tasavvur indiradi. Biroq Tog’ay Murod ifodada ko’pincha odatiy hollarni sindiradi, qonuniy deb qaralgan aslida ma’nosiz qotib qolgan sifatlashlarni buzadi. Shu bois bu harakatlar boshqacha joziba kasb etadi, g’aroyib jaranglaydi. Ehtimol kimgadir erish tuyulishi ham mumkin.. Mutolaada yod bo’lib qolgan ayrim ifodalardan: (o’yladi emas) xayollandi, qamchi (ko’tardi emas) havolatdi, (sho’xlik qilmoq emas) sho’xlashmoq, (qaylig’inikiga bordi emas) — qayliqlab bordi kabi bu gaplarning kesimi o’zgarganiga guvoh bo’lamiz. Fazilatli tomoni harakat — obrazli tasavvurga, tashbehga aylangan, so’z lo’ndalashgan. Yangi shaklda yangi ma’no shunday — Tog’ay Murod nasri¬da tug’iladi.
   Hatto Tog’ay Murod matnda ko’pincha —ga qo’shimchasini tushirib qoldiradi. Bu boshda o’rinsizday tuyuladi. Kishini duduqlantiradi. Nega bunday yo’l tutdi ekan? Asl qandaydir qonunni adib tiklamoqchi bo’lgan? Men buning nimaligiga aqlim yetmadi. Faqat shaxs o’y-fikri, qahramonlar xatti-harakatini  til bilan emas, dil bilan, qalb bilan o’qishga odatlandim... Kitob o’qiyotib qochgan, o’zi bilan o’zi gohi andarmon bo’lib qoladigan xayolim hushyorlashdi. Bunaqa matn tuzish esa o’zbek nasrida uchramagan adabiy hodisa.
Bir zamondoshi Abdulla Qodiriyni shoirlikni havas qilib, shoir bo’lmay qolgan, degan ekan. Bu Qodiriy nasridagi she’riyat mavji haqidagi fikr ham. Qodiriy esa shoir edi.

Qayd etilgan