Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122673 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 21:03:46

Chunki Qodiriy, Aytmatov kabi juda katta qalbli adiblar asarlarida sochilgan minglab tuyg’ular, yuksak romantik xayollar katta shoirlarda ham siyrak uchraydi. Shoirlik so’zni so’zga urishtirib, qofiya qilish emas. Shoirlik — chinakam ma’nodagi hislar va tuyg’ularni uyg’otish, insonning jo’shqin, g’amgin xayoliga erk berishdir. U ijodkor qalbining miqyosi bilan belgilanadi.
Har qanday shoirda adiblik iste’dodi bo’ladi. Lekin juda kamdan-kam adibda shoirlik iqtidori yuzaga chiqadi. Tog’ay Murod ham xuddi shunday ijodkorlar sirasidan. Uning ijodi tom ma’noda shoirona. Mardona she’riyat ruhi bilan sug’orilgan.
Ayniqsa, uning qissalarida she’rlarda-da kam uchraydigan siyrak favqulodda tashbehlar guras-guras uchraydi.
«Bahor podasidan sut hidi keldi...» Nasr sifatida bu gapni shunchaki o’qiysiz. Ammo bu nazm o’rnida kishi qalbini sar¬hush qiladi. Tasavvurni ishga soladi. His-aql birgalikda so’zlar ortidagi manzaralardan ko’p va xo’p tasvirlarni ko’rib, ruhlanadi.
O’zimning tasavvurimdan bir ulush:
Bahor podasi — bulutlar. Ammo bahorda ikki xil bulutlar ro’y ko’rsatadi. Birdan osmonda ko’rinib, ana-mana deguncha osmonni qoplab olib, sel qo’yib beradi. Ular yaylovga endigina yetib, o’t-o’langa yopiriladigan qo’y-qo’zining o’zginasi. Bahor podasi, holbuki, sut hidini oq bulutlar esga soladi. Demak, birgina she’riy jumla — tashbeh Tog’ay Murod nasri maydonini kengaytirib tashlaydi. Kitobxon xayolot ufqini ochadi. Ikki, uch xil manzaralarni bir yo’la tomosha qilishga imkon beradi. Zamin va osmonga ko’prik soladi. Tabiat va jamiyat, inson va borliqni so’z bilan, she’r bilan uzviyligini kashf etadi. Kashf etib to’lqinlantiradi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:04:11

Adib nasridagi bunday satrlarni men she’rday o’qiyman. Ulardan she’rdek ruhlanaman.
Ukkag’ar qirlar hamon yuksak-yuksak"¦
Qishdan chopar keldi.
Bu kabi tashbeh, tasvir, baland to’xtamlar eng qaltis munosabat nuqtalarida, shunchaki hech ham aytib bo’lmas hayot shaf¬qatsizliklarini ham nafis, ham go’zal, ham orifona, ham dangal aytadi-qo’yadi. Juda dag’al, favqulodda fojia, kutilmagan evrilishlar ham hech kimda shubha uyg’otmaydigan xalqona tarz¬da kifti keltirilib aytilar ekan, bu chidovsiz voqelik dilbar yo’sinda ham aqlga, ham hisga bosimni bo’lib tashlaydi. Dard shavq botinida turadi. Musibatning go’zal, betakror ifodasi ezilganga ruh, tik boqish imkonini beradi. Negadir Tog’ay Murod qahramonlari og’ir, favqulodda lahzada «elkasidan nafas oladi». Ziyodulla chavandoz otdan, Bo’ri polvon odamdan hech qachon yiqilmaydi — balki «yulduz sanaydi». Chunki jo’ngina «yiqildi» so’zida «yulduz sanash» holatining realizmi va romantikasi qaerdan bo’lsin...
   Tog’ay aka tabiatning nihoyatda nozik kuzatuvchisidir. Ammo tabiat shakllarini behudadan-behuda shunchaki yozib o’tirmaydi. Qog’ozni, qalamni asraydi, kitobxon vaqtini undan ham. Lekin ba’zida bir jarayon shakli bilan ikki jarayonni tasavvur qildirtiradi. «Ari uyasi kungaboqarday bo’ldi». Xuddi shu xabardan keyingi aksariyat o’quvchi bu ikki dunyodagi shaklan o’xshashlikni sezib qoladi va xotirasida naqshlanadi.
   Ana shunday bir dunyo holatining ikkinchisiga ko’chishi, kattalashishi moddiy olamning hislashishi, hissiyotlarni moddiylashtirilishi Tog’ay Murod so’zi, olami, tasvirini yuza, o’rta chuqur qatlamlarini hosil qiladi. Ham prozaik, ham poetik asar sifatida mutolaa qilishga imkon yaratadi.
El chehrasi chechak bo’ldi, el ko’ngli ko’klam bo’ldi.
Otamiz bahor oraladi.
Otamiz qirlarga sig’may qoldi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:26:16

Hikmat aytish shoiru adiblarning hammasiga ham nasib etmaydi. Ko’p adiblar voqea andarmoni, ko’p shoirning chiranishi kayfiyat hayajonidan ortmaydi. Ma’rifat, ibrat sifatida ulardan o’rganish, yurakka naqshlab qo’yish qiyin. Tog’ay Murod nasrida aqllilik qilishni xayoliga keltirmagan kishilarning oddiy gapi gohida hikmatday quyma. Insonga haq yo’lni ko’rsatadi, achchiq, shafqatsiz haqiqatlarni aytishdan qochmaydi. Ana shu fazli bilan yanada qudratli, ta’sirchan, dilbar, qadrdon bo’ladi.
«Erkakmisan — oyog’ida tik turgan erkak bilan olish!» Qanchalik adolatli hakamning gapi.
«O’z asliga tortmagan, o’z aslini unutgan odam odam emas!»
Xo’sh, qanday qilib odam bo’lish mumkin? «Odam bo’laman desangiz, el gapiga parvo qilmang, ammo beparvo-da bo’lmang».
Demak, adabiyot hech narsa o’rgatmaydi, deganlar adashadi. Balki tasvir tanlovi, qahramonlarning rost o’y-xayoliga ko’ra yaxshilikdan dars berishi mumkin. Shunchaki betaraf asar bo’lishi mumkin emas. Tafakkurda betaraflik yo’q. Yo ma’rifat, yo jaholat. Boshi butun donishmand adibgina asl qarashlarni aqllilikni da’vo qilmay ma’lum qiladi. O’quvchisini tarbiya¬laydi. Kitobxonini o’qitadi. Shuning uchun ham Tog’ay Murod qahramonlari donishmand millatdoshlar kabi fikrchan kishilar, ular xayolparast emas, fikri butun odamlar. Olamga, tevarakka to’g’ri, odil, ma’rifatli fikr sochadilar. Bu odamlarning oddiy qiziqishi zamirida inson ustaligi, uning mehnati mo’’jizasi yotibdi. Mana, Ziyodulla  kalning fikriga qarang:  «Birodarlar, yomon gap raketadan tez yuradi, yaxshi gap toshbaqadan sekin yuradi». Shu teran qarashi bilan u dunyoning manaman degan olimlari — raketa ixtirochilaridan ham muhimroq fikr, haqiqatni kashf qiladi. Inson ichkarisidagi tezlik o’lchovi, ya’ni jaholat va ma’rifatning tezligini  adashmay o’lchaydi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:26:28

Ruhshunoslik inson qalbini nihoyatda nozik anglashdir. Tog’ay Murod hikmatlarida ana shu teran ruhshunoslik, pokiza bir ichki ko’z bor.
«Chin gaplar ko’ngilda bo’ladi». Toza ko’ngil haqida bundan oshirib yana nima deyish mumkin? Allohning kalomi haq! Alloh hech narsangizga qaramaydi. Faqatgina qalbingizga qaraydi. Bu  bir-birimizga munosabatda mezon bo’lishi kerak!
«Bo’ydoqning aqli ikki ko’zida bo’ladi».
«Odam umidini yo’qotib tamom bo’ladi».
Tog’ay Murod o’gitlari, hikmatlari ikki dunyo oralab, bu yolg’onchi dunyo hududlaridan-da chiqib ketgan.
«Asl insonning bahosini o’lim beradi». «Bu dunyoga kelding¬mi? Endi yasha. Tishni tishga qo’yib yasha. Mushtni tugib-tugib yasha! Chidab-chidab yasha! Yashashni chidaganga chiqargan. Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi»!»
Armonsiz adib, armonli inson Tog’ay Murodni Alloh rahmatiga olgan bo’lsin! Bu millat, bu til bor ekan, qiyomat qadar diydorlashuv, ruhiyat suhbati, yurak gurungi davom etaveradi. Dunyolarda o’lim yo’q. Bir olamdan ikkinchisiga ko’chish bor, xolos. Safaringiz bexatar bo’lsin, Tog’ay aka! Omin!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:27:24

SOBIR  O’NAR

CHINAKAM  USTOZ

   Tog’ay Murod tom ma’nodagi, ya’ni haqiqiy adabiyot talablariga javob bera oladigan chinakam yozuvchi edi. U o’zining ilk qissasi — «Yulduzlar mangu yonadi»dan  boshlaboq o’quvchisini darrov topib oldi. Kitobxonlarni  ohanrabodek tortib ketdi. Ko’pchilik adiblarga nasib bo’lmaydigan bir voqea ro’y berdi: «Xo’sh, Tog’ay Murod endi nima yozarkin?» — degan kutish ishtiyoqi paydo bo’ldi. Aytish kerakki, adibimiz umrining oxirigacha bu yumushni sharaf bilan uddaladi: kutgan o’quvchiga kutilganidan ziyod qissa, roman tortiq etdi.
   Men avvallari o’ylar edim: Tog’ay Murod ham taqlid qilarmikin? Xalqona iboralar, ohangni  birovga o’xshatib yozarmikin? Boshida kimlargadir o’xshatib ham ko’rdim. Yo’q, keyin bilsam, ularda Tog’ay Murodnikichalik  yaxlitlik, butunlik yo’q ekan. Demak"¦
Shuni ham aytish kerakki, garchi qo’lidan yetaklab biror nashriyotga olib bormagan yoki qo’lidan tutib biror narsa yozdirmagan yoki ro’parasiga o’tqazvolib uzundan-uzoq saboqlar bermagan bo’lsa-da, u o’z ijodi bilan bizning tengimiz va undan keyingi avlod ijodkorlariga ham ustozdir.
Birinchidan, jiddiy, sof adabiyotga xiyonat qilmaslikni Tog’ay Muroddan o’rganishimiz kerak.
Ikkinchidan, xalqona, sof o’zbekcha ohangga omuxta ijodni Tog’ay Muroddan o’rganishimiz kerak.
Uchinchidan, pala-partish ijodni kitob qilib chiqarib, nadomatga qolishdan o’zni tiyishni ham Tog’ay Muroddan  o’rganishimiz kerak.
Shu fazilatlarning o’ziyoq ustoz bo’lishga arzigulikdir.
   

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:27:58

BOBOQUL NORQOBUL

«BOLAMNI  HECH KIMGA  BERMAYMAN!»

1996 yilning bahori edi. Men O’zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish agentligida xizmat qilib yurgan kezlarim. Bir kun qabulimga yozuvchi Tog’ay Murod rafiqalari Ma’suma opa hamrohligida shahd bilan kirib keldi. Men ularni kutib olib, taniqli yozuvchimizni nima bezovta qilganini aniqlashga harakat qildim. Kotibaga choy kiritib berishni iltimos qilib, Tog’ay aka bilan hol-ahvol so’rashdim. Tog’ay aka jahlini arang bosib turgani uning savollarimga istar-istamas javob berayotganidan bilinib turardi.
Kotiba choy keltirganidan so’ng, bizga choyni Ma’suma opa quyib berdilar. Ma’suma opa Tog’ay akani jahldan tushirishga harakat qilar va u kishining muammosi aynan shu idorada bitishi mumkinligini qayta-qayta takrorlar edi. Men vaziyatni yumshatish uchun Tog’ay akani gapga solib, u  kishining bugungi ijodi haqida gapirganday bo’ldim. Tog’ay aka baribir ichidagi dardini aytmasa, yengil tortmasligini bildim. Bir piyola choy ichganimizdan so’ng men maqsadga o’tish to’g’risida savol tashladim. Tog’ay aka vazminlik bilan, lekin butun tanasidagi g’urur va shijoatni yashirmay o’z asarlarining qadri to’g’risida gapira boshladi. Men avvaliga muammo nima haqida ekanligini anglay olmadim. U kishi jahon adabiyotining ahamiyati, o’zbek adabiyotini yuksaltirish muammolari to’g’risida gapirib bo’lib, birdaniga «behurmat» bo’lib qolganini va hurmatini joyiga qo’yishni takrorlay boshladi. Tog’ay aka o’ta asabiylashganidan rafiqalari uni tinchlantirishga harakat qilardi.
Men Ma’suma opaga «siz gapiring» ma’nosida imo qildim. Goh Ma’suma opa, goh Tog’ay aka adolat, hurmat, yozuvchi qadr-qimmati haqida gapirar edilar. Xullas, men o’rtaga bir necha marta savol tashlaganimdan so’ng Tog’ay aka qimtinib:
— Uka, tushungan yigitga o’xshaysiz, agarda qo’lingizdan biror ish kelsa, muammoni aytay, bo’lmasa ketganim bo’lsin, — dedi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:28:12

Men u kishiga bu idora aynan mualliflar huquqlarini himoya qilishga ko’maklashishini aytib, o’zimcha u kishiga kafolat berganday bo’ldim. Men o’zimni qancha dadil va bosiq tutishga harakat qilmay, qarshimda yuzlaridan iztirob bilan g’urur taralayotgan, qat’iyatli va chapani kishi o’tirganidan ich-ichimdan hayajonlanardim.
Ma’suma opa bo’lgan voqeani bir boshidan tushuntirishga kirishdi. Ma’lum bo’lishicha, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri rahbarlari Tog’ay akaning «Oydinda yurgan odamlar» qissasini sahnalashtirgan ekan. Men axir yozuvchilarimizning asarlari sahna yuzini ko’rsa, bu yaxshi obro’ olib kelishi mumkinligini aytganimda, Tog’ay aka, «Uka, sizning bolangizni birov o’g’irlab o’ziniki qilib olsa chidaysizmi?» — deb, qaltis savol bilan javob qaytardi. Men o’zimni qo’yarga joy topolmay qoldim.
Suhbatimizga yana Ma’suma opa aralashdi:
— Teatrda asarlari qo’yilgani yaxshi, bugungacha bu kishining asarlari sahnalashtirilgan, film qilingan, yana yangi takliflar ham bo’lyapti. Lekin, uka, Tog’ay akaning kuyunishi boshqa masalada, — dedilar.
Tog’ay aka aybdorlar nomini oshkor qilmasdan:
— Men borlig’imdan ajralib asar yozsam-da, uni kimdir indamay o’ziniki qilib olsa, chidab bo’ladimi, uka, — deb jim bo’lib qoldi. — Instsenirovka qilaman deb asarimni butunlay o’zgartirib yuborishibdi, afishaga o’z ismlarini ham qo’yib olishibdi, ustalar, — dedi bir oz sukutdan so’ng u.
 Keyin menga Muqimiy teatrining pattasini uzatdi. Men yana u kishini savolga tutib, «Aka, asaringiz teatrda qo’yilibdi-ku», deb u kishiga qaradim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:28:26

— Ha, bu yaxshi, lekin alam qiladigani mendan bir og’iz, «Tog’ay aka, shu asaringizni sahnalashtirayotganimizda o’zi¬ngiz qatnashsangiz, u yer-bu yerini o’zgartirishga to’g’ri kelishi mumkin», deb aytishsa  bo’lardi-ku. Men bugun borib teatr rahbarlariga sahnalashtirilgan asarimni qayta namoyish etmasliklarini talab qilmoqchi edim. Agar, uka, bilsangiz edi, qanaqa ahvolga tushmadim, deysiz, hozir to’g’ri o’sha yerdan kel-yapman. Afishadan ma’lum, odamni yerga urishlari.
Tog’ay aka: «Bular asarimni emas, bolamni o’ziniki qilib olishibdi», deganda  ko’zlari yoshlanib ketdi. O’rtaga sukunat tushdi. Hech kim birinchi bo’lib gapirishni xohlamasdi go’yo. Shu orada telefon jiringlab, sukunatni haydaganday bo’ldi. Men telefondagi kishiga qisqa qilib javob qaytarib, Tog’ay akaga qarab, uni o’zimcha yupatgan bo’ldim.
Tog’ay aka keyin voqeani yana bir bor batafsil gapirib berdi. U kishining aytishicha, bir kuni uylariga Muqimiy teatrining bosh rejissyori kelib, Tog’ay akaning «Oydinda yurgan odamlar» qissasini sahnalashtirish rejasi borligi, yozuvchining shunga rozi bo’lishi kerakligini aytib ketgan ekan.
— Uka, men asarimni teatrdagilar shartnomasiz faqat og’zaki gaplarga ko’ra sahnalashtirishadi, deb o’ylamagandim, — dedi kuyunib Tog’ay aka.
Qizig’i shundaki, bari gap uy ostonasida bo’lgan, o’rtada aniq bir to’xtamga kelmasdan, asar sahnaga qo’yib yuborilavergan. Shartnoma haqida gap ham bo’lmagan.
— Mayli, menga mualliflik haqi ham kerak emas, lekin asarimni «instsenirovka» bahonasida to’liq o’zlashtirib olishibdi, mening muallifligim yo’qolib qolibdi, men shunga chiday olmayapman, — titrab ketdi Tog’ay aka. — Alam qiladigani, rozilik-ku olishmadi, shartnoma ham yo’q, uyimga tomoshabin sifatida patta yuborishibdi. Buni qaranglar-a, — Tog’ay aka birmuncha vaqt sukut saqlab turdi-da, so’ng shunday dedi: —  Yangangiz bilan maslahat qilishga shu yerga keldik.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:28:42

Men vaziyatni oydinlashtirish uchun Muqimiy teatri rahbarlariga qo’ng’iroq qilib, ushbu holatni ularning o’zlaridan ham tasdiqlatib oldim. Tog’ay akaning barcha aytganlarini ularga yetkazdim. «Biz Tog’ay Muroddan og’zaki bo’lsa-da, rozilik olgandik, endi  u kishi bilan kelisha olmayapmiz, uka, siz ko’ndirib bering iloji bo’lsa», deb telefondan javob qaytarishdi teatr rahbarlari. Men bu nizoli masalani qonun yo’li bilan hal etish kerakligini tushuntirib, telefon go’shagini qo’ydim.
 Shunda Tog’ay aka:
— Men qornimga emas,  orimga yig’layapman, uka, — deb «nima deysan» degandek qarab, qo’lidagi arizasini menga tutqazdi.
 Men Tog’ay akaga bugunoq Madaniyat ishlari vazirligiga xat yozishimni va sahnalashtirilgan bu asarni u bilan yozma shartnoma tuzilmaguncha namoyish etilmasligini   va’da berdim. Tog’ay aka mening tirsagimni mahkam ushlab, shunday dedi:
— Men bolamni hech kimga bermayman.
So’ng xayrlashib, xizmat va uy telefon raqamlarimni yozib oldi-da, Ma’suma opa bilan xonamdan chiqib ketdi.
 Bir kuni Tog’ay akaning uyiga telefon qilib, Madaniyat ishlari vazirligidan javob xati olingani, bu asar shartnomasiz sahnada qo’yilmasligi haqida yozilganini ma’lum qildim. Tog’ay akaning  shodlanib ketganligi  telefonda uning hayajonli ovozidan sezildi:

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:28:55

— Uka, polvonlarda bir gap bor: «Polvon zotsiz qolsa chidaydi, lekin  orsiz qolsa chidamaydi».
 Men bu gapning ma’nosiga bugun Tog’ay Murod oramizda yo’qligida tushunganday bo’ldim. Yuqoridagi asar yuzasidan bugungacha ham  shartnoma tuzilmadi, asar qaytib sahna yuzini ko’rmadi. Biz Tog’ay aka bilan to umrining oxiriga qadar bayram yoki biror-bir tadbirlar bahonasida qo’ng’iroqlashib, yaxshi kunlar, adabiyot va boshqa narsalar haqida gaplashar edik. Men o’zbekning g’ururga to’la, beg’ubor va qaysar, bir gaplik, o’zini odamlar oldida ko’rsatishdan qochib yuradigan, lekin samimiy, kamsuqum yozuvchisi biz bilan yonma-yon yashab o’tganiga sira ishongim kelmaydi.
Tog’ay  Murodning asarlarini o’qiyotganimda: «Nahotki u odamda shuncha dard bor edi?» — deb, hayron bo’laman. Men Tog’ay akani eslaganimda yoki u kishi haqida gap ochilganda, uning «Bular asarimni emas, bolamni o’ziniki qilib olishibdi», degan so’zlarining qanchalar alam va iztirob bilan aytilgani, uning asarlari bolalariga aylanib qolgani, ijodning noni qanchalar qattiqligiga amin bo’laman. 

 

Qayd etilgan