Mantiqut-tayr (nasriy bayoni). Farididdin Attor  ( 116150 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 33 B


Ansora  20 Mart 2010, 14:32:46

QOTIL VA HABIB AJAMIY

Odam o‘ldirgan bir qotilni podshoh qatl etdi. O’sha kecha uni bir so‘fiy tushida ko‘rdi: u jannatda shod-xurram yurardi.
So‘fiy dedi:
- Axir sen qotil, gunohkorsan, odamlarning qonini to‘kkansan. Qanday qilib sen bu martabaga erishding — jannati a’loga yetishding?
Qotil dedi:
- Podsho jallodi qonimni to‘kayotganda, qatlgoh yonidan buyuk so‘fiy Habib Ajamiy o‘tayotgandi. Soliklarning bu ulug‘ piri yashirincha menga bir qarab qo‘ydi. Ana shu bir qarash tufayli men bunday izzatu sharafga erishdim.
Kimgaki davlat ko‘zi tushsa, u saodat taxtiga o‘tiradi. Agar senga bir ulug‘ erning nazari tushmas ekan, sen o‘z vujudingni taniy olmaysan. Ming yil xilvatda yolg‘iz o‘tirsang ham, pirsiz yo‘l topolmaysan. Pirsiz yolg‘iz yo‘lga tushma, ko‘rlar kabi o‘zingni daryoga otma. Pir senga yo‘lboshchidir, barcha ishda sening suyanchig‘ing, panohingdir. Sen axir to‘g‘ri yo‘l bilan o‘nqir-cho‘nqirlar, quduqlarni ajratolmaydigan ko‘zi ojizsan, asokashing - rahnamong bo‘lmasa, yo‘lni bosib o‘tolmassan. Sening ko‘zing ko‘r, yo‘l esa uzoq, pir sen uchun qalavuz — yo‘lchidir. Kimki bir sohibdavlat soyasida bo‘lsa, yo‘lda xijolat chekmaydi, kimki bir davlatga bog‘lansa, qo‘liga tikan olsa ham, u guldastaga aylanadi.*

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:33:10

MAHMUD VA O’TINCHI CHHOL HIKOYATI

Sulton Mahmud lashkari bilan ovga chiqdi. Bir muddat u lashkaridan ajralib chetga chiqdi va atrofni kuzatdi. Bir o‘tinchi cholni ko‘rdiki, eshagiga o‘tin ortib, haydab borardi. Birdaniga o‘tinlari eshakdan tushib ketdi va chol nima kilishini bilmay, boshini qashladi. Mahmud o‘tinlari ag‘anab ketgan, o‘zi bu noilojlikda qolgan bechora odamni ko‘rib, unga yaqinlashdi va dedi:
- Ey, beqaror odam, yordamlashib yuboraymi?
Chol xursand bo‘lib, rozi bo‘ldi:
- Ey, otliq mard, menga yordam bersang, Alloh senga yordam beradi, bundan men foyda ko‘raman, ammo senga ziyon yetmaydi. Yuzingdan yaxshiliging ko‘rinib turibdi, yuzi yoqimlilardan lutfu karam kelsa ajablanmas-lik kerak.
Shohning qalbida karam jo‘sh urib, otdan tushib, sochilib ketgan tikanli o‘tinlarni nozik qo‘llari bilan qayta bog‘lab, eshakka ortdi va mahkam qilib bog‘ladi.
Keyin uchqur otiga minib lashkari oldiga kelib dedi:
- O’tinchi cholni ikki tomondan shunday o‘rab olingki, toki menga yuzlanmaguncha boshqa yo‘l topmasin, - dedi. Lashkarlar cholning orqa-atrofini o‘rab oldilar va u shoh o‘tovi tomon yurishga majbur bo‘ldi.
Chol o‘ziga-o‘zi:
- Bu zolim lashkar menga boshqa yo‘llarni to‘sdi, nima qilsam ekan, shohga ro‘baro‘ bo‘lishdan boshqa chora yo‘q endi, - derdi. Chol eshagini haydab podshoga yaqinlashdi, shohni ko‘rib tanidi va xijolatda qoldi. Soyabon ostida o‘ziga tanish yuzni ko‘rib, uyatdan qiynalib, boshin yerga qo‘ydi. Ichida dedi:
- Yo Rab, holimni kimga aytay, Mahmudni o‘z hammolim — xizmatkorimga aylantirib qo‘yibman-ku!
Shoh unga qarab dedi:
- Ey mening darveshim, mening oldimda nima uzring, nima talabing bor?
Chol dedi:

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:34:08

- Mening ishimu ahvolimni bilasan, o‘smoqchilab, o‘zingni bilmaslikka olma. Men bir ayolmand, o‘tin, tikanaklar terib, sotib kun ko‘ruvchi cholman. Kecha-kunduz cho‘lu tog‘ kezib, tikan yig‘aman. Tikan sotib non olaman, agar qo‘lingdan kelsa, menga bir parcha non ber.
Sulton dedi:
- Ey zahmatkash qariya, tikanlaringning narxini ayt, sotib olaman!.
Chol dedi:
- Ey shoh, buni mendan arzonga olma, bir hamyon oltindan kamiga sotmayman». Lashkar ahli cholga o‘dag‘aylab dedilar:
- Og‘zingni yum, ey ablah, bu tikanlaring ikki pulga qimmat, arzonroq narx qo‘y!
Chol dedi:
- Hay, mayli, bu tikanlar ikki pulga qimmat bo‘lsin, ammo bunday yaxshi xaridor kam uchraydi. Xushbaxt bir inson bu o‘tinga qo‘l tekizdi va bu tikanlar gulzor gullariga aylandi. Kimki bundayin tikanni sotib olmoqchi bo‘lsa, har bir alohida tikan novdasini bir dinorga sotib oladi. Bu inson qo‘liday qutlug‘ qo‘l tikanimga tekkuncha behad azoblar ko‘rdim. Garchi bu arzimas bir tikandir, ammo Uning qo‘lidan olganim uchun ming jonga arziydi.

 

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:34:50

O’N SAKKIZINCHI MAQOLA

BOSHQA QUSH MUSHKULOTI

Boshqa bir qush dedikim:
- Ey, hazratim, men bir notayunman, qanday qilib yo‘lga tushaman. Men juda ojizman, quvvatim yo‘q, bunaqa uzoq yo‘lga toqat qilolmayman. Vodiy uzoq, yo‘li azobu uqubatli, men birinchi manzildayoq o‘lib qolaman. Yo‘lda olovli tog‘lar ko‘p, har kim ham bunga chidash berolmaydi. Bu yo‘lda yuz minglab boshlar chavgon to‘piday yumalab ketdi, bu talab yo‘lida qancha-qancha qonlar to‘kilib, ariqday oqdi. Yuz minglab oqillar bu yerga bosh qo‘ydilar, bosh qo‘ymaganlar esa boshdan ajraldilar. Mardlar hech ikkilanmay, hayodan boshlariga soyabon olib yashiringan bu yo‘lda men miskin bechora nima qilardim. Bir zarraday yo‘qolib ketaman, azm etib yo‘lga tushsam, muqarrar o‘laman.


Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:35:14

HUDHUDNING BU QUSHGA JAVOBI

Hudhud dedi:
- Ey, ojizu behafsala! Qachongacha dilingda qo‘rquv va tahlika bilan yurasan? Sening bu olamda nima qadring bor? Tirikliging bilan o‘liming barobar. Dunyo boshdan oyoq najosatdir, xalq shu najosat uzra talashib yurib o‘ladilar oqibat. Yuz minglab xalq sariq qurt kabi dunyoda zor-zor dard bilan o‘lib ketadilar. Biz agar bu vodida azob bilan o‘lsak, bu najosat uzra xoru zor bo‘lib o‘lgandan yaxshi emasmi? Bu talab agar sendan va mendan xato bo‘lsa ham, agar g‘amdan o‘lsak bu ham ravodir. Dunyoning xatolari ko‘pdir, bir xato ikkinchi xatoni inkor qiladi. Agar birovga ishq badnomlik keltirsa, lekin bu axlatkashlik va qon olishlik kasbidan afzaldir.
Yuzminglab odamlar kissavurlik va makru hiyla bilan mashg‘ullar — pastkash dunyo o‘laksasi ustida talashadilar. Deylik bu savdo kissavurlikchalik emasdir, sen kamrog‘ini tanla, bu mening uchun kamroq g‘amdir. Qachongacha bu savdo daryosiga diling g‘arq, hamma narsani makru hiyla, kissavur-lik bilan o‘lchaysan. Agar birov buni g‘urur yoki havas desa, shunday joyga yetasanki, hech kim yetmagan bo‘ladi. Bu havas orzular g‘ururi yo‘lida jon berish, uy va do‘konga ko‘ngul bog‘lashdan ko‘ra yaxshiroq.
Buning hammasini eshitdik va ko‘rdik ham, ammo bir nafas bo‘lsin o‘zimizdan qutulolmadik. Ishimiz xalq bilan uzoq bog‘lanish bo‘ldi, qachongacha bu tilanchilik, bu sig‘inish-lar? O’zimizdan va halqumdan o‘lib poklanmasak, jonim halqumdan poklanmaydi. Kimki u xalqqan butkul qutulmasa, yo‘lning erani va bu pardaning mahrami bo‘lolmaydi. Bu pardaning mahrami ogoh jondir. Halqumiga suyangan tirik kishi mard bo‘lganmi? Agar sen ish (so‘fiylik yo‘li) eranidirsan, oyog‘ingni dadil qo‘y. Xotinlarga o‘xshab ojizlik oshkor etma. Shuni qatiy ishonch bilan bilginki, bu talab agar kofirlik bo‘lsa ham, ammo asl ish shudir, bu yuzaki, yengil-yelpi ish emas.
Ishq daraxtining mevasi benavolik, qashshoqlikdir. Agar kimningki mevasi - mol-mulki bo‘lsa, bu yo‘ldan chiqsin. Ishq agar bir ko‘ngildan joy olsa u kishining jonida orom qolmaydi, borlig‘ini berishga tayyor bo‘lib qoladi. Bu dard eranlarning qoniga kirib boradi, boshini pastga qilib, pardadan tashqariga olib chiqadi. O’zligiga bir nafas ham yo‘latmaydi, nafsni o‘ldiradi va qon bahosini talab qiladi. Agar suv bersa, faqat judolik, man’ etish suvini, agar non bersa, judolik alamidan pishirilgan patirni beradi. Zaiflikda chumolidan ojizroqdir, chunki ishq lahza-lahza zo‘rayib boradi — vujudini yemiradi. Mard kishi xavfu xatar dengiziga tushgach, jigar qonisiz bir luqma non yemaydi...

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:35:55

ABUL-HASAN XARAQONIY HIKOYASI

Shayx Xaraqoniy Nishopurga keldi, yo‘lning azobi uni xasta qildi. Bir go‘shada jandasiga o‘ralib olib, och holda bir hafta yotdi. Birov uning holidan xabar olmasdi. Hafta oxirida Allohga nola qilib dedi:
- Ey Iloh, bir burda non ato et, to yeb quvvatga kiray.
G’aybdan oyuz keldiki:
- Nishopur maydonini supurib, tuproqdan tozala, agar maydon tuprog‘ini batamom supurib olsang, yarim arpa miqdorida oltin topasan, shunga non sotib olasan!
Xaraqoniy dedi:
- Agar supurgi va g‘alvirim bo‘lsaydi, non tilashimga hojat qolarmidi? Jigarim qurib, suv qolmadi, jigarsiz bo‘lsa ham non ber menga, qonimni ichib quritma.
G’aybdan yana ovoz keldiki:
- Bu osondir, agar non kerak bo‘lsa, tuproqni supurgil!
Shayx odamlar oldiga borib, supurgi va g‘alvir so‘rab iltijolar qildi. Tuproqni supurib, sur’at bilan ishlardi va supurgan tuproqlarni g‘alvirdan o‘tkazardi. Oxirgi tuproqni supurib, elaganda, o‘shal oltin parchasini topti. Oltinni ko‘rganda, nafsi quvnab ketdi. Novvoy oldiga borib non sotib oldi. Novvoy non berganda, supurgi bilan g‘alvirni shamol olib ketdi. Qariya bundan xafa bo‘lib, fig‘on qildi.
Dedi:
- Menday omadsiz sargardon dunyoda yo‘q, endi tovon to‘lash uchun oltinim ham yo‘q». Shunday deya, u devonalarday yo‘l yurardi, oxir bir vayronaga borib o‘tirdi. Shu vayronada xoru zor g‘amgin o‘tirgan edi, qarasa supurgi bilan g‘alviri yonida turibdi.
Shayx shodu xurram bo‘lib dedi:
- Ey AIlohim, nega bunday dunyoni menga qorong‘u qilding? Topgan nonimni jonimga zahar qidding, jonimni qaytadan olganday bo‘lding.
G’aybdan ovoz keldiki:
- Ey, yaxshilikni bilmagan odam, non nonxo‘rishsiz (nonga qo‘shib yeyiladigan narsalar) yaxshi emas. Nonning o‘zini qo‘yningga solding, men nonxo‘rish qo‘shib qo‘ydim, minnatdor bo‘l!

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:36:51

DEVONA VA UNING ALLOHDAN JUBBA (PO’STIN) TILAGANI HIKOYATI

Alloh yo‘liga ko‘ngil bergan bir devona bor edi, odamlar orasta kiyingan, u esa yalang‘och edi.
Dedi:
- Yo Rab, bir po‘stin bergin, puxta-mahkam bo‘lsin, boshqalar kabi meni ham xursand qilgin.
G’aybdan ovoz keldiki:
- Ey, devona, senga issiq quyoshni ato etdim, isin.
Devona dedi:
- Yo Rab, qachongacha azob berasan, nahotki senda quyoshdan yaxshiroq po‘stin bo‘lmasa.
Dedi:
- Bor, yana o‘n kun sabr qilsang, shaksiz senga bir po‘stan berurman.
O’n kun o‘tkandan keyin bechora devonaga birov bir po‘stin keltirdi. Po‘stinning yamoqlari juda ko‘p edi, chunki u ko‘p darveshlarning qo‘lidan baxsh bo‘lib o‘tgan edi.
Devona dedi:
- Ey sirlarni bilguvchi zot, shu o‘n qun ichida jandalarni bir-biriga yamab tikdingmi. Xazinangdagi to‘nlaring yonib ketdimikin, bu jandalarni bir-biriga ulab keltirding. Yuzminglab jandalarni bir-biriga tikibsan, bunday tikuvchilik hunarini kimdan o‘rganding?
Uning dargohiga borish oson emas, Uning yo‘lida tuproq bo‘lmoq lozim. Bu dargohga juda ko‘p kishilar uzoqlardan keldilar, ular ham olov va ham nurdan kuyib, yana yashnadilar. Kimki umri oxirida maqsadiga erishdi, o‘zi hasratga aylanib, maqsadni ko‘rmadi.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:38:19

ROBIYA ADAVIYA VA UNING XAJI

Robiyakim, uni «tojul rijol» - erkaklar toji der edilar, Ka’ba yo‘lida yetti yil yonboshi bilan (sudralib) yurdi. Ka’baga yaqinlashganda, to‘liq hajni topdim, deb ichida gumon qildi. Haj kuni Ka’ba tavofiga niyat qilganda, xotinlarga xos uzri voqe’ bo‘ldi (hayz ko‘rdi). Shu bois yo‘ldan qaytdi va Allohga nola qilib dedi:
- Ey Zuljalol, Ka’ba tavofi umidida yetti yil yonboshlab yo‘l bosdim. Endi yettim deganda, yo‘limga bunday tikan paydo qilding. Yo menga O’z uyingdan joy ber yoki o‘z uyimga qaytishga yo‘l qo‘yma — men Ka’bani tavof qilmay ketmayman.
Robiya kabi oshiq bo‘lmasang, bu voqeaning sirrini ham, qadrini ham bilmaysan. Toki sen bu fasllar — suratlar dunyosida ekansan, rad va qabullar to‘lqini bo‘lib turadi. Gohida Ka’ba oldida yukingni beradi, gohida dayr ichida ishingni o‘nglatadi. Agar bu girdobdan boshingni tashqari chiqara olsang, har nafasda haqiqiy jam’iyat, osoyishtalik-larni ko‘rasan. Bo‘lmasa shu girdobda giriftor bo‘lib qolasan. Charxi falak bilan birga tegirmon toshiday aylanaverasan. Bunday holatda bir nafas bo‘lsa-da, xotirjamlikdan umid yo‘q, sening vaqting bir pashshaning umrichalik qimmatga ega emas.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:38:52

PASHSHA VA BURGADAN QIYNALGAN DEVONA HIKOYATI

Bir vayrona burchagida bechora va g‘arib bir devona yotardi. Bir nomdor shayx uning yoniga bordi.
Shayx dedi:
- Sening siymongda bir ulug‘lik ko‘rib turibman. Bu ulug‘liging barobarida o‘zingga yarasha suhbatdoshlaring — jamiyating ham bormi? Jamiyati bor odamda osudalik ham bo‘ladi.
Devona dedi:
- Odamlar bilan qanday suhbat qilayinki, burga bilan pashshadan qutulolmayman. Mening «suhbatdoshlarim» shular. Kunduz kunlari pashsha azob bersa, kechalari burgalar qonimni so‘rib uyqu bermaydi. Namrudning boshiga yarim pashsha qo‘nib, uning Allohdan qaytgan boshining mag‘zini yeb tugatdi. Men shu zamon Namrudimanmi, Alloh mening boshimga pashsha, chivin va burga lashkarini yuboribdi.


Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:39:24

O’N TO’QQIZINCHI MAQOLA

BOSHQA BIR QUSHNING UZRI

Boshqasi aytdi:
- Behad gunohkorman, gunohli odam u yerga qanday yo‘l olsin? Pashsha kabi bulg‘angan kishi Qof tog‘idagi Simurg‘ nazariga arziydimi?
Begunoh kishi yo‘ldan bosh tortgandan keyin u Podshoga yaqinlashishga erishadimi?

HUDHUDNING UNGA JAVOBI

Hudhud dedi:
- Ey, gofil, Undan noumid bo‘lma, har zamon Undan lutfu karam tila. Bu ishni oson deb bilib, sidqidil-dan tilamasang, mushkuling oson bo‘lmaydi, soxta tavbalar bilan u tomon eshik ochilmaydi. Ammo agar gunohing bo‘lsayu, sidqidildan sadoqat ko‘rsatib, iltijo qilsang, U tomon yuz eshiklar qarshingda ochiladi.


Qayd etilgan