Mantiqut-tayr (nasriy bayoni). Farididdin Attor  ( 116176 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 33 B


Ansora  20 Mart 2010, 14:39:46

GUNOHKOR ODAM HIKOYATI

Bu odam ko‘p gunoh qilgan edi, gunohlaridan uyalib, tavba qildi va to‘g‘ri yo‘lga kirdi. Ammo nafsi g‘alaba qilib, tavbani unutib, yana shahvatga berildi. Yana bir muddat yo‘ldan adashib, har xil gunoh ishlarni qilardi. Shundan keyin dilida shunday bir dard paydo bo‘ldiki, xijolatdan o‘zini qaerga qo‘yishni bilmasdi. Harakatlari natija bermasdi, tavba qilay desa, yana buzib qo‘yaman, deb qo‘rqardi. Kecha-kunduz qozonda qovurilayotgan bug‘doy donasiday dilida o‘t, ko‘zlaridan qonli yosh oqizardi. Agar yo‘lida chang-g‘uborlar qo‘nsa, uning ko‘z yoshi yuvib tashlardi. Bir kuni saharda qulog‘iga g‘oyibdan ovoz kelib, mushkulini oson etdi.
Ovoz dedi:
- Allohvandi jahon deydiki, ey falonchi, avvalda tavba qilding, afv etdim. Sen tavbani buzding — jazolashim mumkin edi, lekin jazolamadim. Ikkinchi marta tavba qilding va yana buzding. Muhlat berdim, g‘azab qilmadim. Endi xayolingda yana tavba qilish bor, ey bexabar. Yana tavba qilib, Men tomon qayt, eshiklarim ochiq, sen - jinoyat qiluvchi, Biz - kechiruvchimiz.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:40:21

JABRAIL VA BUTPARAST ODAM HIKOYATI

Bir kecha Ruhul-amin (Jabrail) sidra daraxti ustida edi. Alloh huzuridan «Labbayka» ovozini eshitdi. Bir banda bu zamonda chaqirardi. Uning kim ekanligini birov bilmasdi. Shuni bilamanki, bu oliyqadr bandadir, uning nafsi o‘lib, dili tirilgandir.
Jabrail bu bandani ko‘rish niyatida olamni kezib chiqdi. Avval yetti osmonni qidirdi, lekin topmadi. Keyin Yerga tushib, daryo va tog‘lar, shahar-qishloqlarni kezdi, ammo uni topmadi. Yana Hazrati Parvardigor tomon uchdi, yana «Labbayka» ovozini eshitdi. Bu bandaning izzatidan hayratga tushib, yana olamni kezib chiqdi. Ammo ul bandani ko‘rmadi.
So‘nfa Parvardigorga murojaat qilib, dedi:
- Ey Alloh, bu bandang tomon menga yo‘l ko‘rsat.
Haq taolo dedi:
- Rum tomon safar qil, cherkov (dayr)ga kirgin, topasan.
Jabrail Rumga bordi va ul bandani ko‘rdi: u butga qarab, iltijolar bilan sidqi-dildan zor-zor yig‘lardi.
Jabrail Allohga murojaat etib so‘radi:
- Ey hech narsaga muhtoj bo‘lmagan Zot, pardani ochib menga bu sirni ayon qil. Dayrda butga xitob qilib o‘tirgan kishiga Sen lutf ko‘rguzub, «Labbayka» deb javob qaytarasan, buning boisi nimada?
Haq taolo dedi:
- Albatta u ko‘ngli qora odam, o‘z adashganini shu bois bilmaydi. Agar nodonlik va g‘aflat tufayli u yo‘lini yo‘qotgan bo‘lsa, ammo Men oldinni ko‘ruvchi donoman, yo‘lni alashtirmayman. Endi (sadoqatini ko‘rib) unga Dargohi oliygacha yo‘l ko‘rsataman, Bizning lutfu marhamatimiz unga uzrxoh bo‘ladi.
Shunday deb Alloh bandaning joniga yo‘l ochdi va Alloh nomini tiliga solib, Haqni tanitdi. Shuni bilki, bu banda ham imon millatidan bo‘ldi, Ul dargohga boradiganlar illatsiz — nuqsonsizdirlar. Agar bu Dargohda hech narsang bo‘lmasa, hech narsadan tashvish chekmaysan, xotirjam bo‘l. Hamma vaqt ham zuhdu taqvo qabul bo‘lavermaydi. Uning dargohida juda oz, hatto yo‘q narsani ham arzirli deb hisoblaydilar.*

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:40:56

SO’FIY VA BAG’DODDAGI ASALFURUSH HIKOYATI

Bir so‘fiy Bag‘dod qo‘chalaridan o‘tardi, shunda bir odamning:
- Asalim bor, arzonga sotaman, - degan ovozini eshitdi.
So‘fiy uning oldiga borib dedi:
- Ey falon, hech narsani hech narsaga berasanmi?
Asalchi dedi:
- Nari tur, sen devonamisan, hech jahonda hech narsaga bir narsa beradimi?
G’oyibdan ovoz keldi:
- Ey so‘fiy, turgan joyingdan bir qadam pastga tushib, xonaga kir, men hech narsa uchun istagan narsangni beraman. Allohning rahmati munavvar quyoshdir, u barcha zarralarni yoritadi. Uning rahmatini ko‘rkim, bir kofir kishi uchun Payg‘ambar bilan ham e’tirozga bordi.**

HAQ TAOLONING QORUN TO’G’RISIDA MUSOGA XITOBI

Haq taolo dedi:
- Ey Muso, Qorun senga yetmish marta zorlanib yalindi. Sen esa unga hech javob bermading. Agar u bu zorliklarni Menga qilsaydi, uning jonidan shirkni chiqarib yuborardim, tanasiga din to‘nini kiydirardim. Ey Muso, uni yuz dard bilan azoblab o‘ldirding, yo‘lning tup-rog‘iday xor qilib, tuproqqa topshirding. Sen uni yaratmagan-san, toki azobi bilan ko‘ngling tinchisa.
Rahmatu marhamatsizlarga rahmu shafqat qilguvchi Zot rahmat ahlini ne’mat bilan siylaydi. Allohning rahmat daryolari, fazlu karami cheksiz, gunohkorlar uzr tilasa, qo‘zining yoshi bulutdan yomg‘irday yog‘ilsa — kechiradi. Kimdaki shunday marhamat bo‘lsa, u bulg‘anishlarga qarab o‘zgarmaydi. Kimki gunohkorlarni ayblasa, u o‘zini jabru sitam etuvchilar qatoriga qo‘shadi.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:41:37

BADBAXT ODAM O’LIMI VA ZOHIDNING TUSHI HIKOYATI

Gunohlar ichida o‘lgan mufsid - badkirdor odam tobutini ko‘tarib borardilar, buni ko‘rgan bir zohid badkirdorga janoza o‘qish noravo deb o‘zini chetga oldi. Kechasi zohid uni tushida ko‘rdi: u jannatda shodu xurram oftobday porlardi.
Zohid dedi:
- Ey qul, bu oliy maqomga qanday qilib erish-ding, tirikligingda nuqul gunoh ishlarni qilarding, boshingdan oyog‘inggacha bulg‘angansan axir?»
Dedi:
- Sening menga ta’nang va rahmsizligingni ko‘rib, Parvardigor menga rahm qildi. Bu rahmat men oshuftaga ta’sir etdi. Ko‘rgilki, ishq ichra yonish ne hikmatlar qilur, ham inkor qiladi va ham rahm etib kechiradi. Uning hikmati qarg‘a qanotiday qorong‘i kechada, go‘dakning qo‘liga chiroq tutqazib yuboradi. Keyin kuchli shamolni qo‘zg‘atib, uning chirog‘ini o‘chir, deb buyuradi. Keyin yo‘lovchi bo‘lib go‘dakni yo‘lda tutib, chiroqni nega o‘chirding, nodon deb aytadi. Shu tufayli bolani yuz savolga tutadi, unga itobu po‘pisa qiladi va yana yuz mehru shafqat ko‘rguzadi. Agar hamma uchun faqat toatu namoz buyurganda, ishqu muhabbatga giriftorlik bo‘lmasdi. Hikmat faqat shu bilan tugamaydi, uning chegarasi, qolipi, muqarrar qoidasi yo‘q. Uning yo‘lida yuz ming hikmat mavjud, undan bir qatrasi - bahri rahmatdir.
Ey, o‘g‘il, bu yetti osmon — yetti charxi pargor kecha va kunduz sen uchun ishlab turadi. Ruhlar — farishtalar toati sen uchun, jannat va do‘zax sening qahring va lutfu mehring aksidir. Farishtalar barchasi senga sajda qildilar, olamning xossalari juzvdan kullgacha vujudingda mujassam etilgan. O’zingga kamsitish va tahqir ko‘zi bilan qarayverma, chunki sendan afzalroq maxluqot yo‘q. Sening jisming - juz’, ammo joning Kullning kullidir. O’zingni pastga urib, ojiz sanama. Sening qulling porlab, juzving paydo bo‘ldi, joning harakatga kelib, sur’at ko‘rsatdi va a’zolaring yuzaga keldi. Tana jondan judo emas, balki uning juzvidir, jon Kulldan judo emas, balki uning uzvi - a’zosidir. Ahadning bu yo‘lida adad-sanoq yo‘q, abadul abad juzvu kull deb ajratish nodurust. Sening zavqing oshsin deb yuz minglab rahmat buluti ustingdan yomg‘ir yog‘diradi. Kullning yuksalish vaqti kelganda, sen uchun gul rangba-rang kiyimlar kiyadi. Malak-larning barcha ishlari — faoliyati seni deb amalga oshadi. Ularning barcha toatini Parvardigor senga tuhfa etishni xohlaydi.*

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:41:58

ABBOSA VA QIYOMAT KUNI HIKOYATI

Abbosa dedi:
- Qiyomat kuni qo‘rquv va haybatdan xalqhar tomonga qocha boshlaydilar. Osiy gunohkorlar, g‘ofil va johillarning yuzi bir soat ichida qop-qora bo‘ladi. Odamlar noiloj hayron, har biri o‘zgacha bir holatda parishonu hayajon ichida bo‘ladi.
Shunda Haq taolo yerdan to‘qqiz falakkacha malaklarning yuz ming yillar qilgan toatlari savobini ul pok qavmdan butunlay olib, xokiylar - odamlar boshi uzra sochadi.
Malaklar faryod qilib deydilar:
- Ey AIloh, bu xalq nega bizga sherik bo‘ladi - savobimizni oladi?
Haq taolo deydi:
- Ey ruhoniy xilqatlar, sizga bundan ziyon ham, foyda ham tegmaydi, ammo xokiy bandalar — tuproqdan ato etilgan xilqatlarning ahvoli og‘ir. Axir non ochlar uchun emasmi?!


Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:42:59

YIGIRMANCHI MAQOLA

BOSHQA QUSHNING UZRI

Boshqa qush aytdi:
- Muxannas (xunasa — jinsi noaniq) zotdirman, har zamonda boshqa bir shoxda qo‘nadigan turlanuvchi qushman. Gohrindman, gohzohid, gohida mastman. Gohida bormanu yo‘qman va gohida yo‘qdaymanu borman. Nafsim gohida xarobotga eltadi, gohida jonim munojotga chorlaydi. Gohida dev bilan oshnolik qilaman, gohida esa farishta devdan qutqarib, qaytarib keladi. Man ikkisi orasida hayrondirman, mana shunaqa zindon qudug‘ida qolgan odamman, nima qilay?

HUDHUDNING UNGA JAVOBI

Hudhud aytdi:
- Ey, yo‘l tahlikasidan hayronu zor kishi. Shohning hukmi hammaga ham shundaydir. Har bir odamda bu xislatlar mavjud. Chunki bir sifat egasi bo‘lgan kishi bo‘lmaydi. Agar boshidan hamma pok bo‘lsaydi, anbiyoning yuborilishi shart emas edi. Agar toatingda ko‘ngling mustah-kam bo‘lsa, asta-sekin, toqatli tarbiyalanish bilan islohga kelasan (o‘zgarasan). Nafs umr davomida sarkashlik qilmasin desang, tanni orom va huzurlarga garq etma. Ey gaflat tandiri sening joying bo‘lgan odam, boshdan oyog‘ing Matlub bilan band bo‘lsin. Qip-qizil qonli yosh dil asrori nishonasi, ammo ko‘p yeyish - bu dilning zangidir. Agar sen nafs itini parvarish etsang, vujuding ham, ruhing ham xunasalikda qolib, gavharing namoyon bo‘lmaydi.


Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:43:54

SHIBLIY BAG’DODIY VA UNING   YO’QOLISHI HIKOYASI

Shayx Abubakr Shibliy Bag‘dodda necha marta yo‘qoldi. Hech kim uni topolmasdi. Uning suhbatini sog‘inib, ko‘p izladilar, oxiri birov uni muxannasxona (xunasalar yig‘iladigan joy) da ko‘rdi. Shayx ana shu beadablar guruhi orasida ko‘zida yosh o‘tirardi.
So‘fiylardan biri dedi:
- Ey sirlarni izlovchi ulug‘ shayx, bu yerda nima qilasan, bu yer sening joyingmi?
Shayx Shibliy dedi:
- Bu qavm fosiq va badaxloqlikda shu darajadaki, dunyo yo‘lida qaysi erkak, qaysi xotin ekanligi noma’lum. Men ham shularga o‘xshaganman, ammo din yo‘lida shundayman. Na dinimda mardlik qo‘rsata olaman, na ayollarday ojizu zorman. O’zimning nojavonmardligim ichra yo‘qoldim, chunki mardligimdan uyalaman. Kimki o‘z jonini bag‘ishlasa, o‘z yaralarini Yor dasturxoniga aylantiradi. Chin erkak o‘zini past tutib, yiqilganlarning izzatu ulug‘vorligi uchun g‘amxo‘rlik qiladi. Agar sen nazarda bir tukdan ortiq ko‘rinsang, o‘zing uchun butdan ham battarsan, chunki o‘zingga but kabi sig‘inasan. Agar sen uchun maqtov va tanqidlar farqlanib tursa, ya’ni maqtovdan xursand bo‘lib, tanqiddan ranjisang, but yasaydigan butgarsan, xolos. Agar Haqqa banda bo‘lsang, but yasovchi bo‘lma, Ezid taolo yo‘liga kirgan mard bo‘lsang, (butparast) Ozar bo‘lma!
Xos va avom o‘rtasida bandalik maqomidan balandroq maqom yo‘q. Bandalik qil, bundan ortiqni da’vo qilma, Haqodami bo‘l, izzatni o‘zingni ulug‘lashdan qidirma. To‘ning ichida yuz but bo‘lsa, yana o‘zingni xalqqa nechun so‘fiy qilib ko‘rsatasan? Ey xunasa, mardlar to‘nini yech, o‘zingni bundan ortiqsargardon qilma!*

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:44:36

IKKI SO’FIYNING O’ZARO XUSUMAT QILIB, QOZI OLDIGA BORGANLARI

Xirqa kiygan ikkita so‘fiy o‘zaro janjal qilib, qozixonada hozir bo‘ldilar. Qozi ularni bir burchakka olib borib, dediki:
- Jangu xusumat so‘fiylikka yarashmaydi. Egningizga Allohga taslimlik to‘nini kiyib olgansiz, nima uchun bu xusumatni boshladingiz? Agar sizlar jangu jadal, qasdu kina odami bo‘lsangiz, bu liboslarni yechib tashlang. Va agar bu to‘nlar bilan birga bo‘lsangiz nizo va janjal qilmang. Men bir qoziman, ma’naviy (so‘fiy) odam emasman. Ammo bu kiyimlardan qattiq uyalaman. Bunday xirqa kiygandan ko‘ra, parda ichiga yashirinish, ya’ni paranji yopinish afzal.
Sen ishq ishida na xotin, na ersan, jaholat bilan birga bo‘lasan, shunday bo‘lgach, ishq sirrini hal etolasanmi? Agar bu maydonga kirishga azm etgan ekansan, boshni berib, jon tarkini etishga tayyor bo‘l! Va agar ishq yo‘lining sirriga mubtalo bo‘lsang, o‘zingga balodan zireh kiyib ol. Sen bundan boshqa da’vat qilib bosh ko‘tarma, bo‘lmasa rasvolik botqog‘iga botib ketasan.*

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:45:51

BIR KAMBAG’ALNING MISR SHOHIGA OSHIQ BO’LGANI HIKOYATI

Misrda nomi shuhratga burkangan podsho bor edi. Bir kambag‘al darvesh shu podshoga oshiq bo‘ldi. Darveshning oshiqligi xabari shohga kelib yetgach, uni o‘z huzuriga chaqir-tirdi. Shoh darveshga dedi: «Nega podshohga oshiq bo‘lding, endi ikki yo‘ldan birini tanla: yo bu diyoru shahrni tark etasan, yoki mening ishqimda boshingdan judo bo‘lasan. Senga haq gapni aytyapman: yo boshingni jallod   kundasiga qo‘y, yoki musofirligu ovoragarchilikni bo‘yningga ol».
Darvesh chin oshiqlik nima ekanini bilmasdi. Shu bois shahardan chiqib ketishni tanladi. Benavo darvesh saroydan chiqishi bilan, shoh o‘z a’yonlariga buyurdi: «Uni tutib boshini kesinglar!» Shoh yaqinlaridan biri dedi: «Axir uning hech gunohi yo‘q-ku, shohim nega uning boshini kesishga buyuradilar?» Shoh dedi: «Chunki u oshiq emas edi, bizning ishqimiz yo‘lida sodiq emas edi. Agar u chin oshiqlik ishini bilganida edi, bu yerda boshini kesishlarini xohlagan bo‘lardi. Kimda-kim, boshi Jonondan ko‘ra aziz bo‘lsa, oshiqlik unga haromdir. Agar u Mendan bosh kesishni xohlaganda edi, shoh toju taxtidan kechib, uning oldida bel bog‘lab, xizmatda bo‘lardi va darvesh olamning podshosi bo‘lardi, ya’ni o‘z o‘rniga — taxtga o‘tqazardi. Ammo u ishqda quruq da’vo qilardi, xolos, shu bois bundaylarning boshi kesilishi yaxshi. Har kimki ishkda da’vo qilur, ammo sodiq emasdir, u shaksiz beburd va buzuqidir. Buni shu uchun aytdimki, har qanday past beburd kishi bizning ishqimizda behuda lof urmasin, yolg‘on so‘zlamasin».

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:46:22

YIGIRMA BIRINCHI MAQOLA

BOSHQA QUSHNING MUSHKULI

Boshqa bir qush dedi:
- Nafsim dushmanimdur, undan qanday qutulaykim, u qaroqchiday men bilan birgadir. It nafsim hech amrimga itoat etmaydi, undan jonimni qanday qutqarishni bilmayman. Sahroda bo‘ri menga oshno bo‘ldi - bo‘ysindi, ammo bu chiroyli it (nafs) menga itoat etmaydi. Bu bevafo itni nima qilishni bilmay hayronman, qanday qilib uni bo‘ysundirish yo‘lini topolmayapman.

HUDHUDNING JAVOBI

Hudhud dedi:
- Ey, qo‘ynida itni erkalab, parvarish etayotgan kishi, bu it seni tuproqqa qorib poymol etibdir. Sening nafsing ham ahval (bir narsani ikkita qilib ko‘rsatuvchi) va ham a’var (bir ko‘zli)dir.
U ham it, ham kohil (dangasa, battol), ham kofirdir. Birov agar seni yolg‘ondan tilyog‘lamalik qilib maqtasa, nafsing bu maqtovdan yashnab ketadi. Yolgondan bunday yashnab semiradigan bu it hech ham yaxshilikka yuz o‘gurmaydi. Yoshlikdan bu nafs iti tarbiyalanmagan va natija ko‘rinib turibdi. Go‘daklikdan Allohga dil bermay g‘aflatda bo‘lgansan. Yigitlikda esa Haqdan yana ham begona bo‘lgansan, yoshlikda o‘yin-qulgi, beparvolik, devonalyqda kuning o‘tgan. Oxirida qariganda joning qiynalib, taning zirqiraganda bilding-ki, umring shu nafs ketidan ergashib o‘tibdi. Mana shunday jaholatda o‘tgan umr bilan qanday qilib nafs itini rom eta olasan. Ko‘p bandalar dunyoda shu it bilan birgadirlar, ular aslida itning bandasi — qulidirlar. Yuz minglab qo‘ngil g‘amda o‘ddi, ammo bu kofir nafs o‘lmasdan kelmoqda.

Qayd etilgan