Mantiqut-tayr (nasriy bayoni). Farididdin Attor  ( 116154 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 33 B


Ansora  21 Mart 2010, 13:01:56

BIR CHOLNING NABIY JOYNAMOZIDA IBODAT QILISHNI SO’RAGANI HIKOYATI

Bir chol niyozmandlik bilan nabiydan joynamozingizda namoz o‘qib olay, deb so‘radi. Xoja unga ruxsat bermadi.
—   Hozir qum va tuproq qizib yotibdi,— dedi qariya. — Agar qizib turgan joyga yuzimni qo‘ysam, kuyib, dog‘ bo‘lib qoladi.
Nabiy dedi:
—   Har bir majruxning yuzi quyishi mumkin. Yuzi kuyganlik hech gap emas, dili kuyganlik fazilatdir. Sajdagohga kuygan dilingni nisor qilsang, haq taolo senga nazarini soladi. Dardlar maydoniga dog‘li, kuygan dilingni keltirgin, toki ahli dillar dog‘li dilingni ko‘rib, mardlikni o‘rgansinlar.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 13:02:44

O’TTIZ SAKKIZINCHI MAQOLA

BOSHQA QUSHNING SAVOLI

Boshqa bir qush Hudhudga dedi:
—   Ey, dono yo‘lboshchimiz, bu vodiyda sarsonlikda kezib, yuzimiz qorayib ketdi. Pir degan bu tariqa siyosat qilmaydi. Ey rafiq, bu yo‘l hali uzoqmi. Agar yaqin bo‘lsa yana necha farsang yo‘l yuramiz?
Hudhud javob berdi:
— Biz yetti vodiydan o‘tamiz. Yetti vodiydan o‘tganimizdan so‘ng Shoh dargohiga yetamiz. Bu yo‘lga kirmagan odam uning uzoq-yaqinligini bilmaydi. Inson bu uzoq yo‘lning boshiga kelmay turib, uzoq-yaqinligidan ogoh bo‘lmaydi. Biz boradigan joy boshdan-oyoq yo‘qlik joyidir. Ey bexabar, bu yo‘lning vodiylarini bilmasang, endi bilib ol.

SULUKNING YETTI VODIYSI BAYONIDA

Bu yo‘lning boshlanishida Talab vodiysi bor.
So‘ng Ishq vodiysi borki, u bekanor, cheksiz, chegarasizdir.
Uchinchi — Ma’rifat vodiysi.
To‘rtinchi — Istig‘no vodiysi.
Beshinchi — pok Tavhid vodiysi.
Oltinchi — mashaqqatli Hayrat vodiysi.
Yettinchi — Faqru fano vodiysi. Bu juda uzoq, yo‘qlik vodiysidir. Agar ko‘shish, sa’y-harakat qilsang, ofat keltiruvchi fe’l- ravishlaring yo‘qoladi, mabodo ozroq bir qatra qolsa ham, u Qulzum dengizi yanglig‘dir.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 13:04:02

AVVALGI MANZIL

TALAB VODIYSI

Talab vodiysiga qadam qo‘yganlar bilsinki, bu joyda har zamonda yuz malolat, mashaqqat, har nafasda yuz balo, ofat uchraydi. Bu joyda dunyo to‘tilari pashshaga aylanib qoladi. Bu vodiyda inson had-chegaradan chiqmasliga, yillar davomida toat-ibodat va ezgu ishlarga jahd-g‘ayrat talab qilishi zarur. Bu joyda qalb bir holga kelishi, mol-mulk, boylik talabidan voz kechishi zarur. Bu vodiyda inson bag‘ri qonga to‘ladi, ko‘nglidagi barcha hoyu havaslardan ayriladi. Qo‘lida hech vaqosi qolmaydi. Dil har qanday fitna, tama’, kuduratlardan poklansa, haq va haqiqat nuridan ravshan bo‘ladi. Dilingda shu nur borligi oshkor bo‘lsa haq yo‘lida bir talabing ming talabga aylanadi. Agar shularga chidam, matonat ko‘rsatsang, bu yo‘ldagi otash azoblaridan, yana yuzlab noxush vodiylarning mashaqqatlaridan qutulasan. Bu yudiyda haq yo‘lida boshingni berish ham sen uchun xush keladi, oqibatda xush, go‘zal soqiy qo‘lidan bir jur’a (piyola) may olasan. Bir jur’a boda ichganingdan so‘ng senda ikki olam tashvishi ham qolmaydi. Tashna labing bilan daryoga sho‘ng‘iysan. Jonon sendan may uchun jon talab qilsa, jon berish sening orzuying bo‘lib qoladi. Joningdagi ajdaho senga qo‘rqinchli bo‘lmay, pashshaday ojiz bo‘lib qoladi.
Shundan so‘ng kufr va iymon birgalashib oldingga kelsa, har ikkisini xush ko‘rib, eshik ochasan. Lekin, ular xonai dilga kirganida ko‘rasanki, kufr ham, din ham yo‘qoladi (Bularning bahsidan ham qutulasan). Chunki endi sen uchun u tomon ham, bu tomon ham bo‘lmaydi, ya’ni borliqni unutasan.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 13:05:23

ODAM XILQATI YASALISHI VA SHAYTONNING UNGA SAJDA QILMAGANI HIKOYATI

Amru bin Usmon Makkiy Ka’bada, bu nomani qalam bilan bitib qo‘ydi. Ya’ni Haq taolo Odamni suv va tuproqdan loy qilib yasab, unga jon kiritdi. Istadiki, maloika-farishtalar xayliga bu ajoyib xabarni yetkizay va bu ne asar — ijod ekanligini ularga bildiray. Aytdi:
— Ey osmon ruhlari, barchangiz bu ajib xilqat — Odamga sajda qilinglar.
Barcha farishtalar ul zoti pok — Odamga yakdil va yaktan bo‘lib ta’zim qildilar. Shu payt Iblis keldi va dedi:
—   Men Allohdan boshqa hech bir kimsaga sajda qilmayman. Odamga bosh egmayman, bo‘yin ham egmayman. Agar boshimni tanimdan judo qilsalar ham g‘am yemayman, chunki Allohdan
boshqaga bo‘y  egmaganimdan shod bo‘laman.
Haq taolo Iblisga dedi:
— Ey iymon yo‘lining josusi, sen bu yerdagi (jannatdagi) joyingni o‘zing o‘g‘irlading (ya’ni, jannatni boy berding). Sen ko‘rib turgan xilqatda (Odamda) bir ganjni yashirganman.
Sipoh, lashkar ko‘rmasligi uchun ganjni hech kim bilmay-digan joyga yashirish - shohlar odatidir. Ba’zi insonlar bu ganj qaerdaligini bilmaydilar. Lekin mard odamlar o‘sha ganjni oshkora ko‘radilar.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 13:05:34

Agar shu vaqtda sening boshingni taningdan judo qilsam, hamma olam sen haqingda gapirishini xohlamayman.
Iblis Allohga tavba qilmay, (takabburlik bilan) dedi:
—   Yo Rab, men bandangga istagan jazoingni ber, bu ishim uchun istagan chorangni ko‘r.
Alloh Iblisga dedi:
—   Senga bir bezak beray, bo‘yningga la’nat tavqini ilay, noming kazzob bo‘lib, to qiyomatgacha muttaham bo‘lib yasha.
Shundan so‘ng Iblis dedi:
—   Menga ne bersang - ganji pok, la’nati ekanim ravshan bo‘lsa, ne bok.
Shu tariqa u (Iblis) Alloh la’natini o‘ziga rahmat deb, bu menga abadiy qismat, deb bildi. «Mayli, men la’nati bo‘lay, hayotda barcha yeguliklar taryok emas, ularda zahar ham bor. Garchi barcha xalq rahmat talab bo‘lsa, men beadab, sening la’natingni boshga ko‘tarib yuray. Lekin bu la’anating uchun men Odamga rahmat demayman, men ham Odamni la’nat oluvchi ishlarga boshlayman. Bandalaring shunday ishlar qiladiki, gunohlari uchun sen ham ularni la’natlaysan va ular la’natingni rahmat deb bilmaydilar. Men imonim kuchli bo‘lib (sendan o‘zgaga sajda qilmaganim uchun) la’natlandim.
Talab vodiysiga kirgan tolib bilsinki, toliblik — barcha shaytoniy hoy-havaslar ustidan g‘oliblikdir. Agar kecha va kunduz shu goliblikni topmasang, talab yo‘lida nuqsondir.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 13:06:00

SHIBLIYNING O’LAR CHOG’IDA AYTGANLARI

Shayx Shibliy o‘lar chog‘ida juda betoqat bo‘ldi. Ko‘zini yumib olgan,'nimagadir behad intizor edi. Beliga hayrat zunnorini bog‘lab olib, kulto‘da ustida o‘tirardi. Gohi ko‘zining yoshini kulga oqizar, gohida kulni boshiga sochardi. Bir kishi undan so‘radi:
-   Shunday bir naz’ holatida zunnor bog‘lab olgan kishini ko‘rganmisan, bu qanday hol?
Shibliy dedi:
—   Yonib o‘rtanmoqdaman, nima qilay, qanday yo‘l tutay, g‘ayrat o‘tida yonayapman, na iloj topay? Jonim ikki olamdan ko‘zini yumdi, ammo hozir Iblis nafratidan kuymoqda.
Iblisga yuborilgan «la’natiy» xitobi rost ekan, ammo buni odamga nisbat berishdan qiynalaman.
Shibliyning jigar-bag‘ri o‘rtanar, tashna va behollikda azobda edi, chunki u boshqa kishilarga gunohni ravo ko‘rmas
Ushbu hikoyat bundan oldingi hikoyat mazmunini davom ettirgani uchun, Attor bu yerda ham Iblisning Odamga sajda qilmay, takabburlik qilganiga ishora qilmoqaa. Ya’ni: odam tuproq va ruhdan tarkib topgani Allohning irodasi, buning sababini Uning O’zi biladi. Odam Iblis qutqulari (shubha, gumon) bilan ham qurashishi, Alloh sari talabda bo‘lishdan to‘xtamasligi kerak edi. Agar Shoh sening vujudingga tafovutni (xilma-xillikni) ravo ko‘rgan bo‘lsa, nima ham qilar eding, ey yo‘lovchi, axir sen tosh bilan gavhar emassan? Agar gavhardan aziz va toshdan ham xor bo‘lsang-da, Shohning sen bilan ishi bo‘lmaydi. Tosh va gavharga do‘st ham, dushman ham bo‘lma, faqat shuni bilgilki, bu Uning qo‘li bilan barpo etilgandir. Agar mast ma’shuq senga bir tosh otsa, bu begonadan gavhar olgandan ko‘ra afzaddir. Mard yo‘lovchi Alloh talabida intizor bo‘lib, yuz jonni yo‘lda nisor qilishi lozim. Bir lahza talabdan tinchimasin, bir nafas ham osuda bo‘lmasin. Agar bir lahza talabdan to‘xtasa, u bu yo‘lda beadablik qilgan murtad (rad etilgan) bo‘ladi.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 13:06:42

MAJNUN HIKOYATI

Bir aziz odam ko‘chadagi tuproq o‘rtasida dard chekib, u yoq-bu yoqqa yugurayotgan Majnunni ko‘rdi va so‘radi:
—    Ey Majnun, bu yo‘lda nimani izlayapsan? Majnun javob berdi:
—    Laylini izlayapman. Haligi odam ajablanib, dedi:
— Bu tuproqda Layli nima qiladi, u oqar suvlari bor pok va orombaxsh joyda bo‘ladi.
Majnun javob berdi:
—   Men Laylini hamma joydan izlayman. Layli yo‘q joy oqar suvlari bor, orombaxsh bo‘lsa ham men uchun yomon joydir.

YUSUF HAMADONIY HIKOYATI

Tariqat ro‘zg‘orining imomi, jon-ruh asrorining sohibi, yaxshilik, ezgulik bunyodkori Yusuf Hamadoniy aytgan ediki:
— Basirat ko‘zi har qancha uzoq va baland-past joylarni ko‘ra oladi. Bu yo‘lda (talab yo‘lida) yo‘qolgan Yusufidan xabar so‘rab, dard chekayotgan Ya’qub kabi intizor bo‘lish zarur. Shunda tolib har ikki ro‘zg‘orda (bu dunyo va u dunyo hayotida) kashfiyot topmasa ham, tavhid asrorini izlashdan zinhor chalg‘imaydi. Mardlar sabrtalab va mehnattalab bo‘ladilar. Ahli dardlar barchasi sabrli bo‘ladilar. Ey tolib, bu yo‘lda izlaganingni topmasang ham sabr qil, axir shu yo‘lni topganing o‘zi yetarli-ku.
Agar qorni ochligidan qon yutayotgan bolani ko‘rsang, sen ham u bilan birga qon yutgin (qiynalgin). Senga bu yo‘lda tahniyat - tabrik, maqtovlar kelmasa ham, qon yutish, iztirob, aziyat chekishdan to‘xtamagin. Agar yor vasliga yetish shodligi bo‘lmasa ham, senda hijron motami bo‘lsin. Agar yor jamolini ko‘rolmasang ham, uning asrorini izlayver. Agar senda talab bo‘lmasa, talab yo‘qligidan uyal, sharm qil, shunda har on uyatli bo‘lmaysan, ya’ni uyatli ishlardan uzoqbo‘lasan.


Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 13:07:31

CHIN TOG’I USTIDA TOSHGA AYLANGAN MARD HIKOYATI

Bir odam Chin tog‘ida toshga aylandi. Har zamon ko‘zidan zaminga yosh oqizardi. Zor-zor ko‘z yoshlari ham zaminga to‘kilardi va toshga aylanardi. Shunday toshlarki, agar bu toshlar bulutga aralashsa, undan nadomat jolasi yog‘ilardi, bu odam Chinda mashhurdir, borsang izlab topgin. Bu odam ilm haykali edi. Lekin ilm himmatsiz odamlarning qo‘liga tushsa, ilm undaylarning qo‘lida mo‘minlar uchun kofir qo‘lidagi tosh kabi kulfat keltiradi.
Aslida bu dunyo mashaqqatli tor bir saroydir. Bunday tor va qorong‘i joydan qutulish uchun ilm chirog‘i senga rahnamo bo‘lsin. Ilm javhari senga jonfizoy (jonbaxsh) bo‘lib, yo‘l qo‘rsatadi. Agar sen ilmsiz bo‘lsang, boshdan-oyoq qorong‘ilikda qolasan. Jahongir Iskandar (ustozi Arastudan uzoqlashgani sababli) rahbarsiz qoldi (va fojeaga uchradi).
Agar sen ilm javhari atrofida aylanaversang, uni topmasang ham, pushaymon bo‘lmaysan, xushnudlik topasan. Oxiratda baxtsiz bo‘lgandan ko‘ra bu dunyoda yomon ishlardan pushaymonlik topish ham yaxshidir.
Bu dunyoda ham, u dunyoda ham jon faqirdir. Bilsang, bu dunyoda jon-ruh g‘arib va u dunyoda tan zaifdir. Shu zaifliqdan qutulishni istasang, g‘arib ruh yashayotgan joydan tashqariga chiq (tog‘u dashtlarga chiq), ana shu joylar xos odamlarning joyidir*.
Agar ana shu xoslar manziliga yetsang, har qadamingda, har nafasda yuz turli sirlarga oshino bo‘lasan. Mabodo bu yo‘lda senga nasiba yetsa o‘zliging (manmanliging) yo‘qolib, boshingdan oyog‘inggacha navha-yig‘iga aylanadi. Kechayu qunduz shubhali taom yeyishdan sakdan.
Talab vodiysida neni izlayotganingni ravshan bil, kamlikni, kamtarinlikni talab qil. Kunduzi kam ye, kechasi kam uxla. Shunda o‘lsang ham go‘ring nurga to‘ladi.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 13:07:51

MEHNA SHAYXI ABU SA’IDNING JON CHIQAR VAQTIDAGI AHVOLI

Mehna shayxi Abu Sa’id qabzi azim — jon chiqar vaqtida sahroda edi, ko‘zi yoshli, dili pora edi. U olisda mol boqib yurgan va nuroniy yuzli bir qishloqi cholni ko‘rdi. Shayx Abu Sa’id u tarafga yurdi va salom bergach, unga jon chiqar vaqtidagi holini tamomila sharhlab berdi.
Pir uning so‘zlarini eshitib, bunday dedi:
— Ey, Abu Sa’id, talab yo‘lida senga Haq taolo sabr-toqat bersin.
Agar Chin qushi paydo bo‘lib, yerdan ming yilda bir marta dona cho‘qib, yig‘adigan bo‘lsa, shu tarzda yuz bora jahonni aylanib parvoz qilib kelsa, ne chand uzoq zamonlar o‘tganda ham, biz yurgan, pastliklardan to Arshi majidgacha yo‘l shu qadar uzoq bo‘ladiki, jon dimog‘iga hatto Arshning bo‘yi - hidi ham yetib kelmaydi.
Abu Sa’idki, Arshi a’lodan shu qadar uzoqda ekan, haq yo‘l toliblari doimo sabr-qanoat bilan yashasinlar. Bu yo‘lda har qanday inson sabrga tolib-talabgor bo‘lolmaydi. Talab qo‘ngil ichida mushk-nofa kabi yashirindir, mushk-nofa olish uchun ohuning qoni to‘kilishini hamma ham bilmaydi. Agar talabning ichkarisida bo‘lsang, bu qonli dunyoning tashqarisiga chiq.
Agar kim haqiqat talabi yo‘liga kirmasa, uning badani tirigu ko‘ngli o‘lik, murdordir, jonli emas, surati devordir. Ganju gavharni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lsang talab yo‘liga kir, bu yo‘lda jazirama issiqham, rohatbaxsh salqinlik ham bor. Ganju gavhar topib xursand bo‘lishni istagan odam bilsinki, ganju gavhar (sadaf ichida) yashirin, pinhondir. Lekin ganju gavharga sig‘ingan odam butga sig‘inuvchi bo‘lib qoladi. Xazina-ni mag‘iz kabi ichingda sakda, yong‘oq mag‘ziday holi tang bo‘l, bedil bo‘l. (Ma’rifat, haqiqat) talab qilu, mastu loya’-qil bo‘l.1 Talab vodiysi yo‘lida pok va dilxasta bo‘l.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 13:08:20

SULTON MAHMUD VA XOKBEZ MARD HIKOYATI

Bir kuni Sulton Mahmud sipohi bilan tog‘ yo‘lida borayotgan edi, tuproqustida o‘tirgan darveshga ko‘zi tushdi. U odam g‘ayrat bilan o‘rtaga tuproq yig‘ib, tuproqdan tog‘ yasar, gohida bodi samand — kuchli shamol kelib, u yig‘nab qo‘ygan tuproqni har tomonga sochar edi. Ammo u odam yana tuproq yig‘averar edi.
Sulton bu g‘alati odamni yoqtirib qoldi, unga rahmi kelib dedi:
-   Ey majnunsifat odam, sen yelkangga juda og‘ir yuk olibsan, bu zahmatli ishdan ko‘ra olam xirojini yig‘ish osonroqdir. Yaxshisi, podshoh bo‘l, beniyoz bo‘lib, hech kimga muhtoj bo‘lmaysan.
Tuproq yig‘uvchi podshohga dedi:
-   Menga shu ish yoqadi, bu ishimdan yashirilgan xazinani topganday quvonaman. Menga birovningdavlati kerak emas. Shu tuproq — mening davlatimdir. Toki jonim bor ekan, shu ishimni qilaveraman.
Darvesh shu tarzda oxirat eshigini ochar, ko‘ngliga nur sochar edi.
Ko‘z qorachug‘laring hali yopilmagan, eshiklar hali ochiqlik vaktida Haq jamolini talab qil.

HUSHIDAN AYRILGAN ODAM VA ROBIYA HIKOYATI

Bir bexud — aqldan ozgan odam osmonga qarab:
— Ey Alloh, menga eshigingni och! — deb xitob qilar edi. Buni ko‘rib o‘tirgan Robiya unga dedi:
— Ey g‘ofil, sen uchun u eshik berkdir, u ochilsin desang, yuzingni haq ishlarga bur va murodingni savob ishlardan izla.

 

Qayd etilgan