Muridlar unga ta’na qilib:
- Yana but oldiga bordingmi, tavbang qayoqda qoddi, azoblaringni unutdingmi? - dedilar.
Shayx San’on qizning ahvolini ularga tushuntirdi, tarso qizi haq yo‘liga kirganligini bildirdi. Muridlar buni eshitib, hayron bo‘ldilar va qizga rahmlari keldi. Bu safar shayx muridlari, suhbatdoshlarini olib qizning oldiga bordi, ular o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, qanoat hosil qilsinlar deb shunday qildi. Ular qizni bir ahvolda ko‘rdilar, uning yaqosi chok, boshi ochiq edi, bir jonsiz jasadday tuproqqa belanib yotardi. Qiz o‘z dardining sababchisi shayxni ko‘rgach, yurakdan ohi otashnok chiqardi. Shayxga nazar tashlar, ko‘zlari esa tinmay yosh to‘kardi. Shayxga qarab dedi:
— Sening ishqing tug‘yonidan jonim quymoqqa, bundan buyon bu dardni yashirolmayman. Bu dardning boisi nima, parda orqasidagi sirni menga tushuntir, pardani ko‘tarib ogoh et, meni islom yo‘liga boshla endi!
Shayx San’on unga shahodat kalimasini o‘rgatdi, qiz imon keltirib musulmon bo‘ldi. Bu voqeadan barcha ashobu yorlar orasida g‘avg‘o ko‘tarildi. Oxir-oqibat, ul sanam haq yo‘lini topib, imon zavqidan xushnud va munavvar bo‘ldi.
Qiz dedi:
— Ey shayx, toqatim toq bo‘ldi, firoq toqatiga chidolmasman. Bir uyum tuproq bo‘lmish bu olami foniydan ketarman tezda, ey olam shayxi, alvido’u alvido’!
Ul oy shu gapni aytdiyu jonni jonofaringa topshirdi, yarimta bo‘lgan jonini jononga fido etdi. Bu majoz dengizida bir qatra edi u. Haqiqat daryosi tomon ketdi yana. Hammamiz ham shul sanam kabi olamdan safar etamiz bir-bir. Ishq yo‘li shunday yo‘ldir, buni ishqdan, darddan ogoh kishilar anglagay. Nafs bu asrorni eshitmaydi va anglamay-di, benasiblar bu qo‘yga kirolmaydi. Buni jonu dil qulog‘i bilan eshitib olmoq kerak, botin olami bu sirni biladi, tana-vujud buni qaerdan anglasin!
Qizning o‘limi Shayxga qatgiq ta’sir etdi, joni achidi, yorining yuzi berkilgach, ko‘zini olamdan olib qochdi. G’amzada va motamzada shayx o‘z do‘stlariga dedi:
— Ey, do‘stlarim, biz oshiqlarning holini ko‘ring, ahvolimizga nazar tashlang. Qushim ovimga ilingan edi, uni qanotim ostiga olgan edim, ammo u uchib ketdi, biling, endi men ham bu dunyoda qolmoqchi emasman. Bu jahondan jannat sari safarga chiqaman, jononim izidan ketmoqchiman.