Kasallikni yengishda ikki kuchli ta'sir - davoga ishonch, tuzalish umidi deyisharkan :
Qishloqdan bir qariya anchadan beri tuzalmayotgan kasalini davolatish uchun mashhur bir tabibga boribdi. Tabib kasalni tekshirib ko'rib, qo'liga ro'yxat tutqazibdi-da:
- Mana shu dorini qaynatib suvini kuniga uch mahaldan ichashz, kasalingizdan asar ham qolmaydi, - debdi.
Ma'lum vaqt o'tgandan keyin bemor tabibga o'z minnatdorchiligini bildirish uchun kelib shunday debdi:
- Do'xtir, buyurgan tavsiyangizni siz aytgandek qilib bajardim. Bergan qog'ozingizni suvda qaynatib kuniga uch mahaldan ichdim. Mana ko'rib turganingizdek tuzalib, otdek bo'lib ketdim...
* * *
Ko'zlari yaxshi ko'rmaydigan keksa ayol uyqusizlikdan shikoyat qilar va uyqu dorisiga ko'nikib qolgan edi. Kunlardan birida kutilmaganda ana o'sha keksa ayol uyida uyqu dorilari tugab qolibdi. O'g'lidan dori olib kelishini iltimos qilibdi. O'g'li ham dorixonaga borsa, baxtga qarshi aynan o'sha dori tugab qolgan ekan. Uyga bo'sh qaytib, nima qilishini bilmay turganda, ko'zi bir chekkada idishda turgan loviyalarga tushibdi. Loviyalardan bittasini olib onasiga:
- Onajon, siz har doim ichadigan doridan qolmabdi, undan ham yaxshi yangiroq, yanada kuchliroq dori olib keldim, mana iching - debdi.
O'sha kecha ayol ancha yaxshi uxlab, tetik holda uyqudan turgach, o'g'lidan so'rabdi:
- O'g'lim, kecha bergan doring juda yaxshi ekan, rosa mizg'ib uxladim, bosh og'riqlarim ham yo'qoldi. Olib kelgan doringni nomi nima edi?
O'g'li esa:
- Dorining nomi loviyazol edi, - deb javob beribdi.