* * *
Dunyo bargga qo‘nib, titrab turgan shudring tomchisiga o‘xshaydi. Dunyo jar yoqalab ketayotgan, yo‘q, aniqrog‘i — qil ko‘prikdan o‘tayotgan kimsaga o‘xshaydi. Sal toydimi — tamom! Balki qiyomat qoyim shu birgina toyishdan boshlanar? Har holda inson bolasi esini tanigan onidan boshlab kuchlar kurashiga guvoh bo‘ladi. Guvohlik bilan cheklansa, koshki edi. Shu kurashlarning qurboni bo‘ladi.
Zamon o‘zgaraveradi, kuchlar kurashi esa turli ko‘rinishlarda qaytarilaveradi. Kuchlar kurashini hal etmoq g‘oyat murakkabday tuyuladi. Hozir bu masalani hal etmoq uchun necha o‘n minglab siyosatdonlar bosh qotirishadi. Dunyoning u chekkasidan bu chekkasiga uchishadi va oqibatda... deyarli hech narsani hal etisha olishmaydi. Bu masala nahot shu darajada murakab bo‘lsa?
Roviylar derlarki, Iskandar Zulqarnayn dunyoni zabt etmoq qasdida jang safariga chiqib, necha yurtlarni egallab, Chin mamlakatiga yetdi. Jang oldidan chodir tikib o‘tirgan ekan, Chin podshosi elchi yuborganini bildirishdi. Elchi kirib gapini yolg‘iz Iskandarga aytajagini ma’lum qildi. Uning istagi vojib bo‘lib, holi qolishgach, dedi:
— Men elchi emas, Chin mamlakatining podshosiman. Behuda qon to‘kmay izingizga qaytmog‘ingiz uchun nima qilmog‘imiz mumkin?
— Uch yillik xirojni to‘lasanglar maqsadga muvofiq bo‘ladi, — dedi Iskandar Zulqarnayn. So‘ng so‘radi: — Chog‘inglar keladimi bunga?
— Uch yillik hirojni to‘lay olamiz, — dedi Chin podshosi, — ammo shu darajada qashshoqlashamizki, kichkina qabila ham bizlarni zabt etib, egalik qilmog‘i mumkin.
— Ikki yilligini to‘lasalaring-chi?
— Ahvol o‘zgarmaydi.
— Bir yillik-chi?
— Xazinamda hech vaqo qolmasligi mumkin, ammo chidab yashasa bo‘lar.
— U holda yarim yillik hirojni to‘plab ber-da, men izimga qaytay.
— Marhamatli sultonimizga jonimiz fido bo‘lsin. Erta yoki indin biz — faqirlar kulbasini tashrifingiz bilan obod qilsangiz. Mehmondorchilik adog‘ida biz hirojni ham jamlab qo‘yajakmiz.
Iskandar Zulqarnaynga bu taklif ma’qul kelib, ikki kundan so‘ng Chin mamlakati sarhadidan o‘tdi. Shu ondan boshlab atrofda ming-minglab askarlar paydo bo‘lib, atrofni o‘ray boshladi. Bundan xavotirga tushgan Iskandar dediki:
— Sen hiyla bilan meni olmoqchi bo‘ldingmi?
— Yo‘q, — dedi Chin podshosi, — hiyla — ojizlar ishi. Siz ko‘rib turgan lashkarlar qo‘shinning bir ulushi xalos. Asosiy kuchlar tog‘ ortida turibdi.
— Shuncha qudrating bor ekan, nechun menga taslim bo‘lyapsan, nechun hiroj to‘lamoqqa rozilik beryapsan?—deb hayratlanibdi Iskandar.
— Men insonlar qonining behuda to‘kilmog‘ini istamadim. Undan tashqari sizga Osmon nazar qilgan. Nazarkarda sultonlarni hech qanday kuch bilan yengib bo‘lmas.
Bu javob Iskandarga ma’qul kelib, saroyga kirdi-yu, tovoqlar, laganlarda tovlanib turgan tilla-yu, javharlarni ko‘rib yanada ajablandi. Chin podshosi «dasturxonga marhamat, tanovul qiling», degach, taajjubini yashirmay so‘radi:
— Bu bezaklar odam uchun taom bo‘lolmaydi-ku?
— U holda siz nima yeysiz, ulug‘ sulton?
— Men hamma kabi non yeyman.
— Shundaymi? Voajab! Rumda non topishingiz shunchalar mushkulmidi? Shuncha mashaqqatlar chekib bu yerga qadar lashkar tortib kelibsiz?
Bu gapni eshitib, Iskandar uning donoligiga tahsin o‘qibdi. «Men bu yerdan bir dona javhar ham olmayman, sening hikmatli panding barcha talablarimni qondirdi», deb orqasiga qaytgan ekan.
Necha yuz yillarni oralab bizga qadar yetib kelgan bu rivoyatni o‘qigach, yigirma yilcha avval bo‘lib o‘tgan bir voqeani esladim. Yetmishinchi yillarning oxirida Amerika bilan Sovet Ittifoqining orasidagi munosabat chigallashib, rosmana urushning sharpasi sezilib qolgan edi. Bir izdihomda qariyalar shu masalada kuyunib gapirishdi. Ularning aksari urush ko‘rgan, urushning kasofati qanday bo‘lishini biluvchi odamlar edi. Davra to‘rida o‘tirgan bir qariya suhbatga aralashib:
— Agar menga qo‘yib berishsa Amerikaning podshosi bilan biznikini yarim soatda yarashtirib qo‘yardim, — dedi. Atrofdagilar bu gapni hazilga yo‘yishdi. qariya esa jiddiy turib, fikrini isbot etishga kirishdi:
— Agar menga qo‘yib berishsa, ikkalasini shu yerga chaqiraman. Kelishgach, ikkalasiga bittadan non beraman.
— Nonni nima qilamiz? — deb hayron bo‘lishadi.
— Yenglar, — deyman.
— Yemaymiz, qornimiz to‘q, — deyishadi.
— qorinlaring to‘q bo‘lsa nega urushmoqchisizlar? Nimani talashasizlar? Sizlarga nima yetishmayapti, aytinglar men topib berayin, — deyman. Agar aqli bo‘lsa ikkalasi o‘ylanib qoladi. Keyin «gapingiz to‘g‘ri ekan» oqsoqol, deb yarashib olishadi...
Dunyoning murakkab savdolari bu kabi sodda tarzda hal qilinsa edi, zamin inson qonlaridan to‘yib ketmasdi. Otaxonning gapi ko‘pchilikka g‘alati tuyular. Uch-to‘rt yil muqaddam qo‘shni jumhuriyat bilan chegara bir qishloqqa bordim. Dunyo dunyo bo‘lganidan beri ahil qo‘shni, ahil qarindosh bo‘lib yashab kelgan ikki qishloq zamona zayli bilan endi ikki mamlakatning yeri sifatida bo‘lingan edi. qishloqdan ajib bir soy oqib o‘tardi. Men borganimda, ayni yoz chillasida soy suvi quribdi. Soy qo‘shni qishloqdan (endi qo‘shni jumhuriyatga tobe) oqib o‘tardi. Bilsam, tuman boshlig‘i nimadandir norozi bo‘lib soy suvini burib yuborishga farmon beribdi. Bizning hokim iltimosini inobatga olmabdi. Shunda hokim donolik qilib, qishloq oqsoqollarining vakillarini o‘sha qo‘shni qishloqqa yubordi. Bir soatdan so‘ng soydan sharqirab suv kela boshladi...
Umar Hayyom hazratlarining bir ruboyilarida ikki kishi yer talashib, biri «shu parcha yer meniki», derkan, boshqasi «yo‘q, meniki» derkan. Shunda Yer tilga kirib, talashmalaring, ikkoving ham menikisan», degan ekan. Bu falsafaning ma’nosiga barcha tushunib etsa edi...
Tohir Malik