ODAM ANATOMIYASI VA FIZIOLOGIYASI  ( 164777 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


JaviK  10 Iyun 2010, 11:37:52

Bosh muskullari — yuz-mimika va chaynov muskullariga bo‘linadi. Mimika muskullari — kalla suyagi yuz qismidan boshlanib teriga yo-pishgan bo‘ladi. Mimika muskullari ko‘proq ko‘z olmasi, og‘iz, quloq atrofida joylashgan va shu a’zolar faoliyatida ishtirok etadi.
Chaynov muskullari — 4 juft muskuldan iborat va qolgan ikki jufti (medial va lateral qanotsimon) chuqur joylashgan bo‘ladi. Chaynov muskullari ovqatni maydalash, uzib olish, chaynashga xizmat qiladi.
Bo‘yin muskullari yuza va chuqur guruhlarga bo‘linadi. Yuza muskullar ichki va tashqi bo‘ladi.
Tashqi guruh muskullariga bo‘yin teriosti va to‘sh-o‘mrov-so‘rg‘ich-simon o‘simta muskullari (o‘mrov muskuli) kiradi. Bo‘yin teriosti muskuli og‘iz pastki burchagini pastga tortadi va bo‘yin terisini taranglashtiradi.
To‘sh-o‘mrov-so‘rg‘ichsimon o‘simta muskuli bo‘shashganda boshni oldinga (bir tomonlama qisqarganda) o‘ng yoki chapga o‘girish, ikki tomonlama qisqarganda esa boshni qattiq tik holda ushlab turish mumkin bo‘ladi.
Bo‘yin chuqur muskullariga quyidagi muskullar kiradi:
a) narvonsimon — old, o‘rta, orqa;
b) umurtqa oldi muskullari — bosh va bo‘yinning uzun muskullari, boshning to‘g‘ri muskullari.
Bulardan tashqari, bo‘yinda — tilosti suyagidan yuqorida va pastda joylashgan muskullar bo‘lib, ular pastki jag‘ni pastga tushirishga, ovqatni yutishga va qalqonsimon tog‘ayni harakatlantirishga moslashgan.
Qo‘l muskullari ikki guruhga — yelka kamari va qo‘l erkin qismining muskullariga bo‘linadi.
Yelka kamari muskullari yelka bo‘g‘imi atrofida joylashgan bo‘lib, ko‘krak va orqa muskullar ishtirokida yelka bo‘g‘imini harakatlantiradi. Yelka kamari hammasi bo‘lib 6 ta (deltasimon, kurak qirra usti va osti, kichik va katta yumaloq, kurakosti) muskuldan iborat.

Qayd etilgan


JaviK  10 Iyun 2010, 11:38:29

Qo‘l erkin qismining muskullari uzun bo‘lib, old va orqa guruh muskullariga bo‘linadi. Bu guruh muskullarga yelkaning old va orqasi, bilak va panjaning old va orqa guruh muskullari kirib, asosan qo‘l va panjani bukish va yozishga moslashgan muskullardan tashkil topgan. Bukuvchi muskullarga ikki boshli va tumshuqsimon yelka muskullari kiradi. Bukuvchi muskullar yelkaning old qismidan joy olgan.
Yelkaning yoyuvchi muskullariga uch boshli va tirsak muskuli kirib, yelkani yozishga moslashgan va uning orqa tomonidan joy olgan. Bilakning orqa tomonida panjani yozuvchi muskullar, old tomonida esa panjani bukuvchi muskullar joy olgan. Qo‘l panja muskullari uchta guruhga bo‘linadi:
1) bosh barmoq do‘mbog‘i muskullari;
2) jimjiloq muskullari;
3) kaft o‘rtasidagi kaft suyaklararo muskullar.
Oyoq muskullari — chanoq, son, boldir, panja muskullaridan tashkil topgan. Chanoq muskullari — chanoq tana bilan deyarli harakatsiz birlashganligi sababli, muskullar faqat chanoq- son bo‘g‘imiga aloqador bo‘lib, ikki (old va orqa) guruhlarga bo‘linadi. Chanoq muskullari chanoqdan boshlanib, son suyagida tugaydi. Old guruh yonbosh-bel muskuli sonni bukadi va tashqariga buradi. Oyoq qimirlamay turganda gavdani bukishda qatnashadi. Noksimon va ichki yopqich muskul — sonni tashqariga buradi.

Qayd etilgan


JaviK  10 Iyun 2010, 11:39:39

Orqa guruh muskullariga quyidagilar kiradi: a) katta dumba muskuli (sonni tashqariga buradi, odam gavdasini tik tutish va gavdani to‘g‘rilashda ishtirok etadi); b) dumbaning o‘rta muskuli; v) dumbaning kichik muskuli (ustma-ust joylashgan bo‘lib, sonni uzoqlashtiradi); g) tashqi yopqich; d) kvadratsimon muskul (sonni tashqariga buradi).
Son muskullari uch guruhga (old, o‘rta, orqa) bo‘linadi. Old guruh muskullariga to‘rt boshli va «tikuvchilar» muskuli kiradi. Bu muskullar tizza va sonning chanoq-son bo‘g‘inini bukishga yordam beradi. O‘rta guruh muskullari — taroqsimon, sonni yaqinlashtiruvchi, uzun, kalta, katta va nozik muskullardan iborat bo‘lib, sonni bir-biriga yaqinlashtirishga yordam beradi. Orqa guruh muskullariga ikki boshli son muskuli, yarim pay muskul, yarim parda muskullar kirib, sonni yozadi, boldirni bukadi va boldirni tashqariga buradi.
Boldir muskullari uch guruhga bo‘linadi: 1) oldingi; 2) lateral; 3) orqa.
Oldingi guruh muskullari: a) oldingi katta boldir muskulioyoq panja-sini yozadi, panjaning medial tomonini ko‘taradi; b) barmoqlarni yoyuvchi uzun muskul panja va barmoqlarni yozadi; v) bosh barmoqni yoyuvchi uzun muskul panjani yozadi va oyoq kaftining ichki yuzasini ko‘taradi.
Lateral guruh mushaklari: a) kichik boldirning uzun muskuli oyoq gumbazini mustahkamlaydi, oyoq panjasini va bosh barmoqni bukadi; b) kichik boldir kalta muskuli barmoqlarni yozadi.
Orqa guruh muskullari: a) boldirning uch boshli muskuli; b) boldir muskuli; v) kambalasimon muskul; g) tovon muskuli. Bu muskullar tizza bo‘g‘imini bukadi, odamning tik turishini ta’minlaydi.

Qayd etilgan


JaviK  10 Iyun 2010, 11:41:22

OVQAT HAZM QILISH TIZIMI

Inson hazm qilish tizimining umumiy uzunligi 8—10 m bo‘lib, quyidagi qismlarga bo‘linadi: a) og‘iz; b) halqum; v) qizilo‘ngach; g) oshqozon (me’da); d) ingichka ichak; ye) yo‘g‘on ichak.
Ovqat hazm qilish tizimida ovqat moddasi tishlar yordamida may-dalanib, mexanik ishlanadi. So‘ngra u so‘lak bezlari va ichak bezlaridan chiqqan shiralar ta’sirida ximik ishlanib, parchalana boshlaydi. Hazm yo‘lida ovqat moddalarining parchalanib shimilishi uchun odam organizmida bir sutkada 8,5 l shira ajraladi. Shundan 1,5 l so‘lak, 2,5 l oshqozon shirasi, 1 l oshqozon osti bezi shirasi, 2,5 l ichaklar ishlab chiqargan shiralar, 1,2 l safro (o‘t) tashkil etadi.
Og‘iz bo‘shlig‘idagi ovqat luqmasi tishlar bilan maydalanib, so‘lak bilan aralashgandan so‘ng luqma yutiladi va ovqat moddasi qizilo‘ngach orqali oshqozonga tushadi. Og‘iz bo‘shlig‘ida ovqat moddasining mazasi, shirin yoki achchiqligi, yumshoq yoki qattiqligi, issiq-sovuqligi aniqlanadi. Bu sezgilar til yuzasida joylashgan retseptorlar ta’sirida seziladi. Og‘iz bo‘shlig‘iga 3 juft so‘lak bezidan so‘lak quyilib, bular 1 juft quloqosti, 1 juft tilosti, yana 1 juft jag‘osti so‘lak bezlaridir. So‘lak bezlaridan ishlanib chiqqan so‘lak bezi yo‘li orqali (yuqoridagi 3 juft) yoki so‘lak naylari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri og‘iz bo‘shlig‘iga tushadi. So‘lak bilan ishlangan ovqatning yutilishi osonlashib, og‘iz bo‘shlig‘ida shakar va ayrim mineral tuzlar parchalana boshlaydi. So‘lak tarkibida ptialin moddasi bo‘lib, uning ta’sirida kraxmal shakarga aylanadi.

Qayd etilgan


JaviK  10 Iyun 2010, 11:42:18

Tomoq og‘iz bo‘shlig‘ining yumshoq tanglayidan boshlanuvchi qismidir, uning ikki tomonida old va orqa tanglay ravoqlari bo‘lib, ular o‘rtasida bodomcha bezlari joylashgan. Tomoq o‘rtasining yuqorigi qismida yumshoq tanglay davomi sifatida tilcha osilib turadi. Bodomcha bezlari muhim himoya organi hisoblanib, limfoid bezlar jumlasiga kiradi.
Halqumning burun, og‘iz va qizilo‘ngach qismlari nafas olish va ovqat hazm qilish a’zolarining kesishgan chorrahasini o‘zaro bog‘lab turadi. Burundan kirgan havo traxeya orqali o‘pkaga, og‘izdan kirgan ovqat moddasi esa qizilo‘ngach orqali oshqozonga tushadi.
Qizilo‘ngachga tushgan ovqat va suyuqliklar oshqozonga o‘tkaziladi. Qizilo‘ngach diafragmaning chap tomonidan maxsus teshik orqali qorin bo‘shlig‘iga o‘tadi.
Oshqozon devori 3 qavatdan — tashqi, o‘rta, ichki shilliq qavatlardan tashkil topgan. Tashqi qavatni qorin pardasining ichki devori hosil qilib, u yupqa va nozik bo‘ladi. O‘rta qavatni oshqozon muskullari tashkil etadi. Bu muskullarning qisqarishi ovqat moddasining ichaklarga o‘tishini ta’minlaydi. Ichki shilliq qavat ko‘plab so‘rg‘ichlar bilan qoplangan bo‘lib, bu yerda 5 mln dan ortiq bezlar ham joylashgan. Bu bezlar shirasi tarkibida ovqat moddasini parchalaydigan pepsin moddasi mavjud.

Qayd etilgan


JaviK  10 Iyun 2010, 11:43:11

Oshqozon shirasi shilliq qavatda joylashgan bezlar mahsuloti bo‘lib, bir sutkada odamda 2—2,5 l gacha shira ajraladi. Bu shira oshqozon ichki muhitining nordonligi (kislotaliligi)ni ta’minlab, uning asosiy tarkibi xlorid kislota (HCl), pepsin va shilliqdan iborat. Oshqozon shirasi o‘z tarkibi bilan oqsillarni parchalashda ishtirok etadi. Bundan tashqari, oshqozon shirasi ovqat bilan birga kirgan mikroblarni o‘ldirib, bakteritsid ta’sir etadi. Oshqozon shirasi ishlanib chiqishi nonushtadan so‘ng 5—10 minut o‘tgach boshlanadi va ovqat bo‘laklari to‘liq ichaklarga o‘tgandan so‘ng shira ajralishi to‘xtaydi.
Oshqozonga tushgan ovqat 1—6 soat saqlanib turadi va oshqozon shirasi ta’sirida ximiyaviy ishlanib, mayda-mayda porsiya holida oshqozonning peristaltik harakatlari bilan o‘n ikki barmoqli ichakka, ingichka ichakning boshlang‘ich qismiga o‘tkaziladi. O‘n ikki barmoqli ichakda oshqozonosti va o‘t (safro) ichak shiralari ta’sirida ovqat parchalanadi. Bu yerda ovqat tarkibidagi yog‘lar ham o‘t va oshqozonosti bezi shirasi tarkibidagi moddalar ta’sirida parchalanib, ingichka ichak bo‘ylab so‘rilgan yog‘lar limfatik tizim orqali o‘tib qonga tushadi.
Ingichka ichak devori ham oshqozonniki kabi uch qavatdan iborat — -qorin parda hosil qilgan tashqi, o‘rta muskul va shilliq qavatlarga bo‘linadi. Ichak devoridagi muskullar qisqarishidan ichakning peristaltik qisqarishi yuzaga kelib, ovqat massasi ichak bo‘ylab so‘rilib boradi. Ichak shirasi ta’sirida ingichka ichaklarda oqsil va uglevodlar to‘liq parchalanib so‘riladi.

Qayd etilgan


JaviK  10 Iyun 2010, 11:45:45

Yo‘g‘on ichak ingichka ichak oxiridan o‘ng yonbosh sohasida bosh-lanib, yo‘g‘on ichakning bu qismi ko‘richak deb ataladi. Shu yerda ko‘richakning chuvalchangsimon o‘simtasi ham joylashgan. Yo‘g‘on ichakning ko‘tariluvchi, ko‘ndalang, pastga tushuvchi, sigmasimon va to‘g‘ri ichak qismlari farqlanadi. Yo‘g‘on ichak devori ham ingichka ichak devori kabi 3 qavatdan iborat va yo‘g‘onligi ingichka ichak ko‘ndalang o‘lchamidan 3 marta katta bo‘ladi.
Yo‘g‘on ichakda ovqat hazm bo‘lmaydi, bu yerda ovqat massasining qoldiqlari, suv so‘riladi va axlat (najas) to‘planadi. Jigar qorin bo‘shlig‘ining o‘ng tomonida, diafragma tagida joylashib, qovurg‘a ravoqlaridan chiqmaydi. Jigar ostki qismida o‘t pufagi joylashgan. O‘t pufagi jigarda ishlangan o‘tning yig‘ilishiga xizmat qiladi. O‘t suyuqligi ko‘kimtir-sariq bo‘lib, achchiq ta’mli bo‘ladi, bir sutkada 1 l ga yaqin o‘t suyuqligi ishlanib, o‘n ikki barmoqli ichakka quyiladi. O‘t va oshqozonosti bezidan ajralgan shira yog‘lar va ovqat hazm bo‘lishida ishtirok etadi. Shuning uchun ham o‘t-tosh kasalligi bilan og‘rigan bemorlarga yog‘li ovqatlar iste’mol qilish man etiladi.
Jigar faoliyati organizmda turli-tuman bo‘lib, ovqat hazm bo‘lishida, moddalar almashinuvida, zaharli moddalarni zararsizlantirishda ishtirok etadi.
To‘g‘ri ichakning oxirgi qismidagi halqasimon muskullar doim qisqargan holda bo‘ladi. Ular faqat defekatsiya aktida (hojat) bo‘shashib, ochiladi. To‘g‘ri ichakda axlat 12 soatgacha saqlanib turishi mumkin.

Qayd etilgan


JaviK  16 Iyun 2010, 10:41:02

NAFAS OLISH TIZIMI


Odam hamda quruqlikda yashovchi hayvonlar nafas olishda havo tarkibidagi kislorodni o‘zlashtirib, havoga CO2 gazini chiqaradilar. Nafas bilan olingan havo tarkibida 21 % kislorod, 79 % azot, kam miqdorda CO2
va suv bug‘lari bo‘ladi. Nafas bilan chiqayotgan havo tarkibi 16 % kislorod, 79 % azot, 5 % CO2 va suv bug‘laridan iborat.  Har bir nafas olish jarayonida 5 % kislorod qonga o‘tadi va
to‘qimalarga yetkaziladi. Har bir nafas chiqarish jarayonida esa 5 % CO2
tashqi muhitga chiqarib yuboriladi.  Nafas olish a’zolariga — burun bo‘shlig‘i, hiqildoq, traxeya (kekirdak),
bronxlar va o‘pka kiradi.  Burun bo‘shlig‘i orqali o‘tgan havo burun bo‘shliqlarida isiydi, nam-
lanadi, burun tuklari orqali changlardan tozalanadi. Burun bo‘shlig‘idagi hidni aniqlovchi nerv uchlari u haqda ma’lumot beradi. 

Qayd etilgan


JaviK  16 Iyun 2010, 10:44:58

Hiqildoq

Hiqildoq nafas yo‘lining (burun bo‘shlig‘idan so‘ng) ikkinchi qismi bo‘lib, o‘zidan havo o‘tkazishdan tashqari ovoz paydo qiluvchi organ va nafas yo‘lining pastki qismini muhofaza qilish kabi funksiyalarni ham bajaradi. Hiqildoqda bir qancha muskullar va tog‘aylar bor. Hiqildoq oldining eng katta tog‘ayini qalqonsimon tog‘ay tashkil etadi. Uni bo‘yin
terisi tagidan paypaslab ko‘rganda ham bilish mumkin. Hiqildoqda hiqildoq usti tog‘ayi joylashgan bo‘lib, yutish vaqtida ovqat va suyuqliklarning nafas yo‘liga o‘tib ketishiga to‘sqinlik qiladi hamda qizilo‘ngach bo‘ylab o‘tishiga sharoit yaratib beradi.  Hiqildoqda ovoz hosil bo‘lishida ishtirok etuvchi ovoz boylamlari joylashgan. Ovoz boylamlari o‘rtasida hosil bo‘lgan yoriqqa ovoz yorig‘i deyiladi. Hiqildoq muskullari ovoz yorig‘ining kengayishi, siqilishi va bo‘shashishini ta’minlaydi, natijada ovoz boylamlari tebranadi va ovoz paydo bo‘ladi. 

Qayd etilgan


JaviK  16 Iyun 2010, 10:47:37

O‘pka

O‘pka bir juft organ bo‘lib, ko‘krak qafasining ikki tomonida joylashgan. Hiqildoq, o‘z navbatida, kekirdakka (traxeya) o‘tadi. Uning uzunligi 9—11  sm, diametri esa 15—18  mm  bo‘lib, tog‘ay halqalardan iborat. Kekirdakning orqa devori qizilo‘ngachning old devoriga tegib turadi. Kekirdak 4—5 ko‘krak umurtqalari sathida o‘ng va chap bronxlarga
bo‘linadi va o‘pkalarga o‘z tarmoqlarini beradi. O‘ng bronx o‘ng o‘pkaning uch bo‘lagiga, chap bronx chap o‘pkaning ikki bo‘lagiga tarmoqlanadi. O‘pka ichida bronxlar mayda-mayda bronxlarga bo‘linib ketadi. 
Eng mayda bronxlar — bronxiolalar deb yuritiladi. Bronxiolalar o‘pka to‘qimasida uzum shingilini eslatuvchi o‘pka pufaklari (alveolalar) bilan tugaydi. O‘pka alveolalari va bronxiolalari juda mayda qon tomirlari to‘ri
bilan o‘ralgan bo‘ladi. Alveolalarda karbonat angidrid bilan kislorod almashinuvi kuzatiladi, ya’ni qonga kislorod o‘tsa, karbonat angidrid nafas orqali havoga chiqariladi. 

Qayd etilgan