Islom "sen haromga harom bilan javob ber", demaydi. Aksincha, haromni halol bilan yeng, deydi.
Siz telefon olib kirganingiz, shpargalka ishlatganingiz, tanka, paravoz surganingiz, desantlarga ishlatganingiz, garchi sizda bilim bo'lsa-da, garchi fikringizcha, agar shu narsani ishlata olmasangiz, o'qishga kirolmay qolsangiz-da, baribir harom ishni qilyapsiz. Shu harakatingiz bilan boshqa bir birodaringizning haqini yeyapsiz. Zero, bandaning haqini banda kechmasa, Alloh ham kechmaydi.
Shunday ekan, hurmatli abituriyent, siz shunday o'qingki, testda o'z aqlingiz oldida shpargalkayu, desantlarning katta kallasi ham ish bermay qolsin! Zero, keyin shubhada yurmaysiz. Men birovning haqiga xiyonat qilib, 4 yil o'qidim deb ichingiz g'ash bo'lib yurmaydi. Bandasi oldida ham, Yaratgan oldida ham vijdoningiz toza bo'lib qolaveradi.
Biz ham o'qidik, tunu kun o'qidik, bizning paytimizda olingan shpargalkadan 100 % topganlar bo'ldi. Lekin biz umidni uzmadik. O'qidik va yana o'qidik. Tankistlarni orqada qoldirib o'qishga ham kirdik. O'qish paytida kimning kim ekanligini bildik. Oxir oqibat ko'nglimiz yorug' bo'ldi, dilimiz g'ash bo'lmadi...
Demak, iloji bor ekan-a, halol bilan o'qishning ham imkoni bor ekan-a? Shunday ekan, halol turganda nima uchun haromni tanlaysiz?