ISLOMIY BIRODARLIK
Ollohning fazlu karami tufayli ansorlar bilan muhojirlar o‘rtasida chinakam qarindoshlik rishtalari ulandi, harbiy jihatdan ojiz, kam sonli musulmonlar mushrik va ahli kitoblar ustidan g‘alaba qozondilar. Ansorlar diniy birodarlarini qarindosh-urug‘laridan a’loroq bilib e’zozlashardi. Parvardigor Hashr surasining 9-oyatida ansorlar haqida bunday deydi: "Ular (muhojirlar) dan ilgari Madinada o‘troqlashgan imoni butunlar yoniga hijrat qilganlarni do‘st tutishadi, ularga berilgan narsalar uchun aslo baxillik qilishmaydi". Qarindoshlikning chinakam namunasi mana shu. Ansorlar dindosh birodarlari uchun ko‘rsatgan marhamatlarini juda kam hisoblashardi. Rasululloh tufayli ular qiyomatli do‘st, chinakam birodarga aylandilar. Garchand ularning vujudlari boshqa-boshqa bo‘lsa-da, qalblari birlashib ketgan edi. Mana shu birlik tufayli musulmonlar g‘alabaga erishganlaridek, Olloh taolo bugungi musulmonlarni ham bir jonu bir tanga aylantirib, g‘olibu muzaffar etgay. Ansorlar bilan muhojirlarning qarindoshligi tenglik va adolatga asoslangan edi. Do‘st tutingan ikki kishining biri o‘lsa, tug‘ishgani emas, tutingan dindoshi merosxo‘r hisoblanardi. Rasululloh: "Oxirat uchun ikkitadan juft bo‘lib do‘st tutininglar", derdilar. Bu odat Ahzob surasining. "Kitobullohda qarindosh-urug‘lar (merosxo‘rlikda) bir-birlariga juda yaqindir", degan 6-oyat nozil bo‘lgach, bekor etildi.