Musulmonlar qarorgohini o‘zgartirib, katta suv bo‘yiga kelib joylashishdi. Ansorlardan Xubob ibn Munzir benihoya tadbirli, harbiy salohiyati o‘tkir kishi edi. U payg‘ambar alayhis-salomdan: "Ey, rasululloh, bu yerga Ollohning amriga binoan keldikmi yo sening xohishing bilanmi?" deb so‘radi. Payg‘ambar alayhis-salom qo‘shinni o‘z xohish-irodalari bilan ko‘chirganlarini aytdilar. "Unday bo‘lsa, mushriklarga yaqin joyga ko‘chib o‘taylik, bu yer jang qilishga noqulay. Mushriklarning shundoqqina biqinida katta ko‘l bor, biz shu yerga joylashib, meshlarni suvga to‘ldirib olganimizdan keyin yon-verimizdagi hamma quduqlarni ko‘mib tashlaylik. Hali jangga kirib ulgurmay suvsizlikdan mushriklar adoyi-tamom bo‘lishadi". Hubobning fikri ma’qullanib, uning ko‘rsatmasi bo‘yicha ish qilindi. Jangovar tayyorgarlik tugagach, Avs qabilasining oqsoqoli Sa’d ibn Muoz "Ey rasululloh, biz sen uchun alohida chodir tikib, ulovingni shay qilib qo‘yaylik. Agar Olloh bizga nusrat ato etib, g‘alaba qozonsak nur ustiga a’lo nur, bordi-yu, dushman ustun kelsa, sen darrov orqaga qaytib ketishing kerak. Seni bizdan ortiq suyib, itoat etadigan qancha odam Madinada qoldi. Ularning ham g‘azotda qatnashish istagi bor edi. Biroq bu safar sening g‘azavot niyatida otlanganingdan bexabar qolishdi, bor-yo‘g‘i karvonni qo‘lga kiritish uchun ketdi, deb o‘ylashdi. Bu odamlar har qanday sharongda sen uchun ko‘ksini qalqon qilishga tayyor, ular saodatga erishishi uchun ham sen omon bo‘lishing kerak", dedi. Bu fikr ko‘pchilikka ma’qul kelib, katta tepalik ustiga chodir tikildi. Musulmonlar saf chekib, jangovar holga kelgach, rasululloh zarur ko‘rsatmalarni berdilar va xudoga murojaat qilib, duoga qo‘l ochdilar: '"Yaratgan egam, quraysh xalqi senga takabburlik va bo‘yni yo‘gonlik qilib yuborgan payg‘ambaringni yolg‘onchiga chiqarmoqda. Menga va’da qilgan yordamingni darig‘ tutma, bizlarga nusrat ato et!" Bu duoga qo‘shilgan musulmonlar qalblarida bir munavvarlik tuydilar, dushman har qancha qudratli, soni har qancha ko‘p bo‘lmasin, baribir g‘olib kelishlariga ishonch uyg‘ondi. Bu har qanday jangning hal qiluvchi omili edi.