Bunga javoban rasululloh Qamar surasining 46-oyatini o‘qidilar: "Mushriklar to‘dasi mag’lub bo‘lib orqaga chekinadi". Rasululloh mana shu ishonch bilan mujohidlarni ruhlantirish uchun tashqariga chiqib "Xudoning nomi bilan qasam ichamanki, bugun kimki mushriklarga qarshi sabr va matonat bilan jang qilsa, Olloh unga jannat ato etadi. Kimki bir mushrikni o‘ldirsa, uning engil-boshi bilan qurolini o‘lja oladi'", deya xitob qildilar." Juda yaxshi gap ekan-ku, — dedi Umayr ibn Xumom. — Jannatga tushishim uchun mushriklar bilan jang qilib shahid bo‘lishimgina qolgan ekan. Nega bu qulay imkoniyatni orqaga surib o‘tiribman", deya yeb turgan xurmosini tashlab jangga kirib ketdi. Dushmanlar bilan sherdek olishib shahid bo‘ldi. Jang rosa avjiga chiqqanda parvardigori olam musulmonlarning ko‘ngliga dalda berib, ruhini ko‘tarish uchun ko‘kdan farishtalarni tushirdi. Jang biron soat davom, etgach, mushriklar mag‘lub bo‘lib, betartib qocha boshlashdi. Musulmonlar ularni quvib, qilichdan o‘tkazishdi, bir qismini asir olishdi. Bu jangda mushriklar yetmish nafar odamidan ayrildi, yetmishtasi asirga tushdi. Payg‘ambar alayhis-salom jangdan qayta turib, Makkada juda ko‘p ozor bergan Uqba ibn Abu Muayid bilan Nazir ibn Horisni qatl etdilar. Shundan keyin o‘liklarni Badrdagi chuqurlarga ko‘mishni buyurdilar. U kishining amriga binoan xoh mushrik bo‘lsin, xoh musulmon jasadlar albatta dafn etilardi. Chuqurga birinchi bo‘lib Abu Huzayfaning otasi tashlandi. Uning rangi bo‘zarib, g’alati bo‘lib ketdi. "Otangga achinyapsanmm?" deb so‘radilar payg‘ambar alayhis-salom. "Yo‘q, — dedi Abu Huzayfa. — Lekin otam aqlli, muloyim, mehribon odam edi. Hamisha Ollohdan u kishini islom diniga hidoyat etishni so‘rardim. Afsuski, nasib etmadi. Otamning imonsiz ketganiga ichim achiyapti". Rasululloh unga tasalli berib, haqiga duo qildilar.