Qo‘shin Uhud tog‘idagi bir daraga kelib tushdi. Rasululloh qo‘shinni Madina tomonga yuzlantirib, tog‘ etagiga joylashtirdilar. Tog‘ yaqinidagi tekislikdan joy olgan mushriklarning o‘ng qanotiga Xolid ibn Valid, chap qanotiga Ikrima ibn Abujahl, piyodalarga esa Safg‘on ibn Umayya boshchilik qilardi. Payg‘ambar alayhis-salom Xolidga Zubayir ibn Avvom qo‘mondonligidagi qo‘shinni, chap qanotdagilar bilan piyodalarga qolgan lashkarlarni qarshi qo‘ydilar. Ellik kamonchiga madinalik Abdulloh ibn Jubayirni bosh qilib, orqa tomonga joylashtirildi a kutilmaganda hujum bo‘lib qolsa, qaytarish, musulmonlar yengsa ham yengilsa ham, o‘rnidan qimirlamaslik buyurildi. Shundan keyin rasululloh nutq so‘zlab, jangchilarni sabotli bo‘lishga chaqirib: "Jabroil dilimga soldiki, kishi rizqi bitmaguncha o‘lmaydi. Rizqinglar tugamagan bo‘lsa, Ollohdan qo‘rqib, uni halol yo‘l bilan topinglar, harom yo‘llarni izlamanglar. Mo‘minlar xuddi inson tanasidagi a’zolarga o‘xshaydi, agar birortasi og‘risa, butun badan halovatini yo‘qotadi", dedilar.