Musulmonlar qo‘shini shaharga kiraverishdagi Sal’ tog’i etagiga joylashishdi. Ularning soni uch ming bo‘lib, muhojirlarga Zayd ibn Horisa, ansorlarga Sa’d ibn Uboda bayroqdor bo‘ldi. Quraysh va ularga ergashib kelganlar Madinaning g‘arbi-shimolidagi Jurab bilan G’azobaning oraligiga, G’atafon qabilasi Uhudga kelib tushishdi. Xandaq qazilib, yo‘li to‘silganidan xabar topgan mushriklar musulmonlarga kamondan o‘q ota boshlashdi, lekin bunday usul bilan ularni yengolmasligini anglab, qoni gupurgan bir guruhi otlarini sakratib xandaqning bu tomoniga o‘tishdi. Ali ibn Abutolib qilich urib Amr ibn Vadni o‘ldirdi, Navfal ibn Abdulloh xandaqqa yiqilib bo‘yni qayrilib ketdi, Sa’d ibn Muozning bilagiga o‘q tegib, tomirini uzib yubordi. Qolganlar orqalariga qochib, xandaqning u tomoniga o‘tib olishdi. O’q otish kechgacha to‘xtovsiz davom etdi. Hatto musulmonlarning namozlari qazo bo‘ldi. Mushriklar kechasi hujum qilib qolishi mumkinligini hisobga olib, xandaq atrofiga qo‘riqchilar qo‘yildi. Kun qattiq sovuq bo‘lishiga qaramay rasululloh ham xandaqning bir chetida poyloqchilik qildilar. U kishi sahobalarga nusrat, g‘alaba va yaxshilik bashorat qildilar.