Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 269381 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 55 B


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:39:25

—   Muhammadning nasabi oliy deding, payg‘ambarlar shunday oliy nasab bo‘lishadi. Undan ilgari hech kim payg‘ambarlik da’vosini qilmagan ekan, mabodo shunday kimsa bo‘lganda Muhammad unga taqlid qilyapti, deyish mumkin edi. U ilgari yolg‘onchilik bilan odamlarni laqillatib, yuzi qora bo‘lmagan ekan, demak bunday odam Xudoga ham kazzoblik qilmaydi. U ota-bobosining taxtini talashayotgan ekan desam, avlodidan podshoh chiqmagan ekan. Unga ergashuvchilar quyi tabaqa vakillari deding, payg‘ambarga hamisha past tabaqa kishilari ergashadi. Ularning soni ortib boryapti deding, ahli imon ko‘payishi turgan gap. Unga ergashganlar orasida dindan qaytganlar yo‘q ekan, imon odamlarning qalbiga singiganda shunday bo‘ladi. Jangu jadalda goh sizlar, goh musulmonlar g‘olib kelganini aytding, payg‘ambarlik shu tarzda sinaladi, alaloqibat ular g‘olib chiqishadi. Uning namozga, sadaqa berishga, iffatli bo‘lishga, va’daga xiyonat qilmaslikka, omonatga ko‘z olaytirmaslikka buyurganini aytding, bu payg‘ambarlarga xos fazilatdir. Muhammadning haqiqiy payg‘ambar ekaniga ishonch hosil qildim. Biz ko‘pdan beri kutgan odam dunyoga kelibdi, lekin uni sizlardan chiqadi deb sira o‘ylamagan edim. Agar aytgan gaplaring rost bo‘lsa, Muhammad mana shu ikki oyog‘im turgan joyni ham zabt etadi. Uning yoniga o‘zim borishga harakat qilaman.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:39:40

Abu Sufyon guvohlik berishicha, Qaysarning yon-verida turganlar birdan shovqin-suron ko‘tarishgan. Podshoh quraysh vakillariga chiqib ketishni buyurgan. Qaysarning saroyini tark eta turib, Abu Sufyon: "Abu Kabsha o‘glining dovrug‘i Banu asfar podshohini ham qo‘rqitib yubordi", dedi.
Qaysar Hims shahriga kelib, Rumning katta arboblarini huzuriga yig‘di-da, saroyning eshiklarini tambalatdi. Shundan keyingina a’yonlariga yuzlanib: "Ey rumliklar! To‘g‘ri yo‘lni topishni va podshohligingiz barqaror bo‘lishini istasanglar Muhammad payg‘ambarni e’tirof etinglar!" dedi. Bu gapni eshitgan saroy a’yonlari xuddi qafasga tushib qolgan yovvoyi eshaklardek o‘zlarini eshikka urishdi, biroq chiqib ketolmay talvasada uyoqdan-buyoqqa zir yugura boshlashdi. Qaysar taklifi ularning nafratiga uchraganini ko‘rgach: "Men bu gapni o‘z diningizda mustahkammisiz yoki yo‘qmi sinash uchun aytgan edim", dedi. Saroy a’yonlari yengil tortib, unga ta’zim bajo keltirishdi. Qaysar podsholikni Islom dinidan ortiq bildi, bu bilan payg‘ambar alayhis-salom aytganlaridek fuqarosining gunohini ustiga oldi. Shunga qaramay, Qaysar rasulullohning elchisini izzat-ikrom bilan kuzatdi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:40:01

BUSRO HOKIMIGA YO’LLANGAN MAKTUB

Payg‘ambar alayhis-salom Horis ibn Umayir Azdiydan Busro hokimiga maktub jo‘natdilar. Horis Mu’ta degan kentga yetib kelganda Shurahbil ibn Amr G’assoniy degan kimsa uchrab qoldi. U elchidan qayerga ketayotganini so‘radi. Horis Shomga yo‘l olganinini aytdi. Shurahbil: "Sen Muhammadning elchisi bo‘lsang kerak-a?" deb so‘radi. Horis tasdiq javobini bergan zahoti o‘ldirildi. Payg‘ambar alayhis-salom bu xabarni eshitib, qattiq qayg‘urdilar. Shu paytgacha u kishining biron elchisi halok bo‘lmagan edi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:40:19

HORIS IBN ABU SHIMRGA YO’LLANGAN MAKTUB

Payg‘ambar alayhis-salom Hiraqil tomonidan tayinlangan Damashq hokimi Horis ibn Abu Shimrga Sho‘jo ibn Vahibdan quyidagicha mazmundagi maktubni jo‘natdilar:
"Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammaddan Horis ibn Abu Shimrga!
To‘g‘ri yo‘lga ergashgan, Ollohga imon keltirgan va Ollohni e’tirof etganlarga salom. Men seni hech bir sherigi yo‘q yolg‘iz Ollohga ishonishg‘a da’vat etaman. Gapimga ko‘nsang hokimliging barqaror bo‘laveradi".

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:40:32

Horis maktubni o‘qib chiqqach, g‘ijimlab otdi. "Mening hokimiyatimni kim tortib olarkan?" dedi nopisandlik bilan va musulmonlarga qarshi urush e’lon qildi. "Qaytib borganingdan keyin ko‘rgan-bilganlaringni Muhammadga ayt", dedi u elchiga. Shundan keyin yo‘l-yo‘riq olish uchun Qaysarga odam jo‘natdi. Chopar yetib kelganda Qaysarning huzurida musulmonlarning elchisi Dihya bor edi. Qaysar Horisga maktub yo‘llab, uni niyatidan qaytardi hamda tez orada Eliyoni ziyorat qilishga borajagini, shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishni buyurdi. Qaysar Eronni zabt etgach, Eliyoni ziyorat qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ygan edi. Bu xatni olgan Horis darrov muomalasini o‘zgartirib, rasulullohning elchisiga yaxshi yengil-bosh, yo‘l xarajatiga yetarli pul, oziq-ovqat berib, izzat-ikrom bilan kuzatib qo‘ydi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:40:53

MUQAVQISGA YO’LLANGAN MAKTUB

Payg‘ambar alayhis-salom Qaysar tomonidan qo‘yilgan Misr hokimi Muqavqisga Hotab ibn Abu Bultaadan quyidagi mazmundagi maktubni yo‘lladilar:
"Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammaddan Qibti*ning kattasi Muqavqisga!
To‘g‘ri yo‘lga ergashganlarga salom. Men seni musulmon bo‘lishga da’vat etaman. Musulmon bo‘lsang joning omonda, Olloh ikki barobar savob berajak, agar taklifimdan yuz o‘girsang, qibtilarning gunohi ham senga yuklanadi. "Ey ahli kitob, faqat Ollohga ibodat qilish, unga hech narsani sherik keltirmaslik, yaratgan qolib bir-birimizni Xudoga aylantirmaslik kabi ikkala tomon uchun ham mushtarak aqidalarni hurmat qilaylik, degin. Agar ular bundan yuz o‘girishsa, bizning musulmon ekanimizga guvoh bo‘linglar", denglar. (Oli Imron surasining 64-oyati.)

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:41:04

Hotab Iskandariyaga borib, maktubni Muqavqisga topshirdi. U maktub bilan tanishib chiqqach: "Agar Muhammad haqiqiy payg‘ambar bo‘lsa, nega unga osiylik qilib, yurtidan haydab chiqarganlarni duoibad qilmadi?", deb so‘radi. Hotab: "Men bibi Maryamning o‘g‘li Iso Ollohning elchisi ekaniga ishonasan-ku. O’z xalqi tutib olib Isoni o‘ldirmoqchi bo‘lganda yaratgan egam uni o‘z dargohiga olib ketgan. O’sha paytda Iso xalqiga halokat tilab duoibad qildimi?" dedi. Uning javobidan mamnun bo‘lgan Muqavqis: "Sen donishmand zot tomonidan yuborilgan aqlli odam ekansan. Mundoq razm solib qarasam, Muhammad odamlarni yomon ishlarga undamas, yaxshiliklardan esa qaytarmas ekan. U adashgan sehrgar ham, yolg‘onchi kazzob ham emas ekan. Unda yashirin, g‘ayb sirlarini, maxfiy ishlarni bilishdek payg‘ambarlarga xos fazilatlar bor ekan. Biz bu takliflar haqida o‘ylab ko‘raylik", dedi va rasulullohga quyidagicha javob maktubi yozdi:

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:41:14

"Bismillahir rohmanir rohim. Qibtilarning kattasi Muqavqisdan Muhammad ibn Abdullohga salom!
Maktubingni o‘qidim. Unda bayon etilganlarni va nimaga da’vat etayotganingni tushundim. Men payg‘ambar kelishidan voqif edim, uni Shomdan chiqadi, deb o‘ylardim. Yuborgan elchingni izzat-ikrom bilan kutdim, senga qibtilar orasida katta nufuzga ega ikki kanizak, kiyim-kechak, minishingga bir xachir jo‘natyapman, vassalom".
Bu kanizaklardan biri Moriyani payg‘ambar alayhis-salom nikohlariga oldilar, undan o‘g‘illari Ibrohim tug‘ildi; ikkinchi kanizak Hasson ibn Sobitga berildi. Muhavqis esa musulmon bo‘lmay qolaverdi.

____________________
*Qibti — Misrdagi qadimiy millat nomi. Bu srda butun mamlakat ko‘zda tutilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:41:34

NAJOSHIYGA YO’LLANGAN MAKTUB

Payg‘ambar alayhis-salom Habashiston podshosi Najoshiyga Amr ibn Umayya Zumariy orqali quyidagi maktubni jo‘natdilar:
"Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammaddan Habashistonning kattasi Najoshiyga salom!
Olloh shunday maqtovga sazovarki, undan boshqa biron iloh yo‘qdur. Olloh butun koinotning egasi, ayb-nuqsonlardan holi, mo‘minlarga salomatlik bash etguvchi, ularni azobdan asraguvchi, jam’iki narsalarni boshqaruvchi zotdir. Iso Maryamning o‘g‘li Ollohga mansub ruh va Ollohning Maryamga ato etgan so‘zidir. Olloh Isoni dunyodan aloqasini uzgan Maryamga marhamat etdi va iffatli, pokiza ayol homilador bo‘ldi. Olloh qudrat qo‘li bilan Odamni yaratgandek, Isoni dunyoga keltirdi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:41:54

Men seni sherigi yo‘q bir Ollohga ishonishga, unga itoat qilishga, menga ergashishga, menga, kelgan vahiylarga imon keltirishga da’vat qilaman. Men Ollohning elchisi, seni va xalqingni Ollohga itoat etishga undayman. Men sizlarga Ollohning amrini yetkazib nasihat qildim, nasihatimni qabul etinglar. To‘gri yo‘lga ergashganlarga salom".
Najoshiy maktubni olgach, elchini benihoya izzat-ikrom bilan kutdi. "Xudo haqqi, men Isoning Muhammad haqida xabar berganidan voqifman. Lekin Habashistonda yordamchilarim oz, ularning sonini ko‘paytirib, dillarini yumshatgunimcha sabr qilgin", dedi elchiga. Amr ilgari Habashistonga kelib, qolib ketgan musulmonlarni Madinaga, payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga taklif etdi. Muhojirlar orasida Abu Sufyonning qizi Ubaydulloh ibn Jahshning ayoli Ummu Habira ham bor edi. Islomning avvalida er-xotin Habashistonga hijrat qilgan, biroq ko‘p o‘tmay Ubaydulloh gumrohlashib nasroniy diniga kirgan va uzoq yashamay o‘lib ketgan edi. Ummu Habiba Habashistondaligida payg'ambar alayhis-salom Najoshiyni vakil qilib uni o‘z nikohiga oldilar.

Qayd etilgan