Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 269887 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 ... 55 B


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:45:24

Ertasidan boshlab rasululloh kichik bir guruhni olib dushmanning shahar tashqarisiga chiqqan askarlari bilan uncha-muncha to‘qnashib qaytaverdilar. Kechasi bir kishi soqchilikka turdi. Safarning yettinchi kuni soqchilikka turgan Umar ibn Xattob yarim kechasi shahar tashqarisiga chiqqan bir yahudiyni asir olib, payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga olib keldi. Qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltirayotgan asir: "Agar meni o‘ldirmasanglar, sizlarga foydali bir sirni aytib beraman", deya omonlik so‘radi. Rasululloh omonlik berganlaridan keyin u: "Qamal qal’adagilarning tinkasini quritdi, odamlar muttasil tahlikadan qattiq charchashdi. Ular bola-chaqasini Shiq qal’asiga ko‘chirib bo‘lishdi, ertaga tashqariga chiqib sizlar bilan jang qilishmoqchi. Shahar darvozasi ochilganda manjaniq*, dabboba*, qilich va nayzalar saqlanadigan omborni ko‘rsatib qo‘yaman. Agar bu qurollarni qo‘lga kiritsanglar, boshqa qal’alarni osongina ishg‘ol etasizlar. Manjaniqdan o‘q otib dushmanni chalg‘itib, dabbobalar yordamida bemalol shahar devorini teshsa bo‘ladi", dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:45:38

Asirning gapidan qoniqish hosil qilgan payg‘ambar alayhis-salom Muhammad ibn Maslamaga: "Ertaga bayroqni shunday bir odamga tutqazamanki, u xudo bilan payg‘ambarni jon-dildan sevadi. Bunday odamni Olloh bilan payg‘ambar ham yaxshi ko‘radi", dedilar. Muhojirlar bilan ansorlar o‘sha suyukli kishi o‘zlari bo‘lib chiqishini orzu qila-qila uyquga ketdilar. "O’sha kechasi bayroqdorlik lavozimiga erishishni orzu qildim", deya eslaydi Umar ibn Xattob. Tong otganda rasululloh Ali ibn Abu Tolibni yo‘qladilar. Odamlar uning ko‘zi og‘rib yotganini aytishganda, baribir olib kelishni buyurdilar va Alining ko‘ziga dam urib, tuflab qo‘ydilar, bemorning ko‘zi shu zahoti darddan forig‘ bo‘lib, charaqlab ochilib ketdi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:45:51

Payg‘ambar alayhis-salom Aliga bayroqni tutqazib, qo‘shinni jangga boshladilar. Yahudiylar ham urushga shay bo‘lib turishgan ekan. Ulardan biri taomilga binoan yakkama-yakka olishuvni taklif etdi. O’rtaga chiqqan Ali uni bir hamladayoq o‘ldirdi. Yahudiylarning botirlaridan Marhab talabgor bo‘lib maydonga tushdi. Muhammad ibn Maslama uni osongina yer tishlatdi. Marhabning birodari (akasi yoki ukasi) Yosir maydonga chiqqan zahoti Zubayr ibn Avvomning zarbasiga uchrab o‘ldi. Shundan keyin ikki qo‘shin bir-birining ustiga seldek yopirildi. Yahudiylar musulmonlarning shiddatli hujumiga dosh berolmay qochdi, islom lashkari ularni quvib, shaharga bostirib kirdi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:46:06

Yahudiylar Sa’b qo‘rg‘oniga chekinishdi. G’alabadan ruhlangan musulmonlar ta’qibni davom ettirishdi, biroq yahudiylar qattiq qarshilik ko‘rsatib, ularni orqaga surib tashlashdi. Habob ibn Munzir boshchiligidagi musulmonlar qo‘shini orqaga chekinmay dushman bilan qattiq olishib, ularning safini to‘zitib yubordi. Yahudiylar betartib qocha boshladi. Shaharga bostirib kirgan musulmonlar juda ko‘p oziq-ovqatni g‘animat oldi. Payg‘ambar alayhis-salom bu narsalarni yeyish va ot-ulovlarga berish mumkinligini, biroq olib ketish man etilishini e’lon qildilar. Qilla qo‘rg‘oniga kirib olgan yahudiylarni musulmonlar uch kun muhosara qildilar. To‘rtinchi kuni yahudiylar tashqariga chiqib musulmonlarga tashlanishdi, ikki o‘rtada shiddatli jang bo‘ldi, alaloqibat yahudiylar yengilib, Shiq qal’asiga chekinishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:46:24

Musulmonlar qal’ani o‘rab olishdi, taslim bo‘lishni istamagan dushman shahar tashqarisiga chiqib qattiq jang qildi. Musulmonlardan Abu Dujona Ansoriy mislsiz qahramonlik ko‘rsatib, o‘z yigitlari bilan shaharga birinchi bo‘lib bostirib kirdi. Bu shaharda juda ko‘p ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat, qo‘y g‘animat olindi. Bari’ qo‘rg‘oniga chekingan yahudiylar oldingisidan ko‘ra ko‘proq qarshilik ko‘rsatishdi. Bu joyning odamlari kamondan o‘q, palahmondan tosh otishga usta edi. Ular otgan o‘q, toshlar nishonga bexato tegib, musulmonlar ancha talafot ko‘rishdi, hatto rasululloh ham jarohatlandilar. Bundan g‘azablangan musulmonlar manjaniqni tiklashdi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:46:38

O’z davrining zambaragini ko‘rib esxonasi chiqib ketgan yahudiylar shaharni tashlab qochishdi. Shaharga kirgan musulmonlar juda ko‘p mis hamda sopol idish-tovoqni ko‘rishdi. Rasululloh: Bu idishlarni yuvib ishlatsanglar bo‘ladi", dedilar. Islom lashkarlari g‘animni Kasiba qal’asigacha ta’qib etib bordilar hamda Qomus qo‘rg‘oniga yashirinib olgan yahudiylarni yigirma kun qamal qilishdi. Nihoyat, Ali ibn Abu Tolib boshchiligidagi musulmonlar dushman qarshiligini yengib, shaharni ishg‘ol etdi. Bu qo‘rg‘onda Huyay ibn Ahtabning qizi Safiyya asir olindi. Shundan so‘ng Islom qo‘shini Vatih hamda Sulolim qo‘rg‘onlari sari otlandilar. Muttasil ta’qib va jangu jadaldan tinka-madori qurigan yahudiylar faqat bola-chaqalarini olib, Xaybardan chiqib ketishga ijozat so‘rab taslim bo‘lishdi. Payg‘ambar alayhis-salom ularning o‘tinchiga rozilik berdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:46:55

Bu qo‘rg‘onlarda to‘rt yuz qilich, yuzta sovut, mingta nayza, besh yuzta kamon g‘animat olindi. Xonadonlardan topilgan Tavrotning parchalari talabgorlarga berib yuborildi. Payg‘ambar alayhis-salom Kanona ibn abu Huqayiqni o‘lim jazosiga buyurdilar. U Huyay ibn Axtabdan qolgan qimmatbaho ziynat buyumlarini yashirib qo‘ygan edi. Bu sir oshkor bo‘lgach, ular orasida bilakuzuk, oyoqqa taqiladigan taqinchoqlar, tilla uzuklar, sirg‘alar, marvarid va zumrad ko‘zli turli xil taqinchoqlar borligi aniqlandi. Rasululloh boshqalarga ibrat bo‘lishi uchun uni qatl ettirdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:47:20

Xaybar g‘azotida musulmonlardan o‘n besh kishi shahid bo‘ldi, yahudiylardan esa to‘qson uch kishi o‘ldi. Gazot vaqtida bir yahudiy ayol zahar qo‘shilgan qo‘yning sonini pishirib rasulullohga berdi. Payg‘ambar alayhis-salom uning samimiyatiga ishonib, go‘shtdan bir tishlab ko‘rdilaru shu zahoti tuflab tashladilar. Bishr ibn Baro’ go‘shtdan yeb, til tortmay o‘ldi. Payg‘ambar alayhis-salom yahudiy xotinni chaqirtirib, nega bunday qilganini so‘radilar. "Agar sen rostdan ham chin payg‘ambar bo‘lsang, zahar kor qilmaydi, bordiyu soxta payg‘ambar bo‘lsang, zaharni yeb o‘lginu sendan tezroq qutulaylik, degan niyatda shunday qildim", dedi yahudiy ayol. Rostgo‘yligi uchun rasululloh uning gunohidan kechdilar.

_____________________
*Manjaniq — istehkomlarga tosh otadigan qurol.
*Dabboba — ichiga odam kirib olib, shahar devorlarini teshishda ishlatiladigan moslama.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:47:51

RASULULLOHNING SOFIYAGA UYLANISHLARI

Xaybar g‘azoti g‘alaba bilan tugagach, payg‘ambar alayhis-salom bani Nazir qabilasining boshlig‘i Xuyayning qizi Sofiyani nikohlariga oldilar. Ozod bo‘lishi uning mahri etib belgilandi. Sofiya islom dinini qabul qilib, mo‘minlarning onasi bo‘lish sharafiga erishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:48:10

NIKOHI MUTANI BEKOR QILISH

Payg‘ambar alayhis-salom Xaybarda turgan paytlarida nikohi mutani bekor qildilar. Nikohi muta ma’lum muddatga uylanish. Bunday nikoh johiliyat davrida hamda islomning avvalida mavjud edi. Shu yildan e’tiboran shariat hukmi bilan bu odat ta’qiqlandi. Shuningdek Xaybarda eshak go‘shtini yeyish harom qilindi. Bu hukmni eshitgan musulmonlar eshak go‘shti pishib turgan qozonlarini ag‘darib yubordilar.

Qayd etilgan