Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 269524 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 B


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:17:49

Payg‘ambar alayhis-salom vafot etdilar, lekin u zoti muborak musulmonlarga dono va tadbirkor Olloh tomonidan nozil bo‘lgan, mahkam tutilsa hech narsa zarar yetkazolmaydigan, yolg‘onu tuhmatlar sira ta’sir o‘tkazolmaydigan muqaddas Qur’oni Karimni qoldirib ketdilar. Olloh Islom dinini kamolotga yetkazib, va’dasini ro‘yobga chiqarguncha din ahkomlarini yechib beradigan, mamlakat-larni fath etishni davomlashtiradigan va Islom dinining quyosh nuridek ziyosidan hammani bahramand qiladigan sohibi karam sahobalarni qoldirib ketdilar. Olloh Taolo va’dasining ustidan chiqib, olamni imon nuri bilan munavvar etdi. Ollohdan o‘zining bu ulug‘ marhamati va beadad ne’matining shukronasini ado etishga muvaffaq qilishini tilaymiz.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:18:05

PAYG’AMBAR ALAYHIS-SALOMNING SIFATLARI VA GO’ZAL AXLOQLARI

Olloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salomga hech kimga bermagan bu dunyo va oxiratning kamolotlarini ato etgan. Sarvari olamning izidan borib, bu dunyoda maqtovga, oxiratda savobga erishmoq uchun bu bobda* rasulullohning betakror sifatlari hamda go‘zal axloqlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Olloh hammamizga hidoyat ato qilib, bizni to‘gri yo‘lga boshlasin. Insondagi ulug‘lik va kamolot fazilat-lari ikki turlidir: birinchisi, dunyoviy xislati, zaruriya bo‘lib, u inson tabiati va yashash ehtiyojidan kelib chiqadi, ikkinchisi, diniy xislati qasbiya bo‘lib, bu sifatga erishganlar maqtovga sazovor va Ollohga yaqinlashganlar jumlasiga kiradi. Dunyoviy xislati zaruriya kasbiy bo‘lmaydi, u insonning ixtiyoriga bog‘liq ham emas. Masalan: payg‘ambar alayhis-salomning yaratilishlaridagi tabiiy kamolotlari, husndagi go‘zalliklari, aqliy zakovatlari, idroklarining yuksakligi, tillarining fasohatliligi, his-tuyg‘u va badanlarining kuchliligi, harakatlarining mo‘tadilligi, nasablarining tozaligi, qavmlari va yurtlarining mo‘tabarligi kabi xislatlar bo‘lib, yashash zarurati taqozo etadigan ovqat, uyqu, kiyim-kechak, turar-joy, mol-mulk va obro‘-e’tibor kabilar shu jumlaga mansubdir; din, ilm, muloyimlik, sabr, shukr, adolat, haqqoniylik, ta’madan yiroqlik, kamtarlik, kechirimlilik, iffat, saxiylik, shijoat, hayo, odamgarchilik, kamgaplik, tamkinlik, og‘ir-bosiqlik, mehr-shafqat, husnixulq, yaxshi muomala kabi yuksak axloq-odobning barchasi oxiratga mansub xislati kasbiya sanalib, bular go‘zal axloq deb ataladi. Insonda mavjud tabiiy yo‘sindagi g‘ayrikasbiy kamolot xususiyatlarining barchasi payg'ambar alayhis-salomning vujudlarida mavjud edi.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:18:23

Payg‘ambar alayhis-salomning rang ro‘ylari benihoya chiroyli, gavda tuzilishi va a’zolarining mutanosibligi rivoyatlarda bunday tasvirlanadi: Payg‘ambar alayhis-salomning yuzlari oppoq, nuroniy, ko‘zlari katta, qorachig‘lari timqora, oqi qizg‘ishga moyil, kipriklari quyuq, qoshlari uzun, ingichka, qirra burunlarining uchi xiyol egilgan, tishlari guruch donasidek oppoq, orasi ochiqroq, peshonalari keng, yuzlari dumaloq, soqollari quyuq, ko‘kraklari keng, gavdali, bilaklari uzun, kaftlari, oyoqlarining tovoni keng, o‘rta bo‘y, miqtidan kelgan, jundor odam edilar; ko‘kraklarida pastga qarab o‘sgan mayin yollari bor edi, kulganlarida tishlari xuddi marvarid donalaridek yarqirab ketardi, gapirganlarida shu’lalanib, og‘izlaridan nur taralayotgandek bo‘lardi, bo‘yinlari ham gavdalariga g‘oyat mos edi.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:18:48

Baro ibn Ozib: "Umrimda qora sochlari quloqlarini bosib tushgan, qizil to‘nli payg‘ambar alayhis-salomdan kelishganroq odamni ko‘rgan emasman", deydi. Abu Hurayra: "Men rasulullohdan ko‘ra chiroyli odamni ko‘rmaganman. Quyosh xuddi u kishining yuzidan balqigandek tuyulardi, kulganida yuzidan nur yog‘ilib, shu’lasi devorlarga tushardi", deb eslaydi. Ibn Abu Holaning hadisida: "Payg‘ambar alayhis-salomning yuzi xuddi o‘n to‘rt kunlik oydek nurlanib turardi", deyilgan. Hazrati Ali rasululloh haqida gapirib: "Payg‘ambar alayhis-salom dastlab ko‘rgan odamga vajohatli tuyulardi, yaqindan bilgandan keyin esa eng suyukli kishisiga aylanib qolardi. Men rasulullohdek odamni avval ham, keyin ham ko‘rmadim", deydi.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:19:07

Payg'ambar alayhis-salom tozalikda, xushbo‘ylikda, ifloslik va najosatdan yiroqlikda alohida xususiyatlarga ega edilarki, bunday fazilatlar u zoti muborakdan boshqa kishida topilmasdi. Olloh taolo rasulullohni shariatining pokizaligi bilan yanada yuksak kamolotga erishtirdi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Islom dini pokizalik asosiga qurilgan", deya marhamat qilganlar. Anas: "Payg‘ambar alaihis-salomdagi xushbo‘y hid men hidlab ko‘rgan anbarlarning, iforning va boshqa mushku anbarlarning atridan yoqimliroq edi", degan. Jobir esa "Payg‘ambar alayhis-salom yuzimni silab qo‘ygan edi, u kishining qo‘lidan xuddi attor (atr sotuvchi)ning qutisidan taralgandek dimog‘imga gup etib xushbo‘y is urildi", deydi. Ko‘plarning ta’kidlashicha, sarvari olam xushbo‘y narsalarni iste’mol qilsalar ham, qilmasalar ham u kishi bilan ko‘rishgan odamning qo‘lidan kechgacha yoqimli hid kelib turarkan. Agar rasululloh, biron bolaning boshini silab qo‘ysalar, kechgacha o‘rtoqlari uning yonidan ketolmay qolisharkan. Imom Buxoriy katta tarixida Jobirdan rivoyat qilishicha, mushk-anbar ufurib turgan ko‘chadan yurgan odam bu yerdan shubhasiz rasululloh o‘tganlarini bilar ekan.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:19:21

Payg‘ambar alayhis-salom aqlda komilliklari, zehnlari o‘tkirligi, hissiyotlarining kuchliligi, tillarining biyronligi, harakatlarining chaqqonligi, ahloqlarining go‘zalligiga qaraganda u zoti muborakni hech shubhasiz eng aqlli va eng hushyor inson deb e’tirof etish kerak. Sarvari olam ilgari o‘qib, xat-savod chiqarmagan, maxsus saboq olmagan, dunyoviy va diniy kitoblarni ko‘rmagan, bo‘lishlariga qaramay odamlarga juda ko‘p ilmlarni o‘rgatdilar, shariatni barpo etdilar, odamlarning shaxsiy va jamoat ishlarini boshqarishlari, xalqqa qo‘llagan siyosatlari, betakror xulq-atvorlari va ajoyib turmush tarzlari u kishi aql-zakovatda komil, idroklari teran zot ekanliklarini isbotlab turibdi. Payg‘ambar alayhis-salom namoz o‘qiyotganlarida orqadagi narsalarni ham xuddi oldilaridagidek aniq-tiniq ko‘rardilar. Olloh taoloning Shuaro surasidagi: "Olloh namozga turgan paytingizdagi harakatlaringizni ham ko‘rib turadi", degan 219-oyati bevosita yuqoridagi fikrlarning tasdig‘idir. Hazrat Oisha raziyallohu anho: "Payg‘ambar alayhis-salom qorong‘ida ham xuddi yorug‘ paytdagidek ko‘raverar, Xulkardagi o‘n bir yulduzni bemalol sanay olardi", deydi. Rivoyatlarda aytilishicha, rasululloh zamonasining pahlavoni Rakonani kurashda yengib, Islom diniga da’vat etgan ekanlar. Abu Hurayra: "Men payg‘ambar alayhis-salomdan ko‘ra tez yuradigan odamni uchratmaganman. U kishi yo‘lga chiqqanida yer xuddi qatlamadek qatlanib, qisqarayotgandek tuyular, biz qiynalib yursak u kishi aksincha yayrab odimlar, xuddi tepalikdan pastga tushayotgandek bemalol qadam tashlardi. Kulganida ovozini balandlatmay tabassum qilar edi", deydi.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:19:44

Payg‘ambar alayhis-salomning tili benihoya fasohatli va chuqur ma’noli edi. Gaplari sun’iylikdan xoli, ravon, jumlalari lo‘nda, qisqa, tushunarli, fikri aniq, mazmunli, takallufsiz va chuqur ma’noli edi. U kishi arab tilining lahjalarini, hikmatli so‘zlarini ko‘p bilardilar. Har bir xalqqa ularning o‘z tili, shevasi va uslubida fasohatiga yarasha gapirar edilar. Ko‘pgina sahobalar so‘zlarning ma’nosini aytib berishni payg‘ambar alayhis-salomdan iltimos qilishardi. Rasulullohning hadislari va tarixlari bilan tanishgan odam bu narsani ayniqsa yaxshi his etadi. Payg‘ambar alayhis-salomning quraysh xalqiga, hazri Mavj va Yaman podsholariga hamda najidning oqsoqollariga aytgan gaplari bir-biridan keskin farq qiladi. U kishi biron qabila bilan gaplashganlarida ular yoqtiradigan iboralarni ishlatar, yerlik odamlarga xush keladilan uslubda so‘zlashar edilar. Sarvari olam mana shu tarzda Islom dinining ta’limotlarini odamlarga yetkazar, Qur’on oyatlarini, shariat ahkomlarini har bir kishining didi, saviyasiga moslab tushuntirar edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:20:27

Payg‘ambar alayhis-salomning fasohat bilan aytilgan chuqur ma’noli, lo‘nda so‘zlarini sharhlab, muzmunini chaqishga urinib, uslublarini tadqiq etib kitoblar yozilgan. Quyidagi hikmatdan iborat so‘z-iboralar rasulullohning ahli donish va fasohat bobida chinakam kamolotga yetganliklarining tasdig‘idir:
Hamma musulmonlarning joni barobardur. Ularning eng tubani ham birovlarni asrash ko‘yida yuradi, dushmanga qarshi (turishda) uyushqoq bo‘lishadi.
Insonlarning hammasi taroqning tishlaridek barobardur.
Kishi suygan odami bilan birga (bo‘ladi).
Sen birovga ravo ko‘rganni u senga ravo ko‘rmasa bunday suhbatdoshlikda xosiyat yo‘q.
Insonlar ma’dan konlariga o‘xshashadi.
O’z qadr-qimmatini bilgan odam halok bo‘lmaydi.
Maslahatga chaqirilgan odam ishonchli odam.
Gapirib yaxshilikka erishgan yoki sukut saqlab omon qolgan bandaga Olloh rahmat qilsin.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:20:54

Musulmon bo‘lsang salomat bo‘lasan, musulmon bo‘lsang, Olloh ikki hissa ajr beradi. Sizlarning xushaxloq, kamtar, do‘stlashtirguvchi va do‘stlikka intilganinglar qiyomat kuni menga eng ardoqli va eng yaqin bo‘ladiganinglardir.
U (ya’ni musulmon) behuda gapiradigan yoki arzimas narsalarga baxillik qiladigan bo‘lishi mumkin.
Ikkiyuzlamachi odam Ollohning dargohida maqbul emas.
Bundan tashqari payg‘ambar alayhis-salom behuda bahs-munozarani, ko‘p savol so‘rashni, molni isrof qilishni, onalarni ranjitishni, qiz bolalarni tiriklay ko‘mishni man qilib, aytgan gaplari ham ayni donolikning nishonasidur.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:21:23

Har qanday sharoitda Ollohga taqvodor bo‘l. Yomonlik qilsang, uni yaxshilik bilan yuv. Odamlarga xushmuomala bo‘l. Ishning yaxshisi o‘rtachasidir.
Do‘stingga haddan tashqari yaqin bo‘lma, bir kuni u sening dushmaningga aylanib qolishi mumkin.
Zulm qiluvchilarning zulmi qiyomat kuni o‘zlariga qorong‘u zulmat bo‘ladi.
Payg‘ambar alayhis-salomning quyidagi duolari ham u kishining yuksak fasohati va zakovatidan dalolat beradi:
"Ey Olloh, sendan tilagim shuki, rahmating bilan qalbimni hidoyat qilgaysan, ishlarimni parokanda etmagaysan, tarqoq ishlarimni jamlagaysan, umid bog‘lagan ishlarimni ro‘yobga chiqargaysan, amalimni pok qilg‘aysan, ishlarimni to‘g‘ri yo‘lga solgaysan, do‘stligimni qaytargaysan, meni barcha yomonliklardan asragaysan. Ey Olloh, oson o‘limni, shahidlarcha qazoni, baxtiyor hayotni, dushmanlar ustidan g‘alaba qozonishni tilayman".

Qayd etilgan