Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 231122 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 B


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:21:54

Bundan tashqari payg‘ambar alayhis-salomning ko‘pgina kishilar tomonidan zikr etilgan so‘zlari, nutqlari, xutbalari, duolari, sulhnomalari hayratomuz fasohat va hikmatga to‘ladir. Sahobalar rasulullohga: "Sendan ko‘ra fasohatliroq gap gapiradigan kishini ko‘rmadik", deyishganda u zoti muborak: "Qur’on mening tilimda, ya’ni ravshan arabiy tilda nozil etilgan ekan, boshqacha bo‘lishi ham mumkinmi?" deya javob qaytarganlar. Rasululloh: "Men quraysh qabilasida dunyoga kelib, banu Sa’d aymog‘ida voyaga yetdim", deganlar. Payg‘ambar alayhis-salomning gap-so‘zlarida sahro odamlariga xos qudrat va bosiqlik, shaharliklarga xos nafislik bilan nazokat jam bo‘lgan. Bundan tashqari sarvari olam boshqa odamlarga nasib etmaydigan vahiy orqali Ollohning madadi va qo‘llab-quvvatlashiga erishganlar.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:22:18

Payg‘ambar alayhis-salom nasablarining asilligi, yurtlarining ulug‘ligi hammaga ayon. Rasululloh quraysh qabilasi Hoshim jamoasining ko‘rar ko‘zi, arablarning eng asili, ota-ona tomonidan hurmatga sazovor, Olloh uchun ham, payg‘ambar alayhis-salom uchun ham aziz maskan hisoblanmish Makkadan edilar. Bu haqda kitobning bosh qismida batafsil gapirilgani uchun ortiqcha to‘xtalib o‘tirmaymiz.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:22:36

Inson hayotiga zarur hisoblangan ayrim narsalarning oz bo‘lishi fazilatdir. Masalan: ovqat bilan uyquning kami shu jumlaga kiradi. Odamlar azalu azaldan me’yorida ovqatlanish bilan kam uxlashni maqtab, ko‘p yeyish bilan ko‘p uxlashni ayblashgan. Ko‘p yeyish, ko‘p ichish ochko‘zlik, harislik, shahvatparastlik nishonasidir. Ko‘p yeyish va ko‘p uxlash bu dunyoda ham, u dunyoda ham zarar, koni ziyon, turli kasalliklarni keltirib chiqaradi, aqlni zaiflashtirib, xomush qilib qo‘yadi; oz yeyish esa qanoatning, nafsni jilovlay bilishning, shahvatni o‘ldirishning nishonasidir, badanni sog‘lomlashtirib, zehnni o‘tkirlashtiradi; ko‘p uxlash kishini lanj, zaif, xomush, yalqov qilib qo‘yadi, inson umrini zoe ketgizadi, diydasini qotiradi, g‘aflatda qoldirib, dilini o‘ldiradi. Payg‘ambar alayhis-salom oz yeb, kam uxlaganlar. Shu bois u kishi doim oz yeyishni targ‘ib etganlar: "Odam bolasi qorin degan rasvo idishni to‘ldirolgani yo‘q. To‘yish uchun bir necha luqma kifoya, Yeyish zarur bo‘lganda u oshqozonning uchdan birini ovqat uchun, uchdan birini suv uchun, uchdan birini nafsi uchun ajratib qo‘ysin", deganlar. Ko‘p yeyish bilan ko‘p ichish ko‘p uxlashga sabab bo‘ladi. Oisha raziyallohu anho: "Payg‘ambar alayhis-salomning qorni yolchib ovqatga to‘ygan emas. U kishi oilasidagilardan bo‘lakcha ovqat so‘ramas, berganni yeb, berganni ichardi", deydi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Men suyanib o‘tirib ovqat yemayman", deganlar. Tabiiyki, kishi chordona qurib, bemalol suyanib o‘tirsa, ko‘proq ovqat yegisi kelishi turgan gap. Rasululloh esa qovushmasdan cho‘nqayib o‘tirganlaricha naridan-beri ovqatlanganlar. "Men bir qulman, ovqatni quldek o‘tirib yeyman", deganlar u zoti muborak. Rasululloh juda kam uxlaganlar, shunda ham: "Ikki ko‘zim uxlagani bilan qalbim sira uxlamaydi", deganlar.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:22:48

Insonda qancha ko‘p va qancha yuqori bo‘lsa shuncha fazilat sanaladigan narsalar bor. Obro‘-e’tibor shular jumlasidandir. Donolar ta’kidlashicha, kishining obro‘siga qarab, uning hurmati belgilanadi. Olloh taolo Iso alayhis-salomni "dunyo va oxiratda obro‘li", deya sifatlagan. Muhammad alayhis-salom esa payg‘ambar bo‘lishlaridan avval ham, keyin ham el-yurtning hurmatiga sazovor bo‘lganlar. Mushriklar payg‘ambar alayhis-salom bilan sahobalarga ozor berishni, suiqasd qilishii ko‘zlashsa-da, ko‘pincha u kishidan hayiqishar, baribir, yo‘riqlariga yurishardi. Birinchi marta duch kelgan odamni payg‘ambar alayhis-salomning salobatlari bosardi. Qiyla degan ayol rasulullohni ko‘rganda qo‘rqqanidan osq-qo‘li bo‘shashib, qaltiray boshlaganda u kishi: "Ey miskina, qo‘rqma, o‘zingni bosib ol", deganlar. Ibn Mas’ud rivoyat qilgan bir hadisda aytilishicha, bir odam payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib, gapirolmay qalt-qalt titrayerganda, rasululloh: "Qo‘rqma, men podshoh emasman", deganlar.
Muhammad alayhis-salomning qadr-qimmati balandligi va Olloh taolo u kishini payg‘ambarlikka tanlagani bu dunyoda erishgan eng yuqori martabalaridir. Oxiratda esa rasululloh bani inson sayyididurlar.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:23:25

Odamlar mol-dunyosi ko‘pligi bilan faxrlanishadi, boy-badavlat kimsa bir kunimizga asqotib, hojatimizni chiqararmikin, degan ilinjda kishilar ularni katta bilib, izzat-ikrom qilishadi. Mol-mulki ko‘pligi fazilat emas, boyligini o‘zining va boshqalarning ehtiyoji uchun sarflab, yaxshi nom qozonsa va kishilarning hurmatiga erishsa, ahli dunyo nazarida katta olijanoblik hisoblanadi; agar bisotini oxiratni ko‘zlab yaxshi yo‘llarga, foydali ishlarga sarflasa, hamma odamning nazarida fazilat sanaladi. Badavlat odam baxil bo‘lib, boyligini yaxshilikka sarf etish o‘rniga mol-mulk to‘plashga hirs qo‘ysa, bunday boylikning qadri yo‘q, mulkdor esa baxil, pastkash degan haqoratga uchraydi. Payg'ambar alayhis-salomning qo‘llariga yer yuzining xazinalari, mamlakatlariing kalitlari topshirilgan, g‘animatlar u kishiga halol qilingan edi. Rasululloh hayot vaqtlarida Hijoz, Yaman, Shom, Iroqning bir qismi, arab yarim oroli fath etilib, juda ko‘p g‘animat, xiroj, zakot mollari keltirilgan, yaqin yiroqdagi podshohlar had-hisobsiz sovg‘a-salomlar yuborishgan edi. Lekin payg'ambar alayhis-salom bu narsalarni shaxsiy mulk sifatida o‘zlashtirib olganlari, biron tangalik narsani o‘z ehtiyojlari uchun ishlatganlari yo‘q, hamma narsa tegishli joyga sarflandi. Odamlar boyib, musulmonlarning beli baquvvat bo‘ldi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Uhud tog’idek oltinim bo‘lsa, undan Olloh yo‘lida sarflash uchun mo‘ljallanganidan tashqari biron dinorni olib qolish meni xursand qilmaydi", deganlar. Kunlarning birida rasulullohning qo‘llariga Murra dinorlari kelgan edi, uning ozginasini qoldirib ayollaridan birining qo‘liga berib qo‘ydilar. Lekin baribir yotib uyqulari kelmadi, to qolgan dinorlarni ham bo‘lib bermagunlaricha ko‘ngillari joyiga tushmadi. Yonlarida hech vaqo qolmagandan keyingina: "Endi xotirjam bo‘ldim", deya yengil tin olganlar.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:23:50

Payg‘ambar alayhis-salom vafot etganlarida jangovar sovutlar oilasining xarajati uchun garovga qo‘yilgan edi. U zoti muborak oziq-ovqat, yengil bosh, uy-joyning ehtiyojiga yarashasi bilan qanoatlanganlar, ortiqcha narsalarga sira qiziqma-ganlar. Sarvari olam sira kiyim tanlagan emaslar, ko‘pincha dag‘al gazlamalardan tikilgan to‘n va shunga o‘xshash liboslar kiyardilar. Vaholanki, huzurlaoiga tashrif buyurganlarga oltin hal bilan ziynatlangan to‘n kiydirar, kelolmaganlarga jo‘natib yuborar edilar. Bu narsa payg‘ambar alayhis-salom bu dunyoning boyligiga sira qiziqmaganlarini, bor narsalarini mustahiq (zakot olishi lozim bo‘lgan odam)larga sarf etish fazilatiga ega ekanliklarini ko‘rsatadi. Go‘zal odob-axloqlardan iborat xislatlar husni xulq deyiladi. Rasululloh bunday xislatlarning timsoli edilar. U kishining husni xulqlari har jihatdan kamolatga yetgan, mukammmal edi. Olloh taolo nur surasining 4-oyatida payg‘ambar alayhis-salomni maqtab: "Sen chindan ham yuksak axloq egasisan", degan. Hazrati Oisha raziyallohu anho: "Payg‘ambar alayhis-salomning xulqi — Qur’on edi. U Qur’on mamnun bo‘lgan narsadan mamnun bo‘lar, g‘azablanganidan g‘azablanardi", deydi. Payg‘ambar alayhis-salomnig o‘zlari: "Men go‘zal axloqlarni kamolga yetkazish uchun yuborildim", deganlar. Anas: "Rasululloh eng go‘zal axloq egasi edi", degan. Muhammad alayhis-salom xuddi boshqa payg‘ambarlarga o‘xshash ma’naviy va axloqiy barkamollikka erishgan edilar. Bu zoti muboraklar payg‘ambarlikka tanlanib, Ollohning nuri dillarini yoritishi bilan fazlu kamolat cho‘qqisiga ko‘tarildilar. Parvardigor ularni payg‘ambarlikka tanlashi bilanoq tiri-shib o‘zlarini qiynamay, mashq qilmay bebaho fazilatlarga ega bo‘ldilar. Payg‘ambarlarga xos bunday go‘zal axloq va xislatlar behisob. Biz ularning mohiyatini bayon etish bilan cheklanib, Muhammad alayhis-salomning sifatlari haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 17:59:04

Odob-axloqning manbai — aql. Ilm-ma’rifat aqlniig mahsuli. Donolik, teran fikr, rostgo‘ylik, to‘g‘rilik, uzoqni ko‘ra bilish, nafsning ko‘yiga tushmaslik, aksincha uni tiyish, shahvat bilan kurashish, to‘g‘ri tadbir va to‘g‘ri siyosat yuritish, past orzu-havaslardan xoli bo‘lish kabi xususiyatlarga faqat aql tufayli erishiladi. Payg‘ambar alayhis-salom aql va ilm jihatdan hech kimga nasib etmagan eng yuksak darajaga yetganlar. Bunga rasulullohning hayot yo‘li va islom tarixi bilan tanishgan, u kishining lo‘nda, ma’noli so‘zlarini, go‘zal axloqlarini, hadislarini o‘rgangan, sarvari olamning Tavrot, Injil va boshqa muqaddas kitoblar haqidagi bilimlarini, faylasuflarning falsafasi va o‘tgan ummatlar tarixi haqidagi bilimlari, maqol-matallari, odamlarga qo‘llagan siyosiy tadbirlari, yo‘lga qo‘yilgan shariat haqidagi bilimlarini, tabobat, aljabr, nasabshunoslikka oid fikrlarini tadqiq etgan kishilar amin bo‘lishadi. Vaholanki, Muhammad alayhis-salom ummi payg‘ambar bo‘lib, hech qayrrda o‘qimagan, avvalgi kitoblarni ko‘rmagan, birovga shogird tushmagan edilar, u zoti muborak faqat Olloh taolo dillariga jo etib, bildirgan ilmga ega edilar xolos. Payg‘ambar alayhis-salom Olloh taolo o‘rgatgan ilmlar, kelajakdagi sodir bo‘ladigan ishlar haqidagi bashoratlari, yaratganning qudrati va mulki azimi haqida bildirganlaridan tashqari rasululloh o‘z aqlu farosatlariga yarasha dunyoviy va uxroviy ma’lumotlarga ega edilar. Olloh taolo Niso surasining 112-oyatida payg‘ambar alayhis-salomga: "Olloh senga bilmaydigan narsalaringni bildirdi, senga Ollohning fazli kattadir", deydi.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 17:59:22

Payg‘ambar alayhis-salomning muloyimligi, bagri kengligi, o‘ch olishga qodir bo‘la turib avf etishlari, boshlariga musibat tushganda chidam bilan yengishlari, sabrliklari Olloh bergan ulug‘ fazilatdir. Olloh taolo A’rof surasining 99-oyatida payg‘ambar alayhis-salomga: "Afvni do‘st tutgin, amr-ma’ruf qilgin va nodonlar bilan teng bo‘lmagin", deydi. Rasululloh Jabroil alayhis-salomdan bu oyatning ma’nosini tushuntirib berishni so‘radilar. Jabroil alayhis-salom: "Ey Muhammad, Olloh sendan yuz o‘girganlarga yaqin bo‘lishni, muhtoj bo‘lganingda hech narsa bermaganlarga berishni, zulm o‘tkazganlarni avf etishni buyuradi", deganlar. Olloh taolo Qur’oni Karimda yana bunday deydi: "Senga yetgan aziyatlarga sabr qilgin, bu ulug‘ ishdir", Sho‘ro yeurasining 42-oyatida: "Kimki sabr qilsa, (zolimdan o‘ch olishga qodir bo‘la turib qasos olmasa) va uni avf etsa, bu ulug‘ ishdir". Shuningdek Nur surasining 22-oyatida: "Avf etsin, bag‘ri keng bo‘lsin. Ollohning sizlarga mag’firat qilishini istamaysizlarmi? Olloh mag’firat qilguvchidir, benihoya mehribondir", deydi.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 17:59:38

Payg'ambar alayhis-salom haqidagi rivoyatlarda u kishida mazkur sifatlar mukammal jamuljam ekani ayon bo‘ladi. Har qanday yumshoq tabiat odam ham hamisha muloyim bo‘lavermaydi. Payg‘ambar alayhis-salom esa hayotda duch kelgan shuncha ko‘ngilsizliklarning hammasiga sobirlik bilan chidaganlar, u kishiga ozoru kulfat yetkazgan johillarga yaxshi muomalalarini sira o‘zgartirmaganlar. Hazrati Oisha raziyallohu anho: "Payg'ambar alayhis-salom ikki ishdan birini tanlash lozim bo‘lganda gunoh bo‘lmasa; ulardan osonrog’ini tanlar edi. Agar gunoh sanalsa, bu narsalardan o‘zini yiroq tutardi. U kishi o‘zi uchun o‘ch olmasdi, faqat Ollohning hurmati oyoq osti qilingandagina Olloh uchun qasos olardi", deydi. Odamlar Uhud jangida payg‘ambar alayhis-salomning boshlariga juda ko‘p kulfatlar solgan mushriklarni duoibad qilishni so‘rashganda rasululloh: "Ey Olloh, qavmimni hidoyat qilgin, chunki ular (hech narsani) bilishmaydi", deya yaratganga yolborganlar.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 18:00:04

Payg‘ambar alayhis-salomning nechog‘li muloyim va rahmdil odamligini Makka fath etilgan kuni u kishining dilini juda qattiq og‘ritgan, masxaralab ustilaridan kulgan, musulmonlarni yurtidan haydab chiqargan va ularga qarshi urush ochgan, bunga ham qanoat qilmay boshqa arab qabilalarini to‘plab, rasulullohga qarshi gij-gijlagan quraysh mushriklarini avfi umumiy qilganlari ro‘y-rost ko‘rsatib turibdi. Rasululloh shu kuni ulardan: "Meni nima qiladi deb o‘ylayapsizlar?" deb so‘radilar. Mushriklar: "Sen mard qarindoshimizning mard o‘g‘lisan, bizga albatta yaxshi munosabatda bo‘lasan deb o‘ylaymiz", deyishdi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Boringlar, hammangiz ozodsiz!" dedilar. Anas bunday deydi: "Men rasulullohning yonida turgan edim. U kishining egnida chetiga dag‘al matodan jiyak tutilgan to‘n bor edi. Arobiylardan biri kelib to‘nning etagidan qattiq tortgan edi, yoqasi payg‘ambar alayhis-salomning bo‘yinlarini qiyib yubordi. "Ey Muhammad, yoningdagi Ollohning molidan manavi ikki tuyamga ortib ber, asakang, ketmaydi. Menga o‘zingning yoki otangning molidan bermaysan", dedi arobiy surbetlik bilan. Rasululloh biroz sukut saqlab turgach: "Bu Ollohning moli, men Ollohning bir bandasiman, sening qilmishing uchun o‘ch olaman", dedi. Arobiy: "Yo‘q, o‘ch olmaysan", dedi. Rasululloh hayron bo‘lib: "Nega o‘ch olmas ekanman?" — deb so‘radi. Arobiy hozirjavoblik bilan: "Sen yomonlikka yomonlik qilmaysan", dedi. Payg‘ambar alayhis-salom kulib yubordi va arobiyning bir tuyasiga arpa, ikkinchisiga xurmo ortib berishni buyurdi".

Qayd etilgan