O’sha paytda mushriklardan jabr ko‘rmagan musulmonning o‘zi yo‘q edi. Lekin bu azob-uqubatlar ularni dindan qaytarmadi, aksincha imonlarini mustahkamladi. Rasulullohga ergashganlar orasida musulmonchilik tufayli bu dunyoda biron narsaga erishishni ko‘zlagan, manfaat orqasidan quvgan odam yo‘q edi. Agar o‘rtada manfaat ilinji ko‘ndalang tursa ularning imondan qaytishi juda ham oson bo‘lardi.
Islom dini yoyilmasligi uchun qo‘llagan chora-tadbirlari samara bermaganidan, musulmonlarning soni kamayish o‘rniga ortib borayotganidan tashvishga tushgan mushriklar maslahat kengashiga yig’ildilar. Abdushams ibn Abdumonof jamoasidan Utba ibn Robia hammaga gapi o‘tadigan qabila boshliqlaridan biri edi. U yig’ilganlarga murojaat qilib: "Men Muhammadga uchrashib bir-ikkita narsani taklif etay, zora birontasini ma’qul ko‘rib, bizni o‘z diniga da’vat etishni to‘xtatsa", dedi. Bu fikr hammaga ma’qul tushdi. Utba izlab kelganda rasululloh masjidda namoz o‘qiyotgan edilar. "Ey jiyan, — dedi Utba. — Hammaga ma’lumki, sen nasl-nasabi toza odamsan. Shuning uchun seni qattiq hurmat qilamiz. Lekin hozir o‘ylab topgan ishing birligimizga putur yetkazdi, odamlarimizni aqlsizga, ma’budlarimizni qo‘lidan hech narsa kelmaydigan haykalga, dinimizni keraksiz ermakka, shu dinga e’tiqod qilgan ota-bobolarimizni kofirga chiqarding. Bu ishing bizni tashvishga solib qo‘ydi. Shu sababli huzuringga bir-ikkita taklif bilan keldim. Qaysi birini qabul qilsang, biz o‘shanisiga rozimiz". "Qanday takliflar ekan, eshitib ko‘ray-chi", - dedilar rasululloh. "Ey jiyan, agar yangi dinga da’vat qilishdan maqsading boylik topish bo‘lsa, mol-dunyo yig’ib, seni hammamizdan boy-badavlat odamga aylantirib yuboraylik. Agar ko‘ngling shon-shuhratni tusab qolgan bo‘lsa, o‘zimizga rahnamoyu boshliqlikka saylab faqat sening maslahating bilan ish tutaylik. Agar podsho bo‘lishni istasang, ertagayoq taxtga chiqaraylik. Mabodo jin chalib ketib, chorasiz dardi bedavoga uchragan bo‘lsang, sarf-harajatini to‘lab davolataylik. Bunaqa dardga chalingan odam davolanmasa tuzalishi qiyin", dedi Utba. "Gaping tugadimi?" deb so‘radilar rasululloh. "Ha, tugadi", dedi Utba. "Unday bo‘lsa, gaplarimga yaxshilab quloq sol, — dedilar sarvari olam va Qur’ondagi Fussilat surasining dastlabki oyatlarini o‘qidilar. — Bismillahir rohmanir rohim. Homim. Bu benihoya mehribon va shafqatli Olloh nozil qilgan vahiydir, oyatlari ravshan bayon etilgan kitobdir, biladigan qavm uchun nozil bo‘lgan bashoratchi va ogohlantiruvchi arabcha Qur’ondir. Afsuski, ularning aksariyati yuz o‘girishadi, unga (Qur’on oyatlariga) quloq solishmaydi. Ular dillarimiz chalg’igan, sen da’vat etayotgan narsalarni tushunmaymiz. Quloqlarimiz og’irlashib qolgan. Sen bilan bizning o‘rtamizda parda bor. Sen o‘z ishingni qil, biz ham o‘z tirikchiligimizdan qolmaylik, deyishadi. Sen ularga men ham sizlarga o‘xshagan odamman, menga yolgiz Ollohdan o‘zga iloh yo‘q, deya vahiy qilindi, unga yuzlaninglar, faqat undangina mag’firat tilanglar, degin. Mushriklarning holiga voy! Ular zakot berishmaydi, oxiratni inkor etishadi. Imon keltirgan va yaxshi amallarni qilganlarga albatta uzluksiz savob berilajak. Sen ularga: Sizlar zaminni ikki kunda yaratgan Ollohni inkor etasizlarmi, unga shirk keltirasizlarmi? U jam’i olamlarning parvardigori, degin. Olloh zaminni, tog’larni barpo etib, qut-baraka koniga aylantirdi, jonli mavjudotlarning rizqini oldindan belgilab qo‘ydi. Bu ishlarni to‘rt kunda birdaniga nihoyasiga yetkazdi. Qiziquvchilar uchun shu javobning o‘zi kifoya. Shundan so‘ng osmonni yaratishga chog’landi, ungacha samo tuman holatida edi. Olloh osmon bilan zaminga o‘z maylingiz bilan yoki majburan keling, deb buyurdi. Ular o‘z ixtiyorimiz bilan keldik, deyishdi. Parvardigor yetti qavat osmonni ikki kunda yaratdi. Har bir osmonga o‘zining vazifasini tayin etdi. Eng pastdagi osmonni yulduzlar bilan ziynatlab asrab-avayladi. Bu hamma narsani bilguvchi muzaffar Ollohning tadbirlaridir. Agar ular (mushriklar) bo‘yin tovlashsa, sizlarni Od va Samud qavmlarining boshiga tushgan kulfatga o‘xshash azobdan ogohlantiraman, degin. Ilgari ketma-ket kelgan payg’ambarlar yagona Ollohdan boshqa narsaga ibodat qilmang, deyishsa, ular: agar parvardigorimiz istasa farishtalarni yuborar edi, biz bu payg’ambarlarni butunlay inkor qilamiz, deyishadi".