Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 229707 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 B


Doniyor  28 Fevral 2007, 18:00:23

Oisha raziyallohu anho: "Agar Ollohning hurmati oyoq osti qilinmasa, rasululloh o‘ziga zulm o‘tkazganlardan noliganini yoki o‘ch olganini sira eslolmayman. Payg‘ambar alayhis-salom xudo yo‘lida olib borilgan jangdan boshqa joyda biron kimsani chertmagan; umrida na xizmatkori, na ayolini bir shapaloq urmagan", deb eslaydi. Olloh taolo rasulullohga rahmat yog‘dirsin! Musulmonlar sunnatlariga ergashib, u kishini rozi qilishsin!
Saxiylik va mardlik bobida zamondoshlari orasida payg‘ambar alayhis-salomga teng keladigan odam yo‘q edi. Jobirning aytishicha, birov nima so‘ramasin rasululloh sira yo‘q degan emas ekanlar. Ibn Abbos: "Yaxshilik uchun rasulullohning qo‘li haddan tashqari ochiq edi. Ayniqsa ramazon oyida saxiy bo‘lib ketardi. Jabroil bilan uchrashgan kezlari odamlarga yaxshilik qilish uchun yeldirimdek tez yelib-yugurar edi", deydi. Xadicha raziyallohu anho rasulullohning sifatlarini bayon etib: "Sen ojizlarning boshini silaysan, g‘ariblarga yordam berasan", degan. Payg‘ambar alayhis-salomning havozin qabilasi asirlarini ozod qilish uchun qo‘llagan tadbirlari, dili islom diniga moyil odamlarga juda ko‘p mol-mulk berganlari u kishining saxovatlariga dalildir. Bu haqda yuqorida batafsil to‘xtalib o‘tdik.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 18:01:23

Kunlarning birida payg‘ambar alayhis-salom qo‘llariga tushgan to‘qson ming dinorni bo‘yra ustiga tashlab, oxirgi chaqasigacha sahobalarga bo‘lib berganlar. Bir odam kelib rasulullohdan narsa so‘raganda u kishi: "Yonimda hech vaqo yo‘q, lekin sening so‘raganing mening gardanimda qarz bo‘lib tursin, qo‘limga biron nima tushgan zahoti beraman", deganlar. Umar ibn Xattob: "Olloh seni bajo keltirib bo‘lmaydigan ishga undagani yo‘q-ku", deganida rasululloh uning gapini xushlamay javobsiz qoldirganlar. Ansorlardan bir kishi: "Ey rasululloh, beraver, xudo bor, kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqma", deganida sarvari olam kulimsirab: "Men shunday qilishga buyurildim". deya javob qaytarganlar. Payg‘ambar alayhis-salomning saxovatlariga doir misollar haddan tashqari ko‘p, ularning hammasini bayon etishning imkoni yo‘q.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 18:01:59

Payg‘ambar alayhis-salom jasoratli va botir kishi edilar, sheryurakligi bilan dong taratgan odamlar qaltis vaziyatlarda orqaga chekinganlarida ham sarvari olam jang maydonini tashlab qochmaganlar. Aksincha olg‘a intilib, hammani kurashga undaganlar, orqaga chekinishni xayollariga ham keltirmaganlar. Rasulullohning Hunayin va Uhud g‘azotidagi qahramonligini yuqorida bayon etdik. Ibn Umar: "Rasulullohdan ko‘ra jasur, saxiy, qanoatli kishini ko‘rgan emasman", deydi. Ali ibn Abu Tolib: "Biz eng mushkul paytlarda rasulullohga iltijo qilardik. Jang maydonlarida, payg‘ambar dushmanga eng yaqin joyda turardi, Badr g‘azotida rasululloh g’anim bilan yuzma-yuz turib, mislsiz qahramonlik ko‘rsatdi", deydi. Anas: "Rasululloh eng qahramon, eng chiroyli, eng saxiy kishi edi. Bir kuni kechasi Madina aholisi vahimali ovozdan uyg‘onib, dushman hujum qilgan bo‘lsa kerak, degan xayolda qurollanib, ovoz kelgan tomonga qarab yurdi. Vaholanki, rasululloh allaqachon Abu Talhaning yaydoq otiga minib, vaziyatni aniqlab kelibdilar. "Qo‘rqmanglar, hech gap yo‘q!" deya odamlarni xotirjam qildilar.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 18:02:42

Payg‘ambar alayhis-salom dunyodagi eng hayoli odam bo‘lganlar, birovlarning ayblarini ko‘rib turib ko‘rmaslikka olardilar. Abu Said Xudriy: "Rasululloh go‘shangadagi kelinchakdan ham hayoliroq edi. Biror ishni yoqtirmagani shundoqqina yuzidan bilinib turardi, u kishining rangi tiniq va nafis edi. Oliyjanob va hayoli bo‘lgani uchun birovlarga malol keladigan gapni yuzma-yuz turib aytmasdi", deb eslaydi. Hazrati Oisha raziyallohu anho: "Rasululloh birovlar haqida biron yomon gap eshitsa, hech qachon falonchi bunday ish qilibdi, deb otini atamas, aksincha oramizda shunday ish qilib yurganlar bor ekan, deya tanbeh berish bilan cheklanardi. U kishi odob axloqqa zid so‘z, xatti-harakatlardan yiroq edi. Bozorlarda shovqin-suron solmas, yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmas, yomonlik qilganlarni albatta avf etardi" deydi.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 18:03:02

Hazrati Ali: "Payg‘ambar alayhis-salom eng bag‘ri keng, eng rostgo‘y, eng muloyim va eng xushmuomala odam edi", deydi. Rasululloh kishilarni o‘zlaridan yiroqlashtirmas, aksincha doim o‘zlariga jalb etib turardilar. Har bir qavmning yaxshi odamini e’zozlab, uni o‘z aymog‘iga boshliq qilib qo‘yardilar. Odamlarni biron narsadan ogohlantirastganlarida avzoyini o‘zgartirmay va peshonlarini tirishtirmay gapirardilar. Rasululloh o‘ta hushyor odam edilar. Sahobalarni tez-tez yo‘qlab turardilar, davralarda suhbatdoshlariga o‘ziga yarasha joy ko‘rsatardilar. Bunday yig‘inda ishtirok etgan kishilarning har biri rasululloh hammadan ko‘ra mening hurmatimni joyiga qo‘ydilar, degan fikr bilan o‘z ko‘nglini chog‘ etardi. Payg‘ambar alayhis-salom hojatmand bo‘lib kelgan odamni bajonidil qabul qilib, arziga sabr-toqat bilan quloq solardilar. Imkoni bo‘lsa, bunday odamlarning hojatini chiqarar, imkoni bo‘lmasa, yaxshi gap bilan ko‘nglini ovlab, kuzatardilar. Payg‘ambar alayhis-salomning fe’l-atvori shu qadar yoqimli ediki, odamlar u kishining bundan boshqacha bo‘lishlari mumkinligini tasavvur etisholmasdi. Haqiqat oldida rasululloh uchun kishilarning hammasi barobar edi. Ibn Abu Hola u kishini shunday ta’riflaydi: "Rasululloh hamisha ochiq chehra, yoqimli, muloyim edi. U kishi to‘ng, qo‘pol, shovqin soladigan, odobsiz, haddan ziyod ayblaguvchi yoki madhiyalovchi emasdi". Olloh Taolo Oli Imron surasining 159-oyatida rasululohga murojaat etib tayinlaydi: "Sen Ollohning rahmati bilan ularga muloyim bo‘lding. Agar qo‘pol, bag‘ritosh bo‘lganingda ular yoninga yaqin yo‘lashmasdi. Ularni afv et, ular uchun istig‘for ayt, hamma ishda ular bilan kengash". Olloh taolo Fussilat surasining 34-oyatida yana bunday deb uqtiradi: "Yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytar. Shunday qilsang sen bilan adovatda bo‘lgan odam do‘stingga aylanadi".

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 18:04:30

Payg‘ambar alayhis-salom chaqirgan yerga borardilar, berilgan sovg‘a oz bo‘lsa-da, rad etmay olardilar va shunga yarasha qaytarardilar. Sahobalari bilan hazillashardilar, bordi-keldi qilardilar, dardlashib ko‘ngillarining chigilini yozardilar, ularning bolalarini erkalatardilar, o‘z hujralariga taklif etardilar, xoh hur odam, xoh qul, xoh kanizak, xoh g‘arib-bechora bo‘lsin, chaqirgan odamning taklifini rad etmay, albatta borardilar. Madinaning narigi chekkasidagi kasallarni ham borib ko‘rardilar, uzr aytuvchilarning uzrini qabul qilardilar. Anas aytadi: "Biron kishi rasulullohning qulog‘iga shivirlasa, uning gapi tugamaguncha boshlarini olib qochmasdilar, ko‘rishganda to boshqalar qo‘lini qo‘yib yubormaguncha qo‘llarini tortib olmasdilar, uchraganlarga oldin salom berardilar, sahobalarga avval qo‘l uzatardilar, birovlarni qiynab qo‘ymaslik uchun sahobalarning oldida oyoqlarini uzatib o‘tirmasdilar, huzurlariga kirgan odamni izzat-ikrom bilan kutib olardilar, ularning tagiga to‘shak yoki to‘nlarini solardilar, ko‘nmaganiga qo‘ymay mehmonni to‘rga chiqarardilar, sahobalarni ism-sharifi bilan to‘liq atardilar, ularni hurmatlab eng yaxshi ko‘radigan ismlari bilan murojaat qilardilar, gapiraetgan odam kim bo‘lishidan qat’i nazar gapini bo‘lmasdilar, Qur’on oyatlari nozil bo‘layotgan yoki o‘zlari va’z aytayotganlarida ko‘ngillari yayrab, tabassum bilan chehralari ochilib yurardilar.
Payg‘ambar alayhis-salom odamlarga mehribon, marhamatli edilar. Olloh taolo Qur’oni Karimdagi Tavba surasining 128-oyatida rasulullohni sifatlab: "Sizlarning boshingizga musibat tushsa, u bundan eziladi, u sizlarni yaxshi ko‘radi, mo‘minlarga mehribon, marhamatlidir" desa, Anbiyo surasining 109-oyatida: "Biz seni butun olamga rahmat qilib yubordik", deydi.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 18:19:18

Rivoyat qilinishicha, bir arobiy rasulullohdan narsa so‘rab kelgan. "Payg‘ambar alayhis-salom unga so‘raganini berib: "Rozi bo‘ldingmi?" deb so‘raganlarida arobiy: "Yo‘q, meni rozi qilolmading", deya javob qaytargan. Sahobalar jahli chiqib o‘rinlaridan turib ketishgan. Rasululloh ularni qo‘l ishorasi bilan qaytarib, arobiyni uylariga olib ketganlar va talay narsa berib: "Endi rozimisan?" deb so‘raganlar. Arobiy: "Ha, endi rozi bo‘ldim, Olloh senga oilangdan, xesh-aqrabolaringdan yaxshilik qaytarsin", degan. Rasululloh: "Agar shu gapingni sahobalarning oldida aytganingda ko‘ngillari erishardi, boyagi muomaladan keyin ularning dili g‘ash bo‘lib qoldi", dedilar. Arobiy u kishining gapiga binoan ertasiga keladi. Rasululloh sahobalarga: "Bu kecha sizlarni xafa qilgan gapni aytgan arobiy so‘ragan narsalarini berganimdan keyin rozi bo‘ldi. Rostmi?" dedilar. Arobiy: "Rost. Olloh senga oilangdan va xesh-aqrabolaringdan yaxshilik qaytarsin!" deya kechagi gapni takrorlaydi. Rasululloh sahobalarga: "Ikkalamizning o‘rtamizdagi gap tuyasi qochib ketgan odamning ishiga o‘xshaydi. Bir odamning tuyasi qochib ketibdi, odamlar uni quvlagan sari tezroq yuguribdi. Tuyaning egasi: "Bo‘ldi, aralashmanglar o‘zimning tuyamni o‘zim tutib olaman", debdi. Ozgina o‘t yulib, tuyani ushlabdi, yuklarini ortib darrov minib olibdi. Agar men arobiyni kechagi gapi uchun qo‘yib berganimda sizlar uni o‘ldirib qo‘yardinglar, u do‘zaxga kirar edi". Rasululloh aytadi: "Sahobalarim haqida menga ig‘vogarlik qilmanglar. Men sizlarning huzuringizga ko‘nglim yorishib chiqishni istayman".
Rasululloh namoz o‘qiyotganlarida yosh bolaning yig‘isini eshitsalar, ibodatni qisqartirardilar. Ibn Mas’ud: "Rasululloh bizga malol kelmasin deb va’zni ham qisqaroq qilardilar", deya xotirlaydi.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 18:21:47

Payg‘ambar alayhis-salom vafodor, so‘zining ustidan chiqadigan, silai rahmli zot edilar. Abdulloh ibn Xamso bunday rivoyat qiladi: "Muhammad alayhis-salom payg‘ambar bo‘lishidan ilgari u kishidan bir narsa sotib olgandim, menda ozgina pul qolgandi. Pulni bir joyga olib kelib berishga va’dalashib, esimdan chiqib ketibdi. Uch kundan keyin kelsam, rasululloh kutib o‘tiribdi. Meni rosa sarg‘aytirding-ku, uch kundan beri kutib o‘tiribman, dedi".
Biron joydan sovg‘a-salom kelib qolsa, rasululloh bu narsani falonchi xonimga eltib beringlar, u Xadichaning dugonasi edi, uni juda yaxshi ko‘rardi, der edilar. Payg‘ambar alayhis-salom xesh-aqrobalariga ularning darajasiga qarab silai-rahm qilar edilar. Bir kuni huzurlariga kelgan elchilar hay’atini rasulullohning o‘zlari kutib, xizmat qilganlar. Sahobalar shu xizmatni biz qilsak bo‘lmaydimi, dsb ajablanishgan. Rasululloh: "Ular sahobalarimizni izzat-ikrom qilishgan, ularni shunga yarasha mukofotlamoqchiman", deganlar. U zoti muborakka payg‘ambarlik vahiysi kelganda hazrati Xadicha raziyallohu anho: "Suyunaver, Olloh seni aslo sharmanda qilmaydi. Sen silai-rahm qilasan, ojizlarga yordam berasan, g‘ariblarning holidan xabar olasan, mehmonni yaxshi kutasan, haqni o‘z joyida qaror toptirish uchun kurashasan", degan.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 18:23:15

Payg‘ambar alayhis-salom martabalari baland, nasl nasablari ulug‘ bo‘lsa-da, kamtar, kamsuqum zot edilar. U kishining kamtarliklari shu darajadaki, podsho payg‘ambarlik bilan banda payg‘ambarlikdan birish tanlash imtiyozi berilganda u kishi banda payg‘ambar bo‘lishni ixtiyor etganlar. Bir kuni rasululloh aso tutib sahobalarning oldiga chiqqanlarida hurmatlari uchun ular gurra o‘rnidan qo‘zg‘olishgan. Payg‘ambar alayhis-salom: "Ajam (eronlik)lar bir-birini ulug‘lab o‘rinlaridan qo‘zg‘olgandek sakrab turmanglar. Men ham bir bandaman, yeb-ichishda, yotib-turishda sizlardan farqim yo‘q", deganlar. Rasululloh ko‘pincha eshakda yurardilar, doim orqalariga birovni mingashtirib olardilar, miskinlarning holidan xabardor bo‘lardilar, g‘aribu g‘urabolar bilan suhbatlashib o‘tirardilar, qul uyiga taklif etsa ham borardilar, qayerda duch kelsalar sahobalar bilan aralashib ketaverardilar. U kishi doim: "Meni nasorolar Isoni uchirgandek uchirib yubormanglar. Men ham bir bandaman, meni Ollohning bandasi va elchisi deb bilinglar", der edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  28 Fevral 2007, 18:23:33

Rasululloh haj qilganlarida mingan tuyalarining ustida eski to‘qim, engillarida to‘rt dirhamga ham arzimaydigan jun yopinchiq bor edi. Sarvari olam: "Ey Olloh, hajimni riyosiz va shon-shavkatsiz qilgin", deya Xudoga yolborar edilar. Vaholanki, u paytda arab zamini fath etilib, rasululloh shu haj chog‘ida yuzta tuyani qurbonlik qilgan edilar. Makka fath etilgan kuni rasululloh Islom lashkari bilan Makkaga kirayotganlarida Ollohga tavozu’ qilib, boshlari to‘qimga tekkuncha quyi egilgan edi. Abu Hurayra raziyallohu anhu shunday deydi: "Bir kuni rasululloh bilan birga bozorga borib, u kishiga kiyimlik oldik. Sarvari olam gazlama uchun ortiqcha haq to‘ladilar. Sotuvchi quvonib ketganidan u kishining qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Rasululloh shartta qo‘lini tortib oldi-da: "Bu ajamlarning odati. Ular podshohlarining qo‘lini shunday o‘pishadi, men podshoh emas, sizlarga o‘xshagan oddiy bir odamman", dedi. Olingan gazlamani men ko‘tarib yurmoqchi edim: "Har kim o‘ziga tegishli narsani o‘zi ko‘tarib yurishi kerak, deb menga bermadi".

Qayd etilgan