Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 269259 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 55 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:56:41

RASULULLOHNING OMINA VAFOTIDAN KEYIN ABDULMUTTALIBNING QO’LIDA, U KISHINING VAFOTIDAN KEYIN ESA ABUTOLIBNING ILKIDA QOLISHLARI

Onasi o‘g’lini Halimadan qaytarib olgach, Adi ibn Najjor avlodiga mansub erining tog’alarini yo‘qlab Madinaga yo‘l oldi. Ziyoratdan qaytib kelayotganda Makka bilan Madina oralig’idagi Abvo degan kentda to‘satdan vafot etdi. Rasulullohni buvalari Abdulmuttalib o‘z tarbiyasiga oldi, Ummu Ayman parvarish qildi. Abdulmuttalib nevarasini haddan tashqari yaxshi ko‘rar, uning istiqboliga, kelajakda ulug’’ odam bo‘lishiga umid bog’lagani uchun yer-ko‘kka ishonmas edi. Payg’ambar alayhis-salom sakkiz yoshga kirganlarida buvalari olamdan o‘tdi. Yetim bolani amakilari Abutolib o‘z qaramog’iga oldi va chinakam otalik mehri bilan suyub, xomiylik qildi. U qo‘l uchida kun kechiradigan kambag’al odam edi. Shundan keyim Olloh u kishining arzimas mol-dunyosiga baraka berdi. Amaqilarining qaramogida yurgan paytlarida payg’ambar alayhis-salom sabr-qanoati, odatda yosh bolalar berilib o‘ynaydigan ma’nosiz o‘yinlarga ragbati yo’qligi bilan alohida ajralib turardilar. Enagalari Ummu Aymanning rivoyat qilishicha, ovqat mahali boshqa bolalar talashib-tortishib yeyishsa ham, rasululloh odob saqlar, tekkan ulushiga qanoat qilar ekanlar

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:56:53

RASULULLOHNING SHOMGA QILGAN ILK SAFARLARI

Payg’ambar alayhis-salom o‘n ikki yoshga kirganlarida amakilari Shomga safarga otlandi. Eng yaqin kishisidan ayrilish rasulullohga qattiq ta’sir qilib, ma’yuslanib qolgandilar. Bundan yuragi ezilgan Abutolib bolani birga olib ketishga jazm etdi. Ular Shomda uzoq turishmadi. Orqaga qaytishayotganda Suriya bilan Arabiston sarhadiga joylashgan Busro kentiga qo‘nib, yahudiylarning ulamolaridan biri rohib Bahoyro bilan uchrashishdi. Bahoyro yahudiylarning muqaddas kitobida zikr etilgan, shu zamonda arablar orasidan chiqadigan payg’ambar haqida so‘rab-surishtirdi. Karvondagilar bir ovozdan hali unday zot dunyoga kelmaganini aytishdi.
Yahudiy va nasorolar Muhammad alayhis-salomning dunyoga kelishlarini, arablardan payg’ambar yetishib chiqishi mumkinligini jon-jahdlari bilan rad etishardi. Ular avval e’tirof qilgan payg’ambar dunyoga kelganda uni inkor etishdi. Olloh kofirlarni rahmatidan darig’ tutadi" (Baqara surasi, 89-oyatning bir qismi).
   

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:57:07

FIJOR URUSHI

Payg’ambar alayhis-salom 20 yoshga kirganlarida Fijor urushiga qatnashdilar. Kinona, quraysh va qays kabilalari o‘rtasida yuz bergan urushning sababi quyidagicha edi. Furot daryosining g’arbidagi Xira shahrining podshosi No‘mon ibni Munzir Madina yaqinidaga har yili bir marta bo‘ladigan Ukoz bozoriga mol yuborib sottirar edi. U mollarni hammaga gapi o‘tadigan e’tiborli odamlar nazoratida jo‘natar edi. Kunlarning birida Kinona qabilasidan bo‘lmish Barroz ibn Kays No‘monning huzuriga tashrif buyurdi. O’ta zolim va yovuz bu kimsani qabiladoshlari oqsoqollikdan olib tashlashgan edi. U kelganda Urva ibn Utbatur Raxxol No‘monning huzurida o‘tirgan edi. No‘mon: "Mening mollarimni kim Ukozga yetkazib qo‘yadi?" deb so‘radi. Barroz: "Men mollaringni kinona qabilasidan asrab beraman", dedi. No‘mon: "Mening mollarimni boshqalardan ham asray oladigan odam bormi, deyapman", dedi. Urva gapga aralashib: "E, qoyil-e, allaqanday pastkash it mollaringni asray olarmidi. Sening mollaringni arablarning hammasidan mana men asrayman", dedi. Bu gap Barrozga og’ir botsa-da, indamadi, o‘ch olishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Urva tijorat bilan yo‘lga chiqqanda qulay fursat topib uni o‘ldirdi va kinona qabilasiga odam jo‘natib, qays qabilasi ularga hujum qilmoqchiligini yetkazdi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:57:31

Bu xabarni eshitgan qays qabilasi yoppasiga otlanib Naxla*ga yetib keldi, hamda quraysh bilan kinona qabilasiga hujum qildi. Beadad qonlar to’kilib, qays qabilasi g’olib keldi, mag’lub ikki qabilaning odamlari panoh istab masjidi haromga yashirinib olishdi. Ularning orasida rasululloh ham bor edilar. G’alaba nash’u namosidan g’ururlangan qayslar: "Biz Urvaning qonidan kechmaymiz. Kelgusi yili Ukozda yana jang qilamiz!" deya tahdid solishdi. Ular yurtiga qaytgach, butun qabilani urushga safarbar etdi, atrofiga o‘z tarafdorlarini yig’di. Saqif bilan yana bir necha qabila ularning tug’i ostiga jam bo‘ldi. Quraysh ham kinonadan tashqari Makkaning janubidagi o‘z ittifoqchilarini to‘pladi. Hoshim avlodining boshlig’i Zubayir ibn Abdulmuttalib esa u bilan birga aka-ukalari Abutolib, Hamza, Abbos hamda jiyani Muhammad alayhis-salom ham bor edilar. Harb ibn Umayya quraysh qabilasidagi eng yoshi ulug’’ va mo‘tabar kishi bo‘lgani uchun bani Umayya aymog’ining boshlig’i hisoblanardi. Bu qabiladagi har bir aymoqning o‘z boshlig’i bo‘lar edi.
__________
* Makka bilan Toif oralig’idagi joy.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:57:44

Ikki tomon yuzma-yuz kelib, shiddatli jang boshlandi va arab tarixida misli ko‘rilmagan qirg’inbarotga aylandi. Muqaddas Makkaning hurmati oyoq osti qilingani uchun bu qirg’in Fijor urushi — gunohkorlar urushi deb ataldi. Qays qabilasining omadi chopmay uning tarafdorlari birin-ketin mag’lubiyatga uchray boshladi. Shunda tadbirli bir odam o‘rtaga chiqib, ikki tomonning qancha talofot ko‘rganini, kim ko‘p odam yo’qotgan bo‘lsa g’olib tomon o‘lganlarga tovon to‘lashi lozimligini aytib, sulhga chaqirdi. Qays qabilasi ko‘p talofat ko‘rgani uchun qurayshlar tovon to‘laydigan bo‘ldi, bu ishni nazorat qilishga Harb ibn Umayya mas’ul etib tayinlandi va tovon to‘lanib bo‘lgancha o’g’li Abu Sufyonni qays qabilasiga garovga berib qo‘ydi. Juda ko‘p begunoh odamlarning yostig’ini quritgan bu maqsadsiz urush shu zayl barham topdi. Islom nuri tarqala boshlagach, Olloh arablarning qalbini do‘stlik, birodarlikka moyil qildi, nohaq qon to‘kishlar to‘xtadi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:58:24

XAYRIYA UYUSHMASI

Qurayshlar Fijor urushidan qaytgach, xayriya uyushmasi qurishga qaror qilishdi. Qabila boshliqlaridan Abdulloh ibn Jud’on Taimning hovlisida uyushma tashkil etildi. Bu ishda Abdumonofning ikki o’g’li bo‘lmish Hoshim va Muttalib avlodi, Asad ibni Abduluzzo, Zuhra ibni Kilob avlodi va Taim ibn Murra avlodi jamoasi qatnashdi. Ular ittifoq tuzib, makkaliklardan yoki musofirlardan birortasi Makkada zulmga uchrasa, unga yordam berib, haqni qaror toptirishga qaror qilishdi. Payg’ambarimiz ham amakilari bilan birga uyushmaga a’zo bo‘ldilar. U kishi payg’ambarlik sharafiga erishgach, men Abdulloh ibn Jud’oning hovlisida qurilgan uyushmaga kirganman, bu tashkilot qizil tuyalardan* qimmatroq, agar hozir ham birov shunday ishga da’vat etsa, sira ikkilanmay qabul qilardim, deganlar. Payg’ambar alayhis-salom odamlarga go‘zal xulq-atvorlarni o‘rgatishga yuborilgan, xayriya uyushmasining ishlari ham go‘zal axloq jumlasiga mansub. Islom dini mana shunday olijanob ishlarni e’tirof etadi. Payg’ambar alayhis-salomning "Men go‘zal axloqlarni jam etish uchun yuborildim", degan so‘zlari shu fikrning tasdig’idir. Mazkur uyushmaga kirgan ko‘pchilik xulq-atvorini o‘zgartirib, yaxshilarning safidan joy olishgan.

_________
* Arablarda qizil tuyalar eng qimmatbaho narsa sanalardi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:58:37

RASULULLOHNING SHOMGA QILGAN IKKINCHI SAFARLARI

Payg’ambar alayhis-salom yigirma besh yoshga kirganlarida Shomga ikkinchi marta safarga otlandilar. Asad jamoasidan bo‘lmish Huvaylidning qizi Xadicha boy savdogar xonimlardan edi. U odam yollab, sherikchilikka tijorat qilardi. Muhammad alayhis-salomning g’oyat samimiyligini, rostgo‘yligini, qabiladoshlari uni Amin (ishonchli) deb atashlarini eshitgan Xadicha u kishini ishga yollab, mollarining eng aslini berdi hamda sodiq xizmatkori Maysarani hamroh qilib Shomga jo‘natdi, bu galgi savdo-sotiq juda katta foyda keltirdi, tujjorlarning ishlari doim o‘ngidan kelib, baraka yog’ilib turdi. Rasulullohning xosiyatli odamligini ko‘rgan Maysaraning hurmati chandon ortib, u kishiga bir umr bog’lanib qoldi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:58:49

RASULULLOHNING XADICHAGA UYLANISHLARI

Muhammad alayhis-salom bilan Maysara sog’-salomat Makkaga qaytib kelishdi. Ularning ishlari o‘ngidan kelib, juda ko‘p foyda olishdi. Biriga o‘n qo‘shilganidan o‘zida yo’q quvongan Xadichaning rasulullohga mehri tushib qoldi. Odamlar u kishini bekorga Amin deyishmasligini, halolligi tufayli hamisha omadi chopishini ko‘rgan qirq yoshlar chamasidagi boy-badavlat bu ayol taomilga zid holda unga turmushga chiqish mayli borligini bildirdi Payg’ambar alayhis-salom amakisi Abutolib bilan Xadichaning amakisi Amr ibn Asadnikiga sovchi bo‘lib borishdi. Mezbon ularning istagiga rozilik berdi Abutolib kelin-kuyovni nikoh qilib, quyidagicha xutba o‘qidi:
"Olloh bizni Ibrohim va Ismoil avlodi, Ma’ad va Muzor nasli qilib yaratganiga, Baytullohga qaraydigan, Masjidi haromni boshqaradigan martabaga erishtirganiga, Ka’bani ulug’’ ziyoratgoh, qon to‘kish, hatto bironta giyohni uzish man etilgan muqaddas maskanga aylantirganiga, bizni martabamizni ko‘tarib, odamlarga hukmron qilganiga ming qatla shukr. Jiyanim Muhammad ibn Abdullohning mardlikda, olijanoblikda, fazlu karamda tengi yo’q. To‘gri, uning mol-dunyosi ko‘p emas, biroq davlat degani soyaga o‘xshash o‘zidan nariga tushmaydigan va egasiga qaytariladigan omonat. Ollohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, Muhammad kelajakda ulug’ odam bo‘ladi, katta ishlarni amalga oshiradi".
Nikoh o‘qilib, kelin-kuyov bir yostiqqa bosh qo‘yishdi. Xadicha oldin turmush ko‘rgan, avvalgi eri Abu Hola vafot etib, undan Hola ismli bola bilan tul qolgan edi. Yetim bolani rasululloh o‘zlariga o’g’il qilib oldilar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:59:01

BAYTULLOHNING ISLOH QILINISHI

Muhammad alayhis-salom o‘ttiz besh yoshga kirganlarida katta sel kelib, Ka’baning bir necha yil muqaddam yuz bergan yong’inda shikastlangan devorlari tars-tars yorilib ketdi. Quraysh ahli ziyoratgohni buzib, qaytadan muhtashamroq qilib qurmoqchi bo‘lishdi. Oldingisi odam bo‘yi balandlikda toshdan tiklangan edi. Odamlar hasharga to‘plandi-yu, biroq qadimiy va ulug’ inshootni buzishga hech kim botinolmadi, allaqanday qo‘rquv bunga monelik qilardi. Valid ibn Mug’ira yig’ilganlarga yuzlanib: "Ka’bani buzishdan maqsad tuzatishmi yoki vayron qilishmi?" deb so‘radi. Haloyiq tuzatish deb javob berdi. "Olloh tuzatuvchilarni halok qilmaydi", dedi Mug’ira va nuragan devorni buza boshladi. Uning jasoratidan ruhlangan odamlar yurak yutib ishga tushib ketishdi. Ismoil alayhis-salom qo‘ygan poydevorga yetganda turli hikmatli so‘zlar zarb etilgan qimmatbaho laganlar chiqdi. Ilgari ulkan inshootlarning poydevori ishlanayotganda quruvchilar kelgusi avlodlarga mana shunday yodgorlik qoldirish udumi bor edi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:59:09

Ka’bani qayta qurish boshlandi. Bu xayrli ishga fahsh va sudxo‘rlikdan topilgan harom pul aralashmagan halol mol-dunyo sarflandi. Qabila oqsoqollari ham imoratning toshlarini tashishga ko‘maklashishdi. Tosh tashuvchilar orasida rasululloh ham bor edilar. Qurilishga boshchilik qilayotgan Bokum ismli rumlik usta Ka’baning har bir burchagiga bir guruh odamni tosh tashishga tayin etdi. Afsuski, halol yo‘l bilan topilgan pul bu ulkan inshootni asl holiga keltirishga yetmay qoldi. Shu bois binoning shimol tomonidagi hijr va hatim deb ataladigan olti gazcha yer mo‘ljaldan chiqarib tashlanib, pastakkina devor tiklandi va Ka’ba shu yerdan boshlanajagini bildiruvchi belgi qo‘yildi. Binoning balandligi o‘n sakkiz gaz bo‘lib, ilgarigisidan to‘qqiz gaz baland edi. Ichkariga maxsus zinapoyalardan ko‘tarilib, salobatli eshiklardan kirilar edi. Hajarul asvad joyiga qo‘yiladigan paytda bu sharafli ishni kim bajarishi qattiq bahsu munozaraga sabab bo‘ldi. Qiziqqon quraysh oqsoqollari san-manga borishdi, birov-birovga yon bergisi kelmas, shu bahona har kim o‘z nufuzi va nasl-nasabini ulug’lashga intilardi. Talashib-tortishish to‘rt kunga cho‘zildi. Nihoyat Xolid ibn Validning amakisi Abu Umayya ibn Mug’ira Mahzumi janjallashayotganlarga: "Ey xaloyiq, bekorga tortishavergandan ko‘ra o‘zinglar yaxshi ko‘radigan bir odamni tanlanglar. Shu odam qanday hukm chiqarsa, hammamiz rozi bo‘laylik", dedi. Yig’ilganlar eshikdan kirgan birinchi kishining hukmiga itoat etishga rozilik berishdi. Eshikdan birinchi bo‘lib rosto‘yligi va aminligi bilan hammaning hurmat-e’tiborini qozongan Muhammad alayhis-salom kirib keldilar. Yig’ilganlar mamnuniyat bilan biz Muhammadning xolisligiga ishonamiz, deb yuborishdi.

Qayd etilgan