Qurayshlik bir mushrikning qo‘ychivoni Abdulloh ibn Ma’sud payg’ambar alayhis-salomning go‘zal xulq-atvorlarini ko‘rib, yaxshi gaplarini eshitgach, darrov butga cho‘qinishni tashlab, imon keltirdi. Abdulloh hamisha Rasululloh bilan birga bo‘lishga urinar, biron joyga otlansalar oldilarida yo‘l boshlab yurar, yuvinsalar pana qilib turar, uxlasalar posbonlik qilar, uyg’onganlarida oyoq kiyimlarini kiydirib qo‘yardi. Dastlab musulmon bo‘lganlardan Abuzar sahroda yashovchi, shirin so‘zi bilan tosh yuraklarni eritib yuboradigan notiq a’robiylardan edi. U Payg’ambar alayhis-salomning ovozalarni eshitgach, bir birodarini otga mindirib, o‘zini osmondan vahiy keladigan zot deb hisoblaydigan odamni ko‘rib, gaplarini eshitib kel, deb Makkaga jo‘natdi. Birodari topshiriqni ado etib, iziga qaytgach: "Uning gaplari hech ham she’rga o‘xshamaydi", dedi. Abuzar bu gapdan qanoat hosil qilmay shartta otlanib, Makkaga yetib keldi. Masjidga kirib, Payg’ambar alayhis-salomni izladi, lekin birovdan so‘rab-surishtiryshga botinmadi, u kishi bilan gaplashganlarni quraysh mushriklari yomon ko‘rishini yaxshi bilardi. Kun kech bo‘lgach, Ali uning musofirligini bilib, uyiga olib ketdi. Ikkovlon gap-so‘zsiz ovqatlanishdi (Arablar uch kungacha mehmondan kelish sababini so‘rashmaydi). Tong otgach, Abuzar suv to‘la meshi bilan narsalarini olib masjidga bordi, biroq rasululloh uni ko‘rmadilar. Kech kirgach, Ali yana uni uyiga olib ketdi va churq etmay ovqatlanib yotishdi. Uchinchi kun ham shu tahlid o‘tgach, Ali uning bu yerga nima maqsadda kelgani bilan qiziqsindi. Abuzar: "Menga yo‘l ko‘rsatishga va’da bersang aytaman", dedi. Ali rozilik bergach, muddaosini bayon etdi. "Muhammad alayhis-salom rostdan ham xudoning payg’ambari, — dedi Ali. — Ertaga ertalab men bilan birga masjidga borasan. Mabodo biron xavf-xatar sezsam to‘xtayman, bo‘lmasa orqamdan ergashib ketaverasan". Ertasiga Abuzar Aliga ergashib rasululloh huzurlariga kirdi, u kishinung gaplarini eshitgan zahoti imon keltirib, musulmon bo‘ldi. Payg’ambar alayhis-salom: "Joyingga qaytib, to mendan biron topshiriq borguncha ko‘rgan-bilganlaringni odamlaringga so‘zlab ber", dedilar. Abuzar tashqariga chiqib, baland ovozda: "Ashhadu al-la ilaha illollohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh", deb yubordi. Mushriklar kela solib uni do‘pposlay ketishdi. Abbos uni himoya qilib: "Abuzar shom yo‘lida joylashgan G’ifor qabilasidan. Savdo-sotiqqa ketayotganinglarda holingiz nima kechishini o‘ylab ko‘rmaysizlarmi?" degan tahdid bilan qutqarib qoldi. Lekin Abuzar bu ishini ertasiga ham takrorladi va yana mushriklarning g’azabiga uchradi; bu gal ham Abbos joniga oro kirdi. Abuzar rostgo‘y va har qanday tamadan yiroq odam edi.