Shundan keyingina osmonning qopqalari ochildi. U yerda men Odam alayhis-salomni ko‘rdim. U zoti muborak menga peshvoz chiqib, yaxshilik tiladilar. Undan keyin ikkinchi osmonga ko‘tarildik. Bu yerda ham avvalgi savol-javoblar takrorlanib ko‘kning darvozalari ochildi. Bu yerda Yahyo bilan Isoni uchratdim. Ular ham menga peshvoz chiqib, yaxshiliklar tilashdi. Uchinchi osmonga ham shu tahlid chiqdik va bu ma’voda jam’i go‘zallikning yarmi ato etilgan Yusufni ko‘rdim. U ham menga peshvoz chiqib, yaxshilik tiladi. To‘rtinchi osmonda Olloh taolo Maryam surasining 58-oyatida: "Idrisni yuqori darajaga ko‘tardik", deya e’tirof etgan Idris bilan yuz ko‘rishdik. Beshinchi osmonda Horun bilan, oltinchi osmonda Muso bilan uchrashdim. Ular ham menga peshvoz chiqib, yaxshilik tilab qolishdi. Yettinchi osmonda Baytulma’murga suyanib o‘tirgan Ibrohimni ko‘rdim. Baytulma’murga har kuni etmish ming farishta kirib chiqar, bir marta tashrif buyurganlariga qaytib kelish navbati tegmas ekan. Keyin Sidratulmuntiho daraxtini ko‘rgani bordik. Uning yaproqlari filning qulog‘idek, mevalari qovoqdek kelar ekan. Robbimning amriga binoan bu daraxt o‘zgarib, tovlanib turardi. Uning ta’rif-tavsifiga barcha maxluqlar qatori odam ham ojiz. Olloh taolo menga ba’zi ishlarni vahiy qilib, bir kecha-kunduzda ellik marta namoz o‘qishni buyurdi. Men Musoning yoniga kelganimda u: "Robbing ummatingga nimalarni farz qildi?" deb so‘radi. Men ellik marta namoz o‘qishni buyurganini aytdim. "Izingga qaytib, robbingdan ibodatni yengillatishini o‘tin, ummatingning bunga toqati yetmaydi. Sendan avval men bani Isroilni sinab ko‘rganman", dedi. Men darrov izimga qaytib: "Ey robbim, ummatimga yengillik ber", deb yolbordim. U namozning besh mahalini qisqartirdi. Musoning yoniga kelib voqeani bayon etdim. U yuqoriga chiqib, yana yengillik so‘rashni maslahat berdi. Shu zayil robbim bilan Musoning o‘rtasida zir qatnadim. Toki parvardigorim: "Ey Muhammad, bir kecha-kunduzda besh mahal namozni farz qildim. Har bir namozga o‘n mahalning, besh mahalga ellik mahalning savobini beraman. Kimki biron ezgulikni o‘ylab uni qilolmasa, bir yaxshilikning savobi, mabodo ko‘ngliga tukkan ezgulikni ro‘yobga chiqarsa, o‘n yaxshilikning savobi beriladi. Kimki biron shumlikni ko‘zlasayu, amalga oshirmasa, yomonlik yozilmaydi, mabodo o‘ylagan yomonligini qilsa, bitta yomonlikning gunohi yoziladi", dedi. Musoning yoniga kelib bo‘lgan gap-so‘zlarni aytdim. U yana robbingdan yengillik so‘ra, deb maslahat berdi. Men: "Hadeb robbimning huzuriga boraverishdan uyalaman", dedim.